Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

YOSHLAR BILAN YELKAMA-YELKA

8.9.2025 150

Muhammadshukur MUHAMMADJONOV, “Yoshlar ovozi” muxbir

Mahallalarda faoliyat yuritayotgan yoshlar yetakchilari yoshlarning muammolarini o‘rganish, bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka yo‘naltirish, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilish va ma’naviyatini yuksaltirish yo‘lida jonbozlik ko‘rsatmoqda. Navoiy viloyati Navbahor tumanidagi Qiziloy mahallasi yoshlar yetakchisi Shahzoda Tolibovaning faoliyati ham namunali tajriba sifatida alohida e’tiborga loyiq.

U Oliy Majlis Senati huzuridagi Yoshlar parlamentining “Faollar jamoasi” va Yoshlar maslahat guruhining a’zosi hisoblanadi.

Qiziloy mahallasi balansi:

Aholi: 2583 nafar;

Yoshlar: 587 nafar;

Xotin-qizlar: 304 nafar;

“Yashil” toifa: 530 nafar;

“Sariq” toifa: 55 nafar;

“Qizil” toifa: 2 nafar;

Mahalla drayveri: chorvachilik, issiqxonachilik va dehqonchilik.

– Yoshlar yetakchisining mehnati oson emas, – deydi yoshlar yetakchisi Shahzoda Tolibova. – Har bir yoshning muammosini o‘rganish, ularga individual yondashish talab etiladi. Kimdir ishli bo‘lishni xohlasa, yana kimdir tadbirkorlikni boshlash orzusida, boshqasi esa o‘z iste’dodini namoyon etish uchun imkon kutadi. Shunday vaziyatlarda mening eng asosiy vazifam ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish, kerakli tashkilot va mutasaddilar bilan bog‘lashdan iborat bo‘ladi. Ayrim yoshlarda o‘ziga ishonch yetishmaydi, ba’zilari esa imkoniyatlar borligiga qaramay, faol bo‘lishga shoshilmaydi. Men uchun eng katta sinov ularning qalbidagi ishonchni uyg‘otish, “men ham qila olaman” degan tuyg‘uni shakllantirish...

Og‘ir toifadagi yoshlarga e’tibor

Yoshlar bilan ishlashda eng og‘ir yo‘nalishlardan biri ijtimoiy himoyaga muhtoj, jinoyatchilikka moyil yoki og‘ir toifadagi yoshlarga to‘g‘ri yondashuvdir. Shahzoda Tolibova shu toifaga kiruvchi 2 yoshning muammosini chuqur o‘rgandi. Ulardan biri probatsiya, ikkinchisi esa profilaktik ro‘yxatda edi.

Bu yoshlarning xonadoniga borib, ruhiyati, oilaviy va moddiy holati o‘rganildi. Biriga doimiy ish topib berildi, ikkinchisi esa imtiyozli kredit asosida tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi. Eng asosiysi, bu jarayon bir martalik harakat emas, balki doimiy ravishda olib borilgan individual suhbatlar va psixologik ko‘mak tufayli amalga oshirildi.

Bu yondashuv natijadorlikka asoslangan ijtimoiy ish modeli bo‘lib, ko‘plab mahallalarda tatbiq etilishi mumkin bo‘lgan muhim tajriba hisoblanadi.

12 nafar yoshga 210 million so‘mlik ko‘mak

Shahzoda Tolibovaning tashabbusi bilan Qiziloy mahallasida 12 nafar yoshga umumiy qiymati 210 million so‘mga teng imtiyozli kredit ajratildi. Bu kreditlar moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, ularga ishonch va mustaqil daromad manbayi yaratish vositasi bo‘ldi.

Imtiyozli kreditlar yordamida Muhriddin Suvonov, Samandar Toshnazarov, Zuhra To‘ychiyeva, Ruxshona Ismatullayeva, Shahzod Toshpo‘latov issiqxona faoliyatini yo‘lga qo‘ydi.

Aziza Maxamatova hamshiralik xizmati ko‘rsatishni boshladi. Sarvar Andaqulov asalarichilik bilan shug‘ullanmoqda. Shahlo Tursunova, Navro‘z Hamroyev chorvachilik yo‘nalishida daromad topyapti.

Bu yoshlar bugun o‘zlarini band qilish bilan birga yaqinlariga ham yordamchi bo‘lmoqda.  Ular kelgusida o‘z sohasi bo‘yicha boshqalarga namuna bo‘la oladigan kuchli tadbirkor bo‘lib yetishishlari shubhasiz.

Yer ajratish o‘z yeridan pul topish imkoniyati

Yoshlarni mustaqil qilishda ajratilayotgan yer resurslari katta ahamiyatga ega. “Bir hudud – bir mahsulot” tamoyili asosida bir nechta yoshga yer maydonlari ajratildi. Ahror Hazratqulov, Gulnoza Islomova, Muxlisa Saydullayeva, Hasan Alimqulov, Jahongir Tohirov, Akmal Norqulov kabi yoshlar poliz ekinlari yetishtirishni yo‘lga qo‘ydi. Bu yoshlar o‘z mahsulotlarini sotib, oilasini ta’minlamoqda.

– Ish topish, daromad manbayi yaratish haqida ko‘p bosh qotirar edim, – deydi mahalla yoshlaridan biri Hasan Alimqulov. – Yoshlar yetakchisi yer ajratish bo‘yicha imkoniyatlar borligini tushuntirib, amaliy yordam ko‘rsatdi. “Bir hudud – bir mahsulot” tamoyili asosida men ham yer oldim va tarvuz, qovun, sabzi va boshqa mahsulotlar ekishni boshladim. Dastlab bu ish menga og‘irdek tuyuldi, lekin vaqt o‘tishi bilan natijani ko‘rib, mehnatim bekor ketmaganini angladim. Eng muhimi, o‘zimga ishonchim oshdi: men ham mustaqil, mehnatsevar inson sifatida jamiyatga foyda keltira olyapman.

Ma’naviy immunitet

Yoshlar orasida salbiy illatlarga qarshi kurashning eng samarali vositasi ularni ma’rifat va sportga keng jalb qilishdir. Shahzoda Tolibova tashabbusi bilan Qiziloy mahallasida quyidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil qilindi:

  • Kichik kutubxona tashkil qilindi. Unda yoshlar va oila a’zolari muntazam kitob mutolaa qiladi. Ayniqsa, Qayumovlar oilasi kitobxon oila sifatida e’tibor qozondi.
  • Har kuni yoshlar ishtirokida madaniy-ma’rifiy tadbirlar, sport musobaqalari, ijtimoiy loyihalar tashkil etilmoqda.
  • Mini futbol bo‘yicha Qiziloy jamoasi “Davlat xavfsizlik xizmati kubogi”da tuman va viloyat g‘olibiga aylandi va respublika bosqichida qatnashdi.

Bunday tadbirlar yoshlar orasida sog‘lom raqobat muhitini yaratishga xizmat qilmoqda.

Tashabbus va shaxsiy mas’uliyat

Shahzoda Tolibova tashabbusi bilan mahallada sport to‘garaklari, xususan, mini futbol bo‘yicha qizlar jamoasi tuzildi. Shu kungacha Ibrat farzandlari loyihasi doirasida 10 nafar yosh, jumladan, yetakchining o‘zi ham ingliz tili kurslarini tamomlab, sertifikat oldi.

Bu Shahzodaning yoshlar hayotini o‘zgartirishga chin dildan bel bog‘laganini ko‘rsatadi.

Yangi marralar sari intilish

Mahalladagi yoshlar bilan samarali faoliyatni yanada kengaytirish, mavjud tajribani mukammallashtirish Shahzoda Tolibovaning kelgusi rejalari markazida turadi.

– Yoshlar bilan ishlash doimiy harakat, yangilanish va o‘z ustida ishlashni talab qiladi, – deydi Shahzoda Tolibova. – Bugun erishgan natijalar bilan to‘xtab qolmay, har bir yigit-qizga o‘z orzusi sari intilishga ko‘maklashish mening eng katta maqsadim.

Quyida yetakchining yaqin kelajakdagi asosiy rejalari bilan tanishamiz:

 “Bir yosh – bir hunar” dasturi. Shahzoda yaqin vaqt ichida hunarmandchilik, AT va servis sohalariga oid bepul qisqa muddatli kurslar tashkil qilishni rejalashtirmoqda. Bu orqali yoshlar o‘zlari uchun munosib kasb egallab, daromad topish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

“Yosh fermerlar klubi”. Mahallaning drayver yo‘nalishi – dehqonchilik va chorvachilikdan kelib chiqib, bu sohalarga qiziqqan yoshlardan iborat “Yosh fermerlar klubi” tuziladi. Klubda tajriba almashish, zamonaviy agrotexnologiyalarni o‘rganish va kooperatsiya asosida ishlash yo‘lga qo‘yiladi.

Psixologik ko‘mak markazi. Muammoli yoshlar bilan ishlashda samaradorlikni oshirish uchun tajribali psixologlar bilan hamkorlikda kichik psixologik maslahat markazi tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Bu markazda yoshlar ruhiy bosim, ishsizlik, oilaviy muammolarda malakali yordam olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Yosh ayollarni qo‘llab-quvvatlash markazi. Yosh xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish uchun ularga tadbirkorlik, tikuvchilik, pazandachilik va boshqa yo‘nalishlarda o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etiladi. Ular uchun maxsus kreditlar ajratish, ko‘rgazma va startap tanlovlari yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda.

“Yoshlar tashabbuslari jamg‘armasi”. Yoshlarning innovatsion va ijtimoiy loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun mahalla darajasida kichik “Yoshlar tashabbuslari jamg‘armasi” tashkil etish ustida ish olib borilmoqda. Bu jamg‘arma orqali kreativ g‘oyalarga ega yoshlarga mini grantlar berilishi rejalashtirilgan.

Shahzoda Tolibova muvaffaqiyatli loyihalarini boshqa mahallalarga ham tatbiq etish, yoshlar yetakchilari uchun treninglar o‘tkazish tizimini yo‘lga qo‘yish istagida. Uning aytishicha, har bir yoshning ichida kuch, orzu va salohiyat bor. Asosiysi, unga ishonish va imkon yaratish kerak.

***

Yoshlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish, kerakli tashkilot va mutasaddilar bilan bog‘lash mening eng asosiy vazifalarimdan biridir.

Qiziloy mahallasida 12 nafar yoshga umumiy qiymati 210 million so‘mga teng imtiyozli kreditlar ajratildi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish