Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Ali

6.12.2023 1264

Muattar Mamatkarimova

“Bugun kechroq qaytaman, oyi”.

Eslatma yozilgan qog‘ozchani oynaga qistirdim-u chiqib ketdim. Aslida konsert, ko‘ngilochar kechalarni yoqtirmaymankuya, hamkasblarning qistovi bilan ishdan keyin hayotimda ikkinchi marta konsertga tushishga majbur bo‘ldim.

Hali beri boshlanadiganga o‘xshamaydi. Biletimga tikilib o‘tiribman. Rafiq! Suratidan, qolaversa, zalda deyarli hammasi qizlar ekanidan ko‘rinib turibdi, hali yosh va kelishgan ekan.  Yonimdagi dugonamdan bildimki, Rafiq o‘zbek, lekin Turkiyada tug‘ilib, o‘sha yerda katta bo‘lgan. O‘zbekistonga kelganda muxlislarning talabi bilan konsert berib turar ekan. Qiziq, bu skripkachi haqida avval hech eshitmagan ekanman. O‘ylarimni zaldagi qiyqiriq har tomonga sochib yubordi.

Hamma tengdan gurros baqirib ketdi: Ra-fiq! Ra-fiq! Ra-fiq! Qarasam, skripkachi sahnada ekan. O‘zbekchada tili endi chiqayotgan bolakaylardek ikki og‘iz so‘zladi-yu, konsertni qandaydir sokin, tebratadigan kuydan boshladi. Boshlanishidanoq meni o‘ziga asir oladigan kuy edi u. Zal tinchigan. Tomoshabinlar jim-jit. Balki avvalgi qiy-chuvlar davom etayotgandir. Lekin endi men eshitmasdim. Chunki zalda emasdim. Qo‘shiqqa qorishib, qaysidir dunyolarni, kengliklarni sayr etardim. Bir bu emas, keyingi kuylari ham mening bir xillikka qorishilgan dunyomga ko‘milib ketgan  hissiyotlarimni uyg‘otardi.

Rafiqning qo‘l harakatlari, ko‘zini yumgancha skripka chalishi, mayin jilmayishi — hammasi ajoyib edi. Men uni kimgadir o‘xshatdim. Kimimgadir o‘xshab ketardi u. Topdim! Konsert yakunida muxlislarning qattiq iltimosi bilan gitarada ham bir-ikki kuy chalib berdi. Men ayni shu vaziyatda topdim. Rafiq Aliga o‘xshardi. Ha, ha, Aliga! Ba’zida juda ko‘p o‘ylayman. U hozir qayerda ekan?

Ali — bolaligimning bir parchasi. U bilan bog‘liq barcha xotiralar men uchun qadrli. Mahallamizda men tenggi qizchalar ko‘p edi, lekin men faqat Ali bilan o‘ynar, Ali bilan vaqt o‘tkazardim. O‘zimizning tepaligimiz bor edi. Hech kim chiqmaydigan go‘zal tepalik. U menga  ayni shu tepalikda bobosi yasab bergan gitaraga o‘xshash qo‘lbola cholg‘uda “kuy”lar chalib berardi. Alini eslasam, o‘sha ohanglar qulog‘im ostida jaranglab ketadi.

Eslamay bo‘ladimi, besh-olti yillik baxtli bolaligim uning ismi bilan to‘kis bo‘lsa. Men hayotni shu zaylda davom etadi, maktabga birga borib-kelamiz, u darslarim tugashini doim kutadi, sumkamni olib qochadigan bezori bolalarning har qachon ta’zirini beradi, deb o‘ylardim. Toki  ular qishloqdan ko‘chib ketmagunlaricha...

4-sinfga o‘tganimda birinchi marta men yolg‘iz qolgandim. Chunki maktabda ham, mahallada ham o‘zimdan bir sinf yuqori o‘qiydigan Ali yo‘q edi. Dadasi shaharga olib ketgandi ularni. Uni juda ko‘p eslardim, dadasiga ketmayman deb yig‘laganini, ketayotib esa, albatta, qaytamiz deganini, qo‘l silkib qolganimda mashina oynasiga g‘amgin odamcha rasmini chizganini. Hatto hozir ham ba’zan eslab turaman. Balki u ham meni eslar…

Konsertga borgan kunimizdan ikki kun o‘tib menga rahbarimizning topshirig‘ini yetkazishdi. Juda quvonchli xabar edi bu. Skripkachi Rafiq bilan suhbat belgilangan va unga chet tilini bilganim uchun men tanlanibman. Suhbat asosida maqola yozish ham mening chekimga tushdi.

Ertasi kun belgilangan joyga belgilangan vaqtdan ancha erta yetib keldim. Rosti, hayajonlanardim. Soatimga qarash zeriktirganida u yetib keldi. Yaqindan ko‘rib shoshib qoldim. Men adashmagan edim, u chindan Aliga juda o‘xshardi. O‘zbek tilida qiynalib so‘zlashini inobatga olib ingliz tilida suhbatlashdik. Savollarimga sovuqqon tarzda, asabiyroq javob berar, bu meni battar hayajonga solardi. Va bu holat tahririyatda yangi xodim ekanimni qayta-qayta aytishga majbur qilardi. Savollarim tugamasidan suhbatni tugatishga qaror qildim. Hayotim davomida dimog‘dor insonlar bilan kam muloqot qilganim pand bergandek edi. Ketarimizda yaqin insonimga juda o‘xshashini aytaman deb reja qilgandim. Fikrimdan qaytdim, yo‘q, Aliga o‘xshamasdi u.

Gazeta bosib chiqiladigan kun hamkasblar muvaffaqiyatli ish uchun tabriklashdi. Birinchisiga chakkimasligini ich-ichimdan his qilib turardim. Shu payt xonamizga doim hovliqib yuradigan, ko‘p hollarda bo‘lar-bo‘lmasga vahima qiladigan hamkasbim kirib keldi. Salomlashmayoq so‘zlay ketdi: “Tahririyatimizga xabar yo‘llashibdi. Unga ko‘ra siz(menga yuzlandi) bergan maqolada xato ma’lumotlar ko‘rsatilganmish. Rafiqning ismim deb yurgani, nazarimda, taxallusi bo‘lsa kerak, asl ismi Muhammadali Ahmedov bo‘lib, hech qanday Turkiyada tug‘ilmagan, o‘zimizning Parkentdan ekan. Shu yerda ulg‘aygan emish. Maktab, kollejni Turkiyada bitirgan ekan, xolos”. Aytarining davomi qulog‘imga kirmadi. O‘zimga kelganimda esa hamkasblarimning hammasi baravar so‘zlardi:

— O‘zingizga olmang, Oygul!

— Kasbimizda bo‘lib turadi-ku...

— Nega xavotirlanasiz, doim vahima qilaveradi bu!

Bo‘g‘zimga yig‘i tiqilgandi. Shivirladim:

— Qaniydi, vahima bo‘lsa.

   Hamma jim bo‘lib qoldi. Ko‘zimdan xotiralar yosh bo‘lib quyilardi. Qulog‘im ostida Rafiq emas, Ali, ha, Ali chalib beradigan kuy yangrardi. Nega unday qilding, Ali?..

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish