Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Navro‘z bayrami tarixi va transformatsiyasi

21.3.2024 2895

Akbar IDIYEV, Jahongir OSTONOV, O‘zR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti tayanch doktorantlari

Navro‘zni har yili nishonlaymiz-u, lekin ko‘pchiligimiz bu bayramning tarixi va qayerlarda o‘tkazilishi borasida aniq tasavvurga ega emasmiz. Ayrimlar esa faqat O‘zbekistonga xos bayram deb o‘ylashi ham mumkin. Xo‘sh, Navro‘zning tarixi qanday, uni qachondan va qay maqsadda nishonlay boshlashgan? Hozir qaysi davlatlarda tantana qilinadi? Oyina.uz kolumnistlari shu kabi savollarga javob izlabdi.

Manbalar nima deydi?

 Navro‘z atamasi Avesto yozilgan tildan olingan bo‘lib, “nava” – yangi, “rəzaŋh” – kun, yorug‘lik degani. Bugungi forschada “nav” yangi, “ro‘z” kun, “yangi kun” ma’nosini beradi. Mazkur terminning ilk yozma manbalarda uchrash tarixi miloddan avvalgi II asr, ya’ni Parfiya davlati hukm surgan yillarga to‘g‘ri keladi. Ahamoniylar davrida ham Navro‘zga o‘xshash bayram nishonlangani to‘g‘risida arxeologik topilmalar orqali taxmin qilingan. Lekin Navro‘z termini biror yozma manbada tilga olinmagan.

Avestoga ko‘ra, Navro‘zga Turon hukmdori Afrosiyob tomonidan Eron podshohi Siyovush o‘ldirilgan kun deb ta’rif beriladi. Shuningdek, bu kun yangi yilning boshlanishi sifatida alohida ahamiyat kasb etgan. Firdavsiyning “Shohnoma” eposida Navro‘zning vujudga kelishi afsonaviy podshohlar Qayumars va Jamshid obrazlariga bog‘langan.

Navro‘z haqidagi pichoqqa ilinadigan tafsilotlar Sosoniylar davriga to‘g‘ri keladi. Yanayam aniqrog‘i, Ardasher I hukmronligi yillari Navro‘z bayramiga yilning asosiy kuni sifatida qaralgan. Sovg‘alar in’om etish, shohning yirik qabul marosimlari, mahbuslarni afv etish kabi bugun ham amal qilinadigan odatlar shu davrda shakllangan.

Navro‘zning tarixiy ildizlari borasida juda ko‘plab manbalarda ma’lumotlar uchraydi. Xususan, Avesto, Abulqosim Firdavsiyning “Shohnoma”, Tabariyning “Tarixi Tabariy”, Abu Rayhon Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”, “Tafhim”, “Qonuni Mas’udiy”, Mas’udiyning “Muruj az-zahab”, Umar Xayyomning “Navro‘znoma”, Muhammad Husayn Burhonning “Forsnoma”, Hofizi Abruning “Zubdat at-tavorix”, Alisher Navoiyning “Saddi Iskandariy”, “Xazoyin ul-maoniy” asarlarida bayram va uning tarixiga oid qaydlar mavjud.

Abu Rayhon Beruniy “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” kitobida yilning birinchi oyi deb sanalgan Farvardin oyi to‘g‘risida so‘zlab: “Bu oyning birinchi kuni Navro‘zdir, – deydi. – Navro‘z yilning birinchi kuni bo‘lib, uning forscha nomi ham shu ma’noni anglatarkan. Navro‘z eronliklar zijlari bo‘yicha o‘tmish zamonlarda, ular yillarini kabisali qilgan vaqtlarida Quyoshning Saraton burjiga kirish paytiga to‘g‘ri kelar edi. So‘ngra u orqaga surilgach, bahorga keladigan bo‘ldi. Endi u butun yil unga xizmat qiladigan bir vaqtda, ya’ni bahor yomg‘irining birinchi tomchisi tushishidan gullar ochilgan, daraxtlar gullashidan mevalari yetilguncha, o‘simlik unib chiqa boshlashidan takomillashguncha davom etgan vaqtda keladi. Shuning uchun Navro‘z olamning boshlanishi va yaratilishiga dalil qilingan”.

Nishonlanish va nomlanishdagi transformatsiyalar

Bayramning ommalashuvi ilk o‘rta asrlarga to‘g‘ri keladi. Aynan ushbu davrda gullab yashnagan Sosoniylar imperiyasi (224–651) va Markaziy Osiyoning savdo aloqalari yuksalgan nuqtasi Sug‘dda keng nishonlangan.

Keyingi davrda islom kirib kelishi bilan bayramga oid qarashlar turlicha ko‘rinishga ega bo‘lgan. Ularning ba’zisi bu bayramni nishonlash joiz emas deb hisoblashsa (Abu Hafs Kabir va Muhammad G‘azzoliy), ba’zilari nishonlanishi mumkin deb o‘z fikrlarini bildirib o‘tganlar.

Mazkur masalada Beruniy keltirgan ma’lumotlar qiziq bo‘lib, bayramlar ikki turga bo‘lingan – dunyoviy va diniy. Birinchi toifadagi bayramlarning dastlabkisi sifatida Navro‘z qayd etilishi ham uning e’tiqodiy ahamiyatga ega emasligi haqidagi qarash X asrda ustun bo‘lganidan dalolat beradi. Ammo Umar Hayyom mazkur masalada asar yozishiga sabab sifatida do‘stining bayramning yaralish tarixi haqidagi so‘rovini keltirib o‘tishi ushbu asrda Navro‘zga oid ma’lumotlar birmuncha tarqoq holatga kelib qolgan, degan xulosaga yetaklaydi.

Navro‘z bayrami Abbosiylar xalifaligi davrida dam olish kuni sifatida belgilangan. Xalifalik zaiflashganidan keyin vujudga kelgan Movarounnahr va Xurosondagi mahalliy sulolalar, xususan, Somoniylar va Buvayhiylar davrida Navro‘zning mavqeyi yanada oshdi. Ayniqsa, Buvayhiylar Sosoniylar davridagi ayrim odatlarni yana qaytardi. Keyingi turkiy va mo‘g‘ul sulolalar va davlatlar hukm surgan davrlarda ham Navro‘zni nishonlash davom etdi. Eronda Islomiy inqilobdan keyingina unga qarash o‘zgargan. Bir so‘z bilan aytganda, Markaziy Osiyo hamda turkiy va forsiy xalqlar yashaydigan boshqa hududlarda Navro‘z asrlar bo‘yi bayram qilib kelingan.

Islom tarixiga oid manbalarda ham ushbu kunga oid tushunchalar keng qo‘llanilganiga guvoh bo‘lamiz. Xususan, ulug‘ ulamolarimiz fiqhiy kitoblarda xalqimizning an’anaviy hamda milliy bayramlarini, jumladan, Navro‘zni bayram tariqasida nishonlash haqida fatvo berganlar. Binobarin, “Fatovoi zahiriya”da shunday deyiladi: “Navro‘z uch xildir: Navro‘zi Jamshidiy, Navro‘zi Majusiy va Navro‘zi Sultoniy. Navro‘zi Sultoniyni o‘tkazmoqlik maqbuldir va hech dinga ziyoni yo‘qdur”.

Navro‘zi Jamshidiy afsonaviy shoh Jamshid nomiga borib taqalsa, Navro‘zi Sultoniy mashhur Saljuqiy hukmdor Jaloliddin Malikshoh nomi bilan bog‘liq. Shu bilan birga, Sosoniy hukmdor Piruz davrida ham transformatsiya yuzaga kelib, bayram Navro‘zi Piruzi sifatida nom olgan. Ammo nom o‘zgarishiga qaramasdan, asl mohiyat o‘zgarmagan va bu kun yangi yilning boshlanish sanasi sifatida nishonlangan.

Zamonaviy dunyoda Navro‘z

Bayramdagi rituallar va atributlarning hududlar miqyosida turlicha ekanligi uning mahalliy sharoitga mos holatda shakllangani bilan izohlanadi. Lekin bu jarayon 1926 yilga kelib Sovet hukumati tomonidan sotsialistik respublikalarda taqiqlanishi bilan biroz susaydi, ammo passiv ko‘rinishda bo‘lsa ham oilaviy davralarda rituallar amalga oshirilishi to‘xtagani yo‘q.

Siyosiy rejim biroz yumshashi natijasida 1967-yili dastlab Ozarboyjonda ommaviy Navro‘z sayli uyushtirildi. 1989-yil 26-fevralda O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti ideologiya komissiyasi rasman respublika hududida Navro‘z bayramini tiklash to‘g‘risidagi tarixiy qarorni qabul qildi.

Hozirda Navro‘z Yaqin Sharqdan tortib Xitoygacha bo‘lgan mintaqada keng tantana qilinadi. Eron, Iroq, Turkiya, Markaziy Osiyo davlatlari, Afg‘oniston, Rossiyaning turkiy xalqlar yashaydigan hududlarida, Bolqon yarimorolidagi davlatlarda jami 300 million aholi Navro‘zni nishonlaydi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish