Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Yoshlarning barchasi ish bilan band

17.5.2024 311

Muhammadshukur MUHAMMADJONOV, “Yoshlar ovozi” muxbiri  

2024-yilning I choragida mahallada yoshlar siyosatini samarali amalga oshirishda yuqori natijadorlikka erishgan yoshlar yetakchilarining TOP-100 reytingi e’lon qilingan edi. Bugun shu ro‘yxatdan joy olgan fidoyi yoshlar yetakchisi Shahzod Husenov faoliyati haqida so‘z yuritamiz.

Shahzod Husenov 2022-yildan Buxoro shahridagi “Otbozor” mahallasi yoshlar yetakchisi. “Yilning eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” tanlovining respublika bosqichida “Yoshlarning bandligini ta’minlash va tadbirkorlik g‘oyalarini amalga oshirish” yo‘nalishida 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan.

 

Shahzod Husenov:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi tinglovchisi;

Milliy kadrlar zaxirasiga olingan.

 

“Otbozor” mahallasi balansi:

Aholi soni: 15 933 nafar;

Xonadonlar: 2 600 ta;

Yoshlar: 3 280 nafar;

Ayol-qizlar: 1 450 nafar;

“Yashil” toifa: 2 910 nafar;

“Sariq” toifa: 350 nafar;

“Qizil” toifa: 20 nafar.

Salomatlik tashabbusi

– Barcha huquqbuzarlik va yomon illatlar bekorchilikdan kelib chiqadi, – deydi Shahzod Husenov. – Jamiyatning eng qudratli kuchi bu uning yoshlaridir. Shunday ekan, yoshlarni yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishdan asrash, jinoyatchilik va huquqbuzarlikning oldini olish maqsadida mahallamdagi yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni sevimli mashg‘uloti bilan band qilishni asosiy vazifa qilib belgilab olganman.

Shahzod tongni yugurishdan boshlaydi. Bolalikdan sportga oshno yetakchi hududida sportni ommalashtirishga e’tibor qaratgan. U mahalladagi sportsevar yoshlar bilan birgalikda har tong mahallaning asosiy ko‘chasi bo‘ylab yuguradi. Shahzodga ergashadiganlar soni esa kun sayin ortib bormoqda. “Dastlab bir necha yosh menga qo‘shilgan bo‘lsa, hozir mahallaning katta yoshli erkaklari ham bizga hamrohlik qilyapti”, deydi Shahzod Husenov.

Namunali yetakchi

Mahalla yoshlar yetakchisi xatlov jarayonlarini yakunlagach, aniqlangan muammo, murojaatlarni hal etish uchun ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz yoshlarni “Yoshlar daftari”ga kiritdi.  Bugungi kunga qadar “Yoshlar daftari” tizimi orqali:

– 25 nafar talaba-yoshning kontrakt puli to‘lab berildi;

– 5 nafar yoshning davolanish xarajatlariga pul ajratildi;

– 7 nafarining harbiy xizmat badali qoplandi;

– 6 nafariga ijara to‘lovi uchun pul va 1 martalik moddiy yordam berildi;

– 36 nafari asbob-uskuna bilan ta’minlandi;

– 16 nafari kelajak kasblariga o‘qitildi;

– 12 nafari haydovchilik kurslarida o‘qitildi;

– 105 nafar yoshga imtiyozli kreditlar ajratildi;

– 45 nafari kasb-hunarga o‘qitilib, bandligiga erishildi.

 

“Otbozor” mahallasida yoshlarning bo‘sh vaqtni mazmunli o‘tkazish maqsadida homiylar yordamida shaxmat va shashka klubi, futbol, kurash to‘garaklari tashkil etildi.

– Shaxsiy tashabbusim bilan mahallada Davlat xizmatlari markazi filialini ochdik, – deydi yoshlar yetakchisi. – Bu filialda 3 nafar ishsiz yoshimiz bandligini ta’minlashga erishdim. Amalga tatbiq etgan loyihamiz samarasi o‘laroq, mahalla drayveridan kelib chiqib, yoshlar bandligini ta’minlash va o‘zini o‘zi band qilish yo‘nalishi bo‘yicha Respublikada namuna qilib ko‘rsatilib, e’tirof etildim.

20 nafar yosh “og‘ir” toifada hisobga olingan bo‘lib, mas’ul rahbarlarga biriktirilgan. Muntazam dars qoldiruvchi yoshning xonadoniga maktab o‘qituvchisi va mahalla yoshlar yetakchisi borib, uning ota-onasi bilan tushuntirish ishlari olib borildi. Bezorilik qilishga moyil, agressiv xulq-atvorli 7 nafar yoshga psixolog biriktirilib, ular bilan muntazam mashg‘ulotlar olib boryapti, yoshlarning o‘zi esa kibersportga jalb etilgan. 3 nafar notinch oila farzandlari va 1 nafar ajrim yoqasidagi yosh bilan mahalla xotin-qizlar faoli va mahalla yoshlar yetakchisi doimiy suhbatlar o‘tkazib kelmoqda.

Bir nuroniyga 10 nafar yosh

“Bir nuroniy 10 yoshga mas’ul” tamoyili asosida haftaning har juma kuni yoshlar hamda nuroniylar o‘rtasida suhbatlar tashkil etilmoqda. Shahzod Husenov tashabbusi bilan homiylik mablag‘lari asosida keksalar va yoshlar birgalikda Buxoro shahrining qadimiy va diqqatga sazovor joylariga sayohatlarga chiqmoqda.

– Men mahallamda kreativ loyihalarni amalga oshirishga bel bog‘laganman, – deydi Shahzod Husenov. – Bizga belgilab berilgan 9 ta asosiy vazifani sidqidildan bajarib, yoshlarni to‘gri yo‘lga yo‘naltirishga, loyiha va g‘oyalarini amalga oshirishida yelkama-yelka turib, qo‘llab quvvatlashga intilaman.

156 nafar yosh sertifikatga ega

Joriy yil 4 nafar migratsiyadagi yosh vataniga qaytarildi, 35 nafar ishsiz yoshga yer ajratib berildi, 14 nafar yosh korxona va zavodlarga ishga joylashtirilib, bandligi ta’minlanishiga erishildi, 7 nafar tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan yoshlarga imtiyozli kreditlar ajratildi, 5 nafar yoshning kontrakt to‘lovlariga ko‘maklashildi, 4 nafari zamonaviy kasblarda o‘qitilmoqda.

Migratsiyadagi yoshlar bilan doimiy suhbat olib borilmoqda. Xorijdagi yoshlarning qiziqishi va imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda ularni yurtga qaytarish choralari ko‘rilyapti.

“Ibrat farzandlari” va “Mutolaa” loyihalari bo‘yicha mahalla yoshlariga, maktablarga taqdimot qilinib, barcha yoshlar qamrab olinyapti. Bugungi kunga kelib 450 nafar yosh “Ibrat Academy” ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tgan. 156 nafari til bilish darajasi sertifikatiga ega bo‘ldi. “Mutolaa” loyihasidan 685 nafar mahalla yoshlari foydalanmoqda.

Bandlikni ta’minlash tajribasi qanday?

Yoshlarning bandligini ta’minlash va tadbirkorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash uchun jami 158 yoshga 4,8 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratilgan. Buning natijasini yo‘nalishlar kesimida tahlil etsak, e’tibordan qancha yosh bahramand bo‘lgani oydinlashadi:

– xizmat ko‘rsatish sohasida 6 nafar yosh – 10 ta ish o‘rni yaratildi;

– muravey uchun 18 nafar yosh – 18 nafar yoshning bandligi ta’minlandi;

– tikuv mashinasi olish uchun 17 nafar yosh – 8 ta tikuv sexi ishga tushirildi, 25 nafar yosh band qilindi;

– motokultivator uchun 11 nafar yosh;

– parrandachilikda 14 nafar yosh – 6 ta YTT ishga tushirilib, 22 nafar yosh ishli bo‘ldi;

– chorvachilik va asalarichilikda 29 nafar yosh; 

– suv filtrlash nasoslari xarid qilish va xizmat ko‘rsatishda 8 nafar yosh – 8 ta YTT ishga tushirilib, 12 nafar yosh ishga ega bo‘ldi;

– issiqxona yo‘nalishida 32 nafar yosh – 32 ta oila bandligi ta’minlandi;

– novvoychilik uskunlari xaridi uchun 6 nafar yosh – 6 ta YTT ishga tushirilib, 25 nafar fuqaro o‘z ishiga ega bo‘ldi;

– boshqa turdagi jihozlar va asbob-uskunalar xarid qilish uchun 17 nafar yosh – 20 dan ortiq yoshlar bandligi ta’minlandi.

 

Shahzod Husenov tashabbusi bilan mahalla yoshlari o‘rtasida “O‘zbekiston uchun 100 g‘oya” va “Mahallaning ishbilarmon tadbirkori” tanlovlari, “Biznesga birinchi qadam” grant loyihasi hamda muvaffaqiyatga erishgan tadbirkorlar bilan mahalla yoshlarining uchrashuvlari tashkil etib kelinmoqda. “Otbozor” mahallasidagi 18-30 yoshgacha bo‘lgan xotin-qizlar uchun tadbirkorlik sirlari va startap loyihalar bo‘yicha o‘quv tashkil etilib, o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan 51 nafar yoshga sertifikatlar berildi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish