Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

ARAVAKASHLIKDAN “KELAJAK BUNYODKORI”GACHA

15.8.2022 626

Dilnoza ABDUHAMIDOVA tayyorladi.

Baxt sizning qanday uy-joyda yashashingiz, mashinangiz bilan bel­gilanmaydi, aksincha, qalbingizga quvonch keltiradigan sohada faoli­yat yuritishingiz baxtdir.

Bugun shunday ta­fakkur bilan o‘z teng­doshlaridan bir qadam oldinda bo­rayotgan 26 yoshli qahromonimiz Umidjon Ortiqov axborot texnologiyalari yo‘nalishi­da tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi. U eshitishi va gapirishida nuqsoni bor yoshlarga IT o‘rgatishga ixtisoslashgan “Kalibri education” o‘quv markazi rahbari. “Kelajak bunyodkori” medali sohibi.

– IT bu – kelajakka qo‘yilgan poydevor. Shu bois men ham ax­borot texnologiyalari sohasini mukammal egallashga harakat qildim, dasturlash tilini o‘rganishga kirishdim, deydi Umidjon Ortiqov. – Biroq noutbukim bo‘lmagani sa­bab barcha kodlarni daftarimga yozib o‘rganishga harakat qilardim. Lekin kompyuter bo‘lmagandan keyin buning natijasini ham ko‘rol­maysiz. Tez orada onam va ukam pul jamg‘arib, menga kompyuter sovg‘a qilishdi. Bu men uchun juda katta imkoniyat, parvoz qilishimga qanot bo‘ldi. Kelajagimni IT sohasi bilan bog‘lash uchun dastlab Tosh­kent davlat sharqshunoslik univer­siteti akademik litseyida informati­ka o‘qituvchisi bo‘lib ishladim. Dars­dan tashqari IT sohasini davom ettirib, buyurtmalar olib, tadbirkor­lar bilan hamkorlikda ishladim. Tez fursatlarda fleranserlik yo‘nalishida ham o‘zimni sinay boshladim. Bepul to‘garaklar ochib, yoshlarni jalb et­dim. Talablar ortgach, repetitorlikni yo‘lga qo‘ydim. Web-sayt, dizayn sohalarida tajriba orttirdim. Keyin­chalik jamoa yig‘ib, tengdoshlarim bilan yangi g‘oyalar ustida ishlay boshladim.

Umidjon 2021-yili davlatimiz rahbarining Yunusobod tumaniga tashrifida eshitish va gapirishida nuqsoni bo‘lgan yoshlarga grafik dizaynerlikni o‘rgatish loyihasini taqdim etgan. Prezidentimiz bu loyihani iliq qarshi olgach, Umidjon yangi marralar sari dadil qa­dam tashladi. Natijada Yoshlar ishlari agentligi Yunusobod tuman bo‘limi ko‘magida IT kompaniya­si va eshitishi hamda gapirishida nuqsoni bor, shuningdek, boshqa yoshlarga ITni o‘rgatishga ixtisoslashgan “Kalibri education” o‘quv markazini yo‘lga qo‘ydi.

– Imkoniyati cheklangan yosh­lardan biz pul olmaymiz. Chunki o‘zim ham otasiz katta bo‘lganim sabab ustozim bepul darslar o‘tgan, endi men ham yaxshiliklar, ezguliklar ulashib, ustozlarimning fidoyiligini oqlashim darkor. Bugun o‘quv markazimizda respublika­mizning turli hududlaridan, hatto qo‘shni davlatlardan ham yoshlar kelib tahsil olmoqda. Bu esa men­ga g‘urur bag‘ishlaydi.

IT daromadli soha, biroq ham­ma ham buni davom ettirib ke­tolmaydi. Sababi soha juda katta sabr va bilim talab qiladi. Buning uchun siz bir paytda matematika, ingliz tili va fikrlashni yax­shi bilishingiz lozim. Bizning IT jamoamizda SMM mutaxas­sisi, Web-dastur­lash, mobil dastur­lash, telegram botlar bilan ishlash shakllan­gan. Bugungi kunda 500 mil­liondan ortiq foydalanuvchilariga ega bo‘lgan telegram internet ichi­dagi internet hisoblanib, bundan foydalanishda O‘zbekiston Eron­dan so‘ng ikkinchi o‘rinda turadi. Bu degani yurtimizda telegram orqali bajariladigan sohalar ko‘p. Shunday ekan, yoshlar bemalol bu borada o‘zla­rini sinab ko‘rishi, chuqur bilim egallashi, kelajagiga poydevor qo‘yishi mumkin.

Umidjonning aytishicha, IT so­hasidagi odam doimiy izlanish­da bo‘lishi kerak. Agar u bir soniya to‘xtagudek bo‘lsa, yangiliklardan bexabar qoladi. Chunki yangi algo­ritmlar, yangi dasturlar soat sayin o‘zgarib bormoqda. Bu sohani mukammal egallab 5–10 million so‘m daromad topadigan xodimlari bor. Maoshlar ularning ish tajribasi va mehnatiga qar­ab belgilanadi.

– Mak­tabda o‘qib yurgan kezlarimda bozorda non sotib, arava ham tortardim. Kechasi uyga kelib, kitob o‘qirdik. Dadam rahmatli aytar edi: “O‘g‘lim, sen faqat o‘qigin, pulni o‘ylama. O‘qisang pulning o‘zi keladi”. Bu nechog‘lik haqiqat ekanini mana bugun anglab yetmoqdaman. Bozorda ishlab yurgan kezlarim sinfdoshlar­im yangi kiyimlar olib, aylanib yurganini ko‘rsam, yuragim­da bir narsa jiz etardi. Ayniqsa, otam vafotidan keyin bu og‘riq yanada kuchaydi… Bir gap borku: “Orolni egallamoqchi bo‘lsang, kemalarni yoqib yubor. Chun­ki qaytish imkoning bo‘lmaydi va uni zabt etasan”. Bizda ham shunday edi. Faqat oldinga qa­rab intilish lozim. Arava tortib yurganimda ustimdan kulgan­lar ham bo‘lgan. Biroq tinimsiz mehnatim va onamning har doim: “O‘zbekistonda mehnat qilgan odam hech qachon kam bo‘lmagan”, deya aytgan gaplari sabab bugun natijalarga erish­dik. Intildik, ishondik. Orzularimiz maqsadga aylandi.

Umidjon 2021-yilda “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdir­landi. Uning hayotdagi shiori: “Hammasi yaxshilikka, faqat olg‘a yurish, maqsadlarga erishish”.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish