Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

12 yoshda IELTS 7 ball

15.4.2024 185

Sarvinoz KOMILOVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Biz 16-17 yoshli maktab o‘quvchilarining IELTSdan 7-8 ball olgani haqida ko‘p eshitamiz. Ular 3-4 yillik o‘rganish va mehnat orqasidan shu natijaga erishgani maqtovga loyiq. Ammo 12 yoshli qizning bunday yuqori natijaga erishishi hayratlanarli, u nafaqat o‘z tengqurlari, balki o‘zidan 5-10 yosh kattalarga ham o‘rnak bo‘ladi.

Saidaxon Hamroyeva poytaxtimizning Yashnobod tumanidagi 30-maktabning 6-sinf o‘quvchisi. 1-sinfdan ingliz tiliga mehr qo‘ygan. Bu fanni sevib o‘rganishiga onasi Dilnavoz Murodova yaqindan ko‘maklashgan.

Onajonim mening birinchi o‘qituvchim, – deydi Saidaxon. — Chunki o‘zlari ham ingliz tilidan dars beradi.

Farzandlarning katta yutuqlarga erishishida ota-onaning o‘rni beqiyos. Qahramonimiz ham onasidan olgan saboqlariga asoslanib, o‘z ustida mustaqil shug‘ullangan. Bola boshidan deganlaridek, 9-10 yoshli qizcha uchun tilni mustaqil o‘rganishga harakat qilishi e’tirof etishga arzigulik holat. Aytishicha, onasi bergan vazifalarni o‘zi mustaqil bajarib, o‘zi tekshirib o‘rgangan. Keyinchalik, IELTSga tayyorlanishni boshlab, asosan “Complete IELTS” kitobidan foydalangan.

Imkoniyatlardan foydalana olish muvaffaqiyat eshiklarini ochadi. Saidaxon ham shunday imkoniyatlarning biridan foydalanganligini aytdi. Registon o‘quv markazining Oliygoh.uz jamoasi bilan hamkorlikda “Ta’lim Granti” tanlovini e’lon qilgani u uchun ayni muddao bo‘lgan. Natijada shu o‘quv markazida 4 oy grant asosida o‘qib, IELTSdan 7 balni qo‘lga kiritgan.

Mustaqil o‘qigan paytlarim kuniga 2-3 soat shug‘ullangan bo‘lsam, 4 oy qattiqroq tayyorlanishga to‘g‘ri keldi va kamida 3-4 soat ingliz tili bilan shug‘ullandim. Natijasi ota-onam va o‘qituvchilarimni ham juda quvontirdi, – deydi ko‘zlari yonib turgan Saidaxon. – Ingliz tilidan tashqari, biologiya va matematikaga qiziqaman. Kelajakda shifokor bo‘lmoqchiman.

Saidaxondek zukko yoshlar uchun bir qator imkoniyatlar yaratilgan, albatta. 2024-yilda chet tilini bilish bo‘yicha xalqaro imtihondan yuqori ball olganlarga nafaqat imtihon xarajati, balki olti oylik o‘qish puli ham to‘lab berilishi belgilangan. Hozir Saidaxon ushbu umkoniyatdan foydalanish uchun ariza topshirgan va tez orada Yoshlar ishlari agentligi tomonidan mablag‘lar to‘lab beriladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish