Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

ENG YOSH VA “ZULFIYA”CHI YETAKCHI

13.3.2024 254

Muhammadshukr MUHAMMADJONOV

Bugungi kunda hayotimizning turli jabhalarida ayollarning faolligi, nufuzi ortib bormoqda. Mamlakatimiz taraqqiyotini, jamiyatimiz rivojini ayollarsiz, ularning faol ishtirokisiz tasavvur eta olmaymiz. Mashaqqatli kasblarda shijoat va matonat bilan faoliyat yuritayotgan ayol-qizlarimiz esa alohida e’tirofga, e’tiborga loyiq.

2022-yilda Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizdagi barcha mahallalarda yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etilgan edi. Ayni paytda mazkur lavozimda, jumladan, 829 ta ayol-qizlar faoliyat yuritmoqda. Ularning aksariyati yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, vaqtini foydali mashg‘ulotlarga yo‘naltirish, kasb-hunar egallashi, ishli bo‘lishiga beqiyos hissa qo‘shib kelmoqda. Bugungi maqolamiz ana shunday lider qizlardan biri, Andijon viloyati Xo‘jaobod tumani “Gara guri” mahallasi yetakchisi, 23 yoshli Husniyobonu Jonibekova.

Husniyobonu Jonibekova – 2000-yil 19-avgustda Xo‘jaobod tumanida ziyoli oilada tug‘ilgan. 2023-yil 16-iyundan buyon Xo‘jaobod tumani “Gara guri” mahallasi yoshlar yetakchisi sifatida faoliyat yuritmoqda. Yoshlar siyosati sohasidagi samarali faoliyati yuksak baholanib, yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qaroriga asosan Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlandi.

 

Erishgan yutuqlari:

“Yilning eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” tanlovining viloyat bosqichida “Alohida e’tiborga muhtoj bo‘lgan yoshlar bilan samarali ishlagan eng namunali mahalla yetakchisi” nominatsiyasi g‘olibi (2023-yil);

“Ibrat Academy” ilovasi orqali turk tili kursini muvaffaqiyatli tamomlab, sertifikat bilan taqdirlangan (2023-yil);

Yoshlar muammolarini bevosita mahallada hal etish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasidagi samarali faoliyati uchun Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasi tomonidan tashakkurnoma bilan taqdirlangan (2023-yil).

 

Xo‘jaobod tumani “Gara guri” mahallasi aholisining 629 nafarini yoshlar tashkil etadi. Husniyobonu mahalla yoshlarining balansini to‘liq shakllantirgan. Faoliyati davomida mahallada yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish yo‘nalishida 60 dan ortiq loyiha va tadbirlar tashkil etdi. Ushbu tadbir va loyihalarga jami 590 nafar yoshlar qamrab olindi.

Mahalla yoshlarining murojaatlari o‘rganib chiqilib, barchasi ijobiy hal etilmoqda. Ishsiz yoshlarning:

– 25 nafari doimiy ishlar bilan ta’minlandi;

– 30 nafari “Bandlik dasturi” orqali ish bilan ta’minlandi;

– 12 nafari kasb-hunarga o‘qitilyapti;

– 7 nafariga tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun imtiyozli kreditlar ajratildi;.

 

Xatlov jarayonlarida 38 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar aniqlandi. Yetakchining tavsiyasiga ko‘ra, ularni “Yoshlar daftari”ga kiritish orqali:

– 12 nafar talabaga shartnoma pullari to‘lab berildi;

– 4 nafar yoshga ish qurollari uchun subsidiyalar ajratildi;

– 5 nafarining davolanish xarajatlari qoplandi;

– 11 nafariga bir martalik moddiy yordam berildi;

– 5 nafariga dehqonchilik qilishi uchun ijara asosida yer ajratildi;

– 1 nafari haydovchilik kursida o‘qitildi.

 

Yetakchi mahalla yoshlarini yot g‘oyalar ta’siridan asrash, bo‘sh vaqtlarida foydali ishlar bilan band bo‘lishini alohida nazoratga olgan. Maktab o‘quvchilari hamda uyushmagan yoshlar o‘rtasida doimiy ravishda tadbirlar o‘tkazib keladi. Jumladan, o‘tgan vaqt davomida 21 marotaba sport musobaqalari va bellashuvlar o‘tkazildi. 9 nafar muntazam dars qoldiruvchi o‘quvchi va ularning ota-onalari bilan tushuntirish ishlari olib borilib, darslarga qatnovi yo‘lga qo‘yildi.

 “Gara guri” mahallasi yetakchisi homiylar bilan birgalikda 12 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlarini o‘quvchilar formasi bilan ta’minlanishida yordam berdi.

Mahallada ishsiz, bandligi ta’minlanmagan, jinoyatga moyil 28 nafar “qizil” toifadagi yoshlar yetakchining sa’y-harakatlari naijasida “yashil” va “sariq” toifalarga o‘tkazildi.

Yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish uchun ular bilan ishlash tizimini to‘g‘ro yo‘lga qo‘yish kerak. Bu asosan yoshlar yetakchisining zimmasiga tushmoqda. Husniyobonu Jonibekova mahallasidagi jinoyatga moyilligi bor va tarbiyasi og‘ir yoshlar bilan tizimli ishlarni yo‘lga qo‘ygan. 4 nafar profilaktika hisobidagi yoshlar bilan profilaktika inspektori hamda yoshlar yetakchisi hamkorligida muntazam olib borilgan targ‘ibot ishlari natijasida bu yoshlar profilaktik hisobidan chiqarildi. 2 nafar tarbiyasi og‘ir yosh bilan ishlashda jamoatchilikni jalb qilgan holda tarbiyasi og‘ir yoshlar bilan tushuntirish ishlari olib borildi va ularni sog‘lom hayotga qaytarishga erishdi. Ushbu yoshlar mahalla profilaktika inspektoriga biriktirilib, ular doimiy nazoratga olindi. Buning natijasi o‘laroq, “Gara guri” mahallasi yoshlari o‘rtasida jinoyatchilik holatlari qayd etilmagan.

Yetakchi mahalla yoshlarining kelajakda hayotda munosib o‘rnini topishi, yetuk kadr bo‘lishi, ularni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida hududdagi harbiy okrug bilan hamkorlikda “Vatan – ulug‘, burch – muqaddas!” mavzusida tadbirlar tashkil etmoqda.

Oila jamiyatning muqaddas maskani, tarbiya makonidir. Husniyobonu mahalladagi yosh oilalarning turmush sharoitlarini yaxshilash, oiladagi muhitni yaxshilashga alogida e’tibor qaratadi. Natijada, faoliyati davomida 2 ta ajrim yoqasiga kelib qolgan yosh oilani mahalladagi jamoatchilik, xotin-qizlar faollarini jalb qilgan holda muammolarini hal etib, yarashtirishga erishdi.

Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash bo‘yicha mahalla raisi, xotin-qizlar faoli, diniy soha vakillari bilan hamkorlikda turmush qurish arafasidagi yoshlar bilan davra suhbatlari tashkil etib keladi. Yosh oilalar bilan “Oila – muqaddas dargoh” mavzusida davra suhbatlari, “Ibratli qaynona va kelin” tanlovlarini ko‘chalar kesimida o‘tkazib kelmoqda. Mazkur tanlovlarda qaynonalarning ham ishtiroki va o‘z kelinini qo‘llab-quvvatlashi barchaga namuna bo‘lmoqda.

Husniyobonu kabi o‘z taqdirini Vatan taqdiri bilan chambarchas bog‘lagan yoshlarimizning ko‘pligi O‘zbekistonning kelajagi ishonchli qo‘llarda ekanligini ko‘rsatmoqda.

 

Go‘zaloy MAHAMATOVA,

“Gara guri” mahallasidan, 28 yosh:

– Mahallamizdagi tikuvchi ayoldan tikuvchilik sirlarini o‘rganganman. 3 yildan beri uyimda qo‘l tikuv mashinasida ishlardim. Yoshlar yetakchisi Husniyobonu oilaviy holatimizni o‘rganish uchun kelganida tikuvchilik mashinasi kerakligini aytgandim. Shundan keyin meni “Yoshlar daftari”ga kiritib, subsidiya asosida tikuv mashinasi va tikish uchun barcha asbob-uskunalar olib berildi. Uyimdan bir xonani chevarxonaga aylantirib, hozir 2 ta ishchi o‘rin yaratganman. Oylik daromadim 1 million atrofida. Qo‘shni mahallalardan ham kiyim tiktirish istagida bo‘lgan ayol-qizlar kelib buyurtma bermoqda. Kelajakda tikuvchilik faoliyatimni kengaytirib, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchiman. Mahsulotlarimni eksport qilishni reja qilyapman.

 

Beksulton TOLIPOV,

“Gara guri” mahallasidan, 26 yosh:

– Mahallamiz yetakchisi yordami bilan asalarichilik faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida 33 million so‘m imtiyozli kredit oldim. Hozir 10 ta qutida asalari boqyapman. Bu ishim mavsumiy faoliyat bo‘lgani uchun 15-20 million so‘m atrofida daromad bo‘lyapti. Asalari boqish ko‘p mehnat talab etmaydi, faqat vaqtida parvarishlash kifoya. Asalari boqish bilan birga boshqa faoliyat ham olib borsa bo‘ladi. O‘zimiz yig‘ib olgan asalni tumandagi savdo mazrkazlariga yetkazib beramiz. Sifatli, toza asal bo‘lgani uchun mahsulotimizga talab yuqori. Faoliyatimizni kengaytirish uchun yana quti olib kelishni maqsad qilib turibman.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish