Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Yoshlarning ishonchi – mukofot

15.11.2023 1459

Shohsanam Mirzayeva, Toshkent viloyati Parkent tumanidagi “Tolbuloq” mahallasi yoshlar yetakchisi

Agar mahallamizdagi yoshlarning biror muammosi borligidan xabar topsam yoki ular menga murojaat etsa, ulardan hech qanday yordamimni ayamayman. Ularga birinchilardan boʻlib yordam berishga odatlanganman. Yoshlar ham biror muhtojlik sezsa, birinchi boʻlib menga murojaat qilishga o‘rganishgan. Hatto boshiga biror mushkul ish tushsa, ota-onasidan avval menga aytishadi.

Bir kuni kechki payt telefon bo‘ldi. Bir yosh yigit o‘ylamay bosgan qami oqibatida unga jinoiy ish ochilgani, qonuniy chora koʻrish uchun hujjatlari jinoyat ishlari boʻyicha tuman sudiga yuborilganini aytdi. Ish yuzasidan jinoyat ishlari boʻyicha Parkent tumani sudi raisi boshchiligida sayyor sud belgilangan ekan. Buni eshitib, sayyor sudda ishtirok etdim. Sudya qaror chiqarishidan oldin soʻz soʻrab, bu yoshning mahallasida yoshlar yetakchisi ekanligimni aytdim. Ular menga imkon berishdi. Men bu bolaga kafillik qilishimni aytib, qaytib bu yoʻlga kirmasligiga vaʼda berdim. Ular bizga ishonch bildirib, sud zalidan uyga ruxsat berdi. Shu voqeadan soʻng haligi yosh mendan minnatdor boʻlib, nima vazifa bersam, vaqtida bajaradigan boʻldi. To‘g‘ri yo‘lga kirdi. Doim nazoratimda boʻldi. Qilgan ishidan pushaymonligi koʻrinib turardi.

Shu voqeadan soʻng mahallamdagi yoshlar birorta muammo boʻlsa, menga murojaat qilishga odatlandi. Men esa ularning xohishini amalga oshirishga imkonim qadar harakat qilib kelmoqdaman.

Mahallamizda oʻtkazilgan xatlov jarayonida bir necha yosh oʻzining tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish istagini aytgan edi. Ulardan biri Lobar Toʻlqinova. Lobar hovlisida dehqonchilik qilish niyatida ekan. Men unga xonadonida issiqxona qurishni maslahat berdim. Mahallamiz hokim yordamchisi ham fikrimni tasdiqlab, unga 33 million soʻmlik imtiyozli kredit ajratib berdi. Oradan qisqa vaqt oʻtib, uning orzusi amalga oshdi. Hozir Lobar oyiga 4-5 million soʻmlik sof daromad olib, oilaviy byudjetiga yordam keltirmoqda.

Tikuvchilik sexi ochishni niyat qilgan Anvar Abdurazzoqovga ham imtiyozli kredit ajratib berdik. U mablagʻning hammasiga zamonaviy tikuv mashinalari olib, oʻz uyida tikuv sexi faoliyatini yoʻlga qoʻydi. Hozir mahalladagi 3-4 nafar ishsiz yoshning ham bandligini taʼminlab, ularga ham daromad manbayini yaratdi.

Oilaviy sharoiti ogʻir, yordamga muhtoj yoshlarni “qizil” toifaga kiritib, mutasaddi rahbarlarga biriktirib qoʻyganmiz. Shuhrat Shoahmedov tumanimiz hokimiga biriktirilgan. Bu yoshimiz motokultivator olish niyati borligini aytgan edi. Tuman hokimi esa uning istagini amalga oshirib, subsidiya asosida motokultivator ajratib berdi. Shuhrat yoz boʻyi motokultuvatordan foydalanib, moʻmaygina daromad topdi.

Biz mahallamiz yoshlari bilan birgalikda hududimiz obodligiga ham oʻz hissamizni qoʻshishga harakat qilamiz. 2023-yil tashabbusli byudjet loyihasiga “Tolbuloq” mahallasidagi S.Raximov va Navoiy koʻchalarini taʼmirlash uchun oʻz loyihamni qoʻyib, mahalla yoshlari bilan birgalikda 2 mingdan ortiq ovoz toʻplashga muvaffaq boʻldik. Natijada bizning loyihamiz uchun davlat byudjetidan mablagʻ ajratiladigan boʻldi. Bularning hammasiga mahallamiz yoshlarining menga boʻlgan ishonchi sabab erishdik deb baralla ayta olaman.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish