Zarifa Jabborova – 2022-yil yanvardan buyon Surxondaryo viloyati Termiz shahar “Jayhun” mahallasi yoshlar yetakchisi sifatida ishlamoqda. U yetakchilikka kirishgan kundan boshlab, yoshlarga do‘st bo‘ldi, ularning muammolarini o‘zining muammosi deb bildi. Mahallasi yoshlarining yaxshi sharoitlarga ega bo‘lishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solib kelmoqda.
Zarifa bilan suhbatlashganimizda “Yoshlar yetakchisi vazifasida ishlar ekanman eng katta maqsadim mahallam yoshlari uchun barcha sharoitlarga ega zamonaviy sport obyekti barpo etish” degan yaxshi tashabbus boshlaganini bildirdi.
Qahramonimiz faoliyatini 19 yoshida maktabda kutubxonachilikdan boshlagan. 8 yil davomida kutubxonachi va o‘qituvchi sifatida yoshlar bilan ishladi. 2020-yildan Termiz shahridagi “Farhod” mahallasida rais o‘rinbosari lavozimida faoliyatini davom ettirib, aholi bilan ishlash borasida qimmatli tajriba to‘pladi. Bu tajribalari bugun “Jayhun” mahallasidagi yetakchilik faoliyatida qo‘l kelmoqda.
Zarifa Jabborova “Jayhun” mahallasi balansini shakllantirish maqsadida o‘tkazgan xatlov davomida mahalla yoshlarini qiynayotgan ko‘plab muammolarni o‘zi uchun “kashf qildi”. Kimdir ota-ona qaramog‘idan erta mahrum bo‘lgan, boshqasi yetishmovchilik sabab o‘qishini tashlab ketgan, yana biri esa moddiy qiyinchilik sabab salomatligini tiklashga imkon topa olmayapti...
“Jayhun” mahallasi balansi:
Aholi soni: 4503 nafar
Xonadonlar: 1332 ta
Koʻchalar: 4 ta
Yoshlar: 1098 nafar
Ayollar: 546 nafar
“Yashil” toifa: 775 nafar
“Sariq” toifa: 323 nafar
“Qizil” toifa: 19 nafar
Yoshlar yetakchisi xatlov davrida barcha yoshni tinglashga harakat qildi. Faoliyatining ilk kunlaridanoq mavjud muammolarni hal etish choralarini izladi. Xususan, yetishmovchilik sabab o‘qishni tashlab ketgan Davron Bobonazarovga homiylar yordamida kompyuter hamda printer olib berilib, Termiz davlat universiteti yaqinidan unga kompyuter xizmatlari markazi ochib berildi. Universitet ma’muriyati bilan kelishgan holda Davron yana o‘qishga qaytarildi.
“Besh tashabbus” – katta maydon
– Ikki yillik faoliyatim mobaynida mahallam yoshlari bilan juda ko‘p marralarga erishdim, – deydi Termiz shahar “Jayhun” mahallasi yetakchisi Zarifa Jabborova. – “Jayhun”da iqtidorli yoshlar juda ko‘p. Faqat ularni ommaga ko‘rsatish, iqtidorini “ko‘z-ko‘z” qilish kerak. Bu borada bizga “Besh tashabbus olimpiadasi” katta maydon vazifasini o‘tab bermoqda. Olimpiadaning har mavsumida mahallam yoshlari respublikada munosib ishtirok etmoqda.
“Jayhun” mahallasida yashovchi Gʻayrat Doniyorov “Besh tashabbus olimpiadasi” 1-mavsumida stol tennis bellashuvlari final bosqichida qatnashib, 4-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Olimpiadaning 3-mavsumida “Milliy raqs ijrochiligi” bo‘yicha Dilnoza Normamatova Respublikada g‘oliblikka erishdi. U hozir Surxondaryo viloyati “Barkamol avlod bolalar raqs maktabi”da raqs rahbari sifatida ishlamoqda. 80 dan ortiq shogirdlariga raqs sirlarini o‘rgatib kelmoqda. Bundan tashqari, Dilnoza shahardagi 2 ta bolalar bog‘chasida ham faoliyat olib boryapti.
2022-yil mahalladagi uyushmagan yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan mini futbol bo‘yicha DXX kubogi musobaqasida “Jayhun” mahallasi yoshlari Termiz shaharda birinchi bo‘lishni uddalashdi. 2023-yil “Navro‘z kubogi” mini futbol musobaqasida viloyatda 3-o‘rinni band etishdi.
Ehtiyojmand yoshlar “Yoshlar daftari”ga kiritilib, amaliy yordamlar ko‘rsatildi. Masalan:
– 21 nafari kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitildi;
– 7 nafariga haydovchilik guvohnomasi olishga ko‘maklashildi;
– 19 nafariga zarur texnikalar olindi;
– 39 nafarining shartnoma puli to‘landi;
– 5 nafari zamonaviy kasblarda o‘qishga yo‘naltirildi;
– 12 nafariga davolanish xarajatlari uchun moddiy yordan berildi;
– 8 nafarining safarbarlik chaqiruvi badali to‘lab berildi.
Hech kim e’tibordan chetda emas
Yetakchi tashabbusi bilan mahalla yoshlarining 8 nafari “Amudaryo bolalarni sog‘lomlashtirish oromgohi”da bepul dam olishga, 3 nafari Samarqand va Toshkent shaharlariga sayohatga yuborildi. Jinoyatchilikka moyilligi bor 2 nafar yosh “Jasorat maktabi” o‘quv yig‘inida va ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz 5 nafar yoshning DXX akamediyasi tashkil etgan o‘quv-yig‘inlarda ishtiroki ta’minlanib, ularni vatanparlik ruhida tarbiyalash borasida samarali ishlar qilindi, migratsiyaga ketishining oldi olindi.
Yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha hisobda turgan yoshlarning 3 nafarining bandligi ta’minlandi. Jazoni ijro etish muassasasidan qaytgan yoshlar sport musobaqalariga, qiziqishiga qarab kasb ta’limiga yo‘naltirildi. O‘qishi oxiriga yetmagan chin yetim Jasmina Shaymulina darslarini davom ettirishi uchun unga vasiy tayinlab, boshqa maktabga ko‘chirildi.
Birinchi guruh nogironi Zuhra Safarova “og‘ir toifa”ga kiritilib, aravacha bilan ta’minlandi. “Og‘ir toifa”ga kiritilgan Odiljon Jo‘rayevga homiy orqali kompyuter jamlanmasi olib berildi.
Mahalla yoshlari qiziqishidan kelib chiqib, til o‘rganishi va sport bilan shug‘ullanishi uchun otaliqqa biriktirilgan Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari bilan tizimli ishlar amalga oshirilyapti. Ular uchun maxsus reja ishlab chiqilib, bandligiga erishilmoqda.
8 nafar yosh migratsiyadan qaytarildi
2023-yil boshida Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayevning talabalarni vaqtinchalik uy-joy bilan ta’minlash borasidagi tashabbusiga javoban Zarifa Jabborova yashash uyida 7 nafar talabani shartnoma asosida kvartira bilan ta’minlagan.
“Jayhun” mahallasidan 30 nafar yosh mehnat migrant sifatida chetga chiqib ketgan edi. Yetakchi sa’y-harakatlari natijasida ularning 8 nafari ortga qaytarildi. Migratsiyadan kelgan yoshlarni nemis tili va zamonaviy kasblarga o‘qitishga yordam berilmoqda. Rossiyada ishlab qaytgan Ulug‘bek Shodmonov, Islom Shodmonov va Zafar Eshboyevlar hozir chet tilini o‘rganmoqda. Ularning o‘quv xarajatlari “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab berildi.
4 yildan beri xorijiy migratsiyada yurgan yolg‘iz ona 3 nafar voyaga yetmagan farzandini yaqin dugonasiga tashlab ketgani, buning natijasida qizlar qarovsiz qolib, ularning xulqida salbiy o‘zgarishlar borligini aniqlagan yetakchi onani migratsiyadan kaytarishga erishdi. Qizlar uchun esa psixolog biriktirildi.
Yoshlarga qanot bo‘lish kerak
“Jayhun” mahallasi yetakchisi Zarifa Jabborova bilan suhbatimiz yakunida yoshlar yetakchisi sifatida ishlash davomida o‘zi guvoh bo‘lganlari haqida gapirib berdi:
– Mahallada ijtimoiy muhitni yaxshilash va jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar va o‘rganishlarim natijasida shunga amin bo‘ldimki, 60-70 foiz yoshlar o‘rtasidagi jinoyatlar qarovsiz qolgan, ajrashgan, yolg‘iz ota yoki ona bilan yashayotgan, ota-onasi migratsiyaga chiqib ketgan farzandlar o‘rtasida sodir etilmoqda. O‘spirinlik davridagi o‘zgarishlar yosh qizlarga juda qattiq ta’sir etib, ular do‘stlaridan orqada qolishining guvohi bo‘lyapman. Bu borada ota-onalar bilan mahalla xodimlari alohida suhbatlar o‘tkazib, tushuntirish ishlarini olib boryapmiz.
Ba’zida yonimga ichkilikga ruju qo‘ygan yoki oilasida doimiy janjal bo‘ladigan yoshlar kelib hissiyotlari, kechinmalari haqida gapiradi. Ularning fikrlashlarini eshitar ekanman, suhbatdoshlarimni uchish istagi bor, ammo qanoatidan ayrilgan qushga o‘xshataman. Ularga ikki og‘iz shirin so‘z, mehr-muhabbat va e’tibor bo‘lsa bas, ular ulkan marralarni zabt eta oladi.