Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Mahalla yoshlari xatlovdan o‘tkazilmoqda

11.1.2024 924

Hayitboy HASANOV, So‘x tumanidagi “Sarikanda” mahallasi yoshlar yetakchisi

Har yili faoliyatimizni mahalla yoshlarini xatlovdan o‘tkazib, ular bilan suhbatlashishdan boshlaymiz. Bu yil ham “Sarikanda” mahallasida yoshlar xatlovini o‘tkazishga kirishdim.

Xatlov davomida mahalladagi 14-30 yoshdagi barcha yoshlarning fikr-mulohazalari o‘rganilib, muammolarini hal etish bo‘yicha tizim tashkil etiladi. “Xonadonbay” o‘rganilib, har bir yosh bilan suhbat tashkil etiladi hamda xatlov yakunida yoshlar balansi shakllantiriladi.

Xatlov jarayonida yoshlar yaratilayotgan imkoniyatlar, muammo va kamchiliklarga qanday yechim topish to‘g‘risidagi o‘zini qiziqtirgan savollarga javob oladi. 14-30 yoshdagi jami 950 nafardan ortiq yoshlarning fikr-mulohazalari o‘rganiladi.

Shu kungacha “xonadonbay” yurib, 96 nafar yosh bilan suhbatlashdim. 5 nafar yoshni “Yoshlar daftari”ga kiritish uchun tavsiya berdim. To‘lov kontraktini qoplash bo‘yicha 2 ta, haydovchilik kursida o‘qish bo‘yicha 2 ta, subsidiya asosida tikuv mashinasi olib berish bo‘yicha 1 ta murojaat qayd etildi.

Shuningdek, xorijiy tillar va axborot texnologiyalarini o‘rganishga qiziqishi bo‘lgan yoshlar ro‘yxati shakllantirildi. Bu yoshlar Yoshlar ishlari agentligi bilan shartnomasi mavjud bo‘lgan tuman hududidagi o‘quv markazga yo‘naltiriladi va “Yoshlar daftari”ga kiritilib, “Kelajak kasblari” doirasida bepul o‘qitiladi.

Xatlov yakunlangach, yoshlar 3 ta – “qizil”, “sariq” va “yashil” toifaga bo‘linadi. Yordamga muhtoj bo‘lgan yoshlar “qizil” toifaga kiritiladi. “Yo‘l xarita”si ishlab chiqilib, rahbarlarga biriktiriladi hamda muammolari bo‘yicha ijroga yo‘naltiriladi.

Bundan tashqari, hokim yordamchisi bilan hamkorlikda ishsiz va bu yil maktab, professional ta’lim va OTMni tugatadigan bitiruvchilardan iborat “bandlik dasturi” ishlab chiqiladi. Xatlov jarayonlari 25-yanvarga qadar davom etadi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish