Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

“TOP – 100 YETAKCHI”NING BIRI

3.4.2024 263

Nafosat Allaberganovaning yoshlar siyosati borasidagi faoliyati davlatimiz tomonidan yuksak e’tirof etilib, 2024-yil 22-mart “Mahalla tizimlari xodimlari kuni” arafasida u Prezident farmoniga binoan “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.

U Xorazm viloyati Tuproqqal’a tumanidagi “Navbahor” mahallasi  yoshlar yetakchisi. Jamiyatda yoshlar faolligini oshirish, turli tanlov va musobaqalarda ishtirok etishiga tashkiliy-moliyaviy yordam ko‘rsatish, iste’dod egalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida samarali faoliyat olib bormoqda. “Top – 100 yetakchilar” qatoriga kiritilib, milliy kadrlar zaxirasiga olingan.

 

Erishgan yutuqlari:

Yilning eng namunali mahalla yetakchisi” tanlovining viloyat bosqichida 3-o‘rin (2022)

“Mahalla iftixori” ko‘krak nishoni sohibasi (2023)

Eng yaxshi yoshlar yetakchisi” tanlovining viloyat bosqichida 1-o‘rin (2023)

 

Nafosat bu yil 0-30 yoshdagi 1 762 nafar fuqaroni xatlovdan o‘tkazib, yoshlarning muammolarini o‘rganish va bartaraf etishga, “Yoshlar balansi”ni shakllantirishga kirishgan.

Mahalla balansi:

Aholi: 3450 nafar;

Xonadonlar: 850 ta;

Ko‘chalar: 20 ta;

Yoshlar soni: 810 nafar;

Ayol-qizlar: 402 nafar;

Shu jumladan:

“Yashil” toifa: 497 nafar;

“Sariq” toifa: 313 nafar;

“Qizil” toifa: 11 nafar.

 

Murojaatlarga yechim berildi!

Mahallada murojaatlar o‘z vaqtida o‘rganib chiqilib, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlikka keng jalb qilish hamda o‘z-o‘zini band qilish borasida qator ishlar qilinmoqda. Jumladan:

– 34 nafar yoshga tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun imtiyozli kredit ajratildi;

– 5 nafar yoshga o‘zini o‘zi band qilish uchun subsidiya asosida asbob-uskuna olib berildi;

– 18 nafar OTM talabalariga to‘lov-kontrakt mablag‘lari to‘landi;

– 8 nafariga haydovchilik o‘quv kursi xarajatlari qoplandi;

– 2 nafarining safarbarlik chaqiruv rezervi xarajatlari to‘lab berildi;

– 24 nafar ishsiz yoshning bandligi ta’minlandi;

– boquvchisini yo‘qotib 3 nafar farzandi bilan yolg‘iz qolgan yoshning bir yillik ijara puli qoplab berildi;

– 12 nafar yoshga boshqa turdagi amaliy yordam ko‘rsatildi.

 

“Xonadonbay” ishlaymiz!

Nafosat Allaberganova mahalla yoshlari bilan belgilangan reja asosida ishlaydi. Mahallada tashkil etilgan “Qalqon” guruhi a’zolari bilan tungi reyd tadbirlari o‘tkazilib kelinmoqda. Profilaktika inspektori bilan hamkorlikda mahallada jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish va unga qarshi kurashish uchun “xonadonbay” usulda voyaga yetmaganlar o‘rtasida targ‘ibot ishlarini olib borish, ota-onalarning farzandlari tarbiyasiga mas’uliyatini oshirish, ularning tartib-intizomi va bilim olishiga qat’iy tartibda e’tibor qaratish bo‘yicha muntazam tushuntirish ishlari yo‘lga qo‘yilgan.

“Bir nuroniy 10 yoshga mas’ul” tamoyili asosida haftaning har juma kuni mahalla markazida nuroniylar va yoshlar uchun uchrashuvlar tashkil etib kelinmoqda.

 

Jinoyatdan holi hudud

Og‘ir toifadagi 11 nafar yoshlar Tuproqqal’a tumani IIB boshlig‘i o‘rinbosari, JXX boshlig‘i, mayor Xursand G‘afurovga biriktirilgan. “Qizil” toifaga olingan yoshlarning asosiy qismini migratsiyadan qaytgan, ishsiz yoshlar tashkil etadi. 2 nafar yosh profilaktik hisobda turadi. Bu yoshlar bilan individual suhbatlar uyushtirilib, qiziqishi va imkoniyatlariga mos ish bilan band qilish choralari ko‘rilmoqda. Qo‘lida hunari yo‘q yoshlar o‘z xohishidan kelib chiqib kasb-hunarga va sport mashg‘ulotlariga yo‘naltirilmoqda.

Yoshlar bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va bandligini ta’minlashdagi ishlar samarasi o‘laroq, “Navbahor” mahallasi jinoyatchilikdan holi hudud hisoblanadi.

 

Tuproqqal’a uchun eng katta yutuq!

Mahalla yoshlarining “Besh tashabbus olimpiadasi”dagi ishtiroki tahsinga loyiq. Eng faol yoshlardan biri Dinara Masharipova “Yosh kitobxon” tanlovining viloyat bosqichida 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Olimpiadaning “Milliy raqs ijrochiligi” yo‘nalishida esa mahalla yoshlari Xorazm viloyatida tengsiz deb topildi va respublika final bosqichida ishtirok etdi. Bu ko‘rsatkichlar “Besh tashabbus olimpiadasi”da Tuproqqal’a tumani vakillari uchun eng katta natija hisoblanadi.

Mahalla yoshlar yetakchisi tashabbusi bilan homiylik mablag‘lari asosida mahalla guzarida barcha imkoniyatlarga ega zamonaviy strit vorkaut maydonchasi qurildi. Mahalla yoshlarining maqsadi esa katta – ular 2024-yilgi mavsumda respublikada tengsiz ekanini isbotlashmoqchi!

“Prezident sovg‘asi” meniki bo‘ladi!

Biz kitobxon millatmiz, – deydi “Yosh kitobxon” tanlovi ishtirokchisi Dinara Masharipova. – Ajdodlarimiz buyuk insonlar bo‘lishgan. Men ham ajdodlarimizga munosib avlod bo‘lishga harakat qilmoqdaman. Kitobga mehr bolalikdan boshlangan. Buvijonimning ertaklari orqali kitobga muhabbat uyg‘ongan. Buvijonim turli ertaklar o‘qib berardi va meni ham kitobxon bo‘lishimni, kitob yozishimni bot-bot takrorlardi. “Yosh kitobxon” tanlovining 20-30 yosh toifasida viloyat bosqichida 2-o‘rinni qo‘lga kiritdim. Biroz omad yetishmadi. Nasib qilsa bu mavsum yana qatnashaman va “Prezident sovg‘asi”ni “Navbahor” mahallasiga olib kelaman.

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish