Abubakir Ahrorjonov – Fargʻona viloyati Buvayda tumandagi “Bachqir” mahallasida yoshlar yetakchisi (2022-yildan). Qoʻqon davlat pedagogika institutining tarix oʻqitish metodikasi fakultetida tahsil olgan. Bungacha tumandagi 42-maktabda yoshlar yetakchisi bo‘lib, tuman yoshlar tashkilotida masʼul vazifalarda ishlagan. “Mening buyuk bobom” loyihasi, “Oʻzbekiston uchun 100 gʻoya” tanlovining viloyat bosqichi gʻolibi bo‘lgan. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti aʼzosi. “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” hamda “Yosh olim” koʻkrak nishonlari bilan taqdirlangan.
U yetakchilik qilayotgan mahallada so‘nggi ikki yilda yoshlar oʻrtasida birorta ham jinoyat qayd etilmagan! Uning mahallada yoshlar bilan ishlash tajribasi tahsinga loqiy.
“Bachqir”da 14-30 yoshdagi o‘g‘il-qizlar soni 918 nafarni tashkil etadi. 2022-2023-yillar davomida jami 110 nafar yosh “Yoshlar daftari”ga kiritilgan bo‘lsa, ayni paytda ularning bandligi to‘liq taʼminlangan, oʻz daromad manbayiga ega.
Misol uchun 11 nafar ishsiz yoshga oʻzini oʻzi band qilishi uchun inkubator, noutbuk, tikuv mashinasi, kompressor va boshqa asbob-uskunalar, jihozlar olib berilgan. Hozir ular mehnati ortidan daromad topish bilan birga, shogirdlar ham tayyorlayapti.
Manzura Rahimova, mahalla yoshlaridan:
– Ishsizlikdan qiynalib yurganimda mahallamiz yoshlar yetakchisi Abubakir Ahrorjonov tavsiyasi va maslahati bilan menga tikuv mashinasi berildi. Juda quvondim. Bolalar kiyim-kechaklari, oshxona jihozlari va shunga oʻxshash anjomlar tikyapman. Daromadimga yana bitta tikuv mashinasi sotib oldim. Qoʻshnimni shogirdlikka olganman. U ham ishli boʻldi va hozir chevarlikka qoʻli kelib, kiyimlar tikyapti. Berilgan yordamdan behad xursandman.
Mahallada 3 nafar bemorning davolanishi uchun 35 million soʻm mablagʻ ajratildi.
Jumagul Madaminova:
– Uch nafar farzandimni bir oʻzim tarbiyalayapman. Qizim Mubinaxon Andijonda davolanib keldi. Davolanish xarajatlarimiz qoplab berilishi oilamizga katta iqtisodiy yordam boʻldi. Buning uchun davlatimiz rahbaridan, mahalla fuqarolar yigʻini faollaridan va yoshlar yetakchisidan minnatdorman. Yolgʻiz emasligimizni his etib, koʻnglimiz togʻdek koʻtarildi.
Yetakchining tashabbusi bilan mahalladagi besh nafar yoshning oliy oʻquv yurtida tahsil olishi uchun shartnoma pulining 50 foizi toʻlib berildi. Iskandar Husainov, Shohista Rahimova, Sardor Sodiqov koʻrsatilgan moddiy yordamdan quvonib, mahallaning har qanday ogʻir-yengil yumushlariga shaymiz, deyishmoqda.
Yoshlarni ish bilan taʼminlash, kasb-hunarli qilish davlatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylangan. “Bachqir”da 19 nafar yoshning oʻzini oʻzi band qilishi uchun ularga 30 yilga 15 sotixdan ekin maydoni ijaraga berildi. Yer egasiga aylangan Jahongir Mirzayev va Nurmuhammad Oʻljayev kartoshka, bugʻdoy va sabzi yetishtirganini, ikkinchi ekinga makkajoʻxori parvarishlab, yaxshi daromad olganini aytishdi.
Umidjon Yoqubov, mahalla yoshlaridan:
– Haydovchilik guvohnomasi olish uchun oʻqish xarajatlarimiz davlat tomonidan toʻlab berildi. Bundan tashqari, 3 nafar tengdoshim IT parkda kelajak kasblariga va xorijiy tillarga oʻqitildi. Yodgoroy Turgʻunova, Zahro Xursanova ayni paytda u yerda chet tilini oʻrganyapti. Maqsadimiz egallagan kasbimiz bilan vatanimiz taraqqiyotiga hissa qoʻshish.
Shuningdek, mahalladagi 2 nafar yoshga homiylik asosida biometrik pasport olib berildi. Yoshlar yetakchisi doimiy ravishda nafaqat oʻzining mahallasi, balki boshqa mahalla yoshlariga ham oʻz hayot yoʻlini topishda koʻmaklashmoqda. Birgina misol “Hasanqoʻrgʻoncha” mahallasining Mixchagar qishlogʻida istiqomat qiluvchi Mamasoliyev Sanjarbek baxtsiz hodisa tufayli yura olmaydigan boʻlib qolgan edi. Sanjarbek bilan suhbatlashilganda uning qiziqishi IT sohasi ekanligini taʼkidlaydi. Sanjarbekning qiziqishidan kelib chiqib Abubakir Ahrorjonov tumandagi “Mursalina” oʻquv markazi rahbari Otabek Muhammadaliyev bilan suhbatlashib, IT sohasini bepul oʻrganishi uchun sharoit yaratib berilishiga erishdi. Oradan 7 oy oʻtib Sanjarbek kompyuter sohasini chuqur oʻrgangach, unga homiylik asosida noutbuk ham olib berildi. Hozir ushbu yoshning hayotga boʻlgan qiziqishi yanada ortgan, online ishlab, ro‘zg‘or tebratishda ota-onasiga yordam bermoqda.
Oʻktamjon Qosimov, mahalla yoshlaridan:
– Mahallamizda 3 ta “Qalqon” guruhi tuzilgan. Ularning har biriga 5-6 nafardan yigitlar aʼzo. Men shu guruhlardan biriga sardorman. Abubakir Ahrorjonovning tashkilotchiligi, tashabbusi bilan “Qalqon” guruhi sardorlarining safarbarlik chaqiruvi rezervi badali uchun shartnoma mablagʻi toʻlab berildi. Men singari Abrorjon Yoqubov, Arabjon Mamajonov kabi tengdosh sardorlarning har birimizga 6,5 million soʻmdan pul toʻlandi.
“Bachqir” mahallasi drayveri hunarmandchilik va chorvachilikdir. Bitiruvchi yoshlardan 37 nafari ustoz-shogird anʼanasiga muvofiq, hunarmandlardan kasb oʻrganib, ish va daromad topmoqda.
Mahallada sport, sanʼat, madaniyat, boks, kurash, qoʻl jangi, taekvando toʻgaraklari tashkil etilgan. Ularning har biriga 30-35 nafardan yosh jalb etilgan. Kechki payt soat 6 dan 11 gacha maktab sport zali, kompyuter xonasi va kutubxona eshiklari yoshlar uchun ochiq. Yoshar yetakchisi tashabbusi bilan mahalla fuqarolar yigʻini binosiga stol tennisi, shaxmat-shashka qoʻyilgan.
450 ta kitob fondiga ega “Mahalla yoshlar kutubxonasi” ochilgan. Mahalla yigit-qizlarining boʻsh vaqti yoʻq. Ularni foydali mashgʻulotlarga jalb etish, vaqtini samarali oʻtkazish ishlari namunali yoʻlga qoʻyilgani sabab mahalla yoshlari oʻrtasida jinoyatchilik yoʻq.
“Besh tashabbus olimpiadasi”da “Bachqir”ning yengil atletikachi qizlari 27-30 yosh toifasida respublikada gʻoliblikni qoʻlga kiritib, mahalla yoshlari uchun sport maydonchasi yutib olishdi. Ushbu maydoncha qurib bitkazilib, yoshlarga topshirilgan.
Musharrafxon Murodaliyeva belbogʻli kurash boʻyicha jahon, 7 karra Oʻzbekiston chempioni. U “Besh tashabbus” doirasida 2005-yilda tugʻilgan yoshlar oʻrtasida oʻtkazilgan yengil atletika, Jasurbek Nasibjonov esa sportning vorkaut turi (koʻcha sporti) boʻyicha respublika musobaqasi, mahalla futbol jamoasi DXX va IIB kubogi bellashuvlari gʻolibi boʻldi. Voleybol boʻyicha qizlar jamoasi respublika chempionati ishtirokchisi. Mahallada va maktabda doimiy ravishda toʻgaraklar faoliyat yuritishi natijasida mahalla yoshlari har yili “Besh tashabbus olimpiadasi”ning respublika bosqichida faol ishtirok etadi.
Mahalla yoshlari faoliyatidagi bunday oʻzgarishlar, yangilanishlar, ularning mustaqil hayotga dadil va ishonch bilan qadam qoʻyishida yoshlar yetakchisining hissasi katta. Yigit-qizlarda maqsad sari intilish, qiyinchiliklardan choʻchimaslik, tashabbuskorlik fazilatlarini shakllantirish, ularni ezgu ishlarga ruhlantirish, Vatanga munosib oʻgʻil qizlar etib tarbiyalash mahalla faollari qatorida yoshlar yetakchisidan ham jiddiy masʼuliyat talab etadi. Abubakir zimmasidagi javobgarlik va masʼuliyat tuygʻusini hamisha teran anglab, his qilib yashaydi. Uning yutugʻi ham shunda.