Husan NASRIDDINOV, Samarqand shahar “Goʻri Amir” mahallasi yoshlar yetakchisi:
2022-yil 8-dekabrda Konstitutsiyamizning 30 yilligi koʻkrak nishoni, 2023-yil 22-mart “Mahalla tizimi xodimlari” kunida “Mahalla Iftixori” koʻkrak nishonlari bilan taqdirlangan.
2023-yilda “Eng namunali yoshlar yetakchisi” koʻrik-tanlovining shahar bosqichida gʻolibi.
– Mahallamiz turistik zonada joylashgan. Asosiy drayverimiz mehmonxona va xizmat koʻrsatish sohasi hisoblanadi. 22 gektar maydonda joylashgan, 12 koʻchadan iborat kichik mahallamizda 30 dan ortiq mehmonxona va oilaviy mehmonxonalar faoliyat ko‘rsatadi.
Tarixiy obidalar koʻp ushbu mahallaga yoshlar yetakchisi etib tayinlanganimda birorta ham sport maydonchamiz yo‘q edi. Besh tashabbus olimpiadasiga tayyorgarlik koʻrish va yoshlarni boʻsh vaqtida sportga jalb etishda muammolarga duch kelardik. Men mahallamiz binosi yonidagi kichik boʻsh joyga “Workout” maydonchasi bunyod etishni o‘ylab turgan edim. Yoshlar ham shunday iltimos bilan menga murojaat qildi. Avvaliga qancha xarajat ketishini hisobladim. Biz uchun 48 million soʻmlik mablagʻ zarur boʻldi. Sport maydonchasining rejasini tuzib, shahar hokimligiga xat bilan chiqdim. Ular bizning iltimosimizni tez orada hal qilib berdi. Qisqa vaqt ichida mahallamiz yoshlari uchun sport maydoni barpo etildi. 2023-yil 1-iyun “Xalqaro bolalarni himoya qilish” kunida mahalla yoshlariga katta tadbir tashkil qilinib, maydonchamizning ochilish marosimi oʻtkazildi. Hozir maydonchadan nafaqat yoshlarimiz, shu bilan birga mahallada ijarada turuvchi talabalar va xorijlik turistlar ham foydalanmoqda.
2863 nafardan iborat mahallamiz ahlining 543 nafarini yoshlar tashkil etadi. 2022-yildan buyon 39 nafar yosh “Yoshlar daftari” platformasiga kiritilib, tegishli yordamlar koʻrsatildi. Jumladan:
13 nafariga — bir martalik moddiy yordam ajratildi;
10 nafari — asbob-uskuna bilan ta’minlandi;
9 nafar talabaga – toʻlov shartnoma pullari qoplab berildi;
1 nafariga – maktab formasi olib berildi;
3 nafari – kelajak kasblariga oʻqitildi;
1 nafarining – davolanish xarajatlari qoplandi;
2 nafariga – SChR badal pullari to‘lab berildi.
Qizil toifadagi yoshlarimiz esa 19 nafarni tashkil etadi. Bu yoshlar Samarqand shahar prokurori – 2-sektor rahbari B.Oblaqulovga biriktirilgan. Barcha yoshlar bilan uchrashuvlar tashkil etilib, muammolari aniqlandi va zarur yordamlar koʻrsatilmoqda. Migratsiyadagi 43 nafar yoshimizning barchasi bilan telegram orqali aloqalar yoʻlga qoʻyilgan.