Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

BIR LIDERNING O‘N YUTUG‘I

11.7.2024 2532

Muhammadshukur MUHAMMADJONOV, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Yoshlar kuni arafasida bilim va salohiyati bilan mamlakatimiz rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan bir guruh faol yoshlar “Kelajak bunyodkori” medali hamda “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlangan edi. Mukofot egalari orasida mahalladagi yoshlar yetakchilari ham bor.

O‘lmasjon Pardayev – 30 yoshda, Qashqadaryo viloyati Muborak tumani “Bo‘ston” mahallasi yoshlar yetakchisi. U tashabbuskorligi, fidoyiligi, jamoat ishlarida faolligi bilan ajralib turadi. 2023-yili “Eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” ko‘rik tanlovining respublika bosqichi g‘olibi. “Mehr-sahovat” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan. 30-iyun Yoshlar kuni arafasida faol yosh sifatida e’tirof etilib, “Kelajak bunyodkori” medali bilan mukofotlandi.

 

“Halollikni otamdan o‘rganganman”

– Davlatimiz rahbarining yigit-qizlarni Yoshlar kuni bilan tabriklab, “mamlakatimiz yoshlarining yutuqlari, maqsad va rejalari bilan yaqindan tanishib, beqiyos kuch va ilhom olaman.  Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha qanday katta imkoniyatlarga ega ekanimizni his etib, xursand bo‘laman” degan gaplari menga ishonch berdi, – deydi “Bo‘ston” mahallasi yoshlar yetakchisi O‘lmasjon Pardayev. – Halollik, har bir ishga mas’uliyat bilan yondashishni otamdan o‘rganganman. Yoshlar bilan ishlash tizimida faoliyat yuritarkanman otamning “yigitning omadi, barakasi uning halolligida va toza vijdon egasi bo‘lishida” degan gaplari shiorimga aylandi. Yoshlar to‘gri yo‘ldan yursa, ish bilan ta’minlasam, ularga yordam bersam, buning natijasida mahalladoshlarimni birgina “otangga rahmat” degan so‘zlaridan ortiq e’tirof yo‘q. Otam menga inson umri davomida savobli va yaxshi amallari bilan xalqning ishonchini oqlashi kerakligi, qanday kasbni egallashidan qat’i nazar eng mohir va eng zo‘ri bo‘lish uchun intilishi lozimligi haqida doim uqtirib kelgan.

“Bo‘ston” mahallasi balansi:

Aholi soni: 4495 nafar;

Yoshlar: 1201 nafar;

Ayol-qizlar: 553 nafar;

“Yashil” toifa: 690 nafar;

“Sariq” toifa: 511 nafar;

“Qizil” toifa: 17 nafar;

Otaliqqa olingan yoshlar: 425 nafar.

 

Barcha yoshlar “yashil”da bo‘ladi

Og‘ir toifadagi yoshlar 4-sektor rahbari – Muborak tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘i Odil Shomurodovga biriktirilgan. 17 nafar yosh bilan individual suhbat tashkil etilib, ularni qiynayotgan muammolar o‘rganildi. Mavjud masalalar hal etilib, yoshlarni “qizil”dan chiqarish jarayonlari ketmoqda. Mahalla 2 yildan buyon jinoyatdan xoli hudud hisoblanadi.

O‘lmasjon Pardayev huquqni muhofaza qilish organlari va tuman mudofaa bo‘limi bilan hamkorlikda voyaga yetmagan yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida 30 dan ortiq profilaktik tadbir, suhbatlar, uchrashuvlar, reydlar uyushtirdi.

“Yoshlar daftari”ga jami 55 nafar yosh kiritilib, 45 nafariga amaliy yordam ko‘rsatilgan, 10 nafari esa yordam olish jarayonida. Yoshlaring 15 nafariga imtiyozli kreditlar ajratildi, 6 nafari ishga joylashtirildi, 6 nafar talabaning kontrakt puli to‘lab berildi, 5 nafariga asbob-uskuna olishi uchun subsidiyalar berildi, 4 nafarining haydovchilik guvohnomasi olish, 2 nafarining davolanish xarajatlari qoplab berildi. Harbiy xizmatga chaqirilgan 2 nafar yoshning safarbarlik chaqiruv rezervi badali qoplab berildi, 5 nafari “Kelajak kasblari” loyihasida IT va chet tillarga o‘qitilmoqda. 

 Migratsiyadan qaytgan va otaliqqa olingan 40 nafar ishsiz yoshga dehqonchilik qilishi uchun 1 gektardan  yer ajratildi.

 

Mahalla kutubxonasi

Homiylik mablag‘lari yordamida mahalla guzarida hashar yo‘li bilan kutubxona tashkil etilib, 900 dan ortiq kitob olib kelindi. Kitobga mehr qo‘ygan yoshlar safini kengaytirish maqsadida turli tanlovlar, ko‘chalar o‘rtasida “Zakovat”, “Bilim ring” kabi musobaqalar o‘tkazib kelinmoqda. Mahalla yoshlaridan tashkil topgan 9-maktab “Zakovat” jamoasi yoshlari viloyatda g‘oliblikni qo‘lga kiritib, Respublika bosqichida ishtirok etdi. Kitobxonlarga qulaylik yaratish uchun elektron kutubxona ham tashkil etilgan.

“Mutolaa” loyihasi ham yoshlarning sevimli mashg‘ulotiga aylangan. Bugungi kunda 145 nafar yosh loyihaning faol foydalanuvchisi.

O‘lmasjon mahallada “MilDizBravo” QVZ jamoasini shakllantirib, “Bo‘ston” mahallasi va qo‘shni mahallalar aholisi uchun kichik konsert dasturlari ham tashkil etilyapti.

– Kunda 1 soat vaqtimni kitob o‘qish uchun ajrataman, – deydi yoshlar yetakchi O‘lmasjon Pardayev. – Har qanday kitob insonga nimadir o‘rgatishi mumkin. O‘zim sevib o‘qiydigan kitoblarimni yoshlarga tavsiya qilganman. Tarixiy asarlardan Rabg‘uziyning “Qissasi Rabg‘uziy”, Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar”ini, Jeyms Klirning “Atom odatlar”, Otabek Hasanovning “Liderlar”, O‘tkir Hoshimovning “Daftar hoshiyasidagi bitiklar” kitoblarini har bir yosh o‘qishi kerak deb hisoblayman va tavsiya qilaman.

 

Otaliqqa olinganlar – asosiy tarkibda

Iqtidorli yoshlardan Mirzohidbek Farmonov bilan hamkorlikda mahalla yoshlari qiziqishidan kelib chiqib, IT sohasi, kompyuter savodxonligi bo‘yicha to‘garak tashkil etilib, 31 nafar yosh o‘qitilmoqda. Bundan tashqari, zamonaviy kasblarni egallash istagida bo‘lgan yoshlarga “Yoshlar daftari” jamg‘armasi  mablag‘lari tomonidan o‘quv kursi xarajatlari qoplab berilmoqda. Shu kunga qadar 8 nafar yosh loyiha doirasida ta’lim olayotgan bo‘lsa, yana 15 nafari loyihada ishtirok etish istagini bildirdi. “Ibrat farzandlari” loyihasi doirasida 42 nafar yosh chet tillarni bepul o‘rganmoqda.

Har oy “Uch avlod uchrashuvi” tashkil etilib, yoshlar va kekesalalar ishtirokida sport tadbirlari shaxmat-shashka, stol tennisi va voleybol musobaqalari o‘tkazib kelinmoqda.

Davlat xavfsizlik xizmati kubogi musobaqalarida “Bo‘ston” mahallasi yoshlari tumandagi 25 ta mahalla yoshlari o‘rtasida 1-o‘rinni egalladi. Bu natijaga erishgan mahalla futbol jamoasi asosiy tarkibini otaliqqa olingan yoshlar tashkil etadi.

 

Mahalla yoshlari O‘zbekiston chempioni

Yoshlar yetakchisi uyushmagan yoshlar bilan ishlash borasida namuna ko‘rsatmoqda.

Vafo Mag‘murov parataekvon-do sport turi bo‘yicha O‘zbekiston chempionatida 2-o‘rin sohibi,  O‘g‘iloy O‘lmasova esa jui-jitsu sport turi bo‘yicha O‘zbekiston chempioni bo‘ldi. O‘lmasjon tashabbusi bilan mahalla markazidan Vafo hamda O‘g‘iloy uchun joy ajratilib, sport bilan shug‘ullanishi hamda mahalla yoshlariga taekvon-do va jui-jitsudan saboq berishi uchun imkoniyat yaratib berildi. Hozir 50 dan ortiq yoshlar sharq yakkakurashlaridan saboq olmoqda. Ular orasida qo‘shni mahalla yoshlari ham ko‘pchilikni tashkil etadi.

“Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida mahalladagi yoshlarning to‘rtdan uch qismi qamrab olindi. Bu yoshlar 5 ta sport turi – kurash, stol tennisi, strit vorkaut, voleyboldan tuman bosqichida birinchi o‘rinni egalladi.

Yoshlar qiziqishidan kelib chiqib, sport va fan bilan shug‘ullanishlari uchun “Bo‘ston” mahallasi hududidagi 9-30-31-maktablarda musiqa, kompyuter savodxonligi, chet tili va fan to‘garaklari tashkil etilgan. 16:00 dan kech 22:00 gacha voleybol, stol tennisi va shaxmat-shashka bo‘yicha belgilangan jadval asosida biriktirilgan o‘qituvchi va murabbiylar boshchiligida mashg‘ulotlar o‘tkazilib kelinmoqda.

– “Bo‘ston” mahallasi yoshlari tumanimizning eng ilg‘orlari, – deydi Yoshlar ishlari agentligi Muborak tumani bo‘limi boshlig‘i Javohir Abdullayev. – O‘lmasjon Pardayev yetakchilik qilayotgan yoshlar “Besh tashabbus olimpiadasi” viloyat bosqichida 5 ta sport turidan Muborak tumani sharafini himoya qilishdi. Bu tumandagi eng yaxshi natijadir. O‘lmasjon liderlik qobiliyatiga ega, yangilikka intiluvchan yosh sifatida mahalla yoshlarini ortidan ergashtira olyapti. U har bir murojaatni hal qilmaguncha to‘xtamaydi.

 

“Umid uchqunlari”

“Karving” – meva va sabzavotlarda gulli shakllar yasash O‘lmasjon Pardayevning hobbisi. Bu san’atni mahalladoshlariga o‘rgatib kelmoqda. “Umid uchqunlari” loyihasini yo‘lga qo‘yib, 11 nafar imkoniyati cheklangan yoshlarga uyda o‘tirgan holda go‘zallik yaratish imkoniyatini taqdim etdi. U 11 nafar yoshning uyiga borib “karving” san’atini o‘rgatib kelmoqda. Bu orqali yoshlar bandligi ta’minlanib, daromad topishi ham mumkin.

– Kelgusida bu loyihani yanada rivojlantirib, imkoniyati cheklangan va ehtiyojmand nogiron yoshlarga uyida turib kasb o‘rganishi uchun sharoitlar yaratishni maqsad qilganmiz, – deydi O‘lmasjon. – Loyiha samara bera boshladi. Hozir “Umid uchqunlari” loyihasini tuman miqyosida targ‘ib etishni boshlaganman. Uni “Inklyuziv ta’lim” yo‘nalishidagi keng qamrovli loyihaga aylantirmoqchiman.

 

Bandlik yo‘nalishida bajarilgan ishlar

“Yoshlar daftari”ga kiritilgan ishsiz yoshlarning 13 nafariga tadbirkorlik qilishi uchun amaliy yordam ko‘rsatildi.

Muhabbat Xolmirzayevaga non pishirish pechi olib berildi. U o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yib, 2 nafar ish o‘rni yaratgan.

Xayitmurod Erniyozov va Sojida Allanazarovaga issiqxona uchun 14 foizli imtiyozli kreditlar ajratildi. Issiqxonada meva va sabzavot yetishtirib, daromad topmoqda.

Qudratbek Inatillayev tuyaqushchilik bilan shug‘ullanmoqda. Uni ko‘paytirish va  tuyaqush tuxumlarini sotish orqali daromad topadi. Qudratbekka tadbirkorligini rivojlantirishi uchun 1 gektar yer olib berildi.

Gulmurod Abdirahmonovga imtiyozli kredit ajratilib, savdo uchun qulay ko‘chma do‘kon olib berildi va 2 ta ish o‘rni yaratildi.

 

– Mamlakatimizdagi har bir yosh yaratilgan imkoniyat va imtiyozlardan unumli foydalanishi va hayotida o‘z o‘rniga ega bo‘lishi uchun barchamiz birgalikda, ikki karra mas’uliyat bilan, vijdonan ish olib borishimiz lozim, – deydi “Bo‘ston” mahallasi yoshlar yetakchisi O‘lmasjon Pardayev. – Bizga katta ishonch bildirilmoqda. Yoshlar bizning qo‘limizga ishonib topshirilmoqda. Shunday ekan yelkamizdagi javobgarlik hissini unutmasligimiz lozim.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish