Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

7 yilga umrim uzaysin desangiz, ko'proq piyoda yuring

5.4.2024 272

Yoshlar ovozi

Piyoda yurish — jismoniy mashqlar orasidagi eng oson va qulay turi. Yurish salomatlik uchun foydali bo‘libgina qolmay, insonning ruhiy holatiga ham ijobiy ta’sir etadi. Xo‘sh, piyoda yurishning nafi haqida mutaxassislar qanday tibbiy tavsiyalar beradi?

Mutaxassis fikri

— Odam o‘zini yaxshi his qilishi va tashqi ko‘rinishining ko‘rkam bo‘lishida piyoda yurishning ahamiyati katta, — deydi Salomatlik va strategik rivojlanish instituti bo‘lim boshlig‘i, tibbiyot fanlari nomzodi Feruza Tohirova. — Sababi yayov yurganda insonning barcha muskullari harakatga kelib, tanada moddalar almashinuvi yaxshilanadi.

Ayniqsa, erta tongda piyoda yurish salomatlik uchun juda foydali. Chunki bu vaqtda havo toza bo‘ladi, kishi kechasi uxlab, dam olgani sababidan charchamasdan 30-40 daqiqa bemalol yayov kezishi mumkin.

Qolaversa, kechki payt ishdan chiqqach, imkon bo‘lsa, yo‘lning bir qismini piyoda bosib o‘tish, ruhiyatga tetiklik baxsh etib, kishini tinchlantiradi va charchoqni oladi.

Shuningdek:

▪️Umr davomiyligini uzaytiradi. Ko‘p yillik tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, har kuni bir yoki undan ortiq kilometr masofani piyoda bosib o‘tishga odatlanganlar bunday mashg‘ulotni xush ko‘rmaydiganlarga nisbatan 7 yilgacha ko‘proq umr ko‘rar ekan. Shuningdek, muntazam piyoda yurish yoshlikni uzaytiradi.

▪️Moddalar almashinuvini yaxshilaydi. Yuqori qon bosimi, qand miqdorining balandligi, ortiqcha vazn, asabiylik, turli kasalliklarga tez chalinuvchanlik, bosh og‘rig‘i, tez charchash... Bu ro‘yxatni yana uzoq davom ettirish mumkin va bularning barchasiga muntazam piyoda berish orqali yaxshigina zarba berish mumkin.

▪️Mablag‘ni tejaydi. Bugun yurtimizda sport zallari va fitnes klublari ko‘p. Ammo ularga qatnash uchun mablag‘ kerak. Bundan tashqari, velotrenajyor sotib olib, uyda shug‘ullanish uchun ham pul zarur. Shunchaki piyoda yurish esa yo‘l-yo‘lakay ishlarni bitirish bilan birga, sizni ana shunday xarajatlar, eng muhimi, qimmat tibbiy muolajalardan xalos etadi.

▪️Uyquni yaxshilaydi, stressdan himoyalaydi. Asrimizning quloch yozayotgan muammolari qatorida stress va uyqu buzilishi alohida o‘rin tutadi. Ularning har ikkisi bir-biriga chambarchas bog‘liq. Muntazam piyoda yurish aqliy tetiklik bilan birga, jismoniy charchoqqa olib keladi. Bu esa o‘z navbatida asabni tinchlantirib, tiniqib uxlashga yordam beradi.

▪️Suyaklarni mustahkamlaydi. Qator suyak kasalliklari borki, ularda piyoda yurish nafaqat befoyda, balki zararli va xavfli hamdir. Yangi jarohatlar, artritning faol bosqichlari shular jumlasidan. Ammo mutlaq ko‘pchilik uchun piyoda yurish suyaklarni mustahkamlashdek muhim yutuqni keltiradi. Tayanch-harakat tizimining sog‘lomligi esa organizmdagi juda ko‘p muammolarning oldini oladi.

▪️Ko‘rish qobiliyatini yaxshilaydi. Ochiq havoda, istirohat bog‘larida, keng dalalarda sayr qilayotgan inson istasa-istamasa, uzoqlarga tikiladi, turli manzaralarni tomosha qiladi. Piyoda yurish ortidan qon aylanishi yaxshilanishi ko‘zga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi.

▪️Kasalliklarning oldini oladi. Me’yorida, ma’lum bir masofaga piyoda yurishning nojo‘ya ta’siri yo‘q, aksincha salomatlik uchun foydali jihatlari talaygina. Xususan, yayov kezish semizlik, yurak-qon tomir xastaliklari, shamollash, qandli diabet kabi kasalliklar va turli zararli odatlardan xalos bo‘lishga yordam beradi.

Shunday ekan piyoda yurishni odatga aylantiring va doimo sog‘lom bo‘ling. (https://telegra.ph/file/11ff483efebc0a3298193.jpg)

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish