Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

TRENDSETTERLAR

23.5.2025 746

Shahobiddin LUQMON

Tarixning har bir davrida insonlar tafakkuriga, kiyinish madaniyatiga, odob-axloq va estetik qarashlariga yo‘nalish bergan shaxslar, guruhlar, g‘oyalar bo‘lgan. Ular hukmdor, sarkarda yoki mutafakkir bo‘lishi shart emasdi. Ba’zan bir shoirning she’ri, bir san’atkorning asari, hatto noma’lum hunarmandning yaratuvchanlik ruhi butun jamiyat didini o‘zgartirib yuborgan. Bugungi til bilan aytganda, ular o‘z zamonasining trendsetterlari edi.

Qadimgi Yunonistonda Sofokl va Aristofan spektakllari faqat sahna san’atini emas, xalq tafakkurini, hatto siyosiy qarashlarni ham shakllantirdi. O‘rta asrlarda saroy modasi Parijdan Istanbulgacha tarqalib, kiyinish va turmush tarziga ta’sir ko‘rsatdi. Sharqiy madaniyatda esa buyuk mutafakkirlar — Alisher Navoiy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sinolar nafaqat ilm-fan yo‘nalishini belgiladi, balki o‘zbek va umuminsoniy madaniyatda ma’naviyat, bilim va estetik did ramziga aylangan shaxslardan.

XIX asrda Parij modasi, Londondagi adabiyot va Vena musiqasi butun dunyoda odamlarning didi va kundalik hayotiga katta ta’sir o‘tkaza boshladi. XX asrda esa kino yulduzlari va pop madaniyati namoyandalari, masalan, Merlin Monro, Beatles, keyinchalik Maykl Jekson kabi mashhurlar san’atga, odamlarning yashash tarziga, kiyinishi-yu o‘zini tutishiga ta’sir qilardi. O‘zbekistonda 2000-yillarda qizlar “Setora” guruhiga taqliq qilgan. “Ip Man” filmi chiqqan paytlarda esa o‘zicha vin chun bilan shug‘ullanganlar qancha...

Bugungi kunda bu jarayon mislsiz katta tezlikka chiqdi. XX asr va XXI asr boshlarida trendsetterlar kino, klip, shoular orqali tanilgan, shular orqali o‘z ta’sirini o‘tkazgan. Bundan tashqari, bunday trendsetterlikda kino mashhurligi, klip qilingan qo‘shiq ommalashuvi va shunga o‘xshash obyektiv omillar ko‘p bo‘lgan. Bugun esa trendsetterlik ancha personallashgan. Ijtimoiy tarmoqlar va internet orqali biror g‘oya bir necha soniya ichida millionlab insonlarga yetadi. Vaqt va makon chegaralari yo‘qolgan. Endi trendsetterlik faqat kuchli san’atkorlar, olimlar yoki mashhur insonlar bilan cheklanmaydi. Har bir faol, deylik, necha minglik auditoriyaga ega bloger ham jamiyat tafakkuriga, yurish-turishiga ta’sir qiluvchi kuchga aylanishi mumkin.

Trendsetter kim? Bu borada turli yondashuvlar bor. Ba’zi mutaxassislar global miqyosda yangi urf va yo‘nalish yarata olgan shaxslarni trendsetter deb hisoblaydi. Boshqalar esa mintaqaviy yoki mahalliy miqyosda ham odamlarning didi va odatlariga ta’sir ko‘rsata olgan insonlarni trendsetterlar qatoriga qo‘shadi. Ikki yondashuvga ko‘ra ham trendsetter – o‘z auditoriyasida doimiy ta’sir kuchiga ega va bu ta’sirini saqlab turishni biladigan shaxs.

Bu tasodifiy mashhurlik emas. Bir marta ommalashgan ish, kiyinish uslubi yoki harakat qisqa muddatli e’tibor qozonishi bunday e’tirofga sazovor bo‘lmaydi. Chunki bu holatda odamlar faqat ma’lum bir lahzaviy g‘oya yoki uslubdan ilhomlanadi xolos. Asl trendsetterlikda insonlarning ishonchi va e’tibori g‘oya yoki urfdan tashqari shaxsan trendsetterning o‘ziga ham qaratiladi. Asosiy mezon ham shu hisoblanadi. Trendsetterlikda eng muhim omil — reputatsiya va barqarorlik. Deylik, siz doimiy ravishda o‘z auditoriyangizga ta’sir o‘tkazib tursangiz, odamlar sizni kuzatishni va sizdan ilhomlanishni davom ettirsa, ana shunda trendsetter maqomiga erishasiz.

Dunyoni o‘zgartirgan shaxslar

Bu tushuncha ko‘pincha moda bilan bog‘lab tasavvur qilinsa-da, aslida inson hayotining deyarli har bir sohasida izlarini ko‘rish mumkin. Kiyinishdan tortib gapirish, fikrlash, hatto texnologiyalardan foydalanish va ijtimoiy qadriyatlargacha – har bir yo‘nalishda o‘ziga xos yo‘lboshchilari bo‘ladi. Ular o‘z auditoriyasi va shu orqali jamiyat didini, urf-odatini va kundalik odatlarini sekin-asta o‘zgartirib boradi. Quyida trendsetterlikning asosiy turlarini ko‘rib chiqamiz.

Moda va kiyinish uslublari. Har bir davrda odamlarning o‘ziga xos kiyinish uslubini shakllantirgan shaxslar bo‘lgan. Ular ko‘pincha professional modelyerlar yoki mashhur san’atkorlargina emas, o‘z zamonasidan ilgarilab, betakror did va jasorat bilan yangi kiyinish uslublarini sinagan va ommalashtirgan insonlar bo‘lgan. Masalan, XX asr boshida Koko Shanel ayollar modasini inqilobiy tarzda o‘zgartirib, erkin va nafis kiyinishni targ‘ib qildi. Bugungi kunda esa Instagram va boshqa tarmoqlardagi moda blogerlari, mashhur aktyorlar, hatto oddiy, ammo o‘z uslubiga ega yoshlar ham trendsetterlikni qo‘liga olmoqda.

Yurish-turish va turmush tarzi. Odamlarning yurish-turishi, hayot tarzi va hatto vaqt o‘tkazish usullarini ham o‘zgartiradigan shaxslar bor. 1950-yillarda Jeyms Din va Merlin Monro yoshlarning o‘zini tutishi, soch turmagi va o‘ziga bo‘lgan ishonchiga yangicha nafas bergandi. Bugungi kunda esa sog‘lom turmush tarzi, sport va fitnes, minimalizm kabi oqimlarning ommalashuvida turli blogerlar, sportchilar va sog‘lom hayot tarafdorlari trendsetterlik rolini bajarmoqda. Ularning odatlari va turmush falsafasi ko‘pchilik uchun namunaga aylanyapti.

Til, madaniyat va ijtimoiy g‘oyalar. Trendsetterlik ba’zan ko‘z bilan ko‘rinmaydigan, ammo ong va tafakkurga kuchli ta’sir ko‘rsatadigan sohalarda ham paydo bo‘ladi. Adabiyot, kino, musiqa yoki ommaviy madaniyat orqali yangi iboralar, fikrlar va ijtimoiy qadriyatlar shakllanadi. Masalan, Ernest Heminguey yoki Bob Dilan o‘z asarlari va qo‘shiqlari bilan butun bir avlodning dunyoqarashini o‘zgartirdi. Bugungi kunda memlar, hashtaglar, ijtimoiy tarmoq trendlari til va madaniyatda keskin o‘zgarishlarni keltirib chiqaradi. Shu ma’noda blogerlar, podkasterlar va hatto oddiy faol foydalanuvchilar ham ijtimoiy va madaniy trendsetterlarga aylanadi.

Texnologiya va innovatsiya. Zamonaviy davrda texnologiya sohasida ham trendsetterlikning ahamiyati ortib bormoqda. Stiv Jobs iPhone orqali dunyo aloqa va ma’lumot almashinuvi odatlarini tubdan o‘zgartirdi. Elon Musk esa elektr avtomobillar, kosmik tadqiqotlar va sun’iy intellekt sohasida yangi orzular va intilishlarga yo‘l ochib bermoqda. Bugungi kun texnoblogerlari, dasturchilar va IT mutaxassislari ham ko‘plab texnologik trendlarni shakllantiradi. Bu yo‘nalish ko‘p ham trendsetterlikka oid deb qaralavermaydi, chunki bunga odatda umumiy ilm-fan, texnologiyalar rivojlanishi sifatida qaraladi.

“Influenser”

Zamonaviy kommunikatsiyada “trendsetter” va “influencer” atamalari chalkashtiriladi. Ikkala tushuncha ham insonlarning fikriga va odatlariga ta’sir o‘tkazadigan shaxslarni anglatsa-da, ularning mohiyati va ta’sir doirasi o‘rtasida sezilarli farq bor.

Trendsetter yangi yo‘nalish, g‘oya yoki urf-odatni birinchi bo‘lib ilgari suruvchi va ommaga tanishtiruvchi insondir. U trendni yaratuvchi, yo‘nalishni boshlovchi shaxs hisoblanadi. Trendsetterning ta’siri odatda chuqur va uzoq muddatli bo‘ladi. U ma’lum bir yangilik qiladi, lekin buni majburlab emas, o‘z tabiiy harakati va shaxsiyati orqali ommalashtiradi.

Influenser esa mavjud trendni kuchaytiruvchi va keng ommaga yetkazishdas vositachi shaxsdir. U ijtimoiy tarmoqlarda faol, katta auditoriya va ishonchga ega bo‘lib, ko‘proq mavjud urf-odatlarni targ‘ib qiladi yoki ma’lum brend, mahsulot, g‘oya uchun targ‘ibotchi rolini bajaradi, lekin ularni yaratmaydi. Ularning ta’siri ko‘pincha qisqa muddatli va ma’lum yo‘nalish doirasida cheklangan bo‘ladi.

Ijtimoiy ta’sir

Trendsetterlik faqat moda yoki maishiy darajada qolmaydi, u jamiyat tafakkuri va ijtimoiy munosabatlarga ham sezilarli ta’sir o‘tkazadi. Har qanday yangi g‘oya yoki urf-odat avval individual shaxsda namoyon bo‘lsa-da, u asta-sekin jamiyatning katta qatlamlariga yoyiladi va yangi me’yorlarga aylanadi. Avvalo trendsetterlik ijtimoiy odatlarni yangilaydi. Masalan, bir vaqtlar jinsi shim kiyish yoki quloqchin ishlatish noodatiy hol bo‘lgan. Bugun esa bular hayotimizning ajralmas qismiga aylangan. Bu o‘zgarishlarning orqasida o‘sha davr trendsetterlari turgan.

Ikkinchidan, trendsetterlar kattaroq guruhlar o‘rtasida ijtimoiy aloqani mustahkamlash vazifasini bajaradi. Masalan, ekologiya haqida gapiradigan trendsetterlar atrof-muhitga befarq bo‘lmagan odamlarni birlashtiradi. Sog‘lom turmush tarafdori bo‘lgan trendsetterlar esa sportni sevuvchi, to‘g‘ri ovqatlanishni istovchi odamlarni bir platformaga yig‘adi.

Uchinchidan, trendsetterlik ijtimoiy qatlamlar va avlodlar o‘rtasidagi tafovutlarni qisqartiradi yoki yangicha aloqa ko‘prigini quradi. Masalan, ilgari keksa avlod va yoshlar orasida did, kiyinish, texnologiyadan foydalanish borasida katta tafovut bo‘lgan, hozir trendsetterlar yordamida bu farqlar yumshab bormoqda.

Trendsetterlik ijtimoiy bosim va taqlidchilik kuchayishi, shaxsiy qarashlar, qadriyatlar qadrsizlanishi xavfini ham keltirib chiqaradi. Ba’zida odamlar o‘zlariga mos bo‘lmagan trendlarga ko‘r-ko‘rona ergashib, o‘zligini yo‘qotishi yoki o‘zini noqulay his qilishi mumkin. Shu bois trendsetterlik ijtimoiy mas’uliyatni ham o‘z ichiga olishi kerak bo‘ladi.

 Ayni mavzuda moda blog yurituvchisi Malohat Umaraliyeva bilan suhbatlashdik. Uning fikricha, trendsetter bo‘lish mas’uliyat talab qiladi va o‘z tanloviga ishonmagan odam trendsetter bo‘lolmaydi.

– Trendsetterlik oddiy ko‘rinadigan, lekin aslida juda nozik va mas’uliyatli hodisa. Bugungi kunda ko‘pchilik bu tushunchani faqat moda bilan bog‘laydi, ammo bunday emas. Bu odamning o‘z qarashlari, didi va yurish-turishidagi uyg‘unlikda namoyon bo‘ladigan bir butunlikdir. Bugun bizda ko‘pgina blogerlar o‘zini trendsetter deb hisoblaydi. Aslida ularning aksariyati influenser, ya’ni bor trendlarni ommaga ulashuvchi insonlar. Haqiqiy trendsetter esa o‘zi yangi yo‘nalish yaratadi va uni o‘zi ishonch bilan namoyish etadi. Bu ko‘proq shaxsiyat masalasi. Trendsetter bo‘lish uchun avvalo ichki uyg‘unlik va did zarur. Agar inson o‘z tanloviga ishonmasa, u hech qachon boshqalarga ta’sir o‘tkaza olmaydi. Trendsetterlar doimiy diqqat markazida bo‘ladi. Uning har bir harakati, kiyimi, aytgan so‘zi kuzatiladi va tezda baholanadi. Ba’zan odamlar sendan ko‘proq yangilik kutadi, shunday paytda esa sun’iylikka borish xavfi tug‘iladi. Trend yaratish uchun o‘zini majburlab, ichki didiga zid uslublarni ko‘rsatish ehtiyoji paydo bo‘lishi mumkin.

Suhbatdoshimiz trendsetterlarga ergashishning salbiy oqibatlari hamda ijtimoiy mas’uliyat haqida ham gapirdi. Ayni fikrlarni mavzu xulosasi sifatida qabul qilish mumkin:

– Trendsetterlar modada, yurish-turishda, o‘zini tutishda insonlarning didi va qarashlariga bevosita ta’sir etadi. Lekin bu kuch to‘g‘ri boshqarilmasa, salbiy oqibatlarga ham sabab bo‘lishi mumkin. Bugun ko‘pchilik ijtimoiy tarmoqlar orqali trendsetterlarni kuzatadi, ularga ergashadi. Ularning kiyinish uslubi, gap-so‘zi, hayot tarzi ko‘pchilik uchun andazaga aylanadi. Shu obrazga yetishmoqchi bo‘lib, ko‘plab yoshlar sun’iylikka, o‘zlikdan voz kechishgacha borishadi.

Masalan, moda sohasida trendsetterning tanlagan brendi yoki uslubi ko‘pchilikda uni takrorlash ishtiyoqini uyg‘otadi. Bu odamlarni ortiqcha xarajat qilishga, o‘z iqtisodiy imkoniyatidan yuqori kiyim-kechak va turmush tarzini orzu qilishga undaydi. Bu bosim moliyaviy tanglik, ruhiy charchoq keltirib chiqaradi.

Yana bir salbiy jihat – trendsetterlarning hayot tarzini ideal deb qabul qilish. Bu esa insonni o‘zini past baholash, noaniqlik va beqarorlikka olib keladi. Axir hamma mashhurlar kabi yashay olmaydi. Trendsetter bo‘lish oson ko‘rinadi, lekin unga ergashayotganlarning aksariyati bu jarayon ortidagi mehnat va hayot haqiqatini ko‘rmaydi. Shu bois yoshlar ko‘pincha “nega men ham shunaqa bo‘la olmayapman?” deya tushkunlikka beriladi.

Menimcha, zamonaviy trendsetterlarning eng asosiy mas’uliyati – o‘z shaxsiyatini ustun qo‘yish orqali ergashuvchilarga ham o‘zlikni topish zaruriyatini eslatish. Modani, uslubni namoyish qilar ekanmiz, odamlarni o‘zlarini yo‘qotmaslikka undashimiz kerak. Har kimning o‘z didi borligini, trend faqat g‘oya, yo‘nalish ekanini, lekin uni ko‘r-ko‘rona takrorlash shart emasligini eslatib turish lozim. Haqiqiy mas’uliyatli trendsetter “mening uslubim shunday, sen ham o‘zingnikini top” deya olishi kerak deb o‘ylayman. Shu yondashuv bo‘lsa, trendsetterlik jamiyatga foydali va sog‘lom ta’sir qiladi. Aks holda u odamlarni o‘ziga qaram qilib, mustaqil fikrlash va o‘z didini rivojlantirish imkoniyatini cheklab qo‘yadi.

***

 Trendsetter — ijtimoiy, madaniy hayot yoki ma’lum bir sohada yangi yo‘nalish, urf yo g‘oyani birinchi bo‘lib joriy qilgan va boshqalar ergashadigan inson.

***

Siz doimiy ravishda o‘z auditoriyangizga ta’sir o‘tkazib tursangiz, odamlar sizni kuzatishni va sizdan ilhomlanishni davom ettirsa, ana shunda trendsetter maqomiga erishasiz.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish