Oʻrol Tansiqboyev uy muzeyida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti talabasi Ruslan Abdullayevning “Mening qoʻshigʻim” nomli ilk shaxsiy koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi.
Koʻrgazmada muallifning 30 dan ortiq rang-tasvir asarlari namoyish etildi. Rassomning kartinalari asosan portret va natyurmort shaklida yaratilgan boʻlib, u bu asarlarini asosan talabalik davrida ishlagan. Ular ichida, ayniqsa, “Haqiqat”, “Molxona”, “Oybek koʻchasi”, “Oila”, “Bolalik” asarlari ajralib turadi. Muallif oʻz kartinalari orqali tugʻilgan zamini, uning tarixi, odamlari, urf-odatlarini aks ettirgan. Unda inson va tabiat oʻrtasidagi oʻzaro munosabatni tasvirlashga, yorqin va samimiy ranglar orqali insonlarning ichki manzarasini ochishga harakat qilgan.