Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Yaqin 30 yilda bizni qanday kasblar kutmoqda?

17.5.2024 215

Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi ma’lumotlari asosida tayyorlandi.

Gazetamizning o‘tgan sonida “Ota-onalar farzand tarbiyasida qanchalik mas’uliyatli?” mavzusida MHTI tahlillarini e’lon qilgan edik. Tahlilda yoshlar mehnat bozoridagi vaziyat bilan yaqindan tanish emasligi aytib o‘tilgan. Negaki, so‘rovlarda ishtirok etgan aksariyat  yoshlar shifokor, o‘qituvchi, jurnalist, iqtisodchi, tadbirkor, moliyachi va huquqshunos bo‘lish istagida ekanini bildirgan.

Tahlilchilar bugungi kunda iqtisodchilarga talab yuqori emasligini ta’kidlamoqda. Mehnat bozorida marketolog, menejer va muhandislarga ehtiyoj katta bo‘lishiga qaramay, so‘rovda ishtirok etganlar orasida bu kasblarni tanlaganlar deyarli yo‘q. Bu esa yoshlar va ota-onalarda mehnat bozori tendensiyalari to‘g‘risida ma’lumotlar yetarli emasligidan dalolat beradi.

Shu bois Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi mutaxassislari ma’lumotlari asosida yaqin 30 yilda bizni qanday kasblar kutayotgani, qaysi sohalarga talab yuqori bo‘lishiga oid prognozlarni e’tiboringizga havola etamiz.

 

Robotlar ish o‘rinlarining yarmini egallaydi

Jobs of Tomorrow hisobotiga ko‘ra, robotlashtirish va avtomatlashtirish tufayli 75 milliondan ortiq odam ishsiz qolishi mumkin. Oksford universiteti tadqiqotchilari esa yaqin 15-20 yil ichida robotlar barcha kasblarga oid funksional vazifalarning yarmini bajarishiga ishonadi.

Ish bilan band bo‘lganlarning 53 foizi kelgusi 10 yil ichida ularning ishi sezilarli darajada o‘zgarishi yoki eskirishini fahmlab turibdi. Dunyo aholisining 77 foizi qayta tayyorlash va kasblarini o‘zgartirishga majbur. Shu tufayli kelajakka faqatgina yangi kasblar bilan yo‘l olish mumkin. Xo‘sh, yangi kasblar qaysilar?

 

Tibbiyot

Kiberprotezlar va implantlar ishlab chiqaruvchisi – bionik sunʼiy organlarni yaratish uchun dizaynerlar va robototexniklar bilan ishlaydigan tibbiyot muhandisi.

Miya implantatsiyasi bo‘yicha mutaxassis – bemorning boshiga ulangan yoki hatto ichiga o‘rnatilgan qurilmalarni loyihalash, tanlash, sozlash va texnik xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanadigan shaxs.

Tibbiy marketolog – sog‘liqni saqlash sohasidagi kompaniya va korxonalar xizmatlarini bozorda ilgari surish bo‘yicha mutaxassis.

Gen muhandisi – tirik organizmlar genlari bilan ishlaydigan olim.

 

Qishloq xoʻjaligi

Zamonaviy texnologiyalar – genetika, 3D-printer, sun’iy intellekt va robotlar qishloq xo‘jaligida band bo‘lgan millionlab odamlarni og‘ir jismoniy mehnatdan ozod qiladi. Meva-sabzavot yetishtirish dalalardan shaharlardagi ko‘p qavatli uylar tomlarida barpo etiladigan mini-fermalarga o‘tkaziladi. Shuningdek, chorva mollarini ommaviy so‘yish muammosini bartaraf etadi. Masalan, bitta hayvon hujayrasidan probirkada yetishtirilgan go‘sht yoki asl ta’mi va foydali xususiyatlarini o‘zida saqlab qolgan 3D printerda chop etilgan go‘sht mahsulotlari. Xo‘sh, bu sohada istiqbolli yo‘nalishlar qaysi?

Agrokibernetika (agroinformatik) – qishloq xoʻjaligi sohasida zamonaviy axborot texnologiyalari, avtomatlashtirish tizimlari, maʼlumotlarni tahlil qilish va sunʼiy intellektdan foydalanish bilan shugʻullanuvchi mutaxassis.

GMO agronomi – ekinlarning genlarini o‘zgartirish bilan shug‘illanadigan mutaxassis.

3D-mahsulotni chop etish bo‘yicha muhandis – uskuna, dasturiy ta’minot va 3D modellarni yaratuvchi mutaxassis.

Qishloq xo‘jaligi ekologi – chiqindilarni bartaraf etish usullarini ishlab chiquvchi mutaxassis. Shuningdek, u tuproqni qayta tiklash bilan ham shug‘ullanadi.

Raqamli asalarichi – asalarilarning salomatligi, changlatish jarayonlari, uyalarni loyihalash va turli hududlardagi o‘simliklarga ari to‘dalarni moslashtirish bo‘yicha mutaxassis.

 

Qurilish sohasi

Yaqin kelajakda arxitektorlar binolarning energiya isteʼmolida shamol, quyosh va yer osti suvlaridan unumli foydalanishga harakat qilishadi.

BIM (Building Information Modeling) loyihalovchi – bu bino ma’lumot modeli uchun vizual qismni yaratuvchi mutaxassis: barcha hujjatlarni jamlaydi, chizmalarni 3D ga aylantiradi va har bir blokni batafsil ma’lumot bilan to‘ldiradi.

“Aqlli uy” infratuzilmasi dizayneri – uyni intellektual boshqarish tizimini loyihalash, o‘rnatish va sozlash bo‘yicha mutaxassis.

Eski qurilish konstruksiyalarini rekonstruksiya qilish va mustahkamlash bo‘yicha mutaxassis – qurilish tashkilotida ishlovchi hamda yangi materiallar va zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda turli binolarni restavratsiya qilish va obodonlashtirish bilan shug‘ullanuvchi shaxs hisoblanadi.

Qurilishdagi 3D bosma dizayneri – 3D qurilish printerlari yordamida binolarni yaratuvchi me’mor. U materiallarni tanlaydi, mijozning ehtiyojlari, qurilish obyekti joylashuvi va iqlimini hisobga olgan holda kelajakdagi uylarning shakllarini ishlab chiqadi. Mutaxassis loyihani dasturda modellashtiradi, so‘ngra mashinalar uni to‘liq hajmda chop etadi.

“Yashil shahar”lar arxitektori – ekologik talablarni, barqaror rivojlanish tamoyillarini hisobga olgan holda binolar, mahallalar va butun shaharlarni loyihalash bilan shug‘ullanuvchi mutaxassis.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish