Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Sovuq kunlarda shamollamaslik uchun nima qilish kerak?

19.2.2024 2810

Yoshlar ovozi

Ayni kunlarda yurtimiz bo‘ylab biroz sovuq havo kuzatilmoqda. Bunday harorat esa shamollash bilan bog‘liq kasalliklarga chalinish ehtimolini birmuncha oshiradi.

Respublika epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Botir Tojiyev qish kunlarida mavsumiy xastaliklardan saqlanish bo‘yicha kerakli tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi.

— Inson organizmi turli kasalliklarga qarshi kurashishi uchun uning immuniteti mustahkam bo‘lishi kerak, — deydi mutaxassis. — Biroq qish faslida aksariyat kishilarda tananing himoya tizimi biroz susayadi. Natijada shamollash bilan bog‘liq kasalliklar biroz ortadi.

Shu bois, sovuq havoda, eng birinchi navbatda, gigiyena qoidalariga rioya etish maqsadga muvofiq. Buning uchun ko‘chadan kelganda albatta qo‘llarni sovunlab yuvish shart.

 Bilamizki, viruslar sovuq va quruq havoda faollashadi. To‘g‘ri, qish fasli atmosferada namlik nisbatan yuqori bo‘ladi. Biroq xonalar isitilishi sababli havo quruqlashadi. Shu bilan birga, patogenlar toza havoni yoqtirmaydi. Ammo sovuq kunlarda eshik va derazalar zich yopilib, xonalar havosi tez-tez almashtirilmaydi.

Odamlar asosiy vaqtini issiq sharoitda, bir necha kishi yoki ko‘pchilik bir joyda jamlanib o‘tkazadi. Bu esa infeksiyalarning avj olishi uchun qulay muhit hisoblanadi. Shu bois binolarni tez-tez shamollatish kerak.

Shuningdek, D vitamini immunitet tizimining me’yoriy ishlashi uchun muhim element hisoblanib, qish faslida quyoshli kunlar kam bo‘lishi bois organizm bu moddani mustaqil ishlab chiqarishi pasayadi. Natijada tananing mazkur darmondoriga ehtiyoji ortadi.

Shu sababli qishda to‘g‘ri ovqatlanish, ayniqsa, tarkibida S va D vitamini bor yeguliklar (baliq, jigar go‘shti, sut mahsulotlari, tuxum, mandarin, kivi, qorag‘at (smorodina), quritilgan anjir, limon, malina kabi mevalar, petrushka, o‘simlik yog‘i va tabiiy apelsin sharbati)ni ko‘proq iste’mol qilish lozim. Kunlik taomnomaga oqsilga boy oziq-ovqatlar (dukkakli mahsulotlar, yormalar, mol va parranda go‘shti)ni kiritish maqsadga muvofiq.

 Qolaversa, vitaminlar shamollashning samarali profilaktikasi hisoblanadi. Ular immunitet tizimini mustahkamlash va viruslarga qarshi turish uchun juda muhim. Masalan, B vitaminlari (B1, B2, B6, B12) leykositlar faolligini kuchaytiradi. Bu o‘z navbatida tananing sovuqqa chidamliligini oshiradi. Shu bois tarkibida ushbu vitaminlar ko‘p bo‘lgan go‘sht, baliq, jigar, dukkaklilar, asal va yong‘oq kabi mahsulotlarni yeyish tavsiya etiladi.

Bundan tashqari, sovuq paytda ob-havoga mos kiyinish kerak. Birinchi navbatda, sharf taqishni unutmaslik zarur. Boisi u bo‘yindagi qon tomirlarini issiq saqlab, miyaga issiqlik yetib borishini ta’minlaydi. Turar-joy va ofislar hamda jamoat binolarida esa harorat rejimiga rioya qilish lozim.

‼️ Yana bir jihat shuki, aksariyat insonlar sovuq payti kamharakat bo‘lib qoladi. Bu esa immun tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Aslida qish payti jismoniy harakatni ko‘paytirish orqali tanani chiniqtirish juda muhim.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish