Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

“Top-100” yetakchi: Nargiza Gʻafforova qaysi fazilatlari bilan ajralib turadi?

24.4.2024 203

Yoshlar ovozi

Nargiza Gʻafforova – 23 yoshda, Samarqand viloyati Jomboy tumani “Qang‘li” mahallasi yoshlar yetakchisi. Bugungi kungacha tuman IIB matbuot kotibi, tuman hokimligi sektor kotibi yordamchisi, harbiy qism komandirining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha maslahatchisi – madaniyat markazi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan. “Yilning eng namunali yoshlar yetakchisi” tanlovi respublika bosqichida “Huquqbuzarliklar sodir etishga moyilligi bo‘lgan va jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan yoshlar bilan tizimli ishlagan eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” yo‘nalishi bo‘yicha 3-o‘rinni egallagan.

 

Erishgan yutuqlari:

“Fidoyi yoshlar yetakchisi” ko‘rik-tanlovining Samarqand viloyati bosqichida 3-o‘rin;

“Yilning eng yaxshi yoshlar yetakchisi” tanlovining viloyat bosqichida 2-o‘rin;

“Top-100” yoshlar yetakchilaridan biri.

 

Prezident vakiliman!

– O‘zbekistondagi eng kuchli 100 yetakchi safida Jomboy tumanidan aynan mening borligim, Prezident vakili ekanligim menga ulkan mas’uliyat yuklaydi, – deydi faxr bilan “Qang‘li” mahallasi yoshlar yetakchisi Nargiza. Uning qanchalik mas’uliyatli inson ekanligini u qilgan ishlar ham ko‘rsatib turibdi.

Nargiza G‘afforova “Qang‘li”da yoshlar yetakchisi sifatida 2022-yili 95 nafar, 2023-yili 75 nafar, joriy yilda 8 nafar yoshga amaliy yordam ko‘rsatilishiga erishdi. Jumladan, uch yil mobaynida 178 nafar yoshga qariyb 117 million so‘mlik yordam ko‘rsatilgan.

“Besh tashabbus olimpiadasi” 2023-yilgi mavsumida mahalla yoshlari “Street workaut” sport turi bo‘yicha respublikada 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi va mahallada zamonaviy sport maydonchasi qurib bitkazildi. “Tashabbusli budjet” loyihasining 2023-yilgi mavsumida “Qang‘li” mahallasi g‘olib bo‘ldi, maktabga qo‘shimcha bino qurilib, mahallaning ichki yo‘llari ta’mirlandi.

 

Jinoyatchilik 70 foizga kamaygan

Samarqand viloyati Jomboy tumani “Qang‘li” mahallasida jinoyatchilik o‘tgan yilgiga nisbatan 70 foizga kamaygan. Yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida bir qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. Profilaktika inspektori bilan hamkorlikda “xavf” guruhiga kiruvchi yoshlar ro‘yxati shakllantirilib, “Obod va xavfsiz mahalla” qo‘shma qarori asosida jinoyat sodir etishi yoki jinoyatdan jabr ko‘rish ehtimoli mavjud yoshlar bilan individual suhbat olib borib, ularning muammolarini aniqlab, tizimli hal etilmoqda. Amalga oshirilgan ishlar natijasida 10 ga yaqin sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarning oldi olindi.

Yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida harbiy qismlar bilan hamkorlikda 2023-yil mobaynida 15 ta harbiy vatanparvarlik tadbirlari tashkillashtirildi. Ushbu tadbirlarga 600 dan ortiq yoshlar qamrab olindi.

 

E’tirafga loyiq tajiba

Nargiza mahallaning ko‘ngilli yoshlaridan volontyorlar jamoasini shakllantirgan. U o‘z jamoasi bilan mahallasidagi e’tiborga muhtoj aholi holidan xabar olib, ularga qo‘lidan kelgancha yordam berib kelmoqda.

– Nafaqat mahallada, balkim tumanda ham e’tibordan chetda qolgan, boquvchisini yo‘qotgan, bemor nuroniylar holidan volontyorlarimiz bilan birgalikda tez-tez xabar olib turamiz, – deya so‘zlab berdi Nargiza G‘afforova. – Ba’zida oziq-ovqat mahsulotlari, ba’zida dori-darmonlar olib borib beramiz. Savobli ishlarimizda bizga tuman hokimi Qayum Sobirov, 2-sektor rahbari Jamshid Ahmedov, tadbirkorlar va homiylarimiz ko‘mak bermoqda.

Nargiza G‘afforova jazoni ijro etish muassasasidan ozod etilgan, jazo muddatini o‘tab qaytgan 2 nafar yosh bilan individual mashg‘ulotlarni yo‘lga qo‘ygan. Ularni turli tadbirlarga, sportga jalb etgan. “Besh tashabbus olimpiadasi” esa bu yoshlarsiz o‘tmayapti.

 Yoshlar yetakchilarining funksional vazifasiga ko‘ra, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan yoshlar bilan ishlash nazarda tutilgan bo‘lib, men faoliyatim davomida bugungi kunda nafaqat ushbu vazifa bilan, balki jazo muddatini o‘tayotgan yoshlar bilan ham bir qancha tadbirlarni amalga oshirib kelmoqdaman. Jumladan, Jazoni ijro etish departamenti 3-mintaqaviy hudud 37- va 38-manzil koloniyalarda jazo muddatini o‘tayotgan yoshlar bilan davra suhbatlari, sport va madaniy tadbirlar o‘tkazmoqdaman. JIEMdagi yoshlar bizning, O‘zbekistonning yoshlari. Shu sababli, Jomboy tumani yoshlar yetakchilari bilan birgalikda manzil koloniyalarida ham kitobxonlik va sport musobaqalari tashkil qilib, yoshlarga oid davlat siyosati mazmun-mohiyatini ularga ham tushuntirib kelmoqdamiz.

 

Otaliqqa olingan yoshlar

“Qang‘li” mahallasida yoshlar yetakchisi mahalladagi yoshlar bilan ishlash chog‘ida ularning qiziqishlari, iqtidori, kelgusidagi rejalaridan kelib chiqqan holda ish tutadi. Shu sababli u mahalla hududida joylashgan 14-maktabning yuqori sinf o‘quvchilari o‘rtasida so‘rovnoma tashkil qilib, shunga ko‘ra tadbir va loyihalar tashkil qiladi. Ichki ishlar sohasiga qiziquvchi va profilaktik nazoratda turuvchi o‘quvchilar bilan Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi “Situatsion markaz”iga, bojxona va uchuvchilik sohasiga qiziquvchi o‘quvchilar bilan Samarqand viloyati Bojxona boshqarmasi, Samarqand xalqaro aeroporti va bojxona postiga, harbiylikka qiziquvchi o‘quvchilar bilan Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tezkor safarbarlik vazifalarini bajaruvchi otryadi va havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va harbiy havo kuchlariga qarashli harbiy qismlarga sayohatlar tashkil qilib kelmoqda.

“Qang‘li” mahallasidan 472 nafar yosh tuman prokurori o‘rinbosari Farrux Doniyorov tomonidan otaliqqa olingan. Bu yoshlarning barchasi bilan individual uchrashib, muammo va takliflari o‘rganib chiqildi. Aniqlangan muammolar “Yo‘l xaritasi”ga kiritilib, hal etib kelinmoqda. Bugungi kungacha 1 nafariga motokultivator uskunasi, 1 nafariga moddiy yordam ajratildi, 2 nafarining kontrakt to‘lovi to‘lab berildi.

Mahallada otaliqqa olingan yoshlar ishtirokida “Yoshlar festivali” bo‘lib o‘tdi. Festivalda tuman hokimi, tuman prokurori, tegishli korxona va tashkilot rahbarlari hamda otaliqqa olingan yoshlar va ularning oila a’zolari ishtirok etdi. Festival doirasida turli ko‘rgazmalar, sport musobaqalari, “Zakovat” intellektual o‘yini, kitobxonlik va she’riyat kechasi, bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.

Huquqiy savodxonlik burchagi tashkil qilinib, tuman adliya bo‘limi tomonidan huquqiy maslahatlar berildi. Otaliqqa olingan yoshlarning barchasi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Tadbir ishtirokchilari kasb-hunarga o‘qitish markazi va “Ibrat farzandlari” loyihasi doirasida tashkil etilgan o‘quv markazi faoliyati bilan tanishdi.

 

Mana buni taklif desa bo‘ladi!

Yoshlar yetakchisi sifatida faoliyatimiz endi boshlangan davrda Mahallalarda yoshlar bilan ishlash bo‘yicha Respublika ishchi guruhning Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida komissiya raisi Qahramon Quronboyevga Jomboy tumanining 3 ta chekka hududiga ko‘chma konteynerli kutubxona tashkil qilish taklifini bildirgan edim, – deydi Nargiza G‘afforova. – Taklifimga ko‘ra, kutubxonalarga 6000 ta kitob olib kelindi. Hozir tumanimizning Qoramo‘yin, Sarqipchoq, Nayman mahallalarida kutubxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda.

“Tashabbusli byudjet” loyihasining 2022-yilgi mavsumida Jomboy tumanida zamonaviy ko‘rinishga ega axborot kutubxona markazi tashkil etish loyihasi g‘olib deb topildi va tuman markazida zamonaviy, barcha qulayliklarga ega, 16 000 ta kitob jamlangan kutubxona qad rostladi.

 

“Qiyin, ammo sevimli”

– Yoshlar yetakchisi va faol yosh sifatida eng asosiy maqsadlarimdan biri yoshlarga oid davlat siyosati har bir xonadonga kirib borishi, har bir yosh ularga yaratilayotgan imkoniyatlardan xabardor bo‘lishi va foydalanishi, ilmga qiziqishi ortib, jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashishdir, – deydi yoshlar yetakchisi. – OTM bitiruvchi kurs talabalari uchun “Yoshlar – kelajak bunyodkorlari” klubi faoliyatni yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Klub doirasida onlayn darslar va treninglar, oflayn davra suhbatlari va amaliyotlar bolib otadi. Klubni muvaffaqiyatli tamomlagan iqtidorli yoshlar tuman hokimi boshchiligidagi ishchi guruh suhbatidan o‘tib, mutaxassisligi bo‘yicha ishga qabul qilinadi. Ayrim hamkasblarimiz yetakchilik qiyin”, deb nolib qolishadi. Tan olaman, qiyin. Ammo o‘z ishini sevgan inson uchun bu qiyinchilik ko‘rinmaydi. Men ishimni yaxshi ko‘raman.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish