Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Qadim qo‘shiqlar ohangi

23.11.2023 1353

Yulduz Ergasheva, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabasi

Qayerdandir chanqovuzning sirli, yurak torlarini chertuvchi, allanechuk mahzun ohanglari qulog‘ingizga chalinsa, dilingiz to‘rlarida bir tog‘ yuksalayotganini his qilasiz. Bu tog‘ning nomi – Vatan!

Xayol sizni qadim Surxonga, bolalikka, ma’naviyati boy bobo-momolarimizning tongotar qadar so‘zlagan rivoyatlariga olib ketadi. Ha, u paytlarda, xonadonlarda dostonxonliklar, kitobxonliklar bo‘lgan. “Alpomish”lar, “Kuntug‘mish”lar yangragan.

Qahramonimiz Bo‘riqul aka ham shunday bolalik bag‘rida, tog‘lari ham chanqovuz chalgan Boysunda o‘sib-ulgaygan. Balki shu sababdir, chanqovuz, gajirnay, sibizg‘a, shupullak kabi xalq musiqa asboblarini yasovchi mohir usta va ularni bulbulday sayrata olgan sanatkor cholg‘uvchi bo‘lib yetishgandir. Nima bulganda ham bu san’at Bo‘riqul Jumayevning yorug‘ takdiriga, umr mazmuniga aylanib ulgurdi. Uni taniganlar, el-ulusi “Bo‘riqul baxshi” deb ezozlaydi.

Darvoqe, hozirgi kunda B.Jumayev Boysun tumani “Dashtig‘oz” madaniyat markazi qoshidagi havaskorlik jamoasi rahbari sifatida faoliyat olib bormoqda. U kishining san’atga baxshida faoliyati serqirra.

U o‘zi sevgan chanqovuz, qadimiy gajirnay, sibizg‘a, nay, surnaylari bilan bir qator ko‘rik- tanlovlar va festivallarda tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘lib, g‘oliblikni qo‘lga kiritib kelmoqda. Xususan, 2012-yil Qoraqalpog‘iston Respublikasining Ellikqal’a tumanida o‘tkazilgan “Asrlar sadosi”, Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Chanqovuz sadosi” festivallarida, 2013-yil Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Ko‘hna zamin ohanglari” telefestivallarida, Buxoro, Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Ipak va ziravorlar”, “Onam aytgan allalar”, “Umrboqiy navolar” ko‘rik-tanlovlarida g‘oliblik shoxsupalarini zabt etgan.

Prezidentimiz farmoniga ko‘ra, qalbi sanatga oshufta, ustozlarga hurmati baland, kamtarin, samimiy inson, mohir san’atkor Bo‘riqul Jumayev “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan.

Bo‘riqul aka chanqovuz chalyapti. Beixtiyor uning “biyu-biyu”lariga bog‘lanib borayotganingizni his qilasiz. Ruhingiz osmonlarga parvoz qiladi. Chanqovuz ohanglarida Surxonning qadim va ulug‘vor tarixiga, erkin buguni va buyuk kelajagiga sayohatingiz boshlanadi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish