Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

“Ibrat”da marafon: yettovlon Londonga boradi

24.4.2024 206

Sarvinoz KOMILOVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

 Yoshlar orasida til o‘rganishga ishtiyoq ham, ular uchun yaratilayotgan imkoniyatlar ham ortib bormoqda. Shunday imkoniyatlardan biri Yoshlar ishlari agentligining “Ibrat farzandlari” loyihasi hisoblanadi. Til o‘rganishning bepul, oson, kreativ va qulay tomonlari shu ilovada jamlangan.

Loyiha 2022-yilda o‘z faoliyatini boshlagan bo‘lsa, bugungi kunga kelib yoshlar orasida keng ommalashdi. Bundan tashqari, yoshlarni fikrlashga undovchi “Ibrat Quiz”, “Ibrat Debate”, “Speaking Club” va bir qator marafonlar o‘tkazib kelinmoqda.

Masalan, fevral oyida boshlangan ikki bosqichli ingliz tili marafonini til o‘rganuvchi yoshlar katta qiziqish bilan kutib oldi. Birinchi bosqich 15 kun davomida “Ibrat Academy” ilovasi orqali bo‘lib, sun’iy intellekt tomonidan baholangan. Bunda 100 nafar ishtirokchi saralab olinib, ikkinchi bosqichga o‘tdi. Keyingi bosqich mock IELTS imtihoni ko‘rinishida, offlayn tartibda bo‘ldi. 7 nafar g‘olibga Londonga 1 haftalik ta’lim sayohati, qolgan barcha ishtirokchilarga 1 million so‘mdan pul mukofoti taqdim etilgan.

Londonga yo‘llanma olgan yoshlar ko‘pchilikka qiziq bo‘lsa kerak. “Yoshlar ovozi” g‘oliblar bilan bog‘lanib, bir qancha savollarga javob topishga harakat qildi.

 

“Londonga ikkinchi yo‘llanma”

Jasminabonu Ismoilova 11-sinf o‘quvchisi. Shu kunga qadar IELTSdan uch marotaba 8,5 natijani qo‘lga kiritgan.

“To‘g‘risini aytsam, boshida o‘zimga ishonib, yutaman deb o‘ylagan edim. Chunki IELTSdan uch marta 8,5 balni qo‘lga kiritganman va  6 nafar o‘quvchim bor. Ularga individual dars o‘taman. Qarasam, o‘qituvchilar ko‘p ekan, lekin to‘xtamasdan harakat qildim. Birinchi o‘rinni olganimni eshitib juda xursand bo‘ldim. 2022-yil “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovida g‘olib bo‘lib, 500 million so‘m pul mukofoti va Londonga 1 haftalik yo‘llanma yutib olgandim. Endi esa yana Londonga borish imkoniga ega bo‘lyapman”, – deydi Jasminabonu.

Farzand tarbiyasida, ta’lim olishida ota-onaning o‘rni beqiyos. Jasminabonuning ham ota-onasi ingliz tili o‘qituvchisi ekani uning tilga yoshlikdan mehr qo‘yishiga sabab bo‘lgan. Keyinchalik o‘zi ham o‘quv markazida dars berishni boshlagan. Qahramonimiz yaqinda maktabni tamomlaydi, u qaysi universitetga hujjat topshirmoqchi ekaniga qiziqdik.

“Amerikaning “Wesleyan University” universitetiga grant yutib olganman. O‘qishim va yashashim uchun hamma xarajatlarni qoplaydi”, – deydi Jasminabonu. Aytgancha, bu Amerikadagi eng nufuzli universitetlardan biri ekan.

 

“Uchta tilni o‘rganyapman”

Marafon haqida ko‘pchilik ijtimoiy tarmoqlar orqali yoki kimningdir tavsiyasi bilan xabar topgan va qatnashish istagi paydo bo‘lgan. Sevaraxonning oila a’zolari ham til o‘rganishga katta qiziqish bildiradi. U marafon haqida ukasidan eshitgan va uning tavsiyasi bilan qatnashishga ahd qilgan.

Ukam “Ibrat farzandlari” loyihasini anchadan beri kuzatib boradi. Natijasi esa yomon emas. Marafonda ilovadan to‘liq foydalanishni boshladim. Qatnashish davomida ingliz tilidan kamchiliklarimni to‘ldirib, yanayam yaxshilashimga katta yordam berdi, – deydi Sevara Rohataliyeva. – Tengdoshlarimga ham ilovadan foydalanib, til o‘rganishini tavsiya qilaman. Chunki o‘zim ham ilovada yana ikkita tilni o‘rganishni boshladim. Bular rus va turk tillari. Ilova oraqali til o‘rganish men uchun har taraflama qulay. Masalan, har bir darsdan keyin sinov testlarining borligi o‘tilgan darsni mustahkamlashga yordam beradi. Darslarning onlaynligi vaqtni tejashga va to‘g‘ri taqsimlashga yordam beradi.

Sevaraxon tibbiyot yo‘nalishida o‘qiydi. Aytishicha, til o‘rganish o‘qishining keyingi bosqichlarida juda zarur.

 

“Universitetdan “acceptance letter” kutyapman”

Azizbek Tojiddinovning maqsadlari juda ko‘p. Ularga erishish uchun til o‘rganishni muhim deb hisoblaydi. Chunki chet elda o‘qish istagi va tanlagan sohasi shuni talab qiladi. Shuning uchun uch yildan beri inliz tilini o‘rganib kelmoqda.  Yaqinda IELTSdan 7,5 natijani qo‘lga kiritgan Azizbek Amerika universitetidan tavsiya xati kelishini kutyapti.

Marafon haqida boshlanishiga bir kun qolganida eshitdim va qatnashishga qaror qildim. Maqsadim yo‘llanmani qo‘lga kiritish edi va men buni uddaladim. Jarayon unchalik qiyin kechmadi. Faqat boshida vaqtni taqsimlab olishga biroz qiynaldim. Keyinchalik o‘z o‘rniga tushib ketdi. Marafon davomida ilovani to‘liq o‘rganib chiqdim va menga yoqdi. Ayniqsa, til o‘rganishni endi boshlaganlar uchun juda qulay va foydali bo‘la olishiga ishonchim komil”.

Aytishicha, Azizbek kelajakda kiber xavfsizlik bo‘yicha mutaxassis bo‘lmoqchi. Bu soha bugungi kunda rivojlanayotgan sohalardan biri. Yurtimiz kelajagi uchun bunday yoshlarning yetishib chiqayotgani juda quvonarli.

 

“Ibrat”ga rahmat!”

Boyqobilov Islombek ham “Ibrat Academy” ilovasi ilova orqali xitoy tilini o‘rganishni boshlagan. Ingliz tili esa, aytishicha, uning hayotida katta o‘ringa ega. Chunki ishi va loyihalarini amalga oshirishida bu til muhim omil hidoblanadi.

“Ilova orqali men IELTS imtihoniga qanchalik tayyor ekanligimni bilib oldim. Yaqinda imtihon topshirish niyatidaman. Marafonda g‘olib bo‘lganim esa meni juda quvontirdi. Sayohat davomida biz uchun manfaatli bo‘lgan turli tashrif va uchrashuvlar tashkil qilinadi degan umiddaman”.

Islombek hozir 8 nafar o‘quvchiga ustozlik qilib, ingliz tilini o‘rgatib kelmoqda. Buning qiyinchiliklari haqida u juda yaxshi biladi va “Ibrat farzandlari” loyihasiga o‘zining minnatdorligini bildirdi:

O‘qituvchi sifatida bu ilovadan foydalanishni barcha yoshlarga tavsiya qilgan bo‘lardim. Sababi bu ilova qisqa vaqt ichida yaxshigina muvaffaqiyatga erishdi va bundan keyin ham ilmga chanqoq yoshlar bor ekan, o‘sishdan to‘xtamaydi”.

 

“Barcha uchun foydali”

Yangi O‘zbekiston Universiteti talabasi Shamshodbek Ahmadov “Ibrat Academy” ilovasidan 2023-yil iyul oyidan beri foydalanadi va koreys tilini o‘rganmoqda.

Koreys tilini qimmat kurslarga borib yoki internetda ingliz tili yordamida o‘rgangandan ko‘ra, “Ibrat”da o‘rganish yaxshiroq. O‘zbekchada tushuntirishlari ajoyib, – deydi Shamshodbek. – Test savollaridagi ba’zi kamchiliklarni aytmaganda, barcha uchun juda foydali ilova desam yanglishmayman.

U ilovadan til o‘rganishni davom etishini alohida ta’kidladi. Shu kungacha ilova orqali koreys, ingliz va rus tilini o‘zlashtirishga harakat qilgan. Endi esa Yapon tilini o‘rganmoqchi.

 

“Turk tilini ham o‘rganmoqchiman”

2500 dan ortiq ishtirokchi qatnashgan marafonda kuchli 7 likka kirganimdan juda xursandman, – deydi Ilhomjon Baxronov. – Marafonda berilgan vazifalarni 15 kun davomida o‘z vaqtida bajarib bordim. Ikkinchi bosqichga o‘ta olsam, yo‘llanmani qo‘lga kirita olaman deb o‘ylagandim va buni uddaladim.

Marafondan oldin IELTS imtihonini topshirgani unga qo‘l kelgan. Chunki imtihonga tayyorlanish jarayoni ancha qizg‘in kechadi. Hozir esa IELTSdan 8 ball sohibi.

“2023-yil avgust oyidan beri shu ilovadan foydalanaman. Interaktiv, bir vaqtda ko‘p tillarni o‘rganish imkoniyati va har bir mavzu uchun testlar mavjudligi juda ham foydali va samarali. Hozir rus va turk tillarini ilova orqali o‘rganishni boshlaganman. Turk tilini mukammal o‘rganib, keyingi marafonlarda turk tilidan qatnashish niyatim ham bor”, – deydi u.

 

“Do‘stlarimga tavfiya qilaman”

Komila Nurullayeva 2023-yil avgustdan beri ilova orqali ingliz va koreys tilini o‘rganadi.

“Ilovaga rus tilida o‘tiladigan darslar qo‘shilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Chunki menga o‘xshab o‘zbek tilini yaxshi bilmaydiganlar ilovadan ayrim tillarni o‘rganishga qiynalishadi. Agar shu taklifim inobatga olinsa, bu ilovadan boshqa davlat vakillari ham foydalanish imkoniyati oshadi. Balki “duolingo” ilovasi darajasiga ham chiqib olishi mumkin. Bu ilovadan ham bir yildan beri foydalanaman. Lekin “minus” taraflari ham bor”.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish