Mahallada yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etilgandan beri oʻtgan 2 yilda yoshlar muammosi bilan ishlashda ijobiy oʻzgarishlar kuzatildi. Jumladan, “Yoshlar daftari” orqali koʻmakka muhtoj yigit-qizlar uchun keng imkoniyat ochildi. Mahallamizda 2 763 nafar aholi yashaydi. Ularning 714 nafari yoshlar.
2023-yilda “Yoshlar daftari”da belgilangan 27 ta yordam turi boʻyicha 47 ta murojaat kelib tushdi. Shundan 29 tasi ijobiy hal qilinib, 11 tasi rad etildi. Platforma orqali yordam olganlardan 6 nafari oʻzini oʻzi band qildi.
Masalan, Doniyor Gʻiyosxonov 2022-yilda asalarichilikka kredit olib, faoliyatini boshlagan. Hozir qoʻshimcha 2 ta ish oʻrni yaratdi. Shuningdek, Hafizillo Saidahmedov shu yoʻnalishda oʻzi bilan yana bir nafar mahalladoshini band qilgan. Nargiza Saʼdullayeva tomorqasiga 1 sotix issiqxona qurib, turmush oʻrtogʻi koʻmagida gulchilik bilan shugʻullanmoqda. Ilhom Yusupovga payvandlash uskunasi olib berdik.
Imkoniyatdan samarali foydalanayotganlar bilan birga uni notoʻgʻri talqin qiluvchilar ham bor. Yaʼni mezonlarga tushmasa, oilaviy ahvoli yaxshi boʻlsa ham, yordam soʻrab keladiganlar bor. Harakat qilmay, faqat moddiy yordamga koʻz tikib turganlarga “ishlasang boʻlmaydimi?”, desangiz, “ish yoʻq” deyishadi.
Har bir xonadonga kirib, yoshlar bilan suhbatlarda “Senga nima kerak, nimani xohlaysan?” deb yuzma-yuz suhbatda boʻlaman. Yoshlarimizning aksariyati boqimanda boʻlib qolgan. Ular baliq tutishni emas, baliq berishingizni xohlashadi. Shuning uchun tavsiyalarimizga quloq solmaydi. Oʻtgan yili 10 nafar yoshni ishlab chiqarish korxonasiga olib bordim. Ishlashni xohlamadi.
Yoki bo‘lmasa, xorijiy tillarni oʻrganishni istaydigan yoshlar oʻquv kursiga toʻlov summasini berishimizni xohlashadi. Ularga “IBRAT Academy” ilovasidan bepul foydalanib, xorijiy tillarni tez va oʻzbek tilida oson oʻrganish mumkinligini tushuntiramiz. Ammo ilova orqali til oʻrgansak, oʻquv kursi uchun ham pul ajratasizmi, deb yana mablagʻ talab qilishadi.
Ayrim toifadagi yoshlarning fikr-u dardi moddiy yordam olish. Agar “Yoshlar daftari”ga roʻyxatga olmasangiz, portalga chiqaman, “yuqoriga” yozaman, mazmundagi dagʻdagʻadan ham qaytmaydi. Ulardan ko’ra muhtojlar borligini aytsangiz, tushunishni xohlamaydi... Faoliyatimda bu kabi holatlarga koʻp duch kelaman. Bunday kayfiyatdagi yoshlar bilan tushuntirish ishlarini olib borishimiz lozim.