2546ta natija
3.6.2026 276
Yoshlar orasida bilim olishni real muammolarga yechim topish vositasi deb biluvchilar va shu yo‘lda izlanishdan to‘xtamayotganlar bor. Bu esa kishini quvontiradi. Ular o‘qish davridayoq sohasining ichiga kirib boradi, kamchiliklarni payqaydi va o‘z hissasini qo‘shishga harakat qiladi. Bunday yoshlarning o‘z yo‘lini biror yo‘nalishda shakllantirib boradi, tadqiqotlar qiladi, yechimlar izlaydi. Nuriddin Xudoyberdiyev ana shunday g‘ayratli yoshlardan biri. U 2023-yili Toshkent davlat yuridik universitetini tamomladi. Talabalik davrida Jinoyat-huquqiy fakulteti talabalari orasida eng yuqori akademik ko‘rsatkichli talabalar qatoriga kirgan edi. Talabalik yillarining eng muhim tashabbuslaridan biri “Zukko yurist” intellektual tanloviga asos solinishi bo‘ldi. Nuriddin bu loyihani hammuassis sifatida tashkil etdi. Ikki yil mobaynida mingdan ortiq yosh ishtirokchi tanlovda qatnashdi. Loyiha talabalar tashabbusi orqali ham katta ko‘lamda ta’sirli harakat yaratish mumkinligini isbotladi. Uning ishlari faqat tashkiliy faoliyat bilan bog‘liq emas. Nuriddinning asosiy ilmiy qiziqishi huquqning texnologiya bilan kesishgan nuqtasida shakllandi. U universitetni “Raqamli kriminalistika va uning kiberjinoyatlarni ochishdagi roli” mavzusidagi bitiruv malakaviy ishini muvaffaqiyatli himoya qilish bilan tugatdi. Bu mavzu Nuriddin uchun tasodifiy tanlov emas, albatta. O‘zbekistonda kiberjinoyatlar sonining ortib borishi va bu jinoyatlarni isbotlashda klassik kriminalistika usullari yetarli emasligi muammosiga qaratilgan dolzarb tadqiqot edi. Bakalavrni tugatgach, Nuriddin o‘z izlanishlarini tag‘in davom ettirdi. 2023-2024-yillarda u Toshkent davlat yuridik universitetining kiber huquq yo‘nalishida magistratura bosqichida tahsil oldi va shu bilan birga Adliya vazirligining Raqamlashtirish boshqarmasida faoliyat yuritdi. Vazirlikdagi qisqa, ammo samarali faoliyati davomida u tizimni raqamlashtirishga doir bir qator loyihalarda ishtirok etib, o‘z hissasini qo‘shdi. Bu davr uning uchun nazariy bilimlarni davlat boshqaruvi amaliyotida sinab ko‘rish imkonini berdi. Magistratura bosqichida u o‘z izlanishlarining natijalarini ilmiy maqolalarda chop etib, soha muammolariga doir takliflarini ilgari surdi. 2024-yil Nuriddin uchun yangi bosqich boshlandi. U dunyo miqyosida Top 100 reytingga kiruvchi AQShdagi Pensilvaniya universitetining Huquq maktabi magistratura bosqichiga nufuzli grant yutib oldi va ta’limni davom ettirdi. Bu yerda uning izlanishlar doirasi yanada kengaydi: O‘zbekiston huquqi va xalqaro huquqning kesishuvi nuqtalari, taqqoslar orqali tadqiqotlar qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. 2025-yilda esa Huquq maktabini yuqori akademik ko‘rsatkichlar bilan tamomladi. Ayni paytda Nuriddin o‘zlashtirgan bilimlarini amaliy faoliyatda sinab ko‘rmoqda. Shu bilan birga O‘zbekistondagi kiberhuquq va raqamli kriminalistika sohasidagi qonunchilikni xalqaro standartlar va rivojlangan mamlakatlar tajribasi asosida takomillashtirishga o‘z hissasini qo‘shishni maqsad qilgan. Nuriddin Xudoyberdiyev kabi zamonaviy yo‘nalishlarda izlanayotgan yoshlar tobora ko‘paymoqda. Ular bugungi muammolarga aniq yechimlar taklif qilyapti. Eng muhimi, bu yoshlarda bir loyihadan ikkinchisiga, bir bosqichdan keyingisiga olib boradigan izchillik va maqsad bor.
8.9.2025 2134
Bugungi kunda O‘zbekiston yoshlari orasida zamonaviy texnologiyalar va innovatsion tashabbuslar bilan uyg‘unlikda rivojlanayotgan yoshlar safi kengayib bormoqda. Ularning intilishi, bilimga chanqoqligi va tashabbuskorligi mamlakatimizda huquqiy tafakkurni yangi bosqichga olib chiqmoqda. Shunday yoshlar safida o‘zining bilimdonligi, tashabbuskorligi va huquqiy texnologiyalarni targ‘ib etishdagi izlanishlari bilan ajralib turganlardan biri Shohjahon Abdusattorovdir. Shohjahon Toshkent davlat yuridik universitetida o‘qishni boshlaganidan boshlab faqat dars jarayonlari bilan cheklanib qolmadi. U o‘zini tashabbuskor, faol va yangilikka intiluvchi talaba sifatida namoyon etdi. Talabalik davrida uning eng muhim tashabbuslaridan biri “Zukko Yurist” loyihasi bo‘ldi. U asos solgan ushbu tanlov qisqa vaqt ichida universitet doirasidan chiqib, respublika miqyosiga yoyildi. Ikki yil davomida muntazam tashkil etilgan loyihada 10 mingdan ortiq yoshlar ishtirok etdi. Tanlov nafaqat universitetda, balki yuridik litseylar, Temurbeklar maktablari va boshqa ta’lim muassasalarida ham o‘tkazildi. “Zukko Yurist” o‘ziga xosligi bilan alohida e’tibor qozondi. Bu tanlovda huquqiy bilim, mantiqiy tafakkur va badiiy adabiyot uyg‘unlashgan bo‘lib, yosh huquqshunoslar uchun amaliy maktab vazifasini bajardi. Loyiha orqali ko‘plab talabalar huquqiy bilimlarni o‘zlashtirish, mantiqiy mushohada qilish va badiiy asarlardan huquqiy xulosalar chiqarishni o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Qahramonimizning universitetdagi faoliyati va yetakchilik qobiliyati 2022-yilda yuksak darajada e’tirof etildi. U talabalarning ilmiy, ijtimoiy va tashabbuskorlikdagi muvaffaqiyatlarini saralovchi “Yil talabasi” tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Bu unvon yuridik sohada bilim, tashabbus va ijtimoiy faollikni o‘zida mujassam etgan eng ilg‘or talabalar safini belgilab beruvchi mukofot sifatida qadrlanadi. Shohjahonning intellektual salohiyati talabalikdan tashqari maydonlarda ham o‘z ifodasini topdi. U bir nechta intellektual shoularda qatnashib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Bu natija uning keng dunyoqarashi va tezkor fikrlash qobiliyatini ko‘rsatgan kichik, ammo ahamiyatli sinovlardan biri bo‘ldi. 2023-yilda u Toshkent davlat yuridik universitetini a’lo darajada tamomlab, xalqaro miqyosda ham muvaffaqiyat qozondi. Shohjahon dunyoning “Top – 100” oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatiga kirgan AQShdagi Pensilvaniya davlat universiteti magistraturasiga 80 foizlik grant asosida qabul qilindi. Bu bosqich uning huquqiy bilimlari xalqaro standartlarda ham o‘z qiymatiga ega ekanini isbotladi. Magistrlik izlanishlarida Shohjahon ilmiy qiziqishini intellektual mulk huquqi va sun’iy intellekt sohalarining kesishgan nuqtasiga qaratdi. Bu yo‘nalish bugungi kunda huquq va texnologiya integratsiyasining eng dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi. Shohjahon Abdusattorov o‘z tashabbuslarini nafaqat ta’lim jarayonida, balki huquqiy-innovatsion sohada ham davom ettirdi. U yaratgan Zukkoyurist.uz blogi bugungi kunda huquqiy bilimlarni keng jamoatchilikka yetkazib berayotgan eng faol platformalardan biri sifatida shakllandi. Ushbu sayt orqali intellektual mulk huquqi, sun’iy intellekt va zamonaviy texnologiyalar bilan bog‘liq dolzarb maqolalar e’lon qilinib, yoshlarga hamda huquqshunoslarga bilim manbayi bo‘lib xizmat qilmoqda. Platforma yosh mutaxassislar uchun o‘z ilmiy izlanishlarini chop etish maydonini ham yaratib berayotgani bilan ham ahamiyatli. Uning innovatsion faoliyatidagi yana bir muhim qadam “Zukko AI” sun’iy intellekt chatbotini ishlab chiqishi bo‘ldi. Ushbu tizim O‘zbekiston va AQSh qonunchiligi bo‘yicha foydali ma’lumotlarni interaktiv tarzda taqdim etishga xizmat qiladi. Chatbot foydalanuvchilarga murakkab huquqiy matnlarni sodda va tushunarli shaklda tushuntirib berish orqali huquqiy tafakkurni rivojlantirishga ko‘maklashmoqda. Bu tashabbuslar huquq va texnologiya integratsiyasida yangi ufqlarni ochib beryapti. Hozirda qahramonimiz aynan ushbu ikki sohaga e’tibor qaratib, huquqiy tizimni raqamli yechimlar orqali samarali va ommabop qilish yo‘lida izlanishlar olib bormoqda. Bugungi kunda Shohjahon Abdusattorov talabalik davrida boshlangan tashabbuslarini xalqaro yutuqlar, ilmiy izlanishlar va texnologik loyihalar bilan boyitib kelayotgan yosh yetakchilardan biridir. Uning faoliyati bir narsani yaqqol ko‘rsatadi: bilimga chanqoqlik, qat’iyat va tashabbuskorlik yoshlarni shaxsiy muvaffaqiyat hamda jamiyat taraqqiyoti sari ham yetaklaydi.
6.8.2025 2301
Yoshlar orasida bor bilimini amaliyotga yo‘naltirayotganlar ko‘p. Ulardan ayrimlari biror sohada tajriba orttiribgina qolmay, shu sohaning imkoniyatlarini kengaytirishga harakat qiladi. Ba’zida o‘qish davridanoq o‘z g‘oyalari bilan ajralib turadi, o‘rganishga shunchaki majburiyat emas, ehtiyoj deb qaraydi. Jamshid Turdibekov ana shulardan biri. U 2023-yili Toshkent davlat yuridik universitetini tamomladi. Talabalik davri yutuqlarga boy bo‘ldi: 2022-yilda “Yil talabasi” tanlovida “Yilning eng faol ixtirochi innovatori” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi. Talabalarning “Technoways” AT marafonida 1-o‘rinni egalladi. Universitetning “Uzbek Journal of Legal Studies” blogpostlar tanlovida ketma-ket ikki yil g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. O‘qishdan tashqari vaqtlarida Respublika ijtimoiy-axborot markazi qoshidagi “Istiqbolli avlod” tashkilotida bir necha xalqaro loyiha ustida ishladi. Jumladan, Nemis xalq universitetlari assotsiatsiyasi (DVV) hamda Germaniyaning xalqaro hamkorlik tashkiloti GIZ bilan hamkorlikda olib borilgan dasturlarda loyiha koordinatori sifatida ishtirok etdi. Bu faoliyat yoshlarda huquqiy ong va tafakkurni shakllantirishga xizmat qilgan. Bularning barchasi faqat ijtimoiy yoki akademik faoliyat bilan bog‘liq emas. Jamshid huquqshunoslik bilan birga Python dasturlash tilini ham mustaqil o‘rgandi. U bu ikki soha – huquq va texnologiyani bir-biriga bog‘lashni maqsad qilgan. Universitetda o‘qib yurgan paytida huquq va texnologiyalarni bir-biriga bog‘lash g‘oyasi amaliy shaklga aylana boshladi. Jamshid Turdibekovning bu yo‘nalishdagi ilk tashabbusi “Legal Point” loyihasi edi. Bu oddiy nazariy g‘oya emas, balki real muammoga yechim topish uchun ishlab chiqilgan tizimdir. “Legal Point” telegram platformasida ishga tushirilgan chatbot bo‘lib, foydalanuvchilarga Jinoyat kodeksi asosiy qismining uchinchi bo‘limi doirasidagi savollarga avtomatik javob berishga mo‘ljallangan. Chatbot qonun matnlarini oddiy, tushunarli va tezkor shaklda yetkazish bilan ajralib turgan. Uning asosiy afzalligi inson aralashuvisiz, qonunchilikka asoslangan aniq va tizimli javoblarni taqdim etish edi. “Legal Point” katta auditoriyaga mo‘ljallangan emasdi. Lekin u bu orqali huquqni innovatsion yondashuv bilan ko‘rsatish mumkinligini amalda isbotladi. Jamshid Turdibekov universitetni tamomlagach, o‘z izlanishlarini xorijda davom ettirdi. AQShdagi nufuzli Penn State universitetida magistratura bosqichini tugatdi. Bu yerda u huquqiy texnologiyalar, axborot daxlsizligi va maxfiylik huquqi yo‘nalishida tahsil oldi. O‘qish jarayonida o‘rganganlarini amaliyotda sinab ko‘rishga harakat qildi. “Legal Point” bilan boshlangan tajriba endi yangi bosqichga o‘tdi. Magistrlik o‘qishi davomida Jamshid “LEX-E” deb nomlangan chatbot loyihasini ishlab chiqdi. Bu tizim huquqiy axborotni oddiy odamlarga tushunarli shaklda taqdim etishga tayanadi. Loyiha g‘oyasi “International Association of Privacy Professionals” (IAPP) tashkil etgan maxsus sertifikatlash kursi CIPP/US yo‘nalishida o‘qiyotgan vaqtida shakllangan. Aynan shu tayyorgarlik jarayoni AQShdagi murakkab huquqiy muhitga e’tibor qaratishga undagan. AQShda axborot maxfiyligi bo‘yicha yagona federal qonun yo‘q. Har bir shtatning o‘ziga xos qonunlari mavjud. HIPAA (sog‘liqni saqlash sohasida), CCPA (iste’molchilar ma’lumotlarini himoya qilish bo‘yicha Kaliforniya qonuni) kabi normativ hujjatlar mavjud, lekin ularni anglash, farqlash, qo‘llash oddiy foydalanuvchi uchun murakkab. Jamshid ishlab chiqqan LEX-E chatboti shu muammoni hal qilishga qaratilgan. LEX-E foydalanuvchiga huquqiy maslahat bermaydi. U qonunlarni sharhlamaydi va qaror chiqarmaydi. Biroq tizim yordamida foydalanuvchi o‘z huquq va majburiyatlarini anglaydi, muayyan vaziyatda qanday harakat qilish zarurligini tushunadi. Chatbot qonunlarga asoslangan holda sodda, mantiqli va aniq ma’lumot beradi. Bu uni nafaqat huquqshunoslar, balki oddiy internet foydalanuvchilari uchun ham qulay vositaga aylantiradi. LEX-E oddiy texnik yechim emas, ishlab chiqilish jarayonida zamonaviy sun’iy intellekt usullaridan foydalanadi. Ayniqsa, bu tizimda “prompt engineering” deb ataladigan yondashuv muhim rol o‘ynagan. Boshqa chatbotlar foydalanuvchi savoliga umumiy ma’lumot yoki taxminiy javob bilan kifoyalansa, LEX-E aniq va kontekstga mos javob berishga intiladi. Bunda huquqiy tahlilga oid IRAC – Issue, Rule, Application, Conclusion metodologiyasi asos qilib olingan. Bu metod AQShning ko‘plab huquq maktablarida o‘rgatiladi va savollarga tizimli, tushunarli va izchil javob berishning huquqiy modeli hisoblanadi. Ayni paytda LEX-E loyihasi O‘zbekiston bilan ham bog‘lanmoqda. Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi Legal Tech laboratoriyasi va 2025-yil kuzida tashkil etilishi rejalashtirilgan sun’iy intellekt laboratoriyasi bilan hamkorlikda loyihani joriy etish masalasi bo‘yicha muzokaralar boshlangan. Yana bir jihat shuki, LEX-E faqat g‘oya yoki texnik prototip emas. Uni to‘laqonli startapga aylantirish bo‘yicha amaliy ishlar boshlangan. Investitsion grantlar, akseleratsiya dasturlari va hamkorlik loyihalari orqali bu tizimni kengroq auditoriyaga taqdim etish maqsad qilingan. Jamshid Turdibekov kabi huquq, texnologiya va innovatsiyalar chorrahasida faoliyat yuritayotgan yoshlar tobora koʻpaymoqda. Ular zamonaviy muammolarga amaliy yechimlar taklif qilyapti. Eng muhimi, bu yoshlarda tashabbus, fikr, harakat bor.
1.7.2025 2607
“ZIYO FEST” FESTIVALI KATTA SHUKUH BILAN O‘TKAZILDI28-iyun kuni poytaxtimizdagi “Ziyo Forum” fondi yoshlar markazida yoshlar uchun navbatdagi yirik, mazmunli va ko‘tarinki ruhda o‘tgan tadbir — “Ziyo Fest” festivali bo‘lib o‘tdi.Festival Ilm-fan va ta’lim-tarbiyani rivojlantirish “Ziyo Forum” fondi tomonidan 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan tashkil etildi. Maqsad yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim olish, o‘z ustida ishlash va jamiyatdagi o‘rnini topishga intilishlariga rag‘bat berish.Tadbirda 500 dan ortiq yoshlar ishtirok etdi. Festival doirasida blogerlar, ijodkorlar, xususiy oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, marketing, innovatsiya va ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar, shuningdek, yoshlar siyosati faollari ishtirok etib, yoshlar bilan ochiq muloqotlar, tajriba almashishlar, master-klasslar o‘tkazdi.Festival nafaqat bilim va tajriba makoni, balki zavqli hordiq, yangi do‘stlar, unutilmas xotiralar maydoni bo‘ldi. Qatnashchilar uchun qiziqarli o‘yinlar, sovg‘ali tanlovlar, salqin ichimliklar va yengil taomlar bilan bezatilgan dam olish joylari ham tashkil etilgan edi. Ayni shu o‘yinlarda faol ishtirok etgan yoshlar aqlli soatlar, vaucherlar va boshqa qimmatbaho sovg‘alarni qo‘lga kiritishdi.“Ziyo Fest” – bu shunchaki tadbir emas. Bu har bir yosh o‘zini kashf qilishi, imkoniyatlarga eshik ochishi va kelajak sari dadil qadam tashlashi uchun tashkil etilgan haqiqiy ilhom festivali bo‘ldi.Ziyo Forum – ilm-fan va ta’lim-tarbiya yo‘lida yoshlarni har doim qo‘llab-quvvatlashda davom etadi.
28.1.2025 6036
Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda qariyb 110 ming o‘zbekistonlik talaba chet elda tahsil olyapti. Dunyo miqiyosida esa oxirgi 20 yilda o‘qish uchun xorijga ketganlar soni 2,2 milliondan 6,39 millionga yetgan. Ko‘rinib turibdiki, boshqa davlatda ta’lim olish istagida bo‘lganlar soni kam emas. Xorijda o‘qishni niyat qilganlarning ko‘pchiligi aynan qaysi universitetni tanlash, to‘g‘ri hujjat topshirish, suhbat jarayonida nimalarga ko‘proq e’tibor berish, qanday qilib grant yutish, tanlagan universitetining o‘qitish metodikasi va talabalar uchun qanday imkoniyatlar mavjudligi kabi savollarga duch keladi. Chet elda tahsil olayotgan talabalardan bu savollarga javob olishga harakat qilamiz. – Yoshim 20 da, – deydi Xitoyning Hangzhou Normal universiteti talabasi Samandar Sayfutdinov. 8-9-sinfda o‘qib yurgan paytlarim bir kun kelib chet elda o‘qishimni ko‘p o‘ylardim. Keyinchalik buni maqsadga aylantirib, o‘qishga kirish uchun harakatni boshladim. Bu harakat, albatta, ingliz tilini o‘rganishdan boshlandi. Chuqurroq o‘rganish va fikrlarimni bemalol ifodalay olishimga 1 yildan kamroq vaqt ketdi. Hozir “Hangzhou Normal university”ning kompyuter savodxonligi va texnologiyasi yo‘nalishida tahsil olyapman. Ha, aytgancha, bu soha ham men uchun begona emas. Bir necha yillardan beri meni o‘ziga tortib kelayotgan yo‘nalishni tanlaganman. – Keling, universitetda o‘qish uchun ilk qadam – hujjat topshirish haqida gaplashsak. Bugungi kunda ko‘pchilik hujjat topshirishda qiynaladi. Bu jarayon sizda qanday kechgan? – Hujjat topshirishning alohida qoidalari bor. Menga akam yordam bergan. Chunki ancha yillardan beri boshqa abituriyentlarga ham yordam berib kelardi. O‘zim topshirishga tavakkal qila olmaganman va undan yordam so‘raganman. Chunki hujjat to‘g‘ri topshirilmasa, o‘qishga kirish ko‘rsatkichi ancha pasayadi. Lekin o‘zingiz ham bu jarayonda to‘liq ishtirok etishingiz va hamma narsaga e’tibor berishingiz kerak. Negaki, bu sizning hujjatlaringiz bilan bog‘liq masala va buni shunchaki ishonib, topshirib qo‘yib bo‘lmaydi. Sizdan talab qilinadigan asosiy hujjatlar bu – shahodatnoma yoki kollej diplomi, agar til sertifikatingiz bo‘lsa, o‘sha sertifikat. – Siz tahsil olayotgan universitetga kirish uchun imtihon qay tartibda o‘tkaziladi? O‘zingiz imtihonni qay darajada topshira olgansiz? – Menda til sertifikati bo‘lmaganligi sababli suhbat orqali qabul qilinganman. Suhbat to‘liq ingliz tilida bo‘lgan. Bundan qo‘rqishning hech hojati yo‘q. Chunki aniq maqsad qo‘ygan har bir abituriyent bu suhbatdan qiynalmay o‘ta oladi. Savollar ham juda oddiy: qaysi yo‘nalishda o‘qishni xohlashingiz va nima uchun aynan shu yo‘nalishni tanlaganingiz hamda bu universitetni tanlashga sizni nimalar undagani haqida bo‘ladi. Shu bilan birga, qo‘shimcha qobiliyatlaringiz, shahodatnomadagi baholaringizga alohida e’tibor beriladi. Suhbatdan ijobiy o‘tganlar esa “scholarship”, ya’ni grant yutish imkoniga ega bo‘ladi. – “Scholarship” haqida ma’lumot bersangiz. Bu talabaga qanday imkoniyat yaratadi? – “Scholarship” universitetda bepul ta’lim olish huquqini beradi. Darsda qatnashish foizi – davomat masalasi, baholarning pasayib ketishi, universitet ichki tartib-qoidalariga rioya qilmaslik kabi salbiy harakatlar sizni bu grantdan mahrum qilishi mumkin. Ushbu grant bir yilga beriladi va siz bir yil davomida kelasi yilgi grant uchun yuqorida aytilgan a’lo baho, davomat va tartib qoidalariga to‘liq rioya qilishingiz kerak. Menga bu tartib yoqadi. Chunki ortiqcha pul sarflab o‘qishni hech kim istamaydi, ko‘pchilik bepul ta’lim olishga harakat qilib, barcha shartlarni a’lo darajada bajarishga harakat qiladi. Bu esa o‘z-o‘zidan tartib-intizomning davomiyligiga sabab bo‘ladi. – Shu o‘rinda o‘qitish uslubiga to‘xtalsak. O‘zbekistonlik abituriyent va talabalar uchun bu juda qiziq. – Universitetimizda o‘qitish uslubi menimcha juda oddiy. Har bir darsimiz davomida xuddi O‘zbekistondagi maktablarda o‘tiladigan darslar kabi ustoz bilan bemalol muloqot qilish mumkin. Ya’ni ma’ruza va seminar mashg‘ulotlariga ajratilmagan. Maktabdan farqli tarafi talabalar savol berishdan qo‘rqib jim o‘tirmaydi. Bemalol o‘qituvchi bilan fikr almashish, amaliy mashg‘ulotlar bajarish imkoni mavjud. Talabalar ham darsda qatnashgani, berilgan savol va masalalarni bajara olishi orqali baholab boriladi. Bundan tashqari, bir semestrda bir necha marotaba oraliq nazorat ishi bo‘lib o‘tadi va baholanadi. – Har bir davlatning iqlimi, urf-odatlariga mos milliy taomlari bo‘ladi. Boshqa davlat vakillari bu taomlarning barchasini ham yeyolmaydi. Shunga o‘xshash noqulayliklarni inobatga olgan holda xorijlik talabalar uchun maxsus taomnoma yoki oshxona mavjudmi? – Albatta. Musulmonlar uchun halol taomlar tayyorlanadigan oshxonalar bor. Ko‘chadagi oshxonalarga nisbatan ancha arzon. Bundan tashqari, Universitetimiz talabalar turar joyining har juft qavatida o‘zlari ovqat tayyorlashi uchun oshxona bor. Unda o‘zingiz xohlagan taomni tayyorlash imkoni bor. – Talabalar turar joyi haqida so‘z ochdingiz. Mavzudan uzoqlashmay, yotoqxona sharoitlari, narxlari va qulayliklari haqida aytib bersangiz. – Universitet hududida maxsus transportlar mavjud. Yotoqxonadan dars xonalariga olib boradi. Masalan, kichik aftobuslar, skuter va velosipedlar. Sababi universitet hududi ancha katta. Talabalar turar joyi ham shunga mos 14 qavatli binolar. Xorijlik talabalar alohida binoda yashaydi. Uch turdagi yotoqxona bor. Kattaligiga qarab bir-biridan farq qiladi. Har bir xona yuvinish xonasi, televizor, muzlatkich, sovutkich, internet va boshqa kerakli jihozlar bilan ta’minlangan. Eng yaxshi tomoni, xonalar bir kishi uchun mo‘ljallangan. Faqat eng katta xonalardan odatda 2 kishi foydalanadi. Tabiiyki, narxlar ham xonaning katta kichikligiga qarab o‘zgaradi. Eng kichik xona narxi 1 yil uchun 7 ming yuan, bu taxminan 12 million so‘mga to‘g‘ri keladi. Lekin xohishga ko‘ra oylik va kunlik to‘lov qilish ham mumkin.
10.1.2025 6064
Umumta'lim maktablarida qishgi ta'til davom etmoqda. O'zbekiston bolalar tashkilotining "Kreativ ta'til" loyihasi doirasida joylarda turli qiziqarli ma'rifiy suhbatlar, sport va intelektual o'yinlar bo'yicha musobaqalar o'tkazilmoqda. Toshkent viloyati yoshlarining yetakchisi Nodir Xojiev Bekobod tumanida bo'lib, ta'tilni maroqli o'tkazayotgan yoshlar bilan muloqot qildi. Shuningdek, Bekobod shahri va tumanida yoshlar uchun davlat siyosatini amalga oshirish borasida o'tgan yil yakunlari, joriy yil uchun rejalar yuzasidan fikr almashildi. Bu boradagi ijobiy tajribalar va kamchiliklar tahlil qilindi. Xuddi shunday muloqotlar Nurafshon shahri, Piskent va O'rta Chirchiq tumanida ham o'tkazildi.