Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Bir mavsumda 30 mln daromad

19.4.2024 113

Ilhomjon ABDUSALOMOV, “Yoshlar ovozi” muxbiri

 Mamlakatimizda ishsiz yoshlarning qishloq xo‘jaligida bandligini ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Mehnatsevar, shijoatli yoshlarga imtiyozli davr bilan yer maydonlari ajratilayotgani juda katta samara bermoqda. Shundan oilasiga daromad olib kirayotgan yoshlar safi kengaydi. Jarqo‘rg‘onlik 24 yoshli Ilhom Toshtemirov shunday yoshlardan biri.

“Qurilishda nima ish bo‘lsa, qildim”...

Jarqo‘rg‘on tumanining “Oqtepa” mahallasida yashovchi Ilhom Toshtemirov o‘rta maktabni tamomlagach, oliy ta’limga hujjat topshirdi. Biroq natija kutilgandek bo‘lmadi. Endi u ishlashi lozim edi. Bir-ikki tanishining yordami bilan yaqin hududdagi qurilishlarda ishlab, pul topdi. Biroq og‘ir mehnat sharoiti bora-bora uning sog‘ligiga salbiy ta’sir qildi.

Qurilishda nima ish bo‘lsa, qilib ko‘rdim, – deydi Ilhom Toshtemirov. – Sog‘ligim ko‘tarmagani uchun bu ishdan ketdim. Ancha muddat o‘zimga to‘g‘ri keladigan ish izlab, bormagan joyim, kirmagan eshigim qolmadi. Bittasida til bilmasligim, yana birida kompyuterni tushunmasligim pand berdi. Ayni kuchga to‘lgan paytda kunni shunchaki o‘tkazishni xohlamasdim. Shunday kunlarning birida ijtimoiy tarmoqlar orqali davlatimiz tomonidan ishsiz yoshlarga imtiyozli shartlarda yer ajratilayotgani to‘g‘risidagi xabarlarga ko‘zim tushdi.

Dehqonchilikdan yaxshigina xabari borligi, astoydil mehnat qilsa, yaxshi natijalarga erishishi mumkinligini o‘ylab, Ilhom Toshtemirov mahalla yoshlar yetakchisiga murojaat qiladi. Yetakchi unga “Yoshlar daftari”ga kiritish orqali yer bilan ta’minlashga va uyiga yaqin hududdan 30 yil muddatga ijara asosida 30 sotix yer ajratib berishga yordam bergan.

Yoshlarimiz anchagina tirishqoq

Bugun mehnat qilaman, yurt koriga yarayman, deydigan yoshga istalgan sohada ko‘plab imkoniyat eshiklari ochilmoqda, – deydi “Oqtepa” mahallasi yoshlar yetakchisi Otabek Mahmadiyorov. — Xususan, “Yoshlar daftari”ning amaliyotga joriy etilishi “Oqtepa” mahallasi yoshlarining hayotini tubdan o‘zgartirib yubordi. Misol uchun, o‘tgan yilda iqtisodiyotning ma’lum bir tarmog‘ida band bo‘lmagan Ilhom Toshtemirovdan tashqari, yana 3 nafar mahallamiz yoshlariga tuman hokimligi ko‘magi asosida 30 sotixdan yer ajratib berildi. Mazkur yer maydonlaridan ular 30 yil ijara asosida foydalanish huquqiga ega bo‘ldilar. 2023-yilda yosh fermerlarimiz o‘zlariga tegishli yer maydoniga sinov tariqasida yeryong‘oq ekishdi.

Yetakchining so‘zlariga ko‘ra, yoshlarga ekinni yetishtirish bo‘yicha tajribali bobodehqonlar o‘z maslahat va tavsiyalarini berib borgan. Yer unumdorligi, ta’bir joiz bo‘lsa, inson e’tiborini sog‘inganidanmi, hosili barakali bo‘ldi.

Endi menda ham yer bor!

Insonning har bir ishni boshlashda turli xil to‘siqlarga duch kelishi tabiiy holat, – deydi Ilhom Toshtemirov biz bilan suhbatda. — Biz, yoshlarda ham avval tajriba, hali sohani yetarli darajada o‘rganmaganimiz zarar qilmasmikan, hosilimiz yaxshi bo‘larmikan, degan fikrlar xayolimizda g‘ujg‘on aylanardi. Biroq mahallamiz mas’ullari, xususan, yetakchimiz va tajribali dehqon hamda fermerlar bu borada bizni qo‘llab-quvvatladi. Yaxshi niyatda 30 sotix yerimizga 4-5 million xarajat qilib, yeryong‘oq ekdik. Vaqtida o‘g‘itladik, sug‘ordik, chopiq qildik. 25-30 million so‘mga yaqin daromad qilib, oilamizga foyda olib kirdim. Xalqimiz dasturxoniga yeryong‘oq yetkazib berishga o‘zimning kichik hissamni qo‘shayotganimdan xursandchilik va baxtiyorlik sezdim. Endi men ham jamiyatga kerakman, chunki yerim, mehnat qilishga arzigulik vazifam bor!

Ayni paytda qahramonimiz 1 nafar oila a’zosini doimiy, hosil yig‘ish paytida 10 ga yaqin hamqishlog‘ini mavsumiy ish bilan ta’minlagan. E'’iborlisi, Ilhomjonga tegishli yer hozirda bo‘sh yotgan emas. Erta bahordan dalada bo‘lgan Ilhom qishning so‘nggi kunlarida yerga sepgan urug‘idan ungan ko‘katlarni bozorga yetkazib berishga tayyorlanmoqda. Shuningdek, joriy yilda qo‘shimcha yer maydoni olib, yeryong‘oq yetishtirishni ko‘paytirish, eng muhimi, sifatli eksportbop mahsulot qilishga jiddiy bel bog‘lagani tahsinga sazovordir.

Intilish va izlanish hosilasi

Uning aytishicha, Prezidentimiz joriy yil 5-aprelda “Yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligini ta’minlash, shuningdek, yangi yer maydonlarini o‘zlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzolashi ishsiz yoshlarni qishloq xo‘jaligiga jalb etish va shu orqali yer egalarining daromadlarini ko‘paytirishga xizmat qilishida kutilgan voqealardan biri bo‘ldi.

Qarorga ko‘ra, talabgorlarga 30 yil muddatgacha kichik lotlarda “bir massiv – bir mahsulot” tamoyili asosida sabzavot, kartoshka, poliz ekinlari, gul, ko‘katlar, makkajo‘xori doni, dukkakli va moyli ekinlar yetishtirishga sug‘oriladigan ekin maydonlari, bog‘dorchilik-uzumchilik yo‘nalishlari uchun ko‘p yillik daraxtzorlar yoki samarasiz bog‘lar yer maydonlari hamda dorivor o‘simliklar yetishtirish, chorvachilik yo‘nalishlari uchun chorva ozuqasi ekinlarini yetishtirishga mo‘ljallangan, lalmi, bo‘z, yaylov va yangi o‘zlashtirilgan yer maydonlari beriladi. Bunda yer maydonlarini ijaraga berish bo‘yicha elektron onlayn auksion savdolari g‘oliblariga yer uchastkasi narxini 10 yil muddatga teng ulushlarda foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.

Dehqonchilik- savobli va mashaqqatli mehnatni talab etadi. Yaxshi niyat bilan yerga nihol qadab, undan rizq undirish sabr-toqat, zalvorli mas;uliyat demak. Shunday ekan, harakat va izlanishlardan to‘xtamaydigan Ilhom Toshtemirov kabi yoshlarimizning ko‘payishi dasturxonlarimizni to‘kin, hayotimizni farovon bo‘lishida muhim omil desak yanglishmagan bo‘lamiz.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish