2024-yilgi statistik ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda ishsizlar soni 1,3 million kishini tashkil etadi. Bu millionlab kishilar orasida oilasining yagona boquvchisi bo‘lganlar ham, oliygohni tugatib, endi ish qidirayotgan yoshlar ham bor. Ayniqsa, qisqartirish yoki ma’lum sabablar bilan ishsiz qolgan kishilar to yangi ish topmagunicha tushkunlikka tushib qolishi turgan gap. Mana shunday vaqtlarda ularga ishsizlik nafaqasi yordamga kelishi mumkin. Bugun ko‘pchilikning xabari bo‘lmagan, eshitgan bo‘lsa ham, tartib taomili notanish bo‘lgan ishsizlik nafaqasi haqida so‘z yuritamiz.
Qancha vaqtgacha to‘lanadi?
Ishdan va ish haqidan (mehnat daromadidan) mahrum bo‘lgan, qonuniy tartibda ishsiz deb eʼtirof etilgan shaxslarga ishsizlik nafaqasi tayinlanadi. Bu turdagi moddiy yordam pullari to‘lovi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan amalga oshiriladi. Ishsizlik nafaqasiga soliq solinmaydi.
Mazkur nafaqa ishsiz deb tan olingan shaxs mahalliy mehnat organida ish qidiruvchi sifatida ro‘yxatga olingan kundan boshlab hisoblanadi va to‘lanadi. Ishsizlik nafaqasi 12 oylik davr ichida ko‘pi bilan 26 hafta davomida beriladi.
Qonunga ko‘ra, ishsiz shaxs nafaqa olish davrida ish qidirishi shart. U ishga joylashtirish, kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash yoki malakasini oshirish bo‘yicha yo‘llanma olish uchun bir oyda kamida ikki marta mahalliy mehnat organiga murojaat qiladi.
Ishsizlik nafaqasi ishsiz shaxsning avvalgi ish joyidagi oxirgi bir yillik o‘rtacha oylik ish haqiga nisbatan foizda belgilanadi. Boshqa hollarda ishsizlik nafaqasi mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga nisbatan foizda hisoblanadi.
Ishsizlik nafaqasi to‘lash qay hollarda to‘xtatiladi?
Ishsiz shaxsga berilayotgan ishsizlik nafaqasini to‘lash quyidagi hollarda tugatiladi:
- fuqaro ishga joylashsa yoki o‘zini o‘zi band qilganda;
- maqbul ishga doir ikkita taklifni rad etganda;
- nafaqani aldov yo‘li bilan olganda;
- mikrokredit jalb qilganda, tadbirkorlik yoki shaxsiy tomorqa uchun subsidiyalar olganda;
- pensiya olish huquqiga ega bo‘lganda,
- sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etilgan yoki axloq tuzatish ishlari tarzidagi jazoga hukm qilinganda.
Ishsiz shaxs mahalliy mehnat organiga, ishga joylashtirishga doir yo‘llanma yoki ishga joylashishga ko‘maklashish yuzasidan murojaatnoma olish uchun uzrli sabablarsiz kelmagan taqdirda ham ishsizlik nafaqasini to‘lash muddatidan oldin tugatilishi mumkin.
Ishsizlik nafaqasini to‘lash quyidagi hollarda to‘xtatib turiladi:
- Ishsiz shaxs kasbga tayyorlashga, qayta tayyorlashga yoki malaka oshirishga yuborilganda — stipendiya to‘langan holda kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash yoki malaka oshirish davrida.
- Ishsiz shaxs ixtisoslashtirilgan davolash–profilaktika muassasasida davolash kursidan o‘tganda — bunday muassasada bo‘lish davrida;
- Ishsiz shaxs haq to‘lanadigan jamoat ishlarida ishtirok etayotganda — bunday ishlarda ishtirok etish davrida.
- Shu bilan birga, ishsizlik nafaqasini to‘lash ishsiz shaxs belgilangan muddatda uzrsiz sabablarga ko‘ra mahalliy mehnat organiga kelmagan taqdirda uch oygacha to‘xtatib turilishi mumkin.
Ishsizlik nafaqasi miqdorlari
Ishsizlik nafaqasi ishsiz shaxs holatiga qarab, turli miqdorlarda to‘lanadi. Xususan, ishdan va ish haqidan so‘nggi 12 oy ichida mahrum bo‘lganlar avvalgi ish joyidagi o‘rtacha oylik ish haqining 50 foizi miqdorida nafaqa olishi mumkin. Bunda nafaqa mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam yoki O‘zbekistondagi o‘rtacha ish haqidan ortiq bo‘lmaydi.
Ishdan va ish haqidan mahrum bo‘lgan hamda bir yildan ortiq tanaffusdan keyin mehnat faoliyatini qayta boshlashga harakat qilayotgan shaxslar mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining bir baravari miqdorida nafaqa oladi.
Ilgari ishlamagan va birinchi marta ish qidirayotgan shaxslarga mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining kamida 75 foizi miqdorida ishsizlik nafaqasi tayinlanadi.
Qonunchilikka muvofiq, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori oshganda ishsizlik nafaqasining miqdori oshirish koeffitsiyentiga teng miqdorda ko‘payadi.