2276ta natija
10.5.2024 89
Biror telegram kanalida e’lon qilingan yangilik yoki ijtimoiy tarmoqlarda joylangan post, surat yoki video umuman boshqa tarmoqda hech qanday muallif ko‘rsatilmasdan tarqatilganiga juda ko‘p guvoh bo‘lamiz. Va buni oddiy holdek qabul qiladigan bo‘lib qolganmiz. Aslidachi? Internet tarmoqlaridagi materiallarning egasi yo‘qmi? Ularga intellektual mulk sifatida qaralib, mualliflik huquqi amal qilmaydimi? Intellektual mulk o‘zi nima? Intelektual mulkka oid qonun hujjatlariga ko‘ra, insonning aqliy mehnat faoliyati natijasida ya’ni fan, adabiyot, san’at, ishlab chiqarish sohasidagi adabiy, badiiy, ilmiy asarlar, ijrolar, radio, televideniye asarlari, kashfiyotlar, ixtirolar, kompyuter dasturlari, nou-xau ekspert tizimlari, tovar belgilari, firma nomlari va boshqa aqliy mulk obyektlari intellektual mulk obyekti bo‘la olishi belgilangan. Ko‘rib turganingizdek, intellektual mulk tushunchasi keng qamrovli bo‘lib, uning turlari muntazam kengayib borishi bilan ham boshqa fuqarolik huquqi tushunchalaridan farq qiladi. Demak ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinayotgan materiallar ham agar u insonning aqliy mehnati natijasida yaratilgan va individual ijodiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lsa, intellektual mulk obyekti deb tan olinishi mumkin. Qolaversa, internetdagi ijodiy materiallarga ham mualliflik huquqi tatbiq etiladi. Chunki 2006-yil 20-iyuldagi “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonunning 10-moddasida: “mualliflik huquqining yuzaga kelishi va amalga oshirilishi uchun asarni ro‘yxatdan o‘tkazish yoki biror-bir boshqa rasmiyatchilikka rioya etish talab qilinmaydi”, deb ko‘rsatilgan. Mazkur normadan kelib chiqsak, internet platformalaridagi video materiallar, audioyozuvlar va postlar ham muallifning intellektual mulki hisoblanishi mumkin. Bunda internet tarmog‘idagi material muallifning aynan ijodiy ishi bilan bog‘liq bo‘lishi lozim. Sababi, yuqoridagi qonunning 5-moddasiga asosan, mualliflik huquqi g‘oyalar, prinsiplar, uslublar, jarayonlar, tizimlar, usul yoki konsepsiyalarga emas, balki ifoda shakliga nisbatan tatbiq etiladi. Afsuski, mazkur materiallardan ko‘plab internet foydalanuvchilari mualliflik huquqi qoidalariga rioya qilmasdan foydalanadilar. Natijada intellektual mulkdorlar va iste’molchilar o‘rtasida kelishmovchiliklar kelib chiqadi. Bu nafaqat yurtimizda, balki butun dunyoda kuzatilayotgan salbiy jarayondir. Jahon Intellektual mulk tashkiloti (WIPO) statistikasiga qaraganda, 27 foiz internet foydalanuvchisi turli platformalardagi ma’lumotlarni muallif roziligisiz qayta ishlaydi. Kim nazorat qiladi? Yurtimizda mualliflik va turdosh huquqlar muhofazasiga oid qonunchilik takomillashtirilgach, 2023-yilning o‘zida Adliya vazirligiga 270 ta shunday mazmundagi murojaat kelib tushgan. Sudlarga kelib tushgan arizalar miqdori esa muallif va turdosh huquqlar buzilishi bo‘yicha 80 tani tashkil etadi. Demak, O‘zbekistonda ham intellektual mulk huquqi muhofazasi dolzarb masalaga aylanmoqda. Intellektual mulk huquqi va uning muhofazasiga oid ishlarda muallifning tashabbusi juda muhim sanaladi. Garchi O‘zbekistonda mualliflik huquqini himoya qilish va dasturiy ta’minotlardan noqonuniy foydalanishga qarchi kurashish bo‘yicha “O‘zkomnazorat” axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi hamda Ichki Ishlar vazirligi tizimiga qarashli Kiberxavfsizlik markaziga internet tarmog‘ida mualliflik va turdosh huquqlarni himoya qilish uchun vakolat berilgan bo‘lsa-da, ularning huquqbuzarlik faktini aniqlashdagi faoliyati muallifning arizasiga asoslanadi. Qanday javobgarlik bor? Mualliflik va turdosh huquqlarni buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan bo‘lib, “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksning 177-1-moddasiga ko‘ra, mualliflik va turdosh huquqlarni buzgan fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan 5 baravarigacha (340 ming so‘mdan 1 million 700 ming so‘mgacha) jarima jazosi qo‘llaniladi. Agar huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilgandan keyin bir yil davomida takroran sodir etilsa, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha (1 million 700 ming so‘mdan 3 milion 400 ming so‘mgacha) jarima jazosi mavjud. “Jinoyat kodeksi”ning 149-moddasiga binoan, mualliflik yoki ixtirochilik huquqlarini buzish BHMning 25 baravaridan 75 baravarigacha (8 million 500 ming so‘mdan 25 million 500 ming so‘mgacha) jarima yoki besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlar bilan jazolanadi . Qolaversa, “Mualliflik va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonunning 62- va 65-moddalariga asosan muallif huquqbuzarlik sodir etgan shaxsdan BHMning 20 baravaridan ming baravarigacha (6 million 800 ming so‘mdan 340 million so‘mgacha) kompensatsiya undirishi mumkin. Ma’lumki, internetdan foydalanishni cheklab bo‘lmaydi va buning iloji ham yo‘q. Biroq internet foydalanuvchilari mualliflik huquqini buzishlarining oldini olish maqsadida “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks”ning 177-1 va jinoyat kodeksining 149-moddalaridan tashqari aynan internet tarmoqlarida intellektual mulk obyektlaridan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun alohida javobgarlikni tatbiq etish va bu bo‘yicha kodekslarga yangi norma kiritish hamda yuqoridagi moddalarning sanskiya qismini kuchaytirish to‘g‘ri yechim bo‘lishi mumkin. Ulug‘ fransuz huquqshunosi Sharl de Monteskyue aytganidek, jamiyat amal qilmasa va o‘z munosabatini o‘zgartirmasa, qonunlar hech qachon ish bermaydi. Qonunlarni tahrirlashda internet tarmog‘idagi intellektual mulk masalasini ham alohida e’tiborga olish va uning muhofazasi bilan bog‘liq yangi normalarni ishlab chiqish zarur.
13.3.2024 368
Kredit tarixi – sizning qaysi kredit tashkilotidan qancha kredit olganingiz, uni qanday to‘laganingiz to‘g‘risida batafsil ma’lumotdir. Agar kredit olib, foiz va asosiy qarzini o‘z vaqtida to‘lab bormagan bo‘lsangiz, kredit tarixingiz yomonlashadi. Yomon kredit tarixi esa banklar sizga qayta kredit bermasligiga sabab bo‘ladi. Qarzingizni kechiktirib to‘laganingiz haqidagi ma’lumot 5 yilgacha saqlanib qoladi. Bu esa, 5 yilgacha kredit ololmasligingizga sabab bo‘lishi mumkin degani. Yomon kredit tarixidan chiqish uzoq vaqt talab etadi. Buning uchun siz, eski qarzdorliklaringizni yopib, kichikroq kredit muassasasidan, mikrokredit tashkilotlaridan kredit olishga harakat qilib ko‘ring. Masalan, muddatli to‘lovga texnika olsangiz bo‘ladi. Kreditni o‘z vaqtida, qat’iy ravishda kredit jadvaliga rioya qilib to‘lab boring. Imkoningiz bo‘lsa, uni muddatidan oldin to‘lang. Bu orqali siz o‘zingizni intizomli mijoz sifatida namoyon etasiz. Shunday qilib, sizning kredit tarixingiz asta-sekin yaxshilanadi.
13.3.2024 517
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ayollarni ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, psixologik qo‘llab-quvvatlash, bilim va kasb o‘rganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bor, ishsiz xotin-qizlarning muammolarini aniqlash, bartaraf etish va nazoratini olib borish bo‘yicha “Ayollar daftari” ma’lumotlar bazasi joriy etilgan. “Ayollar daftari”ga qanday toifadagi ayollar kiritiladi, ularga qanday yordamlar ko‘rsatiladi? Bu savollarga quyida javob beramiz. “Ayollar daftari”ga 30 yoshdan oshgan quyidagi toifadagi xotin-qizlar kiritiladi: – ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlar; – tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan ehtiyojmand xotin-qizlar; – boquvchisi bo‘lmagan ehtiyojmand xotin-qizlar; – ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironi bo‘lgan, shuningdek, tezkor tibbiy muolajaga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar; – uy-joyga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar. Daftarga kiritilgan ayollar quyidagi yo‘nalishlarda qo‘llab-quvvatlanadi: 1) ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlarning: – bandligini ta’minlashga ko‘maklashiladi; – zarur hollarda, sektor rahbari xulosasi asosida bir martalik moddiy yordam beriladi; 2) tadbirkorlik qilish istagidagi ehtiyojmand xotin-qizlar uchun: – tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashiladi; 3) boquvchisi bo‘lmagan ehtiyojmand xotin-qizlarga: – bir martalik moddiy yordam beriladi; – zarur hollarda, sektor rahbari xulosasi asosida og‘ir turmush sharoitidagi xotin-qizlarning uy-joyi ta’mirlab beriladi; 4) ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironi bo‘lgan, tezkor tibbiy muolajaga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlarga: – bir martalik moddiy yordam beriladi; – zarur hollarda, sektor rahbari xulosasi asosida og‘ir turmush sharoitidagi xotin-qizlarning uy-joyi ta’mirlab beriladi; – tibbiy muolajaga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar uchun zarur tibbiy yordamlar ko‘rsatiladi; 5) uy-joyga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar: – ijara kompensatsiyasini to‘lanadi, ijtimoiy uylarga joylashtiriladi, uy-joy bilan ta’minlanadi; – zarur hollarda, sektor rahbari xulosasi asosida bir martalik moddiy yordam beriladi; 6) qaramog‘ida nogiron farzandi bor ehtiyojmand xotin-qizlarga: – bir martalik moddiy yordam beriladi; – zarur hollarda, sektor rahbari xulosasi asosida tomorqadan va dehqonchilikdan daromad manbayi sifatida foydalanish uchun ko‘maklashiladi. Xotin-qizlar quyidagi hollarda “Ayollar daftari”dan chiqariladi: – har bir toifa bo‘yicha belgilangan amaliy yordamlar to‘liq ko‘rsatilganda (individual dastur asosida); – to‘liq davlat ta’minotiga olinganda; – o‘z arizasiga ko‘ra; – “Ayollar daftari”ga noqonuniy kiritilganligi aniqlanganda; – boshqa davlatlarga doimiy yashash uchun chiqib ketganda; – sudning ozodlikdan mahrum etishni nazarda tutuvchi hukmi qonuniy kuchga kirganda; – shaxs vafot etgan taqdirda yoki sud qarori asosida bedarak yo‘qolgan deb topilganda. “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarning individual dasturga kiritilgan masalalari to‘liq hal etil,aguncha ularni “Ayollar daftari”dan chiqarishga yo‘l qo‘yilmaydi. Bank kreditlari “Ayollar daftari”ga kiritilgan va tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan xotin-qizlarning tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishga yo‘naltiriladi. Kreditlar 33 million so‘mgacha miqdorda hokim yordamchilari tavsiyasi asosida ajratiladi.
7.3.2024 458
XOTIN-QIZLARGA IMTIYOZLAR BOR Jamiyat va davlatning qay darajada xalqparvar hamda adolatli ekani uning xotin-qizlarga munosabati va g‘amxo‘rligida ko‘rinadi. Xotin-qizlarning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish yurtimizda ustuvor vazifalardan biri sanaladi. Yaqinlashib kelayotgan Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston qonunchiligida ayollarga qanday imtiyoz va yengilliklar belgilangani haqida to‘xtalishga qaror qildik. Xotin-qizlarga kontrakt puli to‘lab beriladi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 585-son qaroriga muvofiq, har yili bazaviy to‘lov-kontrakt asosida davlat oliy ta’lim muassasasining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga qabul qilingan, ijtimoiy ehtiyojmand oila vakillari bo‘lgan talaba xotin-qizlarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hisobidan o‘qitish tartibi joriy etilgan. Ular har yili o‘zlarining hududlaridan o‘qishga kirgan 40 nafardan, ikkinchi va undan yuqori bosqichlarda tahsil olayotgan 110 nafar, jami 150 nafar xotin-qiz uchun mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan bazaviy to‘lov-kontrakt summasini to‘rt o‘quv yili yakuniga qadar to‘lab beradi. Qizlar ta’limi moliyaviy qo‘llab-quvvatlanadi Prezidentning “Oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarida xotin-qizlarning ta’lim olishlarini qo‘llab-quvvatlashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, oliy hamda o‘rta maxsus va professional ta’limda tahsil oluvchi xotin-qizlarga 7 yilga 14 foizlik ta’lim kreditlari ajratiladi. Bunda foiz stavkalarini Moliya vazirligining jamg‘armasi qoplab beradi. Xotin-qizlar esa asosiy qarzni o‘qishni tamomlagach, 7 yil davomida to‘laydi. Shuningdek, davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichida o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlarini qaytarish shartisiz qoplash maqsadida, davlat byudjetidan har yili kamida 200 milliard so‘m moliyalashtiriladi. Magistraturada tahsil olayotgan talabgor xotin-qizlar kontrakt to‘lovini qoplash maqsadida o‘z universitetining rektori nomiga yilning 15-sentabrgacha ariza bilan murojaat etishlari kerak. 5 yillik staj orqali talaba bo‘lish imkoniyati Mutaxassisligi bo‘yicha 5 yillik stajiga ega, ammo oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlar davlat tomonidan ajratilgan 500 ta kvota orqali to‘lov-kontrakt asosida talaba bo‘lishlari mumkin. Talabgorlar Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasining tavsiyanomasi asosida o‘qishga qabul qilinadi. Ushbu tavsiyanoma talabgorlar o‘rta-maxsus yoki professional ta’lim bo‘yicha mutaxassislikka ega bo‘lishi; ta’lim olgunga qadar oliy ta’lim olmaganligi yoki olmayotganligi; o‘rta maxsus yoki professional ta’lim bo‘yicha 5 yillik mehnat stajiga ega bo‘lishi lozim. OTMga kirishda imtiyoz Ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma beriladi. Tavsiyonama quyidagi mezonlarning biriga mos tushadigan nomzodlarga beriladi: kam ta’minlangan oilalardagi xotin-qizlar; to‘liqsiz oilada tarbiyalanayotgan, ya’ni otasi yoki onasi yoxud ularning ikkalasi ham vafot etgan ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar; turmush o‘rtog‘i vafot etgan, voyaga yetmagan farzandini yolg‘iz tarbiyalayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar; nogironligi bo‘lgan farzandi bor ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar; ikki va undan ortiq farzandlarini tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlaridan alohida (ijarada) yashayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yolg‘iz ayollarning qiz farzandlari; ota-onalaridan biri yoki har ikkisi ham birinchi yoki ikkinchi guruh nogironi bo‘lgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar. Kasb o‘rganish xarajatlarini davlat to‘laydi Xotin-qizlar nodavlat ta’lim tashkilotlarida kasb-hunarga va tadbirkorlikka o‘qiganda qilgan xarajatlarning 70 foizi, biroq har bir bitiruvchiga 1 million so‘mdan ortiq bo‘lmagan xarajatlar davlat tomonidan qoplab beriladi. Homilador ayolni ishga qabul qilish Ayol homiladorligi yoki yosh bola parvarish qilayotganini bila turib, uni ishga olishdan g‘ayriqonuniy ravishda bosh tortish yoki ishdan bo‘shatish: BHMning 25 baravarigacha (6 million 750 ming so‘mgacha) jarima; yoki 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish; yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi. DMTTlarga imtiyozli qabul Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 20-maydagi 319-son qaroriga ko‘ra, “Ayollar daftari”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yolg‘iz ayollarning bolalari davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga ustunlik bilan qabul qilinish huquqiga ega. 2 yoshga to‘lmagan farzandi bor onalarga qo‘shimcha tanaffus 2 yoshga to‘lmagan bolali ayollarga bolani ovqatlantirish uchun (o‘ziga berilgan dam olish va ovqatlanish uchun beriladigan tanaffusdan tashqari) kamida har 3 soatda bir marta har biri 30 minutdan kam bo‘lmagan tanaffus beriladi. 2 yoshga to‘lmagan ikki va undan ko‘p bolali ayollarga tanaffusning muddati kamida 1 soat qilib belgilanadi. Mazkur tanaffuslar uchun ish haqi kamaytirilmaydi. Bolali ayolning xohishiga ko‘ra tanaffuslar dam olish va ovqatlanish uchun belgilangan tanaffusga qo‘shib berilishi yoki umumlashtirilib, ish kunining boshiga yoki oxiriga ko‘chirilib, ish kuni shunga yarasha qisqartirilishi mumkin. 3 yoshga to‘lmagan farzandi bor ayollarga qisqartirilgan ish soati Uch yoshga to‘lmagan bolaning onasiga haftasiga o‘ttiz besh soatdan oshmaydigan ish vaqti davomiyligi belgilanadi. Ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligida ishlayotgan ayollarga haq to‘lash har kungi to‘liq ish davomiyligida ishlaydigan xodimlar uchun belgilangan miqdorda amalga oshiriladi. 3 ish kunidan kam bo‘lmagan qo‘shimcha ta’til 12 yoshga to‘lmagan ikki va undan ko‘p bolasi yoki 16 yoshga to‘lmagan nogiron bolasi bor ayollarga har yili 3 ish kunidan kam bo‘lmagan haq to‘lanadigan qo‘shimcha ta’til beriladi. Shuningdek, ularning xohishiga ko‘ra har yili 14 kalendar kundan kam bo‘lmagan ish haqi saqlanmagan ta’til beriladi. Bunday ta’til yillik ta’tilga qo‘shib berilishi yoki alohida foydalanilishi mumkin. Davolanish uchun bepul order Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 28-apreldagi 250-son qaroriga ko‘ra, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarning sog‘lig‘i holati og‘ir bo‘lganda viloyat ixtisoslashtirilgan davolash-profilaktika muassasalariga yoki respublika ixtisoslashtirilgan markazlariga davolanish uchun bepul order ajratiladi. 33 million so‘mgacha kredit O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-martdagi PQ-5020-son qarori bilan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi hisobidan 3 yilgacha va 6 oygacha imtiyozli davr bilan yillik 14 foiz stavkada 33 million so‘mgacha kreditlar beriladi. Buning uchun ular quyidagi dasturlardan birini muvaffaqiyatli tugatgan bo‘lishi kerak: Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi hamda Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi ma’qullagan dasturlar asosidagi o‘quv kurslari; “Ishga marhamat” monomarkazlari, kasb-hunarga o‘qitish markazlari, mahallalardagi kasb-hunarga o‘qitish maskanlari va Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari yoki nodavlat ta’lim muassasalarining kasbga o‘rgatish o‘quv kurslarining maxsus o‘qitish dasturlari. Og‘ir ijtimoiy ahvoldagi xotin-qizlarga imtiyozli uy-joylar beriladi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-apreldagi 285-son qaroriga muvofiq, uy-joyga muhtoj xotin-qizlarga beriladigan arzon uy-joylar to‘lovining: 10 foizi Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi, talabgor ishlayotgan tashkilot va boshqa manbalar hisobiga (boshlang‘ich badal sifatida); 90 foizi banklarning imtiyozli kreditlari hisobiga qoplanadi. Ayrim ayollar 53 yoshda pensiyaga chiqishi mumkin O‘zbekiston Respublikasining 1993-yil 3-sentabrdagi 938-XII-son qonuniga muvofiq, texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining o‘zgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqargani yoxud korxonaning tugatilgani munosabati bilan ishdan ozod etilgan va ishsiz deb e’tirof etilgan ayollar 53 yoshga to‘lganda va ish staji kamida 20 yil bo‘lganda pensiya olish huquqiga ega bo‘ladi. Ruxshona TURSUNPO‘LATOVA, “Yoshlar ovozi” mahorat maktabi tinglovchisi, huquqshunos
7.3.2024 349
Bugungi kunda aksariyat yosh tadbirkorlarimiz faoliyatida mas’uliyati cheklangan jamiyat (MChJ) tashkiliy-huquqiy shaklini qulay va ishonchli deb biladi. Xo‘sh, nima sababdan ular aynan shu shaklni afzal ko‘rmoqda? Amaldagi qonunchilikda mas’uliyati cheklangan jamiyati xo‘jalik jamiyati hisoblanib, Fuqarolik kodeksining 58-moddasida ulushlarga (qo‘shilgan hissalarga) yoki muassislarning (ishtirokchilarning) aksiyalariga bo‘lingan ustav fondi (ustav kapitali)ga ega bo‘lgan tijoratchi tashkilotlar xo‘jalik shirkatlari va jamiyatlari hisoblanashi, muassislar (ishtirokchilar) qo‘shgan hissalar yoki ular sotib olgan aksiyalar hisobiga vujudga keltirilgan, xo‘jalik shirkati yoki jamiyati o‘z faoliyatida ishlab chiqargan va sotib olgan mol-mulk mulk huquqi asosida unga tegishliligi, xo‘jalik shirkatlari va jamiyatlari to‘liq shirkat, kommandit shirkat, mas’uliyati cheklangan yoki qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyat, aksiyadorlik jamiyati shaklida tuzilishi mumkinligi belgilangan. Xo‘jalik jamiyatlarining xo‘jalik shirkatlaridan farqli tarafi shundaki, xo‘jalik shirkatida ishtirokchilarning birlashishi hamda ularning shirkat ishlarida faol ishtiroki talab qilinsa, xo‘jalik jamiyatlarida esa resurslar, mablag‘lar (kapital) jamlanishi oqibatida vujudga keladi va shu no‘qtayi nazardan unda ishtirokchilarning xo‘jalik jamiyatlari ishlarida shaxsan qatnashishi talab etilmaydi. Xo‘jalik jamiyatlarida ishtirokchilarning huquq va majburiyatlari bilan bog‘liq farqli jihati ularning majburiyatlari bo‘yicha javobgarligi bilan baholanadi. Misol uchun, MChJning ishtirokchilari uning majburiyatlari bo‘yicha javobgar bo‘lmaydi va jamiyat faoliyati bilan bog‘liq zarar uchun o‘zlari qo‘shgan hissa qiymati doirasida javobgar bo‘ladi (FK, 62-modda). Ya’ni ularning tadbirkorlik faoliyatidagi tavakkalchilik darajasi ularning jamiyat ustav fondiga kiritgan hissalarining miqdori bilan belgilanadi. MChJning mulkiy asosi jamiyat ishtirokchilarining hissalaridan tashkil topgan ustav fondi (kapitali)dan iborat. Ustav kapitalining miqdoriga qat’iy talab qo‘yilmagani MChJning afzalligini ko‘rsatadi. Shu sababli ustav kapitalining miqdori ishtirokchilar tomonidan ustavda ixtiyoriy qiymatda belgilanadi. Bunda bitta istisno holat mavjud bo‘lib, ustav fondining eng kam miqdori litsenziya talablarida belgilanishi mumkin. Qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatda javobgarlik doirasi kengroq bo‘lib, Fuqarolik kodeksining 63-moddasiga ko‘ra, bunday jamiyatning ishtirokchilari uning majburiyatlari bo‘yicha o‘z mol-mulklari bilan qo‘shgan hissalari qiymatiga nisbatan hamma uchun bir xil bo‘lgan, jamiyatning ta’sis hujjatlarida belgilanadigan karrali miqdorda solidar tarzda subsidiar javobgar bo‘lishi, ishtirokchilardan biri nochor (bankrot) bo‘lib qolganida uning jamiyat majburiyatlari bo‘yicha javobgarligi, agar jamiyatning ta’sis hujjatlarida javobgarlikni taqsimlashning boshqacha tartibi nazarda tutilgan bo‘lmasa, boshqa ishtirokchilar o‘rtasida ularning qo‘shgan hissalariga mutanosib ravishda taqsimlanishi belgilangan. Fikrimizcha, MChJning yuridik shaxs sifatidagi mohiyati va xo‘jalik jamiyatlari tizimida tutgan o‘rni biznesga “tikilgan” mulkning muassis – jismoniy va yuridik shaxsning boshqa mulkidan to‘liq ajratilgan va alohidaligi, MChJ faoliyati esa faqat ana shu mol-mulkka asoslanishi va majburiyatlar ham shu mol-mulkka tayanishi hamda javobgarlik “tikilgan mol-mulk” doirasida amal qilishi bilan bog‘liq. Shu sababli yuridik shaxslarning ushbu tashkiliy-huquqiy shaklidagi “mas’uliyati cheklanganlik” iborasi mas’uliyat (javobgarlik) faqat qo‘shgan hissasi doirasidaligi, biroq bu holat majburiyat uchun qisman javob berishni nazarda tutmasligini anglatishi lozim. Muxtasar qilib aytganda, mas’uliyati cheklangan jamiyati bu: 1) faoliyatining asosiy maqsadi foyda olishga qaratilgan tijoratchi tashkilotidir. Yuridik shaxslar tashkil etilish va faoliyat maqsadidan kelib chiqib tijoratchi (foyda olishni faoliyatining asosiy maqsadi qilib olgan) va tijoratchi bo‘lmagan (foyda olishni maqsad qilib olmagan) tashkilotlarga bo‘linadi. Ular ikkisi ham yuridik shaxs bo‘lishi mumkin; 2) xo‘jalik jamiyatlari, MChJda ishtirokchilar kapitallari birlashtiriladi. Biroq mas’uliyati cheklangan jamiyatida ishlab chiqarish kooperativi yoki to‘liq shirkatdan farqli ravishda ishtirokchilarning shaxsiy ishtiroki talab etilmaydi; 3) bir yoki bir nechta jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ta’sis etiladi. Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida belgilangan bo‘lmasa, jamiyatning ishtirokchilari bo‘lishga haqli emaslar... Yuqoridagi xususiyatlar MChJning xo‘jalik jamiyatlari tizimida tutgan o‘rnini mustahkamlaydi. Bu esa o‘z tadbirkorligini boshlamoqchi bo‘lgan har qanday yosh tadbirkor uchun qulay va mustaqil faoliyatni kafolatlovchi tadbirkorlik subyektining muhim tashkiliy huquqiy shakli ekanligini anglatadi.
27.2.2024 397
2023-yilda O‘zbekistonda 3599 nafar voyaga yetmaganlar (13−17 yoshli) jinoyat sodir etgani uchun ro‘yxatga olindi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 15,6 foizga (3112 ta) va 2021-yilga nisbatan (2595) 40 foizga ko‘pdir. Bu bo‘yicha Prezident huzuridagi Statistika agentligi hisobot e’lon qildi. 2020-yilda 1276 ta (2023-yilga nisbatan 2,8 barobar kam), 2019-yilda esa 818 ta jinoyat qayd etilgan. Shunday qilib, besh yil ichida jinoyat sodir etgan voyaga yetmaganlar soni 4,4 barobarga oshganini ko‘rish mumkin. Statistika agentligi hisobotiga ko‘ra, o‘tgan yili jinoyat sodir etgan 3599 nafar voyaga yetmaganlarning 82,6 foizi jinoiy javobgarlikka tortilgan. Ulardan 744 nafari 13-15 yosh, 2855 nafari 16-17 yoshlilardir. Qizlarning ulushi 8,7 foiz - 314 kishini tashkil etdi. Jinoyat sodir etgan voyaga yetmaganlar eng ko‘p Farg‘ona viloyatida qayd etilgan - 700 nafar. Keyingi o‘rinlarda Toshkent - 545, Namangan viloyati - 451 va Toshkent viloyati - 345 kishi. Eng past ko‘rsatkichlar Jizzax - 54, Navoiy - 62 va Xorazm viloyatlarida - 66 kishi. Jinoyat turlari bo‘yicha voyaga yetmaganlarning aksariyati yoki 1602 nafari o‘g‘rilik (bir yil avval - 1581 nafar), 453 nafari bezorilik (284 nafar), 135 nafari firibgarlik (134 nafar), 181 nafari talonchilik va bosqinchilik (162 nafar) sodir etgan, 104 nafari qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish (74), 54 nafari - nomusga tegish va nomusga tegishga urinish (46), 27 kishi - tovlamachilik (16) 12 nafari esa qasddan odam o‘ldirish va odam o‘ldirishga urinish (10) jinoyatini sodir etgan. Voyaga yetmaganlarning 57 nafari giyohvandlik vositalarini ishlab chiqarish yoki sotish, 121 nafari o‘limga olib kelmaydigan yo‘l-transport hodisalari, 4 nafari qalbaki pul yoki qimmatli qog‘ozlarni tayyorlash yoki sotish kabi jinoyat qilgan. Jinoyat sodir etilgan vaqtda ularning 2730 nafari talabalar, 510 nafari ishchilar, 148 nafari ishlamaydigan yoki o‘qimaydigan, 8 nafari xizmatchilar, 190 nafari boshqa toifalarga mansub bolalar bo‘lgan.