Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

MChJ – TADBIRKORLIKNING QULAY TASHKILIY SHAKLI

7.3.2024 241

Eldor QURBONOV, Quyichirchiq tumanlararo iqtisodiy sudining sudyasi

Bugungi kunda aksariyat yosh tadbirkorlarimiz faoliyatida mas’uliyati cheklangan jamiyat (MChJ) tashkiliy-huquqiy shaklini qulay va ishonchli deb biladi. Xo‘sh, nima sababdan ular aynan shu shaklni afzal ko‘rmoqda?

Amaldagi qonunchilikda mas’uliyati cheklangan jamiyati xo‘jalik jamiyati hisoblanib, Fuqarolik kodeksining 58-moddasida ulushlarga (qo‘shilgan hissalarga) yoki muassislarning (ishtirokchilarning) aksiyalariga bo‘lingan ustav fondi (ustav kapitali)ga ega bo‘lgan tijoratchi tashkilotlar xo‘jalik shirkatlari va jamiyatlari hisoblanashi, muassislar (ishtirokchilar) qo‘shgan hissalar yoki ular sotib olgan aksiyalar hisobiga vujudga keltirilgan, xo‘jalik shirkati yoki jamiyati o‘z faoliyatida ishlab chiqargan va sotib olgan mol-mulk mulk huquqi asosida unga tegishliligi, xo‘jalik shirkatlari va jamiyatlari to‘liq shirkat, kommandit shirkat, mas’uliyati cheklangan yoki qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyat, aksiyadorlik jamiyati shaklida tuzilishi mumkinligi belgilangan.

Xo‘jalik jamiyatlarining xo‘jalik shirkatlaridan farqli tarafi shundaki, xo‘jalik shirkatida ishtirokchilarning birlashishi hamda ularning shirkat ishlarida faol ishtiroki talab qilinsa, xo‘jalik jamiyatlarida esa resurslar, mablag‘lar (kapital) jamlanishi oqibatida vujudga keladi va shu no‘qtayi nazardan unda ishtirokchilarning xo‘jalik jamiyatlari ishlarida shaxsan qatnashishi talab etilmaydi.

Xo‘jalik jamiyatlarida ishtirokchilarning huquq va majburiyatlari bilan bog‘liq farqli jihati ularning majburiyatlari bo‘yicha javobgarligi bilan baholanadi. Misol uchun, MChJning ishtirokchilari uning majburiyatlari bo‘yicha javobgar bo‘lmaydi va jamiyat faoliyati bilan bog‘liq zarar uchun o‘zlari qo‘shgan hissa qiymati doirasida javobgar bo‘ladi (FK, 62-modda). Ya’ni ularning tadbirkorlik faoliyatidagi tavakkalchilik darajasi ularning jamiyat ustav fondiga kiritgan hissalarining miqdori bilan belgilanadi.

MChJning mulkiy asosi jamiyat ishtirokchilarining hissalaridan tashkil topgan ustav fondi (kapitali)dan iborat. Ustav kapitalining miqdoriga qat’iy talab qo‘yilmagani MChJning afzalligini ko‘rsatadi. Shu sababli ustav kapitalining miqdori ishtirokchilar tomonidan ustavda ixtiyoriy qiymatda belgilanadi. Bunda bitta istisno holat mavjud bo‘lib, ustav fondining eng kam miqdori litsenziya talablarida belgilanishi mumkin.

Qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatda javobgarlik doirasi kengroq bo‘lib, Fuqarolik kodeksining 63-moddasiga ko‘ra, bunday jamiyatning ishtirokchilari uning majburiyatlari bo‘yicha o‘z mol-mulklari bilan qo‘shgan hissalari qiymatiga nisbatan hamma uchun bir xil bo‘lgan, jamiyatning ta’sis hujjatlarida belgilanadigan karrali miqdorda solidar tarzda subsidiar javobgar bo‘lishi, ishtirokchilardan biri nochor (bankrot) bo‘lib qolganida uning jamiyat majburiyatlari bo‘yicha javobgarligi, agar jamiyatning ta’sis hujjatlarida javobgarlikni taqsimlashning boshqacha tartibi nazarda tutilgan bo‘lmasa, boshqa ishtirokchilar o‘rtasida ularning qo‘shgan hissalariga mutanosib ravishda taqsimlanishi belgilangan.

Fikrimizcha, MChJning yuridik shaxs sifatidagi mohiyati va xo‘jalik jamiyatlari tizimida tutgan o‘rni biznesga “tikilgan” mulkning muassis – jismoniy va yuridik shaxsning boshqa mulkidan to‘liq ajratilgan va alohidaligi, MChJ faoliyati esa faqat ana shu mol-mulkka asoslanishi va majburiyatlar ham shu mol-mulkka tayanishi hamda javobgarlik “tikilgan mol-mulk” doirasida amal qilishi bilan bog‘liq. Shu sababli yuridik shaxslarning ushbu tashkiliy-huquqiy shaklidagi “mas’uliyati cheklanganlik” iborasi mas’uliyat (javobgarlik) faqat qo‘shgan hissasi doirasidaligi, biroq bu holat majburiyat uchun qisman javob berishni nazarda tutmasligini anglatishi lozim.

Muxtasar qilib aytganda, mas’uliyati cheklangan jamiyati bu:

1) faoliyatining asosiy maqsadi foyda olishga qaratilgan tijoratchi tashkilotidir. Yuridik shaxslar tashkil etilish va faoliyat maqsadidan kelib chiqib tijoratchi (foyda olishni faoliyatining asosiy maqsadi qilib olgan) va tijoratchi bo‘lmagan (foyda olishni maqsad qilib olmagan) tashkilotlarga bo‘linadi. Ular ikkisi ham yuridik shaxs bo‘lishi mumkin;

2) xo‘jalik jamiyatlari, MChJda ishtirokchilar kapitallari birlashtiriladi. Biroq mas’uliyati cheklangan jamiyatida ishlab chiqarish kooperativi yoki to‘liq shirkatdan farqli ravishda ishtirokchilarning shaxsiy ishtiroki talab etilmaydi;

3) bir yoki bir nechta jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ta’sis etiladi. Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida belgilangan bo‘lmasa, jamiyatning ishtirokchilari bo‘lishga haqli emaslar...

Yuqoridagi xususiyatlar MChJning xo‘jalik jamiyatlari tizimida tutgan o‘rnini mustahkamlaydi. Bu esa o‘z tadbirkorligini boshlamoqchi bo‘lgan har qanday yosh tadbirkor uchun qulay va mustaqil faoliyatni kafolatlovchi tadbirkorlik subyektining muhim tashkiliy huquqiy shakli ekanligini anglatadi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish