Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

O'zbek yoshlar she'riyatida Turon mavzusining aks etishi

28.11.2023 1075

Suhrob ZIYO

XXI asr o'zbek yoshlari ijodida millat mavzusi boshqacha yangrayapti. Endi hurlikka erishganiga shukrona bilan she'rlar bitishni bu avlod o'ziga ep ko'rmaydi. Bugun o'zbek yosh ziyolilarini mustaqillik qoniqtirmaydi. Ular dunyo bilan bo'ylashishni, millatning shonli o'tmishi bugun qaytadan bo'y ko'rsatishini istaydi. Aytish mumkinki, yoshlar she'riyatida bugungi o'zbek farzandlarining ayni shu jasorati ko'zga tashlanadi.

Hayronman, erkini qanday taniydi, 
Yig'i dovushiga o'rgangan millat, — deb yozadi Najmiddin Ermatov bir she'rida.

U millatni oh-voh tortib, ahvolidan nolib yashashini istamaydi. Uning istagi boshqa asarida yaqqolroq ko'zga talashadi:

 

Ko'k bo'ri kezgan sarhad itlarga talosh endi,
Ko'tarilgan bosh emas, birgina quyosh endi,
Uchqun sochgan ko'zlarning topingani yosh endi,
Turkiy elning shiddati so'nganga o'xshayotir…

 

Shoir millatdan ko'k bo'rilar kezgan Turon sarhadlarida qaytadan davron surishni kutadi. Bu bugun siyosiy jihatdan mushkul bir ish bo'lsa-da, shoirlar mumkin bo'lmagan narsalarni istashda mohir. Shoir davom etadi:

 

Burgut uchgan zovlarda quzg'un bazm etmoqda,
Ildizingni kavshabon to'ng'iz hazm etmoqda,
Ertangni belgilashga yotlar jazm etmoqda,
Qoshiq butun, qiliching singanga o'xshayotir.

 

Qilich tutishni unutib, qorin g'amida qoshiq tutishga usta bo'lib borayotgan xalqni shoiri malomat qiladi. Haqqi bor. Millat uniki, u millatniki. Uyg'otish — uning vazifasi.

 

Turon mavzusi XX asr she'riyatida avval Сho'lponda, so'ng Rauf Parfi ijodida eng ko'p uchrashini bilamiz. Shavkat Rahmon, A'zam O'ktam, Halima Xudoyberdieva kabi shoirlar ham bu mavzuga qo'l urishgan. Lekin XXI asr yoshlari bu haqda yozishlari – alohida masala.

 

Ulug' shoir Rauf Parfining quyidagi so'zlari yodga tushadi shu o'rinda:  “Yangi bir avlod paydo bo'lishi kerak. Turkchilikni anglagan, his etgan avlod. Yangi she'riyat yangi ijtimoiy ruh bilan keladi. Kelayotgan yangi ijtimoiy ruh, bu – turkchilik. She'riyatimizni turkchilikni anglash ruhi yangilaydi”[1]. 
Tengdoshlarimiz bu hikmatni uqqandek.

 

Mana, Shahriyor Shavkat “Ruhim qushlari” kitobida yozadi:

 

Halovat, sen mendan umidingni uz,
Turkular kuylanmas, kulib, hiringlab,
Turonday vatanni unutgan ulus
Tariqday ovozni tururmi tinglab?!
Ey turkiy do'stlarim, 
Kemamiz uchqur,
Yig'ib qo'yilmaydi shamolda yelkan.
Avvalo, Turonga bir yurak zarur,
Yurakki, salmog'i Turonday ulkan.[2]

 

U ham Turon haqda so'z ketganda, hiringlab-kulib yozib bo'lmasligini bildirar ekan, bir Turonday yurak maydonga chiqishiga ishonadi.

 

Turkiston, sen faqat uch-to'rt bolangning

 

Yuragida qolding, ay sho'rlik o'lka, — deb nadomad bilan so'z boshlaydi Xurshid Abdurashid. “Turkiy qo'shiq” she'rida esa:

 

Turkiy yuragim bor, turkiy shuurim,
Hatto ruhim turkiy, o'zga shonim yo'q.
Musht bo'lib tug'ilgan qo'llarim turkiy,
Vodarig', birgina Turkistonim yo'q [3], — deya millatning, o'z tengdoshlarining afsusini bir zarb ila qog'ozga muhrlaydi.

 

Xurshid — iste'dodi ko'p qirrali shoir. U adabiyotdagi har bir janrni, har bir uslubni sinab ko'rgisi keladi. Qo'l urilmagan mavzularga murojaat qiladi.

 

Misol. O'zbek tarixchiligida shu kunga qadar Muhammad Shayboniyxon shaxsiga munozarali munosabatda bo'lib kelinmoqda. Ikki daryo oralig'ida o'zbek degan bugungi millatning shakllanishida bosh sababchilardan bo'lgan, Temuriylardan so'ng butun Turkistonni birlashtira olgan shonli hukmdor o'zbek bolalariga begonadek o'qitib kelindi. Temuriy amirlarning tarqoq hukmdorligiga chek qo'yishi, Zahiriddin Muhammad Boburning Hindiston tomonga yo'l olishiga sabab bo'lgani uchun uning shaxsi qora bo'yoqlarda tasvirlandi. Tarixchilarning ikki buyuk turkiy hukmdorning biri yaxshi, biri yomon deb tarix yozishlari oqibatida millat bolalari Shayboniyxon haqida aytarli hech narsa bilmasdan ulg'ayib kelishdi. Xurshid Abdurashid ana shu adolatsizlikni yoshlar, hatto katta ijodkorlar orasida birinchi bo'lib badiiy-she'riy talqin qiladi:

 

Kechir bizni, seni bobo qila olmadik,
O'rgan eding axir kimning arpasini xom? 
Manfaatlar eshigidan hatlayolmadik,
O'zi mening bobommisan, Shayboniy bobom?

 

Bu savol Shayboniyga emas, aslida shu kunga qadar uning nomini tiklashni ortga surgan shaxslarga qaratilgan.

 

Shoir Alibek Anvariyning “She'ri rijol” she'riy turkumiga kirgan, Turkiston jadidlari yetakchisi Maxmudxo'ja Behbudiy hazratlari tilidan yozilgan “Behbudiy” she'rida millatni uyg'otishning eng qisqa konsepsiyasini bayon qiladi: “Ma'firatdan mustaqillikka!”

 

Uyqu chaqiradi uyquni, 
Сhorlov – sariq qobon niyati. 
Ilg'amaydi eski qutquni, 
Ko'zlarimiz muxtoriyati.[4]

 

Shoir millatning uyqusini istaydigan “sariq qobon”ning niyatini, uning eski qutqusini ko'zlari tan olmasligini aytadi. Ko'zlar — alohida hudud, ko'zlar muxtoriyat! Bu avlodning ko'zlariga qullik kirib kela olmaydi. Uyqu ham yaqin yo'lay olmaydi. Ammo, taassufki, shoir atrofiga qaraydi: boshqa ko'zlarda g'aflat in qurgan: “Sulton itga tashlar suyagin”, “Olamgirlar avlodi qo'rqoq, Pushtdan-pushtga hayiqib o'tar.”

 

Shoirning xulosasi bunday:
To toraymas qarog'da yog'du, 
Millat – omin, Allohu akbar!

 

Qarog'da yog'du torayishi uchun qorachiqlar kengayishi kerak. Ya'ni, ko'zlar yorug'likka tik qarashi, qarog' nurdan qamashib, kipriklar titrashi shart. Yorug'lik — erk, ozodlik, ma'rifat! Aks holda, millatning janozasini o'qiyvering: omin, Allohu Akbar!

 

A.Anvariyning “Qo'rboshi ruhi” she'rida o'z tengoshlarining zimmasida qanday missiya borligini eslatib o'tadi. Qo'rboshi bobolarning vasiyati bu:

Sirtmoqlari qiygan bo'g'zimdan 
Erk sizgani yodimda elas... 
Yo'l boshida uchqur – izimdan 
Ortda qolgan – vujudim emas! 
Manguligim dashti bekafan, 
Shahid yellar esganda besas. 
Qorishuvda giyoh o'rnidan, 
Qasos o'sgan – vujudim emas! 
Vujudim – siz!...[5]

 

Albatta, tengoshlarimiz ijodida bu kabi o'ktam mavzularning borligi —millatning baxti. Demak, hali adabiyot xalq uchun yashashda, kurashda davom etmoqda.

 

O'zbekistonda Turonga oshiq bo'lgan bir odam bor emish. Shoir Jontemir shunday odam haqida she'r yozgan:

 

…Hayiqadi nafsning tig'idan,
Joniga qasd qiling, kechirar.
Osmon va Yer oralig'ida,
Kamtarona hayot kechirar.

 

Ya'niki, hamma qatori oddiy hayot kechirib yurgan odam boshqalardan faqat bir jihati bilan farq qiladi. Va bu sirni u jon qadar asrab yuradi. Jon qadar asrashga arzirlik sir nima ekan?

 

Iymoniga nahsni yo'latmas, 
Yillar o'tar sokin, suronli.
Olib yurar hech kimga aytmay,
Yuragida qutlug' Turonni.

 

Asrlar bo'yi zulmlar, kurashlar, janglar oralab Turon shu tarzda bizga qadar yetib keldi. Shu tarzda bizning ruhimizga singib, she'rlarimizga ko'chmoqda. Jontemir ham boshqa tengdoshlari kabi bu buyuk va afsonaviy saltanatning fuqarosi deb biladi o'zini. Shu saltanat uchun chin ma'noda kurashni orzu qilib yozgan sartlari bunga dalil:

 

…Agar Temur hayot bo'lganda,
Bu vaysaqi tilimni tiyib.
Qalam emas, ko'tarib qilich,
Egnimga navkarlik sovutin kiyib
Ko'rsatgan bo'lardim sizga bepoyon
Ufqlarga tutashib ketgan Turonni!

 

Yoshlar orasida o'z o'rniga ega shoir Mansur Jumaev Turon g'oyasini anglash va anglatishda hazrat Mahmud Koshg'ariy bobo yo'lidan boradi. Uning “Tosh haqida ertak” she'rida turkiy xalqlarning tarixi, buguni, ertasi ularning tilidagina o'z aksini topishi haqida so'z boradi:

 

Ey bo'g'zimni yoqqan achchiq bo'z,
ey sen, ruhi ravonim ko'rki —
gulxanlarda yongan turkiy so'z,
gulxanlarda yonmagan turkiy!

Shoir Turkiy til qoshida avf so'raydi. Istilolar, bosqinlar sabab yonib ketgan minglab qo'lyozmalar, kitoblar, turkiy dunyoning ulkan madaniyati qoshida afv so'raydi. Ularning barchasi yonib kulga aylantirildi. Ammo bu so'zlar bitilgan toshlargina bizga qadar yetib keldi. Shu toshlar bugun turkiy asotirlarning asli haqida ekanini bayon etdi.

 

Men bilmasman kuylarim naqshi
runiymidi, oromiymidi,
jilvalari, nuri, duraxshi
erlikmidi, osmoniymidi?!

 

Shoir badiiyatning nafis libosida bugungi o'zbek tili bilan bog'liq ijtimoiy muammolarni ham tilga olib o'tadi:

 

Menmi o'sha — unutgan tavba,
o'ylaringni, ehsoslaringni;
bir asrda to'rt marotaba
o'zgartirgan liboslaringni?!

 

Afsuski, o'tgan asrning o'zida o'zbek tilida 4 marta alifbo almashishi yuz berdi, atay uyushtirildi. Bu jarayon hanuz davom etmoqda. Ming yillar davomida yig'ilgan ma'naviy merosning vositachisi bo'lmish arab imlosidan chekinish va lotin alifbosiga o'tish, yana 10 yil o'tar-o'tmas kirill alifbosini qabul qilish, mustaqillikdan keyin yana lotin alifbosiga qaytish, uch yil o'tib bu alifboga ham o'zgartirish kiritish dunyo tilshunosligi qayta ko'rmaydigan hodisa, albatta. Yuqoridagi 4 qator she'rda shoir shu muammoni ajoyib uslubda eslab o'tgan.

 

Bugun men tilga olgan shoirlarning barchasi — O'zbek davlati istiqlolga erishganidan so'ng dunyoga kelgan. Ular safida yana o'nga yaqin shunday yoshlar ijod qilmoqda. Ularning bu mavzudagi asarlari tahliliga kirishganimiz boisi o'zbek adabiyotida, buyuk Rauf Parfi bashorat qilganidek, Turon ruhi qayta bo'y ko'rsatayotganini e'tirof etish edi. Albatta, barcha zamonlarda yangilanishlar, eng avvalo, millat ijodkorlarining asarlarida tajalliy etadi. Bugun bu xayolchan, qaysar va, shubhasiz, iste'dodli yigitlar xalqimizning ruhida uxlab yotgan Turon otli bir arslonni uyg'otib yuborishiga umid qilamiz.

Foydalanilgan adabiyotlar:

[1] davron.uz  [2] Shahriyor Shavkat. “Ruhim qushlari”, 2020, T:-37-bet.

[3] Xurshid Abdurashid, “O'sha men edim”. 2020, T:-33-bet. [4]  Taqdirdan_tashqarida

[5] Taqdirdan_tashqarida

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish