2547ta natija
12.6.2026 147
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda moda sohasi sezilarli darajada rivojlanib, yoshlar madaniyatining muhim qismiga aylanmoqda. Avvallari milliy kiyimlar asosan bayramlar yoki tantanali marosimlar bilan bog‘langan bo‘lsa, bugungi kunda ular insonning dunyoqarashi, didi va o‘zini namoyon qilish usullaridan biri sifatida qaralmoqda. Ayniqsa, internet va ijtimoiy tarmoqlarning ommalashuvi natijasida global moda tendensiyalari o‘zbek yoshlariga ham tez yetib kelmoqda. Shu bilan birga, milliylikni saqlagan holda zamonaviy uslublar yaratishga bo‘lgan qiziqish ham ortib boryapti. O‘zbek modasining ildizlari qadimiy tarix va milliy an'analarga borib taqaladi. Atlas, adras, bekasam kabi matolar, zardo‘zlik san'ati va milliy naqshlar asrlar davomida xalq madaniyatining ajralmas qismi bo‘lib kelgan. Har bir hududning o‘ziga xos kiyinish uslubi mavjud. Masalan, Farg‘ona vodiysining nafis ipak matolari yoki Buxoroning o‘ziga xos did bilan shakllangan kiyinish madaniyati xalqning estetik qarashlarini aks ettirgan. Bugungi kunda dizaynerlar ana shu tarixiy merosni zamonaviy moda bilan uyg‘unlashtirishga harakat qilmoqda. Atlasdan tikilgan oversize pidjaklar, minimalist uslubdagi ko‘ylaklar yoki casual yo‘nalishdagi adras elementlari yoshlar orasida ommalashmoqda. Bunga Davron Muradning kashtado‘zlik va haute couture yo‘nalishidagi ijod namunalarini misol qilib keltirish mumkin. Bu holat milliylikning modadagi yangi talqini sifatida qaralmoqda. So‘nggi yillarda mahalliy dizaynerlarning faoliyati ham sezilarli darajada kuchaydi. Xususan, Lali Fazilova, Azakur Moreno va Diora Usmanova kabi dizaynerlarning brendlari milliy matolarni zamonaviy uslublar bilan uyg‘unlashtirib, o‘zbek modasining xalqaro miqyosda tanilishiga hissa qo‘shmoqda. Fashion haftaliklari va ko‘rgazmalarda namoyish etilayotgan kolleksiyalarda milliy naqshlar bilan zamonaviy moda uyg‘unligi yaqqol ko‘rinadi. Bundan tashqari, 7SABER kabi mahalliy streetwear brendlarining paydo bo‘lishi yoshlar orasida zamonaviy moda madaniyati shakllanayotganini ko‘rsatmoqda. Bugungi yoshlar modasida erkinlik va individuallik asosiy o‘ringa chiqmoqda. Streetwear, vintage, minimalizm va oversize uslublari ayniqsa ommalashgan. Krossovkalar, keng bichimdagi kiyimlar, monochrome obrazlar va turli aksessuarlar kundalik uslubning bir qismiga aylangan. Shu bilan birga, K-pop madaniyati va koreys modasining ta'siri ham kuchaymoqda. TikTok va Instagram'da koreys uslubidagi outfit videolari, thrift fashion va layering trendlarini tez-tez uchratish mumkin. Bugungi o‘zbek yoshlari moda orqali boshqalardan ajralib turishga va o‘z individual uslubini yaratishga intilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar moda sanoatining rivojlanishida muhim rol o‘ynayapti. Ayniqsa, Instagram, TikTok va Pinterest platformalari yangi trendlarning tez tarqalishiga sabab bo‘lmoqda. Hozir ko‘plab yoshlar outfit videolari, "Get Ready With Me" formatidagi kontentlar va uslub bo‘yicha tavsiyalar orqali auditoriya yig‘moqda. Influencerlar va blogerlar yoshlarning kiyinish madaniyatiga sezilarli ta'sir ko‘rsatmoqda. Avvallari moda jurnallar orqali shakllangan bo‘lsa, bugungi kunda trendlarni asosan ijtimoiy tarmoqlar belgilayapti. Biroq moda sanoatida ayrim muammolar ham mavjud. Mahalliy ishlab chiqarish imkoniyatlarining cheklanganligi va ayrim brendlarning raqobat sharoitiga moslashishi shular jumlasidandir. Xalqaro gigantlar, jumladan Zara va boshqa yirik kompaniyalar bozorga kirib kelgach, mahalliy kichik brendlar uchun raqobat kuchaydi. Narx, sifat va marketing yo‘nalishlarida muvaffaqiyat qozonish uchun ko‘proq investitsiya hamda bilim talab etilmoqda. Sifatli materiallarning qimmatligi va professional mutaxassislar yetishmasligi ham rivojlanishni sekinlashtirayotgan omillar qatorida turibdi. Shu sababli mahalliy brendlar kreativ yondashuv bilan birga sifat va marketing ustida ham jiddiy ishlashiga to‘g‘ri kelmoqda. Shunga qaramay, O‘zbekiston moda sohasi katta istiqbolga ega. Milliy matolar va an'anaviy naqshlarning zamonaviy moda bilan uyg‘unlashuvi o‘zbek modasining o‘ziga xos qiyofasini shakllantirmoqda. Eng muhimi, yoshlarning moda va kreativ industriya sohasiga bo‘lgan qiziqishi ortib boryapti. Bu esa kelajakda yangi dizaynerlar, mahalliy brendlar va innovatsion moda loyihalarining paydo bo‘lishiga zamin yaratadi. Milliylik va zamonaviylik o‘rtasidagi muvozanat saqlansa, o‘zbek modasi xalqaro maydonda yanada kengroq tanilishi mumkin.
11.6.2026 165
Telefon jiringlaydi. Notanish raqam. Bir soniya ichida yurak tez ura boshlaydi: “Yana bankdan bo‘lsa-chi?” So‘nggi yillarda minglab o‘zbekistonliklar uchun kredit shunchaki moliyaviy vositadan kundalik ruhiy bosimga aylanib ulgurdi. Oylik yetmay qolsa – qarz, to‘y qilish kerak bo‘lsa – qarz, telefon yangilansa – muddatli to‘lov. Oson olingan pul asta-sekin insonning xotirjamligi, uyqusi va ruhiy muvozanatini ham o‘zi bilan olib ketadi. O‘zbekistonda kredit olish hech qachon bugungichalik oson bo‘lmagan. Bank ilovalari orqali bir necha daqiqada mikroqarz rasmiylashtirish, maishiy texnikani boshlang‘ich to‘lovsiz xarid qilish yoki “hozir olib, keyin to‘lash” tizimlari kundalik hayotning oddiy qismiga aylandi. Ammo bu qulaylikning ko‘rinmaydigan tomoni ham bor – ruhiy bosim. Ko‘pchilik kreditni imkoniyat sifatida qabul qiladi. Darhaqiqat, ayrim vaziyatlarda qarz insonning mushkulini oson qilishi mumkin: uy olish, davolanish, taʼlim yoki biznes boshlash uchun mablag‘ zarur bo‘ladi. Muammo kreditning o‘zida emas, balki u inson hayotining doimiy hamrohiga aylanganida boshlanadi. Bugungi isteʼmol madaniyati odamni “hozir yashash”ga undaydi. Ijtimoiy tarmoqlarda dabdabali hayot, qimmat telefonlar, hashamatli to‘ylar va sayohatlar odatiy holdek ko‘rsatiladi. Natijada ko‘pchilik o‘z daromadidan kelib chiqib emas, boshqalarning hayotiga qarab yashashni boshlaydi. Ayniqsa, O‘zbekiston jamiyatida “Odamlar nima deydi?” degan tushuncha moliyaviy qarorlarga kuchli taʼsir qiladi. Baʼzan inson ehtiyoj uchun emas, uyat bo‘lmasligi uchun qarzga kiradi. To‘y masalasi bunga eng yorqin misollardan biri. Ayrim oilalar bir kunlik dabdaba uchun yillar davomida qarz to‘laydi. Qimmat restoran, yuzlab mehmon, hashamatli bezaklar – bularning bari ko‘pincha ijtimoiy bosim mahsuli. Eng achinarlisi, to‘y tugaydi, ammo uning moliyaviy og‘irligi oilada uzoq vaqt qoladi. Bu esa asta-sekin ruhiy taranglikni kuchaytiradi. Qarz ruhiyatni o‘zgartiradi Psixologlarning aytishicha, inson miyasi moliyaviy qarzni oddiy raqam yoki vaqtinchalik majburiyat sifatida emas, doimiy xavf manbayi sifatida qabul qiladi. Shu sabab qarzdor odamning organizmi ko‘pincha “ichki xavotir” holatida yashaydi. Ongda tinimsiz bosim bo‘laveradi: “Qanday to‘layman?”, “Agar kechiksa-chi?”, “Yana bank telefon qilsa, nima deyman?” Eng xavotirlisi kredit va qarzlar inson bilan har kuni “birga yashaydi”. To‘lov sanasi yaqinlashadi. Bankdan xabarnoma keladi. Telefon jiringlaydi. Hatto oddiy eslatma ham stress uyg‘otadi. Bu, avvalo, uyquga taʼsir qiladi. Qarzdor odamlarning ko‘pchiligida kechasi ko‘p o‘ylash, tez-tez uyg‘onish, ertalab charchoq bilan turish holatlari kuzatiladi. Chunki miya uyqu vaqtida ham “muammo yechilmagan” degan signalni to‘xtatmaydi. Vaqt o‘tishi bilan bu asab tizimining holdan toyishiga olib keladi. Qarz insonning o‘ziga munosabatini ham o‘zgartiradi. Avvaliga u shunchaki moliyaviy qiyinchilikdek tuyuladi, keyin esa o‘zini omadsiz yoki muvaffaqiyatsiz his qila boshlaydi. Inson yaqinlari oldida o‘zini noqulay sezadi, baʼzan muammolarini yashirishga urinadi. Psixologiyada buni “surunkali stress holati” deb atashadi. Organizm uzoq vaqt davomida xavotir rejimida ishlaganda, hissiy barqarorlik pasayadi. U tez jahllanadigan, tushkun yoki befarq bo‘lib qolishi mumkin. Hatto oddiy gap-so‘zlar ham janjalga sabab bo‘la boshlaydi. Chunki asl muammo ko‘pincha pulning o‘zida emas, insonning ichida yig‘ilib borayotgan bosimda bo‘ladi. Uzoq davom etgan moliyaviy stress depressiya, nevroz, vahima xurujlari va psixosomatik kasalliklarni ham kuchaytirishi mumkin. Ayrim insonlarda bosh og‘rig‘i, yurak tez urishi, qon bosimining oshishi yoki doimiy charchoq paydo bo‘ladi. Tibbiyotda bunday simptomlar ko‘pincha uzoq davom etgan asabiy bosim bilan bog‘lanadi. Qarzdor odam asta-sekin hayotdan zavqlanish hissini yo‘qota boshlaydi. Oldin quvonch bergan oddiy narsalar uni xursand qilmay qo‘yadi. Chunki ongning katta qismi doimiy ravishda bitta muammo – qarzni yopish haqida o‘ylaydi. Natijada inson yashashni emas, faqat “xalos bo‘lishni” o‘ylay boshlaydi. Shu sabab mutaxassislar moliyaviy qarorlarni faqat hamyon imkoniyati bilan emas, ruhiy salomatlik bilan ham o‘lchash kerakligini taʼkidlaydi. Chunki ayrim qarzlarning ustamasi asab tizimiga tushadi. Oiladagi bosim Qarzning yana bir xavfli tomoni – u oilaviy munosabatlarga ham taʼsir qiladi. Moliyaviy muammolar ko‘plab oilaviy janjallarning asosiy sabablaridan biri. Oylikning katta qismi kreditga ketishi, yashirin qarzlar yoki to‘lovni kechiktirish er-xotin orasida ishonchsizlikni kuchaytiradi. Uyda hukm suradigan doimiy asabiy muhit esa bolalarga ham taʼsir qiladi. Chunki stress faqat bir odamning ichida qolmaydi, butun oilaga tarqaladi. Ayniqsa, mehnat migratsiyasi bilan bog‘liq qarzlar alohida muammo bo‘lib qolmoqda. Ayrimlar chet elda ishlashga ketish uchun ham qarz oladi. Kutilgan daromad bo‘lmasa yoki ish yurishmasa, inson ikki tomonlama bosim ostida qoladi: bir tomonda begona muhit, ikkinchi tomonda esa ortib borayotgan qarz. – Qarz odamni ichidan yeb borarkan. Bir vaqtlar faqat ishlash haqida o‘ylaydigan bo‘lib qoldim. Dam olayotganda ham miyam tinchimasdi. Qanday yopaman, qayerdan topaman, degan o‘y doim boshimda aylanardi. Odam yashashni unutib qo‘yar ekan. Men ham bir davr faqat qarzni yopish uchun yashayotgandek bo‘lib qolgandim, – deydi Sherzod Ibrohimov. Yana bir suhbatdoshimiz Dilshod Sultonov esa qarzlar sabab asabiy boʻlib qolganini taʼkidlaydi: – Avvaliga kredit olish oddiy tuyulgandi. Maoshdan sekin-sekin to‘layman, deb o‘ylagandim. Lekin bitta qarzning ortidan boshqasi chiqib ketdi. Bir payt qarasam, oyligim qo‘limga tegmay kreditlarga ketyapti. Telefon jiringlasa, cho‘chib ketadigan odat chiqdi. Notanish raqam ko‘rsam, yuragim tez ura boshlardi. Uyda ham asabiy bo‘lib qoldim. Oldin bunaqa emasdim. Hozir tushunaman: qarz faqat pul emas ekan, u odamning ichidagi xotirjamlikni ham olib qo‘yadi. Moliyaviy savodxonlik yetishmasligi Shu bilan birga, kreditni mutlaq yomonotliq qilib ko‘rsatish ham to‘g‘ri emas. Muammo ko‘pincha moliyaviy savodxonlik yetishmasligida bo‘lishi ham mumkin. Kishilar odatda qarzning uzoq muddatli oqibatlarini hisoblamaydi. Oylik daromadining katta qismini kreditga bog‘lab qo‘yish esa insonni moliyaviy jihatdan erkin harakat qilish imkonidan mahrum qiladi. Mutaxassislarning fikricha, kredit olishdan oldin inson o‘ziga kamida uchta savolni berishi kerak: bu xarid haqiqatan zarurmi, uni qarzsiz amalga oshirishning imkoni bormi va bu qarz ruhiy xotirjamlikni yo‘qotishga arziydimi? Chunki baʼzan inson sotib olayotgan narsasidan ko‘ra o‘z tinchligini qimmatroqqa sotayotgan bo‘ladi. Moliyaviy savodxonlikni oshirish, oilaviy budjetni rejalashtirish va “status uchun yashash” odatidan voz kechish bugungi jamiyat uchun muhim masalaga aylanmoqda. Ayniqsa, yoshlar orasida ijtimoiy tarmoqlar yaratgan sunʼiy ideal hayot ortidan quvish ruhiy va moliyaviy bosimni yanada kuchaytiryapti. Ba’zan odamlar kredit evaziga yangi telefon, dabdabali to‘y yoki qulay hayot sotib olyapman deb o‘ylaydi. Aslida esa eng qimmat narsasi – ruhiy xotirjamligini boy berib qo‘yadi.
4.6.2026 326
Milliy sertifikat tizimi O‘zbekiston ta’lim makonida muhim o‘rin tutuvchi baholash mexanizmi sifatida paydo bo‘ldi. Mazkur tizim nafaqat o‘quvchilar va o‘qituvchilarning bilim darajasini standart mezonlar asosida aniqlash, balki umumiy ta’lim sifatini monitoring qilishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, har qanday baholash tizimi kabi milliy sertifikat imtihonlari ham doimiy takomillashtirishni talab etadi. Ayniqsa, ona tili va adabiyot faniga oid savollarning mazmuni, metodik asoslari va psixologik jihatlari bugungi kunda alohida e’tibor talab qilmoqda. Bu borada soha mutaxassisi sifatida ayrim mulohazalarimizni aytib o‘tishni joiz topdik. Badiiy matn tahlili bilan bog‘liq savollar Milliy sertifikat imtihonlarida 23–27-savollar odatda badiiy matn tahliliga bag‘ishlanadi. Ayni shu savollarda jiddiy metodik muammo yuzaga chiqmoqda. Badiiy matn tabiatan ko‘p qatlamli va ko‘p talqinli hodisadir. Jahon adabiyotshunosligida uzoq vaqtdan beri tan olingan nazariy tamoyillarga, matn tahlili metodlariga asosan bitta matnni turli kitobxonlar yoshi, hayotiy tajribasi, estetik didi va dunyoqarashiga qarab har xil talqin qilishi mumkin. Test tuzuvchi ekspertlar esa ko‘pincha matnga yagona to‘g‘ri talqin nuqtayi nazaridan yondashib, javob variantlarini shakllantirmoqda. Natijada variantlarning mazmunan bir-biriga haddan tashqari yaqin bo‘lib qolishi kuzatilmoqda. Bu holat test topshiruvchida ortiqcha ikkilanishni keltirib chiqaradi va baholashning obyektivligiga putur yetkazadi. Ayniqsa, “muallif nimani nazarda tutgan?” tipidagi savollardan ehtiyotkorlik bilan foydalanish zarur. Adabiyot nazariyasida muallif niyati har doim ham ishonchli tarzda rekonstruksiya qilinavermaydi. Ko‘pincha matn talqini o‘quvchi qabuliga asoslanadi. Shu nuqtayi nazardan, savollarni muallif yoki ekspert pozitsiyasidan emas, balki oddiy kitobxon kuzatishi mumkin bo‘lgan matniy belgilar, obrazlar, mazmun qatlamlari va estetik xulosalar asosida tuzish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Yosh va tajriba omilini hisobga olish zarurati Milliy sertifikat tizimining yana bir muhim kamchiligi — barcha talabgorlar (10–11-sinf o‘quvchilari va ko‘p yillik pedagogik tajribaga ega o‘qituvchilar) uchun yagona test bazasidan foydalanishi. Bu yondashuv adolat va pedagogik muvozanat nuqtayi nazaridan jiddiy savol tug‘diradi. O‘quvchi va o‘qituvchi o‘rtasidagi tabiiy farq — bilim chuqurligi, mantiqiy tahlil tajribasi, matnni qabul qilish darajasi va hayotiy tajriba jihatidan juda katta. Bitta test bazasi bu farqlarni e’tiborga olmaydi. Natijada baholashning ishonchliligi pasayadi. Adolatli yechim sifatida o‘quvchilar va o‘qituvchilar uchun alohida test bazalarini shakllantirishni taklif etish mumkin. Bu har bir auditoriyaning real tayyorgarlik darajasini hisobga olishga va natijalarning obyektivligini oshirishga yordam beradi. Qolaversa, esse mavzularini shakllantirishda ham ayni shu omil e’tiborga olinishi kerak. Aprel-may oylarida o‘tkazilayotgan sinovlarda “Muqim ish o‘rniga ega bo‘lish afzalmi yoki ish o‘rnini tez almashtirishmi?” mavzusidagi esse mavzusining hali ish tajribasi mutlaqo shakllanmagan o‘quvchilar uchun berilishi essening hayotiy dalillar, kuzatuvlar bilan yozilishi kerakligi borasidagi mezonni savol ostiga qo‘yadi. Ilmiy matnlarda sun’iy murakkablik muammosi Ona tili faniga oid savollarda ilmiy matnlar asosida tuzilgan topshiriqlarda ba’zan sun’iy murakkablikka duch kelinmoqda. Matnlar haddan tashqari murakkab terminlar va sintaktik konstruksiyalar bilan to‘ldirilgani seziladi. Bunday yondashuv zamonaviy kompetensiyaviy ta’lim talablariga to‘liq mos kelmaydi. Kompetensiyaga asoslangan baholash bilimni “matnni tushuna oladimi, asosiy fikrni ajratib oladimi, xulosa chiqara oladimi?” degan savollarga javob izlaydi. Shuning uchun ilmiy matnlar tabiiy, mantiqiy va yosh xususiyatlariga mos bo‘lishi, savollar esa tushunish, tahlil va qo‘llash ko‘nikmalarini sinashga yo‘naltirilishi lozim. G‘azal tahlili yoki zamonaviy she’riyat? 28–32-savollarning ko‘pincha mumtoz g‘azal tahliliga bag‘ishlanishi ham alohida muhokamani talab qiladi. Mumtoz adabiyotning ahamiyatini inkor etish mumkin emas. Biroq maktab yoshidagi o‘quvchilarning adabiy-matniy tajribasi asosan zamonaviy she’riyat bilan shakllanmoqda. Ular kundalik hayotda aruz vazni, tasavvufiy ramzlar va murakkab tarixiy kontekstga ega g‘azallarga nisbatan kamroq duch kelishadi. Shu bois o‘quvchilar uchun mo‘ljallangan testlarda zamonaviy o‘zbek she’riyati namunalariga kengroq o‘rin berish, she’riy san’atlar va poetik vositalarni zamonaviy janrlar misolida tahlil qilish yanada samarali bo‘ladi. Bu baholash mezonlari bilan o‘quvchilarning real kitobxonlik tajribasi o‘rtasidagi tafovutni kamaytiradi. Adabiyot ro‘yxati milliy, tarbiyaviy va psixologik muvozanatni buzmasligi shart O‘qish tavsiya etilgan badiiy asarlar ro‘yxati ham yosh auditoriyaning psixologik va intellektual xususiyatlarini hisobga olgan holda qayta ko‘rib chiqilishi zarur. Chunki 16–18 yosh oralig‘idagi kitobxonlarning qiziqishlari, dunyoqarashi va ruhiy qabul qilish darajasi o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Tanlangan asarlar nafaqat badiiy qiymati, balki tarbiyaviy va ma’naviy salohiyati bilan ham ahamiyat kasb etishi kerak. Ular yoshlarda Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarga hurmat, an’analarga sadoqat, bag‘rikenglik va ijtimoiy mas’uliyat hissini shakllantirishga xizmat qilishi maqsadga muvofiq. “Otamdan qolgan dalalar” (Tog‘ay Murod), “Lolazor” (Murod Muhammad Do‘st), “Qiyomat” va “Asrga tatigulik kun” (Chingiz Aytmatov) kabi asarlar yoshlarning ma’naviy tafakkurini rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi va aynan bu asarlarning ro‘yxatdan joy olgani alohida tahsinga loyiq. Shu bilan birga, Frans Kafkaning “Evrilish” yoki Yuy Xuaning “Yashamoq” asarlari kabi falsafiy jihatdan og‘ir, absurd va pessimistik kayfiyat beruvchi, ma’lum hayotiy tajribani talab qiluvchi badiiy ijod namunalarini o‘smir yoshlar uchun tavsiya etishda ehtiyotkor bo‘lish maqsadga muvofiq. Asarning bestseller qiymatga ega bo‘lishi uni barcha yosh vakillari o‘qishi mumkinligini anglatmaydi. Qolaversa, ayrim asarlar 18+ kategoriyaga ega ekanini ham inobatga olish zarur. Xulosa o‘rnida ta’kidlash o‘rinliki, milliy sertifikat imtihonlari O‘zbekiston ta’lim tizimida sifat nazorati vositasi sifatida katta salohiyatga ega. Biroq test savollarini tuzishda adabiyotshunoslik mezonlari, yosh psixologiyasi, kompetensiyaviy yondashuv va kitobxonlik madaniyatini hisobga olish baholash sifatini yanada oshiradi. Bu masalalar bo‘yicha adabiyotshunoslar, metodistlar, psixologlar va amaliyotchi o‘qituvchilarning keng muhokamasi ta’lim sifatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi. Unutmaylikki, har qanday baholash tizimining asosiy maqsadi bilimni o‘lchash emas, balki bilim va kompetensiyalarni rivojlantirishga ko‘maklashishdir.
3.6.2026 338
Ilm-fan va ta’lim-tarbiya rivoji dunyo tamaddunlariga asos. Tinchlik va farovonlik hukum surgan jamiyatda esa ilm-fanga rag‘bat va yosh avlod ta’lim- tarbiyasiga e’tibor kuchayadi. Bu muhit tabiiy ravishda ilm va ma’rifat ahlini o‘ziga ohanrabodek tortishi haqiqat. Bugungi kunda yurtimizda Uchinchi Renessans poydevorini bunyod etish borasida uzluksiz ta’lim tizimi, xususan, oliy ta’lim va ilm-fan sohasini modernizatsiya qilish, xalqaro akademik integratsiyani kuchaytirish borasidagi izchil islohotlar o‘z samarasini bermoqda. Bunda ayniqsa, xizmatlar ko‘rsatish sohalarini ham o‘zaro integratsiya qilgan holda davlat xizmatlarini raqamlashtirish bo‘yicha amaliyotga tatbiq etilayotgan yangiliklar e’tiborlidir. Ana shunday muhim qadamlardan biri sifatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 9-apreldagi 161-son qarori bilan «Xorijiy davlatlarda ilmiy daraja olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning Ma’muriy reglamenti» tasdiqlandi. Mazkur hujjat xorijiy mamlakatlarda falsafa doktori (PhD), fan doktori (DSc) va ularga tenglashtirilgan ilmiy darajalarni olgan shaxslarning huquqiy maqomini aniq belgilash, davlat xizmatlarini soddalashtirish va jarayonlarni raqamlashtirishga qaratilgan.Yangi reglamentning asosiy vazifasi xorijiy davlatlarda olingan ilmiy darajalarni tan olish jarayonini shaffof, raqamli va yagona mexanizm asosida tashkil etishdan iborat. Bunda davlat xizmati to‘liq raqamlashtirildi; murojaatlarni onlayn qabul qilish yo‘lga qo‘yildi; hujjatlarni ko‘rib chiqish bosqichlari aniq belgilandi; talabgorlarning huquqlari kafolatlandi; qarorlar yuzasidan apellyasiya berish mexanizmi takomillashtirildi. Avvalgi tartib qanday edi? Xorijiy mamlakatlarda falsafa doktori (PhD), fan doktori (DSc) va ularga tenglashtirilgan ilmiy darajalarni nostrifikatsiya qilish yuzasidan murojaat qilingandan so‘ng hujjatlar o‘rganilishi holatini onlayn kuzatish imkoniyati cheklangani talabgorlarda ko‘plab savolarni yuzaga keltirgani rost. “Hujjatlarimda kamchilik yo‘qmikan?”, “yana qanday talablar qo‘yilishi mumkin?”, “qachon tasdiqlanadi?”, “tasdiqlanmasa qayta murojaat qilish mumkinmi”,... kabi savollar ochiq qolgani bois qaror qabul qilish jarayonlari aholi uchun yetarli darajada ochiq emasdi. Murojaatchilar uchun qulay elektron xizmatlar ko‘rsatish tizimi faoliyati to‘liq yo‘lga qo‘yilmagani esa yana ortiqchi tashvishlar tug‘dirgani tabiiy. Natijada ayrim holatlarda hujjatlarni taqdim etish, ularning ko‘rib chiqilishini kuzatish va natijani olish jarayoni ortiqcha vaqt va tashkiliy xarajatlarni talab qilardi... Yangiliklar va afzalliklar nimada? Bugungi kunda yurtimizning barcha tuman, shaharlarida faoliyat ko‘rsatayotgan Davlat xizmatlari markazlari orqali tegishli hujjatingizni ham nostrifiqatsiyalash bo‘yicha xizmat ko‘rsatish mexanizmi to‘liq shakllandi. Eng muhim yangiliklardan biri xorijiy davlatlarda olingan ilmiy darajalar to‘g‘risidagi hujjatni nostirifikatsiyadan o‘tkazish xizmatining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatilishi hisoblanadi. Endilikda talabgor uyidan chiqmagan holda mazkur masala bo‘yicha davlat idorasigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilishiga imkoniyat yaratildi. Bunda talabgor hujjatlarini elektron shaklda yuborishi; ko‘rib chiqish jarayonini onlayn kuzatishi; qabul qilingan qarorni elektron shaklda olishi mumkin. Bu davlat xizmatlarini inson omilidan xoli qilishga va ortiqcha byurokratik jarayonlarni qisqartirishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir. Ikkinchidan, murojaatchilar uchun qulayliklar kengaydi. Endi yangi tartibga muvofiq murojaatchi davlat xizmatlari markazi orqali yoki mustaqil ravishda YAIDXP orqali hujjatlarini nostirifikatsiyalash yuzasidan murojaat qilishi mumkin. Ahamiyatlisi, bunda mamlakatning istalgan hududida yashovchi shaxslarga teng imkoniyat yaratiladi.Yana bir muhim jihat, yangi tartibga ko‘ra ortiqcha hujjat talab qilish taqiqlandi. Ya’ni, Reglamentda talab qilinadigan hujjatlar aniq belgilab qo‘yilgan bo‘lib, mazkur ro‘yxatdan tashqari ma’lumot yoki hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi. Bu esa korrupsiyaviy omillarni kamaytirishga xizmat qilishi tabiiy. E’tiborlisi, mazkur jarayonda xizmat ko‘rsatish muddatlarining aniq belgilangani ham ahamiyatlidir. Yangi tartibda har bir bosqich uchun muayyan muddatlar ko‘rsatilgan. Jumladan, hujjatlarni tekshirish, tashqi tasdiqlash ishlari, ekspert xulosasini tayyorlash va qaror qabul qilish jarayonlari uchun aniq vaqt chegaralari o‘rnatildi. Bu murojaatchilarning aniq muddat bo‘yicha huquqiy talabini kafolatlaydi.Yangi reglamentga ko‘ra, tegishli talablarga muvofiq olingan ilmiy daraja to‘g‘risidagi diplomlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olish instituti ham kengaydi. Bunda eng muhim afzalliklaridan biri ayrim holatlarda ilmiy darajalarni ekspertizasiz tan olish mexanizmi aniq belgilandi. Xususan, xalqaro reytinglarda 300-o‘ringacha bo‘lgan nufuzli universitetlar; davlat dasturlari asosida xorijda tahsil olganlar; «El-yurt umidi» jamg‘armasi orqali o‘qiganlar uchun soddalashtirilgan tartib joriy qilindi. Bu ilmiy kadrlarning mamlakatga qaytishi va o‘z faoliyatini tez boshlashini ta’minlashga xizmat qilayotgani bilan yanada ahamiyatlidir. O‘z o‘rnida ta’kidlash joizki, avvalgi amaliyotda asosiy e’tibor qog‘oz hujjatlarga qaratilgan bo‘lsa, endi tan olish to‘g‘risidagi guvohnomaning elektron shakli ham rasmiy yuridik kuchga ega bo‘ldi. Bu holat hujjat yo‘qolishining oldini olish, tekshirish jarayonlarini yengillashtirish, elektron hukumat tizimi bilan integratsiyani ta’minlamoqda. Yangi tartibga ko‘ra murojaatchilarning huquqlarini himoya qilish maqsadida aniq apellyasiya tartibi belgilangani ham alohida e’tirofga loyiq. Endi talabgor hujjatlari qaysidir bosqichda tushunarsiz sabablarga ko‘ra ko‘rilmaganda ikki oy ichida apellyasiya berishi, mustaqil Apellyasiya komissiyasi tashkil etilishini talab qilishi mumkin bo‘ldi. Shunda ham e’tirozlar yuzaga kelsa, ish sud tartibida ko‘rib chiqilishga huquqiy asoslar yaratildi. Ushbu tartib-qoidalar qarorlarning adolatli qabul qilinishiga xizmat qiladi. Inson kapitali harakatchanligiga rag‘bat kuchaydi Mazkur qaror bir vaqtning o‘zida bir nechta strategik vazifalarni hal qiladi. Birinchi navbatda, u O‘zbekistonning xalqaro akademik makonga integratsiyasini kuchaytirishga xizmat qilishi shubhasiz. Ya’ni, hozirda xorijda ta’lim olgan olimlar o‘z ilmiy salohiyatini mamlakat rivojiga tezroq yo‘naltirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ikkinchidan, raqamlashtirish hisobiga davlat organlari faoliyatining ochiqligi va hisobdorligi oshadi. Eng muhimi, ilm-fanga qiziquvchi yoshlarda xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinda turgan universitetlarda tahsil olishga ehtiyoj kuchayadi, chunki bunday muassasalarda olingan ilmiy darajalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinishi belgilandi. Bu bilan ilm-fan sohasida inson kapitali harakatchanligi rag‘batlantirilishiga va mamlakatning intellektual salohiyati yuksalishiga sharoit yaratildi. Xulosa sifatida aytish mumkinki, Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 9-apreldagi 161-son qarori xorijiy davlatlarda olingan ilmiy darajalarni tan olish tizimini yangi bosqichga olib chiqqan muhim normativ-huquqiy hujjat hisoblanadi. Avvalgi tartib bilan solishtirganda mazkur reglamentning asosiy ustunliklari sifatida davlat xizmatining raqamlashtirilgani, murojaatchilar uchun qulay mexanizmlar yaratilgani, ortiqcha byurokratik talablar qisqartirilgani, muddatlarning aniq belgilangani, to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olish institutining rivojlantirilgani va apellyasiya mexanizmlarining takomillashtirilganini qayd etish mumkin.Ushbu yangiliklar nafaqat xorijda ilmiy daraja olgan mutaxassislar manfaatlarini himoya qiladi, balki mamlakatning ilm-fan sohasidagi xalqaro raqobatbardoshligini oshirishga ham xizmat qilishi shubhasiz.
19.5.2026 575
Bugun jamiyatda ko‘p oilalar kelin tanlashda uning o‘qimishli va diplomli bo‘lishiga katta e’tibor beradi. Biroq odatda bu diplom ayolning jamiyatdagi faolligi uchun emas, balki oilaning nufuzi yoki bolalarga yaxshi tarbiya berish uchun shunchaki maqom sifatida ko‘riladi. Natijada esa minglab salohiyatli kadrlar mehnat bozoridan uzilib, diplomli uy bekasiga aylanib qoladi. Bunday holat odatiy, lekin bu nafaqat ayol kishining o‘ziga, butun jamiyat va iqtisodiyotga ham ta’sir qiladigan muhim masala. Bizda ayol uyda bo‘lishi kerak, degan fikr bor. Uy ishlari va bola tarbiyasi deyarli to‘liq ayol zimmasida. Ish va uy yumushlarini birdek olib borish esa jismonan va ruhan juda ogʻirlik qiladi, natijada ayol tanlov oldida qolganda oilani tanlashga majbur boʻladi. Aksar oilalarda ayolning ishlash-ishlamasligini oila a’zolari hal qiladi. Oqibat esa yaxshi bir mutaxassis uyda qolib ketadi. Ayollarni maishiy yumushlarga mas’ul deb qarash deyarli barcha jamiyatlarga xos. “UN Women” ma’lumotiga ko‘ra, ayollar har qanday holatda erkaklarga qaraganda bir necha barobar ko‘proq vaqtni uy ishlariga sarflaydi. Muammo faqat oilada ham emas, ijtimoiy infratuzilma masalasi ham asosiy sabablardan. Deylik, bolalar bogʻchasi muammosi: kichik yoshdagi bolalarni ishonchli va sifatli bogʻchaga berish imkoniyati hamma yerda ham mavjud emas. Xususiy bogʻchalar qimmat boʻlishi, davlat bogʻchalarida esa joy yetishmasligi ayolni farzandi bilan uyda qolishga undaydi. Yana bir muammo – maosh va xarajatlar nisbati: ba’zan ayolning oladigan oyligi bogʻcha puli, yoʻl xarajati va tushlikdan ortmaydi. Bunday holatda ishlagandan koʻra uyda oʻtirgan foydaliroq degan xulosa kelib chiqadi. Jahon Bankining 2024-yilgi “O‘zbekistonda gender tengligi tahlili”ga ko‘ra, ayollar o‘rtasidagi ish haqi va bandlikning pastligi iqtisodiy o‘sishga salbiy ta’sir ko‘rsatib, kambag‘allikni kuchaytiryapti. Agar xotin-qizlar iqtisodiy faoliyatda erkaklar bilan birdek ishtirok etsa, O‘zbekistonda YIM 29 foizga oshadi. Ayollarning erkaklar bilan bir xil maosh olishini ta’minlash esa 700 mingdan ortiq odamni kambag‘allikdan chiqarishga yordam beradi. Ikki kishi ishlaydigan oilada daromad koʻproq boʻladi. Bu esa bolalarga yaxshi taʼlim berish, sifatli ovqatlanish va yaxshi sharoitlarda yashash imkonini beradi. Ayolning mehnati toʻgʻridan toʻgʻri oila farovonligini oshiradi. Agar jamiyatning yarmini tashkil qiluvchi ayollar ishlamasa, davlat oʻzining 50 foiz intellektual va mehnat salohiyatidan foydalanmayotgan boʻladi. Taʼlim va tibbiyot kabi sohalarni ayollarsiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Oliy ma’lumotli ayolning uyda oʻtirishi esa davlat u uchun sarflagan resurslarining isrof boʻlishidir. Maktabda yaxshi oʻqituvchi yoki shifoxonada malakali shifokor yetishmasligi aynan shu sababli ham yuzaga keladi. O‘zbekistonda erkaklar va ayollar bandligini solishtirganda, ko‘rsatkichlar o‘rtasida sezilarli farq (gender tafovuti) borligi ko‘rinadi. 2024-2025-yillardagi so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, asosiy farqlar quyidagilarda namoyon bo‘ladi. 25–34 yoshdagi ayollarning faqat 56 foizi ish bilan band. Umumiy iqtisodiy faollik ko‘rsatkichi esa 39,4–41,2 foiz atrofida. Xuddi shu yoshdagi erkaklarning 93 foizi ishlaydi. Iqtisodiy faollik darajasi esa 73,9 foizni tashkil etadi. Erkaklar mehnat bozorida ayollarga qaraganda ancha faolroq. O‘zbekistonda ayollar erkaklarga qaraganda o‘rtacha 34–39 foiz kamroq maosh oladi. Dunyodagi o‘rtacha farq 20 foiz bo‘lsa, bizda bu ko‘rsatkich deyarli ikki barobar yuqori. Ilg‘or mamlakatlarda tafovut oʻrtacha 11-12 foizni tashkil qiladi. Turkiya (36,31 foiz) va Hindiston (34,4 foiz) kabi davlatlarda ayollar bandligi nisbatan past boʻlib, bu borada Oʻzbekiston koʻrsatkichlariga yaqinroq turadi. Dunyo miqyosida ayollar iqtisodiy faolligining oʻrtacha darajasi taxminan 47–49 foizni tashkil etadi, erkaklarda esa bu koʻrsatkich 72 foiz atrofida. Islandiya, Norvegiya va Shvetsiya kabi mamlakatlar dunyoda eng yuqori bandlik darajasiga ega. Masalan, Islandiya gender tengligi boʻyicha ketma-ket 15 yildirki dunyoda 1-oʻrinni egallab kelmoqda. Bu mamlakatlarda ayollarning ish bilan bandlik darajasi 75-80 foizdan yuqori. Botsvana, Gonduras, Filippin kabi davlatlarda esa rahbarlik lavozimlarining 50 foizdan ortigʻini ayollar egallaydi. Rossiyada ham korporativ rahbarlikda ayollar ulushi yuqori: taxminan 44-45 foiz. Yevropa Ittifoqi davlatlarida ayollar bandligi oʻrtacha 70,8 foizni, erkaklarda esa 80,8 foizni tashkil etadi. Yaʼni farq bor-yoʻgʻi 10 foiz atrofida (Oʻzbekistonda 25–34 yoshlilar orasida bu farq 37 foizni tashkil etadi). Ko‘pgina davlatlarda, ayniqsa, Yevropada ayollar bandligini oshirish uchun moslashuvchan ish soatlari va masofaviy ish keng joriy etilgan. Shuningdek, otalar uchun majburiy tugʻuruq taʼtili tizimi ayolning ishga tezroq qaytishiga va karyerasini yoʻqotmasligiga yordam beradi Yuqorida sanalgan davlatlarning O‘zbekistonga qaraganda ayollar bandligi yuqori bo‘lishining bir nechta asosiy sabablari bor. Skandinaviya va Yevropa davlatlarida davlat bog‘chalari tizimi juda mukammal rivojlangan. Bolani bog‘chaga berish muammo emas va xizmat sifati yuqori. Bu onalarga bola tug‘ilgandan so‘ng qisqa vaqt ichida ishga qaytish imkonini beradi. Yuqori bandlik kuzatiladigan davlatlarda ayollar va erkaklar uchun teng ish haqi va teng imkoniyatlar qonun bilan qat’iy himoyalangan. Ish beruvchilar ayol kishini “Ertaga tug‘uruq ta’tiliga ketadi”, deb ishga olishdan qochmaydi. Islandiya yoki Shvetsiyada bola tug‘ilganda onadan tashqari otaga ham majburiy pullik ta’til beriladi. Bu oilaviy majburiyatlarni teng taqsimlashga va ayolning karyerasida katta uzilish bo‘lmasligiga yordam beradi. Rivojlangan davlatlarda yashash xarajatlari yuqoriligi sababli oila byudjetini shakllantirishda ikki kishining ishlashi zaruriyatga aylangan. O‘zbekistonda esa ko‘p hollarda bir kishi (erkak) topadigan daromad butun oilani boqishiga yo‘naltirilgan iqtisodiy model ustunlik qiladi. O‘zbekistonda ayollar bandligini oshirish va iqtisodiy mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha asosan nimalarga e’tibor berish kerak? Jahon Banki va Xalqaro Mehnat Tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, ayollar va erkaklarning mehnat bozorida teng ishtiroki davlat iqtisodiyotining sezilarli o‘sishiga xizmat qilishi mumkin. Shu sabab dunyoning rivojlangan davlatlari gender tengligini faqat qonuniy huquqlar bilan emas, balki amaliy imkoniyatlar orqali ta’minlashga harakat qilmoqda. Bugungi xalqaro tajriba ko‘rsatadiki, ayollar bandligini oshirish uchun eng avvalo ularning kundalik yuklamasini kamaytiradigan tizim kerak bo‘ladi. Skandinaviya davlatlari tajribasi aynan shu jihati bilan ajralib turadi. Islandiya, Shvetsiya va Norvegiya kabi mamlakatlarda ayollar bandligining yuqori bo‘lishi “g‘amxo‘rlik iqtisodiyoti” bilan chambarchas bog‘liq. Sifatli va arzon bolalar bog‘chalari ayollarning mehnat bozorida faol bo‘lishiga imkon yaratadi. Chunki ko‘plab jamiyatlarda ayollarning ish faoliyatidan chekinishiga aynan uy yumushlari va parvarish mas’uliyati sabab bo‘ladi. Shu bilan birga, rivojlangan davlatlar tajribasi gender tengligi faqat ayollarga yaratiladigan imkoniyatlar bilan cheklanmasligini ham ko‘rsatadi. Masalan, erkaklar uchun ham ota-onalik ta’tilining joriy etilishi oiladagi mas’uliyatni muvozanatlashtirishga xizmat qiladi. Bu esa bolalar parvarishi va uy yumushlari faqat ayolning zimmasidagi vazifa degan eski stereotiplarning asta-sekin kamayishiga olib keladi. Zamonaviy iqtisodiyotda masofaviy va moslashuvchan ish tizimlari ham ayollar bandligini oshirishning muhim vositasiga aylangan. Ayniqsa, yosh bolali ayollar uchun moslashuvchan grafik asosida ishlash imkoniyati katta ahamiyatga ega. Bu ularga oilaviy majburiyatlarni saqlab qolgan holda daromad topish va oila budjetiga hissa qo‘shish imkonini beradi. Umuman olganda, xalqaro tajriba ayollar bandligini oshirish masalasi alohida bir soha emasligini ko‘rsatadi. Bu ta’lim, mehnat bozori, ijtimoiy himoya, oilaviy siyosat va jamiyatdagi stereotiplar bilan chambarchas bog‘liq kompleks masala.
19.5.2026 521
Muqaddima Haqiqiy yozuvchi-shoirlar haqiqatni yozishni xush ko‘radi. Dunyoning qaysi bir chetidagi adolatsizlik ularga xuddi o‘zining uyida ro‘y berayotgandek tuyuladi. Qaydadir adolatning barqarorligi yoki g‘alabasi ularning ruhiyatini ko‘taradi. Ular uchratgani har bir yaxshi odamning muvaffaqiyatidan quvonadi, odamlarning muammolari esa ularning ham muammosiga aylanadi. Ular – vatanparvar. Har holda O‘zbekistonda xuddi shunday. Vatanning gullab-yashnashi, ijobiy o‘zgarishlar har bir fuqaroning hayotini yuksaltirish sari qo‘yilgan qadam ekanini teran his qiladilar, kayfiyatlari ko‘tariladi. Xudoga ming shukrki, bu o‘zgarishlar har soatda, har kuni ro‘y berib turibdi. Butun mamlakat harakatda. Eng muhimi, bu islohotlar jaydari tusda emas, balki jahonning eng ilg‘or texnologiyalari asosida olib borilmoqda. Sharoitlar yaratilgani tufayli investitsiyalar bemalol kirib kelyapti. Rivojlanish shiddati butun mamlakatni qamrab olgan. Qalam ahli bu va ko‘plab boshqa yutuqlardan boxabar. Muammolarni bartaraf etish yo‘lidagi sa’y-harakatlarni ham mudom sezib turadi. Yaqinda bir guruh ijodkor do‘stlar bilan qo‘shni do‘st mamlakatda safarda bo‘ldik. Bir kech o‘z-o‘zidan badiha davra tuzilib, suhbat gurullab ketdi. Avval mezbon mamlakatni O‘zbekiston bilan taqqos qila boshladik. Baravariga “Biz oldinga ketibmiz” degan xulosaga keldik! Bugungi O‘zbekiston haqida gaplashdik. Men yetmish olti yil umr ko‘rganimni, ammo xalqimiz hech qachon bunday yayrab yashamaganini aytib qoldim. Davradagilar bu gapimni ham bir og‘izdan tasdiqladi. Ha, shunday! Hech qachon bunday yashamaganmiz! Yuraklarni faxr bilan to‘ldirgan bu e’tiroflar qachon ko‘nglimizni to‘ldirdi? Axir biz e’tirof etgan yutuqlar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgani yo‘q-ku! Uning ortida kimning mehnati-yu zahmati, betinim harakati yotibdi? Mamlakatimizning barcha hududida yoyilgan bunyodkorlikka kim g‘ayrat-shijoat bag‘ishlayapti? Bu savollarga javob bitta: bu olamshumul zafarlarning ortida bir kishining, ha, bir kishining – O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning fidokorligi turibdi. Oz emas, ko‘p emas, Yangi O‘zbekistonni qurmoqchi bo‘lgan shu azamat insonning misli ko‘rilmagan fidokorligi! Men bu inson haqida ko‘p o‘yladim. Oxiri bu odam haqida yozmasam adolatdan bo‘lmas ekan, degan qarorga keldim. Yo‘q, xushomad qilish niyatim yo‘q. Nimaga xushomad qilaman? Yoshim bir joyga borgan bo‘lsa, mukofot-u unvonlarni ham hech kimga likillamay olgan bo‘lsam... 1 Bu islohotlar boshlanganda mamlakat qay ahvolda edi? Odamlar qanday yashayotgan edi? O‘zimning boshimdan o‘tkazganlarimni bir eslay. Men ko‘p qavatli uyda yashayman. Uyimiz necha-necha qishlar bo‘yi isimasdi. Bir farzandim keyinchalik “Shu uyda bir umr sovuq qotib ulg‘aydik”, deb esladi. Nafaqaga chiqdim. “Ishlasang, nafaqangning yarmi to‘lanadi”, deyishdi. Nima deyman? Xo‘p-da... Ko‘pga kelgan to‘y. Maosh hemiri. Yarim pensiyaga qo‘shib, oydan oyga arang yetkazamiz. To‘lov plastik kartasi bilan bog‘liq mashmashalarni-ku aytmay. Do‘konga borasan. Kerakli molning narxini so‘raysan. “Naqd olsangiz, sakson so‘m, plastik karta bilan to‘lasangiz, yuz...” Denovda, bozorning naq o‘rtasida “plastik kartadagi pulni naqdga almashtirish punkti” ochildi. O‘sha bezbet shaklda: yuz so‘m yechib olishsa, sakson so‘m qo‘lingga berishadi. Eng dahshati, bu “punkt”ni bunday hollar yuz bermasligini nazorat etuvchi tashkilotlarning odamlari yuritdi. Dodingni kimga aytishni bilmaysan... Bu lo‘ttibozliklar butun xalq ko‘z o‘ngida ro‘y berdi. Hech kim miq etolmadi. Qo‘rquv. Bu qo‘rquvdan yaralgan taqdirsizlik – ertani o‘ylashdan cho‘chish mudom yelkadan toshday bosib turdi. Qarz ko‘tardim. Dollarda qarz berganlarga dollarda qaytarib berish kerak. Bank kassalarining yoniga ham borolmaysan. Banklar dollarni sotuvga chiqarib, o‘zi sotib olib yotibdi. Odamlarini qo‘yib qo‘yishgan – allaqanday shang‘i xotinlar... Bozorga borasan. Har qadamda “dollarchi”lar shaykasi... Dollarning narxi rasmiy kursdan ikki barobar baland. Ko‘r bo‘lib olasan. Surxondaryoda g‘alla yetishtirgan bir tadbirkor menga uchrashib, g‘allasini topshirganini, ammo haqini yeb ketishganini aytdi. Men bir-ikki amaldorga aytgan bo‘ldim. Biror natija chiqmadi. Tadbirkor shu xo‘rlikning jabridan o‘lib ketdi... U-bu joylardagi o‘zgarishlar odamlarning dasturxoniga yetib kelmadi. Mamlakatni firibgarlar bosdi. Bu ishga qarshi kurashishi zarur bo‘lgan tashkilotlar davlat ichida davlat tuzdilar. Odamlar ustidan zo‘ravonlik joriy etildi. Masalan, Surxondaryoda xavfsizlik xizmati allaqanday fashistik (boshqa so‘z ularning qilmishini ifodalab berolmaydi) tizim o‘rnatdi. Odamlarni pashsha o‘rniga ko‘rmadilar. Xo‘rladilar, mulklarini tortib oldilar, misli ko‘rilmagan qiynoqlarga soldilar, o‘ldirib ham yubordilar. Qiynoqlarning Stalin zamonida kechgan usullarini qo‘lladilar. Ularni yanada yangi “pog‘ona”larga ko‘tardilar. – Tirnoqlarimni sug‘urib oldilar, – deb zorillab eslaydi ularning qo‘liga tushgan bir begunoh. – Hammasini baravar sug‘ursalar ham mayli edi, har kuni bittasini sug‘uradilar... Hatto hokimlarga ham tazyiq o‘tkazildi. Bu yurtda ular ham ishlashdan bezib qoldi. Noiloj ishdan ketish haqida ariza yozdilar. Mustaqillikdan odamlarning ko‘ngli qola boshladi. Bitta-yarim tanishlar menga ham ta’na qila boshladi: “Ana siz orzu qilgan istiqlol...” Rosti, men ham bebaxt yashadim. Gazeta-jurnallarda yozganlarimni nashr etish nari tursin, ism-familiyamni ham o‘chirib tashlaydigan bo‘lishdi. Men nima qilgan edim? Bir ko‘rsatuvda “Birovlar harom-xarish yo‘l bilan pul to‘playapti. Payti kelgach, pulini ko‘tarib, xorijga jo‘nab ketadi”, degan rost gapni aytgan edim xolos. Bu ko‘rsatuv tufayli televideniyedagi necha-necha ijodkorlar jazolandi, ishdan ketdi... Tan olaylik, mustaqillikning ilk davrida yangi tizimli mamlakatni bunyod etish, nochorlikdan qutulish uchun birqadar qattiqqo‘llik ham zarur edi. Ammo mamlakat rivojlanib borgani sari bu qattiqqo‘llik o‘rnini adolat o‘lchamlariga mos yo‘riqlar asta-asta egallab borishi kerakligi ham barchaga ayon edi. Biroq bunday bo‘lmadi. Chunki eng tepadagi odam ham nayrangbozlarning qo‘lida asirday yashadi. Joylarda ro‘y berayotgan, hatto o‘z oilasida ro‘y berayotgan voqealardan ham g‘aflatda qoldi. Barcha adolatsizliklar sir tutildi. Yuqorida yozganlarimni hech kim rad etolmaydi. Ularni bor bo‘yicha ko‘rsatish uchun esa necha jildlab kitoblar yozilsa bo‘ladi. Men faqat boshimdan o‘tkazganlarimning va tug‘ilgan yurtim Surxondaryoda ro‘y bergan mash’um voqealarning bir qisminigina eslayapman. Avj olgan muammolarni bartaraf etish yo‘llarini hech kim bilmasdi. Biroq Parvardigor bilguvchidir! U mamlakatni rivojlanish sari yo‘naltirish uchun nima qilish kerakligini aniq bildi. Mamlakat Prezidentligiga Shavkat Miromonovich Mirziyoyev saylandi va… birdan mo‘jizalarga o‘xshash hodisalar ro‘y bera boshladi. Aytib o‘tganim ko‘rgiliklar bitta-bitta yechimini topib ketaverdi. To‘lov plastik kartalari risoladagiday ishlay boshladi. Pensiyalar to‘liq beriladigan bo‘ldi. Banklar yangicha ishlash tizimiga o‘tdi: xohlasalaring, mana so‘m; istasalaring, dollar, marhamat... Surxondaryodagi odam qiyofasidagi hayvonlar ham jazosini oldi. Ammo bu yechimlarni topish uchun qanchalar sabot va jasorat kerak bo‘lgani faqat va faqat Shavkat Miromonovichning bir o‘ziga ayon. Axir qalamga olganim hodisalardan tashqari uning zimmasida yana qancha-qancha tashvishlar bor edi. Birgina Surxon xalqini zor qaqshatgan mustaqillikning zararkunandalari shaykasini tugatish naqadar qiyin bo‘lganini tasavvur qilaman. Axir ular osmondan tushmagan, bu gumrohlarni Toshkentdagi martabasi baland, beli baquvvat, birovni nazar-pisand qilmaydigan homiylari qo‘llab-quvvatlab turardi. Bu jinoyatchilar to‘dasining ko‘lami juda katta – bir-biri bilan zich bog‘lanib ketgan; xalqning manfaati degan muqaddas tushunchani tushida ham ko‘rmagan, odamlar hayotini xasdan ham arzon bilgan bedavolardan iborat edi. Avval mana shu to‘daning boshi kesildi. Bu ish oson bo‘lmadi. Bo‘shangroq bir odam bo‘lganda ular bilan murosai madora etib ketaverardi. Ammo Shavkat Miromonovich bunday qilishni o‘ziga ep bilmadi. Chunki o‘rtada Vatan, xalq taqdiri bor edi. Bo‘lajak Vatanni bunday to‘dalarga panja orasidan qarab emas, balki bu toifa noqislardan tozalab, pokiza niyat va ezgu harakatlar bilan yaratish lozimligini Shavkat Miromonovich mudom teran his etib turardi. Vatanni halol odamlar yaratishini bu inson juda teran tushunadi. Qotillik illati yuqqan bu kaslardan el-yurt ozod qilindi. Avval “tepa”dagi, keyin pastdagi qatlam ildizi bilan sug‘urib tashlandi. Bu gaplar aytishga oson... Mamlakatimiz tarixida bu voqealar kimgadir juda kichik epizod bo‘lib tuyular, ammo Vatanni xalqning boshiga chiqib olgan bunday jirkanch to‘dalardan ozod etish uchun rahbarimizga qanchalar matonat va qat’iyat kerak bo‘lganini bir tasavvur qilib ko‘ring! Esimda: bu voqealar nihoyasiga yetkazilgach, Prezidentimiz Surxonga tashrif buyurib, “Surxondaryo xalqi, endi ozodsan!” deb elga murojaat etgan edi. Haqiqatan Surxondaryo erkin nafas oldi. Men faqat yaxshi bilganim – Surxondaryo haqida yozyapman. O‘zbekistonda esa o‘n to‘rtta ma’muriy-hududiy birlik bor. Prezidentimizning ulardagi muammolarni hal etishdagi mardonavor sa’y-harakatini qalamga olish uchun esa bu maqola kichiklik qilishini sezib turibman. 2 Odamlar yaxshilikka tez ko‘nikadi. Bir-ikki “Yaxshi bo‘ldi-ye!” deb quvonadi-yu, keyin xuddi hamisha shunday bo‘lganday o‘tib ketaveradi. Nazarimda, shunday bo‘lgani ham durust! Odamlar odamga o‘xshab yashashni o‘rganyapti! Munosib yashash moʻjiza emas, shunchaki har kuni biz yuzma-yuz duch keladigan voqelik ekaniga ko‘nikib boryapmiz-da!.. Ammo men rivojlanish jarayoni shu qadar jadal borayotganidan baribir quvonaman. Avliyolar, olimlar maskani bo‘lgan Termiz esimni bilganimdan buyon ko‘rimsiz, chang-to‘zonga qorishgan, soya-salqindan yiroq – yopiq harbiy shaharcha edi. Unga kirishning o‘zi ham bir mashaqqat edi: harbiylarning posti o‘rnatilgan, har bir yo‘lovchining pasporti sinchiklab tekshirilar, agar Surxondaryo hisobida bo‘lmasangiz, o‘tib ko‘ring-chi! Mustaqillikdan keyin esa, xabaringiz bor, bunday tekshiruvlar yanada avj oldi. Endi har bir viloyat o‘rtasida sun’iy to‘siqlar – postlar o‘rnatildi. Bu holat xalqimizning mamlakatimiz bo‘ylab erkin harakatlanishiga xalal beradigan ortiqcha mashmasha edi. Pasportni unutgan bo‘lsangiz, bu postlardan o‘tishning yagona yo‘li imkonini topib, bu posbonlarga pora berish edi... Boshqa ilojingiz yo‘q edi. Nazarimda, bu postlar xuddi shunday vaziyat yaratish uchun qo‘yilgan tuzoq edi... Surxondaryoda esa bu holat yo‘lovchini jiddiy tahlikaga soladigan darajada murakkab edi. Viloyatga kirishda – Darband postida xuddi xorijga ketayotganingiz kabi bor-yo‘g‘ingiz tintilar; yuklaringiz esa lentaga solinib, lazerli uskunalar yordamida ko‘zdan kechirilardi. Bu ham yetmagandek, jomadon-u sumkalar ham ochirilib tekshirilardi... Tintuv. Xullas, pora bermasangiz, qutulib bo‘psiz. Termizga va Sariosiyoga kiraverishda yana shu holga duch kelinar edi. Bu to‘siqlarning hammasi Shavkat Miromonovichning bir shashti bilan yo‘q bo‘ldi. Chang-u g‘uborga qorishgan Termiz ham birdan o‘zgara boshladi. Hozir bu shahar ko‘chalarining ikki chetida anvoyi daraxtlar soya tashlab turibdi. Ketgunicha yam-yashil chimzor. Gullar ajib did bilan ekilgan. Yaqinda mehmonxonadan mashinada chiqib, aeroportgacha mana shunday go‘zal – bir qarich ham uzilmagan manzarani oralab, aeroportgacha bordim. Xorijiy kurort shaharchalarni eslatadi. Yangi qurilgan shinam, ko‘rkam imoratlar ham yarashiqli. Menga o‘qituvchilardan biri “Odamlarning uy-joyga ehtiyoji to‘liq ta’minlangan, bir xonadonda ikki-uch oila tiqilib yashashdan qutulgan”, deb qoldi. Amaldor emas, o‘qituvchi aytdi! Termiz esa o‘syapti. Baland-baland binolar qad ko‘taryapti. Hatto shahar erkin nafas rostlab, tiqilmay kengayishi uchun qo‘shimcha yerlar kerakligi ko‘zga tashlanib qoldi. Shavkat Miromonovich bu masalani ham hal qilib berdi, shaharga qo‘shimcha joylar ajratildi. O‘quvchida “Surxondaryoda faqat Termiz gullab-yanayotgan ekan” degan taassurot qolmasligi uchun aytib qo‘yay, viloyatlardagi barcha tumanlar o‘zgacha qiyofa kasb etgan. Chamasi besh-olti yil avval bir guruh san’atkorlar bilan Surxonning shimoliy hududlari sari ketayotgan edik. Yo‘lda bir zum chalg‘ibman. O‘zimga kelib qarasam, bir notanish shaharning yonidan o‘tyapmiz. Ko‘p qavatli uylar, orasida orasta yo‘laklar, daraxtlar, bolalar o‘ynaydigan maydonchalar lip-lip o‘tadi. Qayerga kelib qoldik? Surxondaryoning har bir qarich yerini bilaman. Nahotki tush ko‘rayotgan bo‘lsam? Biroz yurgach, angladim: bu – Denov. Ha, o‘zim boshdan adoq kezib-bilib yurganim Denov! Ey Xudo! Bu shahar ichidagi shahar – moʻjiza qachon, qanday barpo bo‘ldi? Shuncha tezmi? Angladim, bu moʻjiza Prezidentimizning shijoati tufayli bunyod bo‘lgan! So‘ng tasavvur qildim: mamlakatda qancha tuman bor, qancha shahar bor, boringki, mahallalar bor.... Barchasida mana shunday bunyodkorlik ketayotgan bo‘lsa kerak-da! Ketyapti! Butun mamlakatda bunday yoppa bunyodkorlikni qaysi qudrat harakat keltiryapti? Bu savolga javob aniq: Shavkat Miromonovich Mirziyoyev! 3 Men majlislarda kam qatnashaman. Maqsad majlis o‘tkazishdangina iborat bo‘lgan yig‘inlardan o‘zimni tortaman. Ammo yaqin kunlarda ikki majlisda qatnashib, vaqt qanday o‘tganini sezmadim. Zavqlanib o‘tirdim. O‘zbekistonni sevadigan bir vatanparvar sifatida faxr-u quvonchga to‘ldim. Gap Vatanimizning bir bo‘lagi bo‘lgan Surxondaryoning ertasi haqida ketdi. Prezidentimiz viloyatda 2030-yilga qadar amalga oshiriladigan rejalar haqida so‘zladi. Majlisda rejalar haqida shunchaki gapirilmadi, balki uni amalga oshirish uchun puxta, ko‘lamli va aniq tayyorgarlik ko‘rilgani ma’lum bo‘ldi. Masalan, mana bu tarzda: reja loyihasi tayyor, mablag‘ bor (bank boshlig‘i tasdiqlaydi yoxud jahondagi qaysi investor bilan kelishilgani aytiladi), bu rejani amalga oshiradigan tashkilot ham shay turibdi. Ishni qachon boshlash sanasi ham avvaldan aniqlangan. Mutasaddilar yana bir bor majlis ahli oldida axborot berdi. Har bir loyihada qancha ish joyi ochilishi ham ochiqlab borildi. Yuzlab, minglab... Har bir reja haqida so‘z ketganda, shu tartib amalga oshirildi. Biror-bir ishni bajarish orzu sifatida aytilmadi. Aksincha, qat’iy ishonch bilan axborot berildi. Bu rejalarning bir uchi xorijga borib qadalganda esa onlayn tarzda majlisda qatnashayotgan elchilarimiz chet ellik hamkorlar hozir turganini, O‘zbekistondan imo bo‘lgach, shu zahotiyoq uchib borishini ma’lum qildi. Xorijlik hamkorlar ham unday-bunday mamlakatlardan emas – Xitoydan tortib Janubiy Afrika Respublikasigacha! Shavkat Miromonovich hech narsani unutmadi. Prezidentimiz bugun nima ishlarni bajarish lozimligini, ertaga nimani amalga oshirish kerakligini ichki – ongosti tuyg‘u bilan his qilishini shundoq sezib turdim. Katta-yu kichik muammolarning yechimini topishda bir xil mas’uliyat bilan yondashishiga, ba’zan badihalariga ham guvoh bo‘ldim. Majlisdan avval boysunlik kurash bo‘yicha birinchi jahon chempioni Toshtemir polvon Muhammadiyev bilan yosh kurashchilar uchun ochilgan internat haqida suhbatlashgan edik. Majlis so‘ngrog‘ida Prezidentimiz ana shu polvonga murojaat qilib qoldi: – Sening internatingning maktabi yo‘g‘-a? – Yo‘q, – dedi polvon. – Bolalar qayerga o‘qishga boradi? – Shu atrofdagi qishloqlardagi maktablarga. Shavkat Miromonovich ko‘zi bilan zaldan kerakli odamni izlab topdi: – Puling bor-a? – Ha, – deb o‘rnidan qo‘zg‘aldi “kerakli odam”. – Shu polvonning internatiga maktab qurib berolasanmi? “Kerakli odam” jon deb rozi bo‘ldi. – Birinchi sentabrgacha tayyor bo‘lsin! – dedi Prezidentimiz. Zavqlanganimdan sekingina bo‘lsa-da “Voya”, deb yubordim. Axir Shavkat Miromonovichning yelkasida qariyb o‘ttiz to‘qqiz million nufusli xalqning tashvishi turibdi! Mamlakatda eh-he qancha maktab bor! Endi kelib-kelib Prezidentimiz Toshtemir polvonning maktab-internati muammosini eslab o‘tirsa!.. Yig‘inda menga ham so‘z berildi va men bu majlisni surxondaryoliklar uchun bayram deb atadim. Chunki, tushunishimcha, Vatan degan muhtasham imorat rivoji uchun qo‘yilgan har bir g‘isht – bayram. Bugun esa qanchadan qancha g‘ishtlar qo‘yildi! Bu majlisda aytilgan va kelgusida amalga oshiriladigan har bir reja yurt xazinasi qanchalar boyishi, odamlar xonadoniga qanchalar fayz-u baraka olib kirishi haqidagi raqamlarni eslab o‘tirmayman. Chunki ular matbuotda yetarlicha yoritildi. Ammo bir qutlug‘ xabarni aytmasam bo‘lmaydi. Yigirma oltinchi aprelda Boysunga boradigan bo‘ldim. Termizdan keladigan yo‘l manzilga olti-yetti kilometr qolganda yuqoridagi majlisda tilga olingan, bir necha yillardan buyon qurilishi davom etayotgan Darband – Denov trassasiga qo‘shiladi. Biz bo‘lajak trassaga tushdik. Pishiq qilib ishlangan beton yo‘l. Gʻizillab ketyapmiz. Faqat ikki joyda gavarasi ko‘tarilib, qurilishi nihoyasiga yetmagan ko‘priklarni aylanib o‘tdik xolos. Ichimda bir-ikki oyda bitib qolar deb o‘yladim. To‘rt kundan keyin “Boysun bahori” festivalida qatnashish uchun shu yo‘ldan yana o‘tishga to‘g‘ri keldi. Bu safar mashinamiz tayyor bo‘lgan ko‘priklar ustidan g‘izillab o‘tib ketdi! Ha, tayyor bo‘lgan ko‘priklar ustidan! Oradan faqat to‘rt kun o‘tib!.. Yana ruhimni quvonch seli bosdi! Qoyil! Va Termizdagi majlisda aytilgan barcha rejalar o‘z muddatida bajarilishiga ishonchim komil bo‘ldi. Prezidentimiz yig‘in so‘ngida shu taxlit rejalar bilan barcha viloyatga va Qoraqalpog‘istonga borilishini ta’kidlab o‘tdi! Yana mamlakat kelajagini barpo etish yo‘lida ommaviy jadal harakat! Bir zum bo‘shashmaydigan, elga dasturxoniga baraka beradigan rejalar. Bu rejalarning asoschisi Shavkat Miromonovich ham bir zum tinim bilmaydigan, mudom xalq manfaati uchun kuyib-yonadigan inson! Ezgu niyatlariga farishtalar omin deydi! Parvardigor rahmat eshigini ochadi! Men yaqin kelajakda yurtimizning eng ilg‘or mamlakatlar qatoridan o‘rin olishiga ishonaman. Bu ishonchimga qo‘shilmaydiganlar bo‘lsa, Jahon Bankining O‘zbekistonning rivojlanish sur’ati haqidagi raqamlariga murojaat etsin. Bank 2026-yilda mamlakatimiz yalpi ishlab chiqarishi sur’atini 7,7 foiz etib prognoz beryapti. Xorijlik mutaxassislarning fikricha, o‘n-o‘n ikki yildan keyin O‘zbekistonning yalpi ishlab chiqarishi trillion dollardan oshar ekan! Trillion! Bular osmondan olingan emas, aniq faktlar tahlili asosida yuzaga kelgan raqamlar! Ko‘z tegmasin! Uzr, xorijlik mutaxassislarni ham xijolat etib qo‘yyapmiz! Yuqoridagi raqamlarni yozgandan keyin hozirgina o‘qib qoldim: o‘sishimiz sur’ati ularning taxminidan juda yuqori – 8,7 foizdan ziyod ekan! 4 Dunyoning ulug‘ donishmandlari insoniyatni tutib turgan qadriyatlar haqida oxir-oqibat yagona xulosaga kelgan. Insonlar, xalqlar, davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarga o‘zi ham aralashib, ne-ne g‘avg‘olarni boshdan o‘tkazgan Alisher Navoiy bir kuni mana bunday satrlarni bitgan: Olam ahli, bilingizkim, ish emas dushmanlig‘, Yor o‘ling bir-biringizgaki, erur yorlig‘ ish. Bu bayt ma’nosini barcha anglab turgan bo‘lsa ham, mayli, sharhlab qo‘yay: “Dunyo odamlari, – deyapti shoir, – bilib qo‘ying: dushmanlik yaxshi ish emas. Bir-biringiz bilan do‘st bo‘ling, insonga faqat do‘stlik yarashadi”. Shavkat Miromonovich, nazarimda, hali Prezidentlik lavozimiga saylanmasdan oldin ham “dushmanlig‘ ish emas” ekanini chuqur tushungan. Markaziy Osiyodagi qondosh-jondosh mamlakatlar o‘rtasida avj olgan noxushliklarni yuragi achishib kuzatgan. U boshqargan Vazirlar Mahkamasining vazifasi xo‘jalik yuritish bo‘lgani uchun qo‘shnilar bilan munosabatimiz yomonligi tufayli rivojlanish imillayotganini teran his qilgan. Eng muhimi, bu g‘alvalardan odamlar ham azoblanayotganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan. Albatta, shunday bo‘lgan! Shu bois Shavkat Miromonovich mamlakat boshqaruvi jilovini o‘z qo‘liga olgach, bir zum tin olmay, avvalo qo‘shnilar bilan qardoshlik-qarindoshlik rishtalarini tiklay boshladi. Bu ish qancha og‘ir-yengil kechgani faqat shu ezgu niyatli odamning o‘ziga ma’lum. Ammo natija qutlug‘: qo‘shni mamlakatlarga yo‘limiz tushsa, O‘zbekistonning bir fuqarosi sifatida biz ham izzat-hurmat ko‘ryapmiz. Surxondaryo viloyati uchta mamlakat bilan chegaradosh. Sho‘rolar davrida, masalan, Tojikiston bilan O‘zbekiston o‘rtasida chegara bor-yo‘qligi esimizga ham tushmasdi. Termiz yopiq shahar bo‘lgani uchun Dushanbega ham uchib borib, Surxonga o‘tib ketaverardik. Ba’zilar kattaroq bozor-o‘charini Dushanbega borib qilardi... Ammo mustaqillikdan keyin bir muddat o‘tgach, hamma o‘ziga xon, o‘ziga bek bo‘lib oldi. Chegaradan o‘tish ushalmas orzuga aylandi! Hozir tarixga aylangan boshog‘riq bu kunlardan bir shingil voqeani kuni kecha hikoya qilib berishdi. Sariosiyoda yashaydigan bir keksa ayolning Regardagi singlisi vafot etganda jigarining qabrini ziyorat etish uchun sakkiz yil urinib, chegaradan o‘tolmagan ekan. Regar bilan Sariosiyoning orasi, ha, boringki, yarim soatlik yo‘l! Ikki mamlakat o‘rtasida do‘stlik-birodarlik munosabatlari o‘rnatilgach, qarindoshlar bu uzoq ayriliqdan so‘ng yig‘lab-siqtab yuz ko‘rishdi. Dushanbedan shuvullab mashinalar Surxondaryoga keladigan, uch-to‘rt sariosiyolik do‘stlar “Dushanbeni bir aylanib kelaylik”, deb yo‘lga chiqadigan bo‘ldi. Bir qadam yo‘l! Ertalab borib, kechqurun qaytib kelasiz! Tojikistonni boshqa hududlar, qo‘yingki, jahon bilan bog‘lovchi asosiy yo‘llar yurtimiz orqali o‘tadi! Endi bunday imkoniyatlarga ega tojik xalqining xurramligi nechog‘lik bo‘lganini tasavvur eting! Shu sababdan Shavkat Miromonovich bu qo‘shnilarimiz yurtiga tashrif buyurganda Emomali Rahmon sahnadan turib hazil aralash juda zo‘r lutf etgan edi: “Bular, – dedi u zalni to‘ldirib o‘tirgan tojik xalqi vakillariga ishora etib, – sizni mendan ham ortiq yaxshi ko‘radi!”. Mana hurmat! Mana qardoshlik! Prezidentimizning bu tashrifidan so‘ng bir muddat o‘tgach, besh-olti yozuvchi jam bo‘lib, Dushanbega bordik. Maqsadimiz Boysunda tug‘ilgan do‘stimiz, Tojikiston xalq yozuvchisi Sattor Tursun vafoti munosabati bilan Dushanbedagi yaqinlariga hamdardlik bildirish edi. Yoz kunlari. Egnimizda yozlik engil-bosh... Aeroportda esa bizni o‘n-o‘n besh chog‘li kishi – oppoq ko‘ylak, qora kostyum-shim kiygan tojik do‘stlarimiz kutib oldi. Ertasi kuni kutilmaganda Tojikiston Yozuvchilar uyushmasida qardosh adabiyotlarimiz aloqalari haqida konferensiya o‘tkazildi. Yana hamma o‘sha rasmiy kiyimda. Ko‘chada esa yoz... Birodarlar, bu tarzda majlisning nomini izzat-ikrom deydilar! O‘zbeklarga izzat-ikrom! Bizni Surxondaryoga olib ketgani yurtimizdan og‘aynilar kelishdi. Men yo‘lda qanday ketsak bo‘ladi, avtomobillarni haydovchilar qaysi tezlikda haydasa ma’qul; milisalar to‘xtatsa, qanday muomala qilish kerak, deb so‘rab qoldim. Har holda mashinalarimiz raqami O‘zbekistonniki-da! Tojik do‘stlarning javobi meni hayron qoldirdi: – Har qanday tezlikda haydayveringlar! Milisalar to‘xtatmaydi! Prezidentimiz “O‘zbeklar mening mehmonim, ularga hech kim teginmasin”, deb yuqori minbarda aytgan! Qalay? Bu gaplar o‘zbek xalqiga hurmatning eng cho‘qqisi edi. Ikki xalq o‘rtasidagi bu izzat-hurmatning qaytishi, yanada yuqori darajaga ko‘tarilishi Shavkat Miromonovichning jonkuyarligi, samimiy – diplomatik mahorati va insoniy fazilatlari bilan bog‘lik edi. Yaqinda atoqli o‘zbek shoiri Shavkat Rahmon tavalludining 75 yilligini nishonlash uchun O‘sh shahriga bir guruh ijodkorlar bilan yo‘lga chiqdik. Ilgari ham O‘sh safarida bo‘lganman. Chegara mashmashalarini o‘ylab, ko‘nglim xijil bo‘lib borayotgandim. Ammo bezovtalikka o‘rin yo‘q ekan. O‘zbekiston fuqaroligiga oid hujjatlarimizni ko‘rsatib, bemalol o‘tib ketaverdik. Qirg‘izlar ham yurtimizga shunday kirib kelyapti. Bu bemalollikni yaratgan, ikki xalq o‘rtasida ishonch va haqiqiy do‘stlikni qayta barpo etgan insonlarni alqadik. Axir bu ikki qo‘shni xalq o‘rtasidan nimalar o‘tmagan edi! Shavkat Rahmonning yubileyiga bag‘ishlangan ijodiy kecha nihoyatda baland saviyada o‘tdi. Majlisda Qirg‘iziston hukumatining bosh kotibi, nufuzli TURKSOY tashkiloti rahbari, O‘sh shahri hokimi qatnashdi va nutq so‘zladi. Shavkat Rahmon o‘qigan maktabga va shaharning katta ko‘chalaridan biriga shoir nomi berildi. Albatta, bu katta shoir bunday ehtiromga arziydi. Shubha yo‘q. Ammo baribir bu samimiy ehtiromning sababchisi Shavkat Miromonovich ekanini ham har daqiqada his qilib turdik. Kamina Qozog‘iston safarida bo‘lganimda do‘stlarning xuddi shunday mehriga duch keldim. Bir emas, bir necha mukofot bilan taqdirlandim. Hatto xorijiy bir mamlakatning adabiy mukofoti ham qozoq do‘stlarimizning tavsiyasi bilan menga topshirildi. Agar munosabatlarimiz avvaldagiday g‘arazli kechganda, shunday hol ro‘y berarmidi?! Markaziy Osiyo xalqlari o‘rtasidagi bu ittifoqchilikning, bag‘rikenglikning va mehr-u muhabbatning bosh me’mori Shavkat Miromonovich ekanini hozir barcha ko‘rib turibdi. Xorijliklar ham bu mintaqani rivojlanish sari boshlab boradigan kuch sifatida O‘zbekistonga qaramoqda. Men asosan azaliy yaqin qo‘shnilarimiz bilan munosabatlar haqida yozdim. Har kuni o‘zgarayotgan bu chigal dunyodagi boshqa mamlakatlar bilan munosabatlarimiz ham aytishga arzigulik ekanini ta’kidlab o‘tmoqchiman. Masalan, Afg‘oniston bilan yetarli darajada aloqalar o‘rnatganmiz. Axir bu mamlakat orqali okeanlarga chiqish orzumiz bor!.. Hozir shundoq Amudaryodagi ko‘prikdan o‘tib, o‘zbek tuprog‘iga qadam qo‘yilgan joyda “O‘zbekiston – Afg‘oniston chegara oldi savdo hududi” bunyod etilgan. Qator-qator do‘konlar, mehmonxonalar, oshxonalar... Savdo-sotiq avjida. Hudud to‘lib-toshib ketyapti. Prezidentimiz bu hududga yana qo‘shimcha yer ajratish haqida topshiriq berdi. Albatta, bu yon qo‘shnilarimiz ham O‘zbekiston rahbari sha’niga iliq so‘zlar aytgani aytgan... Dunyoda haqiqiy obro‘ga ega bo‘lish oson ish emas. Bu rutbaga iste’dodli, o‘zini ayamay mehnat qiladigan, farosatli, boshqalarning ham manfaatini hurmat etadigan, o‘z mamlakatini ham jonidan yaxshi ko‘radigan siyosiy arboblargina sazovor bo‘ladi. Mana shunday obro‘ga ega bo‘lganlardan biri esa bizning Prezidentimiz – Shavkat Miromonovich! Ha, o‘zimizning Prezidentimiz! 5 Mamlakatimizda ro‘y berayotgan o‘zgarishlarning oqimi juda katta. Ularning hammasi “Men o‘zbekman!” deganlarni quvontiradi. Masalan, keyingi oylardagina ro‘y bergan qator yangiliklar hali-hanuz meni hayratga solib kelyapti. Agar ikki-uch yil avval birov “Barchamizning jonimizga tekkan shu paxtadan sakson-to‘qson sentnerdan hosil olinadi”, desa, kamina “Qo‘ysang-chi”, deb kulishi aniq edi. Ammo xuddi shunday bo‘ldi! Yana qayerda deng? Sirdaryoda! Bu viloyatda talabaligimda paxta terganman. O‘rtacha yigirma sentnerdan hosil olinsa, do‘ppi osmonga otilardi! Endi esa... Odam ishonmaydi. Hatto dehqonlarning o‘zi ham chanoqlar boshdan adoq ochilgan paxtazorga qarab, hayrat bilan gapirganiga guvoh bo‘lganman. Xorijdan urug‘lik keltirildimi? Keltirildi. Ammo o‘zimiz ham qarab turganimiz yo‘q. “Porloq” navli g‘o‘zamiz xorijiy navlardan ortiq bo‘lsa ortiq, lekin kam emas! Bir jumla bilan bilan aytilganda, paxtachilikda inqilob ro‘y berdi! Hayratlanarli yana bir voqea. Olmaliqda 3-mis boyitish fabrikasi ishga tushirildi. Bunday fabrikalar qurilib, ishga tushirilish jarayoni butun jahonda o‘n yilga cho‘zilar ekan. Bizda esa to‘rt yilda (ha, to‘rt yilda!) amalga oshirildi. Bu muddatga hatto o‘zimizning eng katta mutaxassislar ham, amerikalik hamkor ham ishonqiramagan ekan. Mana shu amerikalik endi butun jahonni O‘zbekistonning bu tezkor tajribasidan o‘rganishga chaqirdi. Yana bir hayrat. Faqat men emas, hali o‘zbeklarning necha-necha avlodi g‘ururlanadigan moʻjizaning – Islom sivilizatsiyasi markazining bunyod etilishi. Bu markaz ajib did bilan qurilgan koshona. Devorlarida qo‘l bilan ishlangan naqshlar, butun dunyodan yig‘ib kelingan – ilgari o‘zimizdan olib chiqib ketilgan noyob eksponatlar, Usmon Qur’oni, qadimiy qo‘lyozmalar... Ularni namoyish etish uchun eng zamonaviy texnologiyalarning qo‘llanishi... Shavkat Miromonovich bu markazning qurilishi haqida qiziq tushuntirish berdi: “Bu markazning qurilishida shoshmadik. Sakkiz yilda oxiriga yetkazdik...”. Bu izoh menga juda yoqdi. Chunki navbatdagi bir imorat emas, balki san’at asari qurilayotgan edi! San’at asari yaratilishiga xuddi shunday sabr-toqat bilan yondashiladi! Prezidentimiz mana shu noziklikni anglagan! Xullas, asrlarga tatigulik inshoot dunyoga kelgan. Men internetda bu moʻjizani tomosha qilish uchun borayotgan ikki kishining suhbatini eshitdim. – Sen, – dedi ularning biri imorat bor bo‘yicha ko‘ringach, – Tojmahalni ham ko‘rgansan. Qaysi zo‘r?.. – Bu zo‘r-ov, – dedi hamrohi binoga bir qur nazar tashlab. So‘ng ishonch bilan bir qarorga keldi: – Bu zo‘r! Tamom, vassalom! Bu zo‘r! Bunday bunyodkorliklar haqida yozaversam, ado bo‘lmaydi, shekilli. Bugun internetni ochdim. Mana, tilga olingan yangiliklar: Toshkentdan Xorazmga yoʻl olgan “Jaloliddin Manguberdi” tezyurar poyezdi, Toshkent viloyati markazidan Bekoboddan aylantirilib, Yangiyerga boradigan yangi 111 kilometrli yangi temir yoʻl qurilishi, Samarqandga boradigan yangi tezkor yoʻl, Toshkentdagi yangi aeroportdagi asosiy ishlarning boshlanishi... Nazarimda, hayratlarimning endi cheki boʻlmaydi. So‘ngso‘z o‘rnida Sport ishqiboziman. Ishqibozligimni biladigan Xayrulla degan jurnalist ukam to‘qsoninchi yillarning oxirida bo‘lsa kerak, futbol gazetalaridan biriga intervyu olib qoldi. – Mana, Yaponiya futbol jamoasi jahon chempionati finaliga yo‘llanma oldi, – deb qoldi u. – Biz qachon jahon chempionatiga chiqamiz? – Endi, – dedim men atrofimdagi voqeliklarni bir zum ko‘z oldimga keltirib, – mamlakatimizning Yaponiyaga mengzab rivojlanishini kutamiz-da, ukam. Orzumizga erishdik. Futbolchilarimiz final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Demak... Yaponiyaga mengzab ketyapmizmi? Shunga juda o‘xshaydi. Har holda rivojlanishimiz sur’ati kunchiqar yurtnikidan ancha baland. Ishonchim komil, shunday bo‘ladi! Chunki Vatanimizning bugunini va ertasini yaratishga vatanparvar, xalqparvar, ishbilarmon va adolatli inson bel bog‘lagan! Nazarimda, hayratlarimning endi cheki boʻlmaydi...Foto: Ernest Kurtveliyev, “Til va adabiyot” jurnali arxividan