Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Men seni sog‘indim

23.11.2023 1368

Sevinch Abdazova

* * *

1.

Men seni sog‘indim,

Tushun,

Falakning

Sabr kosasiga singgunimcha jim.

Ichimda titiliib-titilib ketdi,

Devona yo‘llarda sanqigan ruhim.

So‘zonim,

ko‘ksimda parilar uxlar,

Daraxtlar boshimga tutayapti dor.

Ming yil gunohimga sig‘inib kelgan

O‘sha parilarni uyg‘otib yubor!

 

2.

Oftobshuvoq devor,

Ko‘chalar to‘zg‘in,

Soylar sho‘xligiga yasar xotima.

Oqshom – pari qizdek yoyar kokilin,

Tongda tomirimni yorar bir nima.

Cho‘chigan borliqqa duo o‘qiydi

Qaydadir in qurgan devona devlar.

Dunyoning ko‘ziga qarolmaydi tik

Ishqning ko‘zlariga boqqan suluvlar.

 

3.

Ichimda nimadir gullab yotibdi,

Balki yozilmagan she’rdir, azizim.

Gurkirab ketyapman,

Yonib ketyapman,

Men sening yoningga keldim, azizim.

Qara, kaftlarimga ko‘mdim barini,

Meni adashtirdi ko‘zlaring rangi.

Oq-qora,

Oq-qora,

Seni angladim

Va yo‘lim umrimdan ketdi uzayib.

Raqs etdi ko‘nglimni o‘rtagan pari,

Qoyalar xijolat bunda mastlikdan,

azizim,

Men esa qo‘rqib ketyapman,

Dunyoning ko‘ziga qarolmaslikdan.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish