Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Mahalla lideri hududida o‘ziga xos tarix yozmoqda

16.4.2024 205

Muhammadshukur MUHAMMADJONOV, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Sarvarbek Mirzayev – Chinoz tumanidagi “Birlik” mahallasi yoshlar yetakchisi. 24 yoshli Sarvarbek 2022-yildan buyon mahallada o‘zining liderlik qobiliyatini namoyon etib kelmoqda. 2022-yil Davlat boshqaruvi akademiyasi huzuridagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlar tayorlash institutini tamomlagan. 2023-yil “Yilning eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” tanlovining respublika bosqichida Alohida e’tiborga muhtoj yoshlar bilan ishlash yo‘nalishida 2-o‘rinni egallagan. Liderlik mahorati, tashabbuskorligi hamda yoshlar siyosatida amalga oshirayotgan ishlari tahlil qilinib, 2024-yil 22-mart “Mahalla xodimlari kuni” arafasida “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlandi.

Sarvarbek har tong ishga kirishar ekan “Bugun tarix yozishim kerak” deya o‘z oldiga maqsad qo‘yadi. Kunlik ish rejasini tuzadi. Yil boshidan “Birlik” mahallasida o‘tkazilgan xatlovda aniqlangan muammolar, kelib tushgan murojaatlarni ijobiy hal etish, ularga yechim topish uchun ishga otlanadi.

Birinchi maslahatgo‘yim – otam va onam, – deydi Sarvarbek Mirzayev. – Faoliyatimda biror muammoga duch kelsam, ota-onam bilan maslahatlashaman. Har kuni ishga ketishdan oldin ularning duolarini olaman. Ular erishayotgan natijalarimning asosiy sababchilari!

“Birlik” mahallasi balansi

Aholi soni: 3357 nafar;

Ayollar: 1586 nafar;

Xonadonlar soni: 616 ta;

Oilalar soni: 862 ta;

Yoshlar: 830 nafar;

Shundan, qizlar: 384 nafar;

“Yashil” toifa: 495 nafar (59,6 %);

“Sariq” toifa: 325 nafar (40,4 %);

“Qizil” (og‘ir) toifa: 10 nafar (1,1 %);

Mahalla drayveri: dehqonchilik, chorvachilik.

“Birlik” mahallasi Chinoz tumanining eng namunali mahallalaridan biri.Mahallada o‘tgan yil davomida jinoyat sodir etilmadi. “Og‘ir” toifada 10 nafar yosh mavjud: Probatsiya nazoratidagilar – 3 nafar, muntazam dars qoldiruvchilar – 2 nafar, notinch oila farzandlari – 1 nafar, yot g‘oya ta’siriga tushgan yoshlar – 1 nafar, bezorilik qilishga moyil, agressiv xulq-atvorlilar – 3  nafar. Ushbu yoshlar tuman mas’ullariga biriktirilgan bo‘lib, ular bilan belgilangan reja asosida ish olib borilmoqda. 5 nafarini ish bilan ta’minlash bo‘yicha, 2 nafarini kasb-hunar va xorijiy tillarga o‘qitishga, 3 nafarining boshqa ijtimoiy iqtisodiy muammolarini hal etish bo‘yicha ishlar yo‘lga qo‘yildi.

Yoshlar daftariga 40 nafar yoshlar kiritilgan bo‘lib, ularga amaliy yordamlar ko‘rsatildi. 1 nafariga yer ajratildi, 7 nafarining ish bilan bandligi ta’minlandi, 11 nafari ijtimoiy qo‘llab-quvvatlandi, 4 nafari kasb-hunarga o‘qitildi, 3 nafariga subsidiya asosida mehnat qurollari olib berildi, 5 nafariga safarbarlik chaqiruv rezervi badal puli to‘landi, 5 nafariga kredit ajratildi, 4 nafariga boshqa turdagi yordamlar ko‘rsatildi.

Xatlov yakunlangach, otaliqqa olinishi uchun 326 nafar yoshlar ro‘yxati shakllantirilib, Nurafshon shahar Milliy gvardiya bo‘limi boshlig‘i Afzal Rashidovga biriktirildi. Shuningdek, mahalla “Yoshlar daftari ombori” ham joriy qilinib, yil davomida yoshlarga ko‘rsatiladigan yordamlar belgilab olingan. Muntazam dars qoldiruvchi, agressiv xulq-atvorli yoshlar va ularning ota-onalari bilan suhbatlar tashkil etilib, muammolarning sabablari aniqlanib, hal etilmoqda. Migratsiyadan qaytgan yoshlar bilan ham individual suhbatlashilib, iqtidoridan kelib chiqib turli sohalarga yo‘naltirilyapti. Yer olish istagini bildirgan 102 nafar yoshlarga “Mahalla yettiligi” xulosasiga ko‘ra mahalla hududidan 36,6 gektar yer maydoni ajratilishi belgilangan.

Sarvarbek mahalla yoshlarini sport yo‘nalishida ham birlashtira olgan. “Birlik” mahallasi “Besh tashabbus olimpiadasi”da ishtirok etish va g‘oliblikni qo‘lga kiritish bo‘yicha tumanda birinchilar qatorida. Sportning shashka turi bo‘yicha respublika bosqichida bir marta birinchi o‘rin va bir marta ikkinchi o‘rinni, Futbol bo‘yicha DXX Kubogi bahslarida mahalla qizlar jamoasi tuman bosqichida 3-o‘rinni, “Voleybol” sport turi bo‘yicha IIV Kubogida qizlar jamoasi tuman bosqichida 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan. Sarvarbekning so‘zlariga ko‘ra, olimpiadaning joriy mavsumida ham g‘oliblik asosiy maqsad bo‘lib turibdi. U mahalla yoshlari olimpiadaning joriy mavsumida 3 ta yo‘nalishda g‘oliblikni qo‘lga kiritsa, mahalla markazida kutubxona qurib berishni va’da berganini ta’kidlamoqda.

“Birlik” mahallasi yoshlar yetakchisi alohida e’tiborga muhtoj yoshlar bilan ishlash yo‘nalishida amalga oshirgan ishlar va natijalar:

1-toifali sportchi

Ozoda maktabni bitirib Toshkent davlat pedagogika universitetiga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirgan. Biroq to‘lovni amalga oshirishga imkoniyati yetmagan. Onasi bemor, II guruh nogironi. Otasi o‘tkir kamqonlik sababli vafot etgan.

U kontrakt to‘lovini to‘lashda muammoga duch kelganligi sababli 13-maktabga laborant bo‘lib ishga kirgan. Unga Yoshlar daftari jamg‘armasidan kontrakti to‘lovi uchun 3,5 million so‘m mablag‘ ajratilgan. Ozoda “Besh tashabbus olimpiadasi”ning 2022-yil 1-mavsumida sportning shashka turi bo‘yicha 16-21 yosh toifasida respublikada 1-o‘rinni egallagan va mahallasi uchun universal sport maydonchasi yutib olgan.

Bugungi kunda Ozoda universitetda o‘qish bilan birga 13-maktabda kimyo fanidan dars bermoqda. Shuningdek, tumandagi sport maktabida 1-toifali sportchi bo‘lib, murabbiylik faoliyatini ham boshlagan. U “Qizlar ovozi” klubi Toshkent viloyati sport va salomatlik yo‘nalishi koordinatori ham.

Oshpaz

Zohidjon bolaligidan tirishqoq va o‘z ustida ishlaydigan yigit. Taqdirni qarangki, u I guruh nogironi. Garchi tengdoshlari qatori gapirish va eshitish imkoniyatiga ega bo‘lmasa-da, qalbi ochiq, samimiy. U 2021-yil Rossiya davlatiga ishlagani ketgan. Unga yoshlar yetakchisi qaytib kelishini va o‘z qiziqishidan kelib chiqib yordam berishini aytgach, 2022-yil oktabr oyida Zohidjon migratsiyadan qaytgach, dastlab “Yoshlar daftari” jamg‘armasidan tomorqasi uchun urug‘lik olib berildi va Oqqo‘rg‘on tumanidagi monomarkazda oshpazlik yo‘nalishida o‘qitildi. Oshpazlik sirlarini o‘rgangan yigit “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi “Kasblar tanlovi”ning viloyat bosqichida 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Bugungi kunda Zohidjon Toshkent shahridagi “Ahmad oltin jo‘ja” oshxonasida oshpaz lavozimida ishlamoqda. Daromadi yaxshi.

Oilada yagona boquvchi edi

Azizbek 2007-yili tug‘ilgan. 13-maktabning 9-sinfida tahsil olar edi. U bir oyda nari borsa 3 yoki 4 kun darsga kelardi. Sababi oilada boquvchi sifatida onasiga yordam berish maqsadida kunlik ishlarga chiqayotgandi.

Yoshlar yetakchisi Azizbek va uning onasi bilan suhbat o‘tkazib, unga yordam berishga kirishdi. Dastlab Azizbekning xonadoniga tuman hokimi va Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi rahbari boshchiligida ishchi guruh kelib Azizbekka velosiped sovg‘a qilishdi. So‘ng uning xonadonida 4 xonali uy qurish ishlari boshlab yuborildi. Bu orada esa Azizbekka maktab formasi, uyali aloqa vositasi, xonadoni uchun esa maishiy texnika vositalari taqdim etildi. Azizbekning onasi esa doimiy ish bilan ta’minlandi. Bugun Azizbek 10-sinfda tahsil olmoqda. U darslarda faol, bilim olish bilan band. Bundan tashqari, Azizbek boshchiligidagi tengdoshlari “Besh tashabbus olimpiadasi”ning 2023-yil 2-mavsumida sportning voleybol turidan tuman bosqichida 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish