2276ta natija
26.3.2024 372
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan o‘quvchilarni IT sohasiga qiziqtirish hamda shu yo‘nalishdagi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida "Raqamli avlod qizlari-2024" respublika tanlovi bo‘lib o‘tmoqda.Zamonaviy axborot texnologiyalariga qiziqib borayotgan, bu sohada o‘z iqtidori va salohiyatini dadil namoyon etayotgan qizlar safi tobora ortib bormoqda. "Raqamli avlod qizlari-2024" respublika tanlovi bu borada o‘quvchi qizlarning bilimlarini yanada oshirish, ularning bilim va salohiyatini yuksaltirishdek maqsadlarga qaritilgani bilan ahamiyatlidir. Tadbir joriy yilning 29-martiga qadar davom etadi. Unda offlayn tarzda 200 nafarga, onlayn shaklda esa 3000 nafarga yaqin qizlar qamrab olinmoqda. Bu yilgi tadbirda Digital Art, 3D Modelling, sun’iy intellekt, startap loyihalar, grafik dizayn kabi yo‘nalishlarda gibrid darslar o‘tkazilmoqda. Shuningdek, bu yil ilk bor loyiha doirasida "Liderlar maktabi" yo‘nalishi qo‘shilgan bo‘lib, unda mustaqil loyihalar ustida ishlash hamda IT sohasida xalqaro grantlar yutish haqida ma’lumot berilmoqda. Bugun mashg‘ulotlardan tashqari xorijiy va mahalliy spikerlar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Xususan, "Yangi O‘zbekiston" universiteti professsor-o‘qituvchisi, misrlik Islom Elhadary tomonidan "Ayollarning veb dizayn bilan shug‘ullanishi haqida 5 afsona", Tet-a-tet taraqqiyot asoschisi Tursunoy Usmonova tomonidan “Ayol-qizlar uchun chet elda o‘qish grantlari va dasturlari” mavzularida davra suhbatlari tashkil etildi. Respublika tanlovi mashg‘ulotlarida eng faol qatnashgan qizlar Birlashgan Arab Amirligiga ta’lim sayohatini qo‘lga kiritishlari mumkin.
25.11.2023 1503
Kembrij universiteti tadqiqotchilari ifloslangan yoki dengiz suvidan toza ichimlik suvi va vodorod yonilg‘isi ishlab chiqaruvchi qurilma yaratishdi. Qurilma quyosh energiyasida ishlaydi. Qurilma haqiqiy ochiq suv manbalarida sinalgan. Masalan, Kembrij markazidan oqib o‘tuvchi Kem daryosi suvlari, qog‘oz sanoatining loyqa chiqindi suvlari tozalab ko‘rildi. Sunʼiy dengiz suvi bilan sinovlarda qurilma 154 soatdan keyin ham boshlang‘ich salohiyatining 80 foizini saqlab qoldi. Tadqiqotchilarga ko‘ra, fotokatalizator suvdagi ifloslanishlardan yaxshi himoyalangani va nisbatan quruq saqlangani bois, qurilma uzoq vaqt ishlab berishi mumkin. Ushbu ishlanma uchinchi dunyo mamlakatlarida ichimlik suvi va yonilg‘i muammosini hal etishi mumkin.
7.11.2023 1785
Bir qaraganda jo‘n ko‘rinadigan har qanday narsa ortida mashaqqatli mehnat yotadi. Hozir maktabga ilk qadam qo‘ygan kezlarimizdanoq bizga hamroh bo‘lgan , sumkamizning kichik qismidan joy egallagan katta ixtiro, xat-hujjatlar tayyorlashdagi beminnat ko‘makchi haqida ma’lumot bermoqchimiz. Anglaganingizdek, bugun sharikli ruchkaning tug‘ilganidan to bugungi kundagi rivoji qandayligi xususida so‘z yuritamiz. Inson fikrlar ekan, o‘z tasavvurlarini bayon etishning bir necha usullarini o‘ylab topa boshladi. Ibtidoiy odamlar o‘tkir tig‘li qurollar bilan g‘orlarda o‘z turmush tarzini aks ettirgan bo‘lsa, o‘rta asrlarda pat qalamlar yordamida nodir asarlar yaratildi. XIX asrga kelib sharikli ruchkaning paydo bo‘lishi esa fanda alohida hodisaga aylandi. Sharikli ruchka uchun birinchi patent bundan 135 yil oldin 1888-yil 30-oktabrda Jon J.Loudga berildi. Loudning ruchkasi rozetkadan ushlab turgan kichik aylanuvchi po‘lat sharga ega edi. U qo‘pol yuzalarni belgilash uchun ishlatilishi mumkin bo‘lsa-da, xat yozish uchun juda noqulayligi bois muvaffaqiyatsizlikka uchradi va Loudning patenti o‘z kuchini yo‘qotdi. XX asrning 30-yillarida vengiriyalik gazeta muhariri Laslo Biro qalamlarni toʻldirish va bulgʻangan sahifalarni tozalash uchun koʻp vaqt sarflaganidan hafsalasi pir boʻlib, gazeta chop etishda ishlatiladigan siyohlar tez qurib, qogʻoz quruq va dogʻsiz qolib ketishini payqadi. U xuddi shu turdagi siyoh yordamida qalam yaratishga qaror qildi. Biro yangi sharikli dizaynlar uchun yopishqoq siyoh formulalarini ishlab chiqish uchun kimyodan foydali bilimga ega bo‘lgan tish shifokori – akasi Dyorjidan yordam so‘radi. Biro innovatsiyasi siyohning yopishqoqligini shar-rozetka mexanizmi bilan muvaffaqiyatli birlashtirdi, bu esa siyohning rezervuar ichida quritilishining oldini olish va boshqariladigan oqimga imkon berdi. Biro 1938-yil 15-iyunda Britaniya patentiga ariza berdi. 1941 yilda aka-uka Biro va do‘sti Xuan Xorxe Meyne Germaniyadan qochib, Argentinaga ko‘chib o‘tishdi va u yerda “Argentinaning Biro qalamlari”ni tashkil qilishdi va 1943-yilda yangi patent oldi. Ularning qalami Argentinada “Birome”, Biro va Meyne nomlaridan kelib chiqqan bo‘lib, bu mamlakatda sharikli qalamlar hali-hamon mavjud. Biro patenti va sharikli qalamlarga oid boshqa dastlabki patentlarda ko‘pincha “shartli qalam” atamasi ishlatilgan. Ikkinchi jahon urushidan keyin ko‘plab kompaniyalar o‘zlarining sharikli qalam dizaynini tijoriy maqsadlarda ishlab chiqarish uchun kurashdilar. Urushdan oldingi Argentinada Birome sharikli ruchkasining muvaffaqiyati cheklangan edi, ammo 1945-yil o‘rtalarida mexanik qalamlar ishlab chiqaruvchi Eversharp Co Eberhard Faber Co bilan hamkorlikda Birome kompaniyasidan ishlab chiqarish huquqini Qo‘shma Shtatlarga sotishni litsenziyalashdi. Xuddi shu davrda amerikalik tadbirkor Milton Reynolds Argentinaning Buenos-Ayresiga xizmat safari chog‘ida Birome sharikli ruchkaga duch keldi va tijoriy salohiyatni tan olib, u bir nechta sharikli ruchka namunalarni sotib olib, AQShga qaytib keldi va “Reynolds International Pen” kompaniyasiga asos soldi. Reynolds Amerika patentini olish uchun yetarli dizayn o‘zgarishlari bilan Birome patentini chetlab o‘tib, Eversharp va boshqa raqobatchilarni ortda qoldirib, qalamni AQSh bozoriga taqdim etdi. 1945-yil 29-oktabrda Nyu-York shahridagi Gimbels universal doʻkonida “Reynolds Rocket” kompaniyasi debyuti har biri 12,50 AQSh dollariga (1945-uildagi 1 AQSh dollari qiymati 2022-yilda taxminan 203 dollarga teng bo‘lgan) narxlandi. Reynolds qalamni sotishda katta muvaffaqiyatga erishdi. Gimbels do‘koni bir hafta ichida minglab sharikli ruchklar sotdi. 1946-yilda sharikli ruchka sotuvi eng yuqori cho‘qqiga chiqqan bo‘lsa-da, keyinchalik bozorning to‘yinganligi sababli isteʼmolchilarning qiziqishi pasaydi . Shu sababli 1950-yillarning boshlarida Reynolds kompaniyasi zavolga yuz tutdi. Bundan unumli fodalangan Marsel Bich 1950-yillarda Amerika bozoriga Biro tomonidan litsenziyalangan va Argentina dizayniga asoslangan sharikli qalamni taqdim etdi. Bich 1953-yilda o‘z nomini Bic deb qisqartirdi va hozir butun dunyoda tan olingan Bic sharikli brendiga asos soldi. Bic qalamlari kompaniya o‘zining “Har safar birinchi marta yozadi!” shiori ostida faoliyat yuritadi. Shu bilan dastlab boobro‘ kishilar sotib olishga qodir bo‘lgan, keyinchalik raqobat asosida narxlari stabillashgan, siz-u bizga qadrdon sharikli ruchkaning zamonaviy ko‘rinishi vujudga keldi.
4.11.2023 1634
O‘zbekiston 9 oyda qariyb 2,6 mln dona mobil telefon import qilgan Statistika agentligining dastlabki ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston 2023-yilning yanvar-sentyabr oylarida xorijdan qiymati 178,2 mln AQSH dollariga teng bo‘lgan qariyb 2,6 mln dona barcha turdagi mobil telefonlardan import qilgan. Mobil telefonlar importi 2022-yilning mos davri bilan solishtirilganda 398 361 taga oshgan. O‘zbekiston 2023-yilning 9 oyida eng ko‘p mobil telefon import qilgan davlatlar: — Xitoy – 2,3 mln dona — Vetnam – 223,1 ming dona — Hindiston – 32,5 ming dona — BAA – 7,7 ming dona — Qozog‘iston – 2,5 ming dona
27.10.2023 1769
Bugun, 27-oktabr kuni “ICTWEEK UZBEKISTAN – 2023” axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi mobil aloqa tarmoqlarida abonent raqamini koʻchirish xizmati (MNP) ishga tushirildi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi axborot xizmati xabar berdi. Xizmatning ishga tushirilishi mamlakatimizda faoliyat yuritib kelayotgan mobil aloqa operatorlari oʻrtasida sogʻlom, ijobiy raqobatni yanada kuchaytirish bilan birga ular tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatining oshishiga olib keladi.Uning qulayligi shundaki, endilikda abonentlar mobil aloqa operatorlarining xizmat koʻrsatish sifatiga qarab istalgan kompaniyani tanlashi mumkin.Bu jarayonda mobil aloqa abonentlariga ular boshqa operatorga koʻchganda oʻz abonent raqamini saqlab qolish imkoniyati taqdim etiladi.
19.10.2023 1942
Bugun butun dunyo metr o‘lchov birligidan foydalanadi. Yagona o‘lchovning borligi ko‘plab chigalliklarning oldini oladi. Tasavvur qiling, siz bozordan 10 metr gazlama sotib olishingiz kerak. Lekin bazzoz sizga matoni 10 gaz o‘lchab beradi. Uyga kelib qarasangiz, mato siz kutgandan taxminan 4 metr kalta va bundan xunob bo‘lasiz. Bunda, albatta, gap o‘lchov birligida bo‘lib, shunday chalkashliklarning oldini olish uchun ham o‘lchov birliklari hamma joyda yagona va bir xil bo‘lishi shart. Hozir dunyoning deyarli barcha davlatlarida yagona o‘lchov tizimi – metrdan foydalaniladi. Lekin bu yagona tizim qabul qilinishidan avval savdogarlarni va oddiy odamlarni ham yuqoridagi kabi birliklardagi chalkashliklar ko‘p adashtirar edi. Jahonning turli mamlakatlarida mutlaqo o‘ziga xos, nostandart birliklar qo‘llanilardi va bu odatda o‘sha joyning mahalliy sharoitidan, an’analaridan kelib chiqardi. Hatto mamlakatlarning ichki hududlarida, aytaylik, viloyat va shaharlarida ham boshqa-boshqa birliklar qo‘llanishi oddiy hol bo‘lib, masalan, XVIII asrda Fransiyaning turli shahar va hududlarida faqat og‘irlik o‘lchov birligining o‘zi uchun 100 xildan ziyod birliklar mavjud bo‘lgan. Bu muhandislik hisob-kitoblarida va dengizchilikda ham katta muammolar tug‘dirar edi. Chunki bir shahar uchun loyihalangan ko‘rkam uylarni boshqa shaharda qurmoqchi bo‘lishsa, xunuk va xatarli binolar yuzaga kelardi, navigatsiya jadvallari esa kemalarni riflarga boshlab borib urar edi. Ayniqsa, Lyudovik XVI hukmronligining oxirgi yillarida, farang inqilobi boshlanish arafasida Fransiyaning soliq amaldorlari dehqonlarni aynan shu o‘lchov birliklari orqali chuv tushirib, katta soliqlarni undirishgan. Qallobliklar tobora ortavergan, dehqonlarga yer maydoni uchun soliq solishda otni kallasidek qiymatlar chiqargan o‘lchovlar, dala maydoniga nisbatan olingan hosil hisobini yuritishda, ya’ni dehqonning o‘zining haqini hisoblashga kelganda mutlaqo boshqacha raqamlarni berib turavergan. Natijada, alamzada dehqonlar bunday qalloblikdan qattiq norozi bo‘la boshlagan. Mamlakatda shundoq ham ijtimoiy-siyosiy vaziyat taranglashib kelayotgan bir paytda yana boshqa ko‘plab omillar o‘laroq, ushbu chigallik ham xalqning g‘azabini keltirar edi. Shu sababli 1780–1790-yillarda avj olgan va tarix kitoblarida “Buyuk Farang inqilobi” deb tilga olinadigan jarayonda oddiy xalq vakillarining hukumat oldiga qo‘ygan talablaridan biri aynan o‘lchovlarni yagona tizimga keltirish va tartibga solish bo‘lgan edi. Inqilob amalga oshib, Milliy ta’sis majlisi faoliyat boshlagach, uning yig‘inlaridan birida Sharl Moris Taleyran (1754–1838) ismli yepiskop nutq so‘zlagan. Taleyran o‘z nutqida xalqning talablarini sanab o‘tish asnosida o‘lchov tizimini ham tartibga solish kerakligini aytib o‘tgan. U aniq fanlar sohasi olimlarida anchadan beri mavjud bo‘lgan taklif – metrni Yer meridiani uzunligiga bog‘lash fikrini o‘rtaga tashlagan. Farang inqilobi juda ko‘p narsalarni radikal o‘zgartirishga bo‘lgan urinishlar bilan yodda qolgan. Xususan, inqilobchilar hatto oy nomlarini ham o‘zgartirish bilan cheklanmasdan, soatni ham 24 soatlik qilmay, balki 100 soat, 100 daqiqa va 100 soniyaga tenglashtirmoqchi bo‘lishgan. Qanchalik absurd bo‘lmasin, o‘nlik sanoq sistemasiga o‘tish harakatlari yuzasidan vaqt hisobini ham shu tizimga solish fikri o‘sha payt jiddiy ko‘rib chiqilgan. Shu mulohazalarga ko‘ra, metr Parij meridiani uzunligining 1/40000000 qismiga teng deb qabul qilingan. Bir metr aniq keltirib chiqarilgach, uning asosida litrni ham olish mumkin edi. G‘oyaga ko‘ra, 10 kub sm roppa rosa 1 litr deb qabul qilinishi va 1 litr suvning vazni esa 1 kg deb olinishi ko‘zda tutilgan edi. Ta’sis kengashining maxsus qarori bilan Parij meridiani uzunligini aniqlash va uning asosida metrning aniq uzunligini keltirib chiqarib, etalon tayyorlash uchun maxsus ilmiy guruh tuzilgan. Uning tarkibiga o‘sha paytning eng yirik olimlari bo‘lgan Jan Batist D’Alamber va Pyer Mishen ham jalb qilinib, ular boshchiligida eng malakali geodeiziya mutaxassislaridan iborat guruh Dyunkerk va Barselona shaharlaridan o‘tadigan meridianning to‘qqiz daraja va 40 daqiqaga teng yoyining uzunligini triangulyatsiya (trigonometrik yechish) usuli bilan o‘lchab chiqqan. Bu ishni uddalash uchun umumiy hisobda yetti yil vaqt ketgan. Shu sababli 1792-yilning 25-iyulida boshlangan o‘lchov ishlarining yakunini kutmasdan, Fransiyaning o‘sha paytdagi muvaqqat hukumati 1793-yilning 1-avgust sanasidan e’tiboran mamlakatda yagona metr o‘lchov tizimini joriy qilish haqida qaror qabul qilgan. Fransuzlarning o‘sha metri hozirgidan biroz farqli va muayyan kichik xatolikka ega bo‘lsa hamki, birliklarni yagona tizimga solish borasidagi ilk rasmiy urinish sifatida tarixga kirgan hamda metr o‘lchov birligi rasman joriy qilingan ilk namuna o‘laroq qayd etilgan. Albatta, keyinchalik Fransiyada inqilob bo‘ronlari tindi va tizim yanada mukammallashtirildi. Metrning kutilgan etaloni esa faqat 1795-yilga kelib platinadan tayyorlandi. Barcha shahar va qishloqlar uchun ushbu etalondan nusxalar tayyorlab jo‘natildi. Fransiya ilk bora butun mamlakat bo‘ylab yagona o‘lchov sistemasidan foydalana boshladi. Joriy qilingan tizimning mohiyati va naqadar muhimligini tez orada nafaqat olimlar, balki endi siyosatchilar, savdogarlar va oddiy xalq ham tushunib yeta boshlagan edi. U naf berayotganini ko‘rgan Milliy Kengash a’zolari qarorga “Barcha zamonlar va xalqlar uchun!” degan bir qarashda o‘ta pafosli jumlani ham kiritib qo‘yishgan edi. Keyinchalik o‘sha zamon Fransiyasi olimlari keltirib chiqargan metr va uning asosidagi etalon biroz xato ekani aniqlandi. Bir litr suv ham aniq bir kilogramm kelmasligi oydinlashdi. Xalqaro standartlar va birliklar sistemasida metrning Parij etalonidan voz kechildi va avvaliga u kripton-86 atomining 2P10 va 5d5 sathlararo o‘tishiga muvofiq keladigan vakuumdagi nurlanishning 1650763,73 qismiga teng ekani belgilandi (1960-yil). 1983-yilga kelib esa u hozirgi ta’rif bo‘yicha o‘zgartirilgan va endilikda bir metr bu yorug‘likning vakuumda soniyaning 1/299792458 qismida bosib o‘tgan masofasiga teng deb qabul qilingan. Ya’ni u o‘zgarib qolishi mumkin bo‘lgan qandaydir buyum etalonlarga nisbatan emas, balki tabiatdagi eng asosiy o‘zgarmas qiymatlardan biri – yorug‘lik tezligiga bog‘lab qo‘yilgan.