Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Mahalla kitobi deyarli tayyor

26.3.2024 214

Muhammadshukur MUHAMMADJONOV, “Yoshlar ovozi” muxbiri

MAHALLA KITOBI DEYARLI TAYYOR

yoshlar yetakchisi tajriba va o‘rganishlari asosida “Shodlik”ning yangi tarixini bitmoqda

Raushanbek Janibekov – 27 yoshda, mahallada yoshlar yetakchisi lavozimi tashkil etilganidan beri Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumani “Shodlik” mahallasi yoshlar yetakchisi. 2023-yilda “Yilning eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” tanlovining “Alohida e’tiboriga muhtoj yoshlar bilan samarali ish tashkil qilgan yoshlar yetakchisi” yo‘nalishida g‘olibi bo‘lgan.

“Shodlik” mahallasi balansi:

Aholi: 2425 nafar

Xonadonlar: 812 ta

Ko‘chalar: 20 ta

Yoshlar: 715 nafar

Ayol-qizlar: 369 nafar

Yashil toifadagi yoshlar: 232 nafar

Sariq toifadagi yoshlar: 483 nafar

Qizil toifadagi yoshlar: 30 nafar

Raushanbekning kundaligi

Raushanbek: “Mahalla mening taqdirim, mahallam yoshlarining tadqiriga ham befarq qarab tura olmayman”, deydi. Uning faoliyatini kuzatar ekansiz, bu gaplar amalda ham o‘z ifodasini topayotganining guvohi bo‘lasiz. U xatlov jarayonlarida “Shodlik” mahallasidagi har bir yosh bilan suhbat qurib, ularning istaklari va murojaatlarini o‘rganib chiqqan. O‘rganishlar natijasida o‘zining yon daftari – “Yoshlar kundaligi”ni yozib bormoqda.

Kundalikda har bir yoshning qanday iqtidori, qobiliyati va qiziqishlari borligi, kamchiliklari qayd etilgan. Yetakchiga “Nega bu ishni qilasiz?” degan savol bilan yuzlanganimizda, “Mahallam va mahalla yoshlari haqida kitob yozmoqchiman, bu yozganlarim esa shu kitobga asos bo‘lsa ajabmas”, degan javobni oldik. Albatta, bu yaxshi g‘oya.

Tartibni qarang!

Mahallada 30 nafar yosh og‘ir toifaga olingan. Ular To‘rtko‘l tumani prokurori – 2-sektor rahbari Najmiddin Jolamanovga biriktirilgan. Sektor rahbari biriktirilgan yoshlar bilan ishlash uchun o‘ziga xos tizim yaratib, kunlik ish rejasini ishlab chiqqan. Yoshlar bo‘sh vaqtida qanday mashg‘ulot bilan bandligi doimiy nazorat qilinadi. 30 nafar yoshning biri profilaktik hisobda turadi, beshovi migratsiyadan qaytgan, yigirma ikkisi nogiron va yana ikkovi ota-onasidan erta yetim qolgan. Yo‘lga qo‘yilgan tizim natijasi o‘laroq, o‘tgan vaqt davomida mahallada jinoyatchilik qayd etilmagan.

Raushanbek imkoniyati cheklangan va kam ta’minlangan aholi bilan reja asosida ishlaydi. Mana, uning bu boradagi ishlariga qarang:

– 22 nafar nogiron yoshning hammasi har oyda tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi;

– 10 nafarini davolanish uchun jami 50 million so‘m ajratilgan;

– 4 nafari kasb-hunarga o‘qitilib, shundan ikkoviga subsidiya asosida asbob-uskuna berildi;

– 3 nafari doimiy ishga joylashtirildi;

– 5 nafarining turli muammolari hal etib berilgan.

Endi Yo‘ldash mustaqil yura oladi

Mahalladagi imkoniyati cheklangan yoshlar e’tibordan mamnun. Masalan, Yo‘ldash Ahmedov II guruh nogironi, yoshi 27 da. Oilada yolg‘iz farzand. Otasi norasmiy ishchi, onasi II guruh nogironi – qandli diabet kasalligi bilan og‘riydi.

Yo‘ldash 2013-yili suyak yemirilishi (koksartroz) kasaligiga chalinib, to‘shakka yotib qoladi. Operatsiya xarajatlari uchun sal kam 26 million so‘m zarur edi. Yetakchi uni “Og‘ir toifadagi yoshlar” ro‘yxatiga olib, “Yo‘l xaritasiga” kiritdi va davolanishi uchun zarur pul to‘lab berildi. Hozir Yo‘ldash mustaqil harakatlana oladi.

Raushanbek qiziqishlaridan kelib chiqib, uni parakibersportga yo‘naltirgan. U o‘tgan yili “Besh tashabbus olimpiadasi”ning parakibersport yo‘nalishida tumanda 1-o‘rinni, Qoraqalpog‘iston bosqichida 3-o‘rinni qo‘lga kiritib, tengqurlariga o‘rnak bo‘la oldi.

Bolaligimdan yurishga qiynalaman, birovning yordamisiz harakatlana olmasdim, – deydi Yo‘ldash Ahmedov. – Yoshlar yetakchisi Raushanbek Janibekov xatlov jarayonida uyimga kelib, sharoitimni o‘rgandi, davolanishim uchun kerakli summani to‘lab berdi. 27 yil yura olmagach endi erkin yura olmasam kerak deb tushkunlikka tushib qolgandim, yurib ketishimga ishonmasdim. Lekin yaxshi insonlarning yordami bilan bugun o‘zim erkin harakatlana olyapman. Parakibersport bilan muntazam shug‘ullanishni boshlaganman. Nasib qilsa, “Besh tashabbus olimpiadasi”ning bu yilgi mavsumida g‘oliblikni maqsad qilyapman.

Ivodulla ishli bo‘ldi

Yurishga biroz qiynalaman, shuning uchun ish topishim qiyin kechgan, – deydi mahalladagi yoshlardan biri Ivodulla Xolmuradov. – Raushanbek uyimizga kelib, mendan qanday nuammo borligini, imkoni bo‘lsa yordam berishini aytdi. Nogironlik bo‘yicha ro‘yxatga olinmaganimni aytdim. Yan uyimga yaqin va menga mos ish topishda ko‘mak so‘radim. U murojaatimni e’tiborsiz qoldirmadi. To‘rtko‘l tumani avtomobillar jarima maydoniga qorvul sifatida ishga joylashtirdi. Ish qiyin emas, tartib-intizom va qunt bo‘lsa, hammasini uddalay olaman.

Yetakchi hammasini uddalaydi!

Raushanbek xatlov jarayonida yoshlarning murojaatlariga albatta yechim topishga intiladi.

O‘tgan yili II guruh nogironi Sardor Ahmedovning uyiga bordi. Uning otasi ham nogiron, onasi uy bekasi. Suhbat chog‘ida Sardor ko‘p yillardan buyon oilasi, amakilari bilan bir xonadonda yashashi tufayli uy-joyga ehtiyoji borligini aytgandi. U “og‘ir toifadagi yoshlar” ro‘yxatiga olinib, masala og‘ir toifadagi yoshlar bilan manzilli ishlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ga kiritildi. Biriktirilgan tashkilot rahbari, homiylar va mahalladagi ko‘ngilli yoshlar birlashib, hashar yo‘li bilan Sardorning oilasi uchun mahalla hududida uy qurmoqda.

Ayni Navro‘z bayrami kunlari bu uy foydalanishga topshiriladi.

Raushanbek Janibekov mahalladagi tengdoshlari, do‘stlari uchun yaxshi sharoitni ta’minlash, ularning yaxshi yashashi uchun ishlashga tayyor.

Jasorat maktabi

Qahramonimiz mahalla yoshlarining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishga, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga bel bog‘lagan. Shu maqsadda To‘rtko‘ldagi sud zallariga ekskursiya tashkil etildi. Tumandagi “Vatanparvar” tashkilotiga sayohatlar uyushtirildi, mahalladagi ko‘plab yoshlar tashkilot o‘quv kurslari va to‘garaklarida o‘qitildi.

Yetakchi tavsiyasi bilan yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, mardlik, jasorat bobida sinovdan o‘tkazish maqsadida ular Nukus shahridga 10 kunlik “Jasorat maktabi” o‘quv yig‘in mashg‘ulotlariga yuborilmoqda.

Raushanbek hamda profilaktika inspektori hamkorlikda mahalladagi 40-sonli maktabda ko‘plab reyd tadbirlarini o‘tkazadi. Aniqlangan tarbiyasi og‘ir va kam ta’minlangan oila farzandlari, ularning ota-onalari bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilib, tushuntirishlar beriladi.

***

Mahalla ahli yetakchidan mamnun. Bu eng kata mukofot, inson uchun. Mahalladoshlar ishonchi Raushanbekka kuch beradi va yangi tashabbuslarga ruhlantiradi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish