Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Ozodbek – mahallaning naqshi

17.7.2025 1790

Muhammadshukur Muhammadjonov

Buxoro viloyati Kogon tumanidagi Bahouddin Naqshband mahallasida Ozodbek Aminjonov yoshlar yetakchisi sifatida ishlamoqda. Uning tashabbuskorligi va “harakatda barakat” tamoyiliga asoslangan amaliy ishlari nafaqat mahalla ahli, balki butun tuman yoshlari uchun ibrat bo‘lmoqda. Ozodbek yoshlarning iqtidor va salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularni dehqonchilik faoliyatiga jalb etish maqsadida yer ajratilishiga ko‘maklashish, tadbirkorlik faoliyatini boshlashiga sharoit yaratish yo‘lida mehnat qilmoqda.

MAHALLA BALANSI:

Aholi soni: 5137 nafar;

Yoshlar soni: 1060 nafar;

Xotin-qizlar: 532 nafar.

“Yashil” toifa: 913 nafar;

“Sariq” toifa: 147 nafar;

“Qizil” toifa: 33 nafar.

Mahalla drayveri: issiqxona va xizmat koʻrsatish.

– Ota-bobolarimiz azaldan dehqonchilik bilan shug‘ullangan, – deydi yoshlar yetakchisi Ozodbek Aminjonov. – Yerni boqsang, yer seni boqadi, deyishadi. Shu sababli mahallamizdagi ishsiz yoshlar bandligini ta’minlashda biz yerni asosiy vosita sifatida ko‘rib, ularni dehqonchilikka jalb qilmoqdamiz. Bu ularning tadbirkorlik faoliyatini boshlashiga turtki bo‘lyapti. Bugungi kunda mahallamizning asosiy daromad manbayi dehqonchilik, xususan, issiqxona xo‘jaligi hisoblanadi. Yoshlar uchun ajratilgan yer maydonlarida zamonaviy issiqxonalar barpo qilinib, ularga imtiyozli kreditlar, texnik yordam va amaliy maslahat bermoqdamiz. Natijada bir qancha yoshlar o‘z ishini boshladi, mahsulot yetishtirib ichki bozorga chiqarmoqda, ba’zilari esa eksport qilish darajasiga yetdi. Bu ularning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlash bilan birga, mahallada bandlik va ijtimoiy faollikni ham oshirmoqda.

Issiqxona – daromad manbayi

2024-yilda Prezidentning “Yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligini ta’minlash, shuningdek, yangi yer maydonlarini o‘zlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-153-son qaroriga muvofiq, yoshlarning bandligini ta’minlash va ularni daromadli faoliyatga yo‘naltirish maqsadida yetakchi tashabbusi bilan mahallada birinchi marta issiqxonalar konturi tashkil etildi. Qaror asosida 2 gektar yer ajratilgan bo‘lsa, shundan 8 nafar yoshga jami 34 sotix yer ajratilib, ular uchun imtiyozli kreditlar asosida issiqxonalar qurib berildi. Bu yoshlarning nafaqat ish bilan band bo‘lishiga, balki o‘ziga xos tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirishiga imkon yaratdi. Loyiha iqtisodiy-ijtimoiy jihatdan ham muhim. Chunki har bir issiqxona bu – oila uchun daromad, jamiyat uchun esa ijtimoiy barqarorlik manbayidir.

“Yoshlar daftari”

2024-2025-yillarda mahalladagi 40 nafar yoshga “Yoshlar daftari” orqali yordam ko‘rsatilgan.

– 3 nafarining kontrakti to‘langan;

– 1 nafari kelajak kasblariga o‘qitilgan;

– 2 nafariga subsidiya asosida asbob-uskunalar berilgan;

– 2 nafariga imtiyozli kredit ajratilgan;

– 30 nafar yoshga dehqonchilik qilishi uchun yer ajratilgan;

– 2 nafariga boshqa turdagi yordamlar ko‘rsatilgan.

Mehnat – baraka manbayi

Mahalla yoshlari yer maydonlaridan oqilona foydalanib, issiqxona va ochiq yerda ekin yetishtirishdan barqaror daromadga ega bo‘lmoqda.

Mahalla yoshlaridan biri Mirshodbek Muhammadovga dehqonchilik qilishi uchun 20 sotix yer ajratilgan edi. U yerning 5 sotixida issiqxonada tashkil qildi, pomidor yetishtirib, 30 million so‘m daromad oldi. Qolgan 15 sotix maydoniga kartoshka ekkan, ayni paytda hosilni yig‘ishga tayyorlanmoqda. Mirshodbek kartoshkadan 20 million so‘m daromad olishni ko‘zlamoqda. U o‘tgan yilgi faoliyatiga nisbatan bu yilgi hosildorlik va daromadni 2–3 barobarga oshirishni reja qilgan.

Yana bir faol yosh Feruz Barotov 5 sotixli issiqxonada bodring yetishtirib, 10 million so‘m daromad ko‘rdi. Qolgan 35 sotix yer maydoniga kartoshka va baqlajon ekib, hozir hosil yig‘ish arafasida turibdi. Uning umumiy rejalashtirilgan daromadi 40 million so‘mni tashkil etadi.

Dilnora Abdullayeva esa o‘tgan mavsumda qand lavlagi yetishtirib, 30 million so‘m foyda ko‘rgan edi. Bu yil u 2 sotix issiqxonada pomidor yetishtirib, 8 million so‘m daromad oldi. Qolgan 18 sotix yerga kartoshka ekib, 25 million so‘m daromad olishni rejalashtirgan.

Bu yutuqlar mahallada yoshlarga yer ajratish, ularni dehqonchilik va tadbirkorlik faoliyatiga yo‘naltirish orqali bandlikni ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlarning samaradorligini yaqqol namoyon etmoqda.

Har bir muvaffaqiyat asosi – mehnat

Ozodbek Aminjonov yoshlarga shaxsiy namuna bo‘la oladi. U 2024-yili “Yilning eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” tanlovida tuman bosqichi g‘olibligini qo‘lga kiritib, hududiy bosqichda faol ishtirok etgan. 2025-yil I chorak yakunlari bo‘yicha respublikaning “Top – 100” yetakchisi safiga kiritilgan. “Ibrat farzandlari”ning “Super Start” loyihasida ingliz tilini o‘rganib sertifikat sohibi bo‘ldi.

Mahalla yoshlari esa “Besh tashabbus olimpiadasi” “Yosh musavvir” tanlovining tuman bosqichida 2-o‘rinni egalladi. Bu natijalar faqatgina individual yutuq emas, balki tizimli va doimiy sa’y-harakatlarning mahsulidir.

Bugungi raqamli dunyoda yoshlar faolligini faqat jismoniy ishlarda emas, balki intellektual va innovatsion loyihalarda ham shakllantirish kerak. Shu jihatdan Bahouddin Naqshband mahallasida quyidagi loyihalar muvaffaqiyatli olib borilmoqda:

• “Ibrat farzandlari” loyihasi doirasida 500 nafardan ziyod yosh ro‘yxatga olinib, 78 nafari sertifikat olishga erishdi;

• “Mutolaa” loyihasida 294 nafar yosh 1512 ta kitob o‘qigan;

• “Ustoz AI” loyihasida 8 nafar yosh ro‘yxatdan o‘tib, zamonaviy kasblarni o‘rganmoqda.

Kelajak rejalari: harakat davom etadi

Ozodbek Aminjonov bugungi erishilgan natijalar bilan kifoyalanib qolmasdan, o‘z oldiga katta va uzoq muddatli maqsadlarni ham qo‘ygan. U yetakchi sifatida mahalladagi har bir yoshning salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularni hayotga tayyorlash, ayniqsa, iqtisodiy va intellektual jihatdan mustaqil fikrlovchi avlodni shakllantirish yo‘lida izchil harakat qilmoqda.

Kelgusidagi asosiy rejalar quyidagilardan iborat:

“Yosh fermerlar maktabi” loyihasini ishga tushirish – bu orqali yer ajratilgan, ammo dehqonchilik ko‘nikmasi yetarli bo‘lmagan yoshlar uchun amaliy va nazariy treninglar tashkil etiladi. Har bir ishtirokchiga mentor biriktiriladi.

Issiqxonalar sonini va maydonini ikki barobarga oshirish – bu yil kamida yana 8 nafar yoshni issiqxona bilan ta’minlab, ularning tadbirkorlikka kirib kelishini qo‘llab-quvvatlash rejalashtirilgan.

“Yoshlar klasteri” modelini joriy etish – ya’ni biror mahsulot (pomidor, kartoshka, lavlagi va shu kabilar) atrofida birlashgan yosh dehqonlar guruhini tashkil etib, ularni urug‘lik, texnika, savdo va eksport bilan tizimli ta’minlash.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarga yo‘naltirilgan xizmatlar sonini ko‘paytirish – “Yoshlar daftari” orqali yangi o‘quv kurslari, professional yo‘nalishlar, psixologik yordam va onlayn mentorlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish.

Raqamli savodxonlik va zamonaviy kasblar bo‘yicha mini akademiya tashkil etish – “Ustoz AI” loyihasiga yoshlar qamrovini kengaytirib, mahalla yoshlarini sun’iy intellekt, grafik dizayn, veb dasturlash, til o‘rganish bo‘yicha o‘quv kurslariga jalb qilish.

“Har bir yoshga amaliy loyiha” yondashuvini joriy etish – yoshlarning o‘z g‘oyalarini amalda sinab ko‘rishlari, ularni bosqichma-bosqich rivojlantirishi va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tizimiga bog‘liq holda ro‘yobga chiqarish imkoniyatini yaratish.

Mahalla darajasida yoshlar forumlari, ijodiy ko‘rik-tanlovlar, intellektual bellashuvlar o‘tkazish – yoshlarning nutq, fikrlash va liderlik salohiyatini ochish uchun platformalar yaratish. Bu orqali yoshlarning kitobga qiziqishini kuchaytirish va kitobxonlik targ‘iboti maqsad qilinmoqda.

Ozodbek Aminjonovning fikricha, har bir yosh o‘z salohiyatini to‘laqonli ro‘yobga chiqarishi uchun unga imkoniyat, ishonch va yo‘l ko‘rsatuvchi kerak. Ana shu omilni muhayyo qilish yetakchining asosiy burchidir.

Mas’uliyat, fidoyilik va halollik

– Bugun mahalla yoshlari orasida ijtimoiy faollik, mehnatsevarlik va tashabbuskorlik kuchayib borayotgan bo‘lsa, bu, avvalo, yoshlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatib, ularning salohiyatini yuzaga chiqarayotgan yoshlar yetakchisi Ozodbek Aminjonovning mehnati samarasidir, – deydi Bahouddin Naqshband mahallasi raisi Baxshillo Boqiyev. – Ozodbek bugungi kunda mahalla yoshlarining orzu-intilishlariga yo‘l ochib berayotgan, ularni o‘ziga ishontira olgan, har bir yigit-qizning ichki ovozini eshitishga intilayotgan zamonaviy yetakchi. U o‘z faoliyatida bir nechta muhim prinsiplarni tanlagan: natijadorlik, tizimlilik, shaffoflik va insoniylik. Bu yondashuvlar unga ishonch qozonish, har bir yosh bilan individual ishlash, ularning hayotida ijobiy o‘zgarishlarga sababchi bo‘lish imkonini bermoqda.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish