2276ta natija
29.2.2024 978
“Yosh kitobxon” tanlovining 2023-yilgi mavsumi o‘z nihoyasiga yetdi. Kimgadir ozgina omad yetishmadi, kim uchundir tanlov hayajonlarga boy bo‘ldi. Ayniqsa, birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar hali hamon g‘alaba nashidasini surmoqda. Nechalab yoshlar “bu yil “Cobalt” meniki bo‘ladi”, deya diliga tugib, kitobxonlikni boshlab yuborgan bo‘lsa, ajab emas. Uchta yosh toifasida o‘tkazilgan final bosqichida ikkinchi o‘rin uchun 50 million, uchinchi o‘rin uchun 30 million so‘m mukofot puli o‘z egalariga topshirildi. Final bosqichida qatnashgan qolgan barcha ishtirokchilar 10 million soʻmdan pul mukofoti bilan taqdirlandi. Birinchi o‘rin sohiblari esa “Cobalt” egasiga aylandi. “Yoshlar ovozi” g‘oliblar bilan mutolaaga qiziqish, qaysi asarni o‘qish, tushunish qiyin bo‘lgani-yu, yoshlar qaysi kitoblarni o‘qishi shartligi yuzasidan suhbatlashdi. AVVAL 2-, KEYIN 1-O‘RIN! 10-14 yosh toifasi g‘olibi Nargiza Muhammadiyeva Jomboy tumanidagi 12-maktabda tahsil oladi. Har tomonlama iqtidorli bo‘lgan qahramonimiz kitob o‘qishdan tashqari, rasm chizishga, shirinliklar tayyorlashga, she’r yozishga, hatto futboll o‘ynashga ham qiziqadi. Nargizaning uyida 500 dan ortiq kitobi bor, ularning ichidan eng sevgani Garriet Bicher Stou qalamiga mansub “Tom tog‘aning kulbasi” asaridir. “Ko‘p kitob o‘qishimga avval dadam, keyin oilamizdagi kitobxonlik muhiti sabab bo‘lgan. 5 yoshimda dadam harflarni o‘rgatgan. 6 yoshdan mustaqil kitob o‘qiy boshlaganman”, — deydi qahramonimiz. Nargiza 2022-yilda ham “Yosh kitobxon” tanlovida ishtirok etib, 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan. Harakatdan to‘xtamaydigan Nargiza bu yil o‘z maqsadiga erishdi. Barcha kitoblarni sevib mutolaa qiladigan qahramonimizning o‘qishga eng qiynalgan asari “Zarbulmasal”. Uni tushunish uchun 4 marotaba qayta o‘qishiga to‘g‘ri kelganini aytadi. Nargizaning tavsiyasi! U tengdoshlari quyidagi kitoblarni, albatta, o‘qishi kerak deb hisoblaydi: Songul Unsalning “Kaktuslar ham gullaydi” asari. Bu kitob kishiga hayot qiyinchiliklari oldida yiqilmaslikni, adolatsizliklar oldida jim turmaslikni o‘rgatadi. Erkin Vohidovning “Mening yulduzim” to‘plami. To‘plamda komil insonni shakllantirish g‘oyasi yetakchilik qiladi. O‘tkir Hoshimovning “Daftar hoshiyasidagi bitiklar” kitobi. Bu bitiklar ko‘pchilikning ko‘nglidan joy oladi. 6 YIL + MEHNAT= “COBALT” 15-19 yosh toifasida 1-o‘rinni egallagan qashqadaryolik Mironshoh Nurmatov mazkur g‘alabani 6 yillik tinimsiz izlanish va harakat mevasi, deb baholaydi. “Uyimda 500 ga yaqin kitobim bor. Har yili tanlov boshlanganida kitoblar ro‘yxati bilan tanishib chiqar, agar birontasi bo‘lmasa, dadamdan olib berishini so‘rardim. Dadam mening intilishimni ko‘rib, bu borada tinimsiz qo‘llab-quvvatlaganlar. Topa olmagan asarlarimni kitob do‘konlari va tanishlaridan so‘rab, olib kelib berardilar”, — deydi Mironshoh. U 2018-yildan buyon “Yosh kitobxon” tanlovida ishtirok etadi. O‘shanda qahramonimiz eng kichik 10-14 yosh toifasida bilimlarini sinovdan o‘tkazgan. 15-19 yosh toifasidagi bahslar unga oson bo‘lmaganini ta’kidlaydi. “Tanlovda har yili ko‘plab kitobxonlar qatnashadi. Avvaliga o‘zim tenggi va mendan kichik kitobxonlar bilan raqobatlashgan bo‘lsam, keyingi yildan o‘rta yosh toifasining eng kichik kitobxoni sifatida mendan kattalar bilan bellashdim. Tabiiyki, o‘ziga xos ikkilanish, qo‘rquv ham uyg‘otadi. Ammo anlovga 6 yil qatnashib, nihoyat g‘olib bo‘lganimdan keyin bir narsani angladimki, chin dildan so‘ralgan niyat bir kun, albatta, amalga oshadi! Ilmga intilish hech qachon mukofotsiz qolmaydi”, — deydi u. Mironshohning o‘qishga qiynalgan kitobi Fyodor Dostoyevskiyning “Jinoyat va jazo” asari. Hali yosh bo‘lgani tufayli asar g‘oyasi, mazmun-mohiyatini anglash unga qiyinchilik tug‘dirgan. “Haqiqiy asar his-tuyg‘u bilan o‘qiladi. bolaligimda Erkin Malikning “Yetim qolgan xotiralar” kitobini o‘qib, yig‘laganim hamon yodimda. Undagi voqealar, qahramonlar taqdiri va asar kompozitsiyasi har bir o‘quvchining qalbini junbushga keltiradi, menimcha”, — deydi suhbatdoshimiz. Mironshohning tavsiyasi! U quyidagi kitoblarni, albatta, o‘qish kerak deb hisoblaydi: O‘tkir Hoshimovning “Ikki karra ikki besh” qissasi. Nodar Dumbadzening “Abadiyat qonuni” romani. Javlon Jovliyevning “Qo‘rqma” romani. “DUGONAM SABAB G‘OLIB BO‘LDIM” 20-30 yosh toifasi g‘olibi Gulhayo Soliyevaning tanlovda qatnashishiga dugonasi sababchi bo‘lgan. O‘tgan yilgi tanlovda ishtirok etgan dugonasidan taassurotlarni eshitgan kitobxonda tanlovga qatnashish fikri uyg‘ongan. Oilaviy muhit sababli yoshligidan badiiy asar mutolaa qilib kelayotgan kitobxonda tanlovga tayyorlanish jarayonida qiyinchiliklar bo‘lmagan. Gulhayo badiiy kitoblarni muntazam ravishda o‘qib borishiga qaramay, kitob sotib olishni odat qilmaganligini, asosan elektron shakldagi kitoblar o‘qiganini aytadi. Ammo tanlovdan keyingi asosiy maqsadi shaxsiy kutubxonasini yaratish, o‘zi va farzandlari uchun foydali kitoblarni ko‘proq sotib olish. Qahramonimiz yakunini bilish uchun imkoni boricha ko‘proq o‘qigan asarlar “Urush farzandi” va “Tushda kechgan umrlar”dir. “Yoshlarga ko‘p kitob o‘qishni tavsiya qilaman, kitob o‘qigan inson hech qachon yutqazmaydi. Ko‘rik-tanlovda birinchilikni qo‘lga kiritmasligi mumkin, lekin aqliy jihatdan o‘ziga va farzandlarining kelajagiga katta hissasini qo‘shgan bo‘ladi”, — deydi u. Gulhayoning tavsiyasi! U tengdoshlariga quyidagi kitoblarni o‘qishni tavsiya qiladi: Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” dostoni. Nazar Eshonqulning “Urush odamlari” qissasi. Jeyms Klirning “Atom odatlar” kitobi.
13.12.2023 1278
Jahongir Toʻrayev ketma-ket ikkinchi yil g‘oliblikni qo‘lga kiritdi Yoshlar press klubida Yoshlar ishlari agentligi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Bilim uchun 100 million” olimpiadasi final bosqichi bo‘lib o‘tdi. “Bilim uchun 100 million” loyihasi ikki bosqichda: onlayn va oflayn shaklda oʻtkazildi. Sentabr-dekabr oylarida oʻtkazilgan onlayn bosqichda 117 070 nafar yosh ishtirok etdi. Onlayn bosqich @bilimtestbot telegram botida oʻtkazildi. Har haftada yangi savollar taqdim etilib, haftalik savollar soni bir nafar ishtirokchi uchun 40 tani tashkil etdi. Savollar malakali ekspertlar tomonidan shakllantirilgan bo‘lib, bir ishtirokchiga tushgan savol boshqasiga takroran tushmasligi taʼminlandi. @bilimtestbotʻda 40 ta savolni ishlash uchun 1 soat vaqt beriladi. Savollarni ishlash uchun barcha yoʻnalishlarda kamida oʻrta darajada bilim boʻlishi talab etiladi. Har haftada taqdim etilgan savollarni foydalanuvchilar ishlab, ball yigʻib bordilar. Eng yuqori ball toʻplagan 100 nafar ishtirokchi Toshkent shahriga, olimpiadaning ikkinchi bosqichiga taklif etildi. Bu bosqichda eng yuqori ball toʻplagan 100 ishtirokchi oʻrtasida oflayn shaklda final olimpiadasi oʻtkazilishi belgilangan edi. Finalda adolat mezonlarini taʼminlash uchun finalchilar qatʼiy nazorat qilindi va gʻolib aniqlandi. Diqqatga molik jihati, “Bilim uchun 100 million” loyihasining o‘tgan yilgi g‘olibi bu yil ham 1-o‘rinni egalladi. 1-oʻrinni qoʻlga kiritgan ishtirokchi 100 million soʻm, qolgan 99 nafar finalchi esa 1 million soʻmdan pul mukofotlari bilan taqdirlandi. – Bu olimpiadada ikkinchi yil ishtirok etdim va ikkovida ham gʻoliblikka erishdim, – deydi “Bilim uchun 100 million” online olimpiadasi gʻolibi Jahongir Toʻrayev. – Oʻtgan yilgi mavsumda qiziqish sabab, oʻz bilimimni sinab koʻrish uchun qatnashgan boʻlsam, bu mavsum tanlov eʼlon qilingach, bu yil ham gʻolib boʻlishga jiddiy “bel bogʻlagandim”. Niyatni yaxshi qilsangiz, toʻgʻri yoʻlni tanlay olsangiz, albatta, marraga erishasiz. Buning uchun esa harakat va sabr kerak. Albatta, bu bilan toʻxtab qolish yoʻq. Loyiha davom etsa, kelasi yil ham gʻoliblik uchun kurashaman. Tengdoshlarimni, doʻstlarimni va siz, aziz yoshlarni ham “Bilim uchun 100 million” online olimpiadasida ishtirok etishga chorlab qolaman. Keyingi yilda Jahongir Toʻrayevni dog‘da qoldiradigan bilimli yoshlar topilarmikan?!
30.11.2023 1386
Kanadaning Ontario provinsiyasidagi Jastin Bleyni sog‘lomlashtirish markazi (Justine Blainey Wellness Centre)ning mashhur rahbari bor. U shifokorligi uchun emas, o‘tmishdagi bir ishi sabab og‘izga tushgan. To‘g‘rirog‘i, o‘smirligida tengdoshlari yurak yutib aytolmaydigan istagini amalga oshirgan. Orzusiga erishish uchun sudma sud yurishdan qaytmagan. Ismidagi bosh harf (“J”) u uchun ramziy ma’noga ega. Biz Kanada sport tarixida nom qoldirgan jasoratli ayol haqida hikoya qilamiz. Qiz bolaga mumkin emas!Dunyodagi boshqa davlat, jamiyatdagidek 1980-yillargacha Kanadada ham ayollarning erkaklar safida sport jamoalariga qo‘shilishi uzil-kesil rad etilgan. Sabab bitta: ayol zaif bo‘ladi! Biroq bu stereotipni 1973 yili tug‘ilgan, hozirda amaliyotchi shifokor, o‘tmishda xokkeychi bo‘lgan Jastin Bleyni buzadi. Akasi Devidga ergashib shayba va klyushka (xokkey tayog‘i)ga ishqi tushgan Jastin 6-7 yoshigacha muz saroylarida faqat tomoshabin bo‘lib o‘tiradi. Unga onasi majburan olib boradigan figurali uchish yoqmas, badiiy gimnastikadagi cho‘zilish-eshilishlarni jini suymasdi. Xokkey esa mardlar o‘yini, dovyuraklar bahsi edi. Jastin xokkeyni 7 yoshlaridan o‘ynay boshlaydi. U akasidek kuchli bo‘lishni istardi, xolos. Uning do‘stlari bilan o‘yin texnikalarini mashq qilishi, klyushkani tutib, muz ustida uchishiga lol qolardi. “Lisayd Uayldkets” (hozirgi Ontario ayollar xokkeyi assosiatsiyasi) jamoasi daragi chiqqach, akasining yordami bilan muz ustida harakatlanishni tezda o‘rganib oladi. Hatto ora-orada akasining mashg‘ulotlarida qatnashib, murabbiyning roziligi bilan o‘g‘il bolalar bilanam kuch sinashadi. Tabiatan tavakkalchi, shaddod, qo‘rqmas va kutilmagan vaziyatga oson moslashuvchi Jastin negadir qizlardan ko‘ra o‘g‘il bolalar bilan o‘ynashga oshiqaveradi. Nimjon, hadeganda yiqilib, turtilib yuradigan qiz bola jamoadoshlariga toqati yetmaydi. 1981 yili orzular ushaladigandek tuyuladi. Jastin Toronto xokkey ligasining o‘g‘il bolalar jamoasiga kirishga muyassar bo‘ladiyu, muz maydonga chiqishiga ruxsat tegmaydi. Negaligi so‘ralganda, murabbiy ko‘zlarini ola-kula qilib: “Axir qiz bola narsa bo‘lsa! Yiqilib, mayib bo‘lib qolsa-chi?” deydi. Orzularidan oson voz kechishni xayoliga keltirmaydigan Jastin 12 yoshidan o‘smirlik davri tugagunicha 5 marta sudga murojaat qiladi. Haqqini so‘raydi. Kamsitilayotganini yashirmaydi. “O‘ynay olaman, lekin maylimi, o‘ynasam?”1985 yilning bahorida endigina 12 ni to‘ldirgan Jastin tegishli tashkilotga xat yozishga ahd qiladi. Tengdosh o‘g‘il bolalar bilan tengma teng shayba surishni, musobaqalarga chiqmoqchiligini qistirib, unga ham ruxsat berishlarini iltimos qiladi. Erkaklarnikidan farqli ayollar xokkeyida raqibni itarish, qattiq turtib yerga yiqitish mumkin emas. Ammo Jastin ayni shunaqa beshafqat o‘yinni xohlardi. “Qizlar bilan xokkey o‘ynash koni azob edi. Akam bilan shafqatsizlarcha shayba uloqtirardik. Qizlar bilan o‘ynayotganimda penaltilarning oxiri ko‘rinmasdi, tomoshabinlar esa nuqul mendan nafratlanardi”, deb eslaydi u. Biroq o‘g‘il bolalar jamoasida o‘ynash niyatini hech kim eshitgisi kelmaydi. “Nozik, zaif qizga o‘g‘il bolalar orasida nima bor?”, deyiladi. Hatto rasmiy tashkilotlar ham shu gapni takrorlayveradi. O‘ylab-o‘ylab Torontodagi eng katta, nufuzli va auditoriyasi ko‘p gazetaga – Toronto Star’ga xat yoziladi. Onasi Karolinaning daldasi, qo‘llovi bilan bor tilagi tushirilgan maktub quyidagi jumla bilan yakunlanadi: “Biror kimsa yoki guruh menga ko‘mak berolarmikan? Biror huquqshunos bunday nohaqlikka qarshi kurashishda vaqtini ehson qilolarmikan? Faqat va faqat qobiliyatlarimga qarab hukm chiqarishlarini istayman, xolos”. Qiyiq qizning “qilig‘i”1985 yilning 5 mayida xat gazetada chop etiladi. Bir necha kun o‘tib telefon jiringlaydi. Xokkeyni rivojlantirish zarurligi haqida turkum maqolalar yozib yuradigan kolumnist Lois Kolxman mitti va jasoratli qizaloqqa yordam bergisi keladi. U qiz va onani huquqshunos Anna Freyzer bilan tanishtirib qo‘yadi. Onasi bilan Torontodagi advokat firmasiga yo‘l olgan Jastin Anna Freyzer bilan ilk uchrashuvini quyidagicha xotirlagandi: “Andak hayajonlanardim. Lekin u shunchalik ajoyib ediki, nuqul menga tikilib gapirdi. Ko‘zlarimga qaradi. Onamga bir og‘iz ham so‘z qotmadi. Onamni ko‘ndirishga urinmasdi. U mendan o‘ta jo‘n savollarni, nimani va nega aynan shuni xohlayotganimni so‘rardi”. O‘smir qizginaning dardini tinglagan advokat xonim ishni olishga rozi bo‘ladi. Biroq asosiy yumushidan tashqari – bo‘sh vaqtidagina shug‘ullanishi mumkinligini yashirmaydi. Eng qizig‘i, barchasini tekinga qilib beraman deydi. Tajribasida bunday antiqa, ammo o‘ta muhim masalaga duch kelmaganiga Anna Freyzer boshida rosa qiynaladi. Bosimga uchraydi. Tinch o‘tirishi maslahat beriladi. O‘ta qudratli tashkilot bo‘lmish Kanada muz xokkeyi bilan ro‘baro‘ kelishiga to‘g‘ri keladi. Ammo o‘rtada bir inson misolida millionlab taqdirning huquqi, umidlari borligi kuchiga kuch qo‘shadi. Rost, jahonda jismoniy quvvat, biologik turfalik sabab sport turlari qiz-yigitnikiga ajratiladi. Lekin Jastin “qiz bola o‘sha sportga har tomonlama tayyor bo‘lsa, chig‘iriqlardan o‘tsa, nega jamoaga olinadiyu, amalda o‘ynolmaydi? Nima uchun maydonga qo‘yilmaydi?” deb so‘rayveradi. 1985 yilning 11 sentyabrida boshlangan ilk sud mamlakatda ovoza bo‘ladi. Qizig‘i, sanoqli kishidan tashqari olomon qiyiq qizning bu “qilig‘i”ni hazm qilolmaydi. Jamoat joylarida uni uchratishsa, kesatiq-piching tugamaydi. Qarorda “ha”, amalda yana “mumkin emas”1986 yil o‘rtasigacha apellyasiyalar sabab umumiy uch martalab o‘tgan suddan keyin Jastinga o‘g‘il bolalar jamoasida o‘ynashga ruxsat beriladi. Ammo Oliy sud qarori qog‘ozda qolib, amalda hech narsa o‘zgarmaydi. Torontodagi o‘yin maydoniga tushishga sanoqli daqiqalar qolgach murabbiy Jastinni bir chetga tortib, o‘yinga qo‘yolmasligini aytadi. Yana sudga chop, hujjat yig‘, qonunlarni qayta ko‘rib chiqishni talab et – hammasi boshidan boshlanadi. Qiz nihoyasiz kurashlardan cho‘chimaydi. Axiyri, 15 yoshni to‘ldirganida, 1988 yili muvaffaqiyatsizlik tugab, tole kuladi – sudda g‘alaba qozonadi. O‘sha yiliyoq Jastin o‘g‘il bolalar safida arenaga tushadi. Tomoshabin esa ilgarigi fikrida qat’iy qolaveradi: qiz bolaga nima bor katta maydonda, deya dod soladi. O‘yin tugagunicha: “E, chiqarib yuboringlar”, “Qanday yo‘l qo‘ydingiz bunga!”, “Balo bormi qiz deganga!” kabi hayqiriqlar tinmaydi. “Qiyin bo‘lsa ham, haqingiz uchun kurashing!”Bugun Ontarioda o‘g‘il bolalar jamoasi bilan muz ustida o‘ynashda qizlarga taqiq yo‘q. 2015-2016 yillari qariyb 100 nafar qiz o‘g‘il bolalar bilan bab-baravar kuch sinashgan. O‘smirlik yillarining so‘ngigacha shayba va klyushkani qo‘lidan qo‘ymagan Jastin yigirma yoshlarida maqsadlarini o‘zgartiradi. 1995 yili Toronto Skarboro universitetining psixologiya va kimyo fakultetini tamomlaydi. Keyinchalik amaliyotchi shifokorlikka (xiroamaliyotga) o‘qiydi. 50 ni qoralagan Jastin Bleyni-Broker hozir ham turmush o‘rtog‘i, qizi va o‘g‘li bilan ikki jamoaga ajralib xokkey o‘ynab turadi. Kanadadagi jamoaviy o‘yinlarning doimiy ishtirokchisi. “Bolalarim ham boshimdan o‘tgan voqealarni eshitishgan”, — deydi Jastin xonim, — “ularga astoydil yordam berishga, hayotda halollik bilan yashashlariga harakat qilaman. To‘g‘rilik uchun to‘g‘ri bo‘ling. Hatto bu mashaqqatli bo‘lsa ham”. Kelajak avlodga qizlar ham jamiyatda teng huquqli ekani, jinsi sabab kamsitilmasligi shartligini amalda isbotlagan Jastin xonim bugun xiroamaliyot bo‘yicha qo‘li yengil shifokor. Bo‘g‘in, umurtqadagi og‘riqlar, suyak sinishi-chiqishi kabilarni tabiiy yo‘l bilan davolab kelmoqda.
22.11.2023 1447
“Qizlar bilim olishga hammadan ko‘proq intilishlari lozim, zero, bu bilimlar bilan ular kelajak avlodni tarbiyalaydilar”, – deydi buyuk ma’rifatparvar Abdulla Avloniy. Darhaqiqat, oila atalmish qo‘rg‘onning gultoji, jamiyatning asosiy bo‘g‘ini bo‘lgan ayollarimizning munosib o‘rin egallashi kelajak-avlodning komillik sari qadam tashlashidan dalolat beradi. Bugun yurtimizda bo‘layotgan rivojlanishning qay bir jabhasiga qaramang, unda o‘z bilim va salohiyati bilan yetakchilik qilib kelayotgan xotin-qizlarimizning borligini ko‘rib quvonasan, kishi. Ana shunday kun qahramonlaridan biri, Navoiy viloyati “Ziyokor” ayollar va yoshlar markazi rahbari, Navoiy davlat pedagogika instituti magistranti, “Kelajak bunyodkori” medali sohibasi – Gulhayo Ravshanova. U bu marralarga osonlikcha kelmadi, turli sinovlarni sabr bilan yengib, muvaffaqiyatlar eshigini ochdi. – Bolaligim Nurota tog‘ tizmalarining kengliklarida qolib ketgan armonlar bilan ulg‘aydi. Maktabni tugatib, ko‘nglimning tub-tubida isyon qilib kelayotgan orzu, ya’ni kelajakda qizlar haq-huquqini himoya qiladigan huquqshunos bo‘lish istagi ila kollejning ayni shu yo‘nalishiga hujjat topshirdim. Maktab chog‘larida adabiyotga mehrim, she’riyatga muhabbatimni bilgan ustozlarim, sinfdoshlarim meni adabiyot o‘qituvchisi bo‘ladi deb o‘ylashardi. Qat’iyat esa otamdan o‘tgan bo‘lsa kerak. Umri loysuvoqlarga qorishib ketgan bu insonning halol mehnati, nohaqliklar-u hayot zarbalariga sinmasdan qaddini tik tutib o‘tishi sabab bo‘lgandir, balki. Qiz bolaning kamol topishida otaning o‘rni juda muhim. Ota va qiz o‘rtasidagi mehr, ishonch va do‘stlik kishini har qanday yuksak maqsadlar sari undaydi. Onamning erta vafoti otam qaddini dol etgan bo‘lsa-da, farzandlari uchun yashadi. Otamga ko‘mak berish uchun o‘zimni o‘tga-cho‘qqa urib ko‘rdim. Kollejimizdagi yoshlar yetakchisiga havas qilardim va o‘sha havas meni uning yoniga yetaklab bordi. Bu mening hayotimda tub burilishlarga sabab bo‘ldi. Yangi-yangi imkoniyatlar eshigi ochila boshladi. Men o‘sha yerda rivojlandim, o‘sha yerda Gulhayo bo‘lib o‘z menimni topdim. U yerda jamoa bo‘lib ishlash nimaligini, hayotda yaxshi insonlar ko‘pligi, ularning quvonchiga, qayg‘usiga sherik bo‘lish nima ekanligini his qildim. Shu bilan bir vaqtda kashtachilik hunari bilan shug‘ullanib, o‘qishga tayyorlanish uchun pul yig‘ib, o‘z ustimda ishladim. Nihoyat, kollej diplomini olib, poytaxtga yo‘l olish, O‘zbekiston Milliy universitetiga hujjat topshirmoqchi ekanimni otamga aytdim. U hech qanday e’tiroz bildirmadi. Biroq biroz vaqt o‘tib, otamning uydagilarga: – Qizim o‘zida yo‘q shod. Lekin ertaga o‘qishga kirib ketsa qanday o‘qitamiz, bir tomondan oyog‘im ham sal sovuqqa og‘riq beryapti. Lekin unga “borma!” deb qanday aytaman. Orzularini poymol qilishni xohlamayapman, – degan gaplarini tasodifan eshitib, hamma hujjatlarimni yirtib tashladim. Otamga ko‘mak berish, oyog‘ini davolatish uchun ishlay boshladim. Kollejimiz direktorining ko‘magi bilan farroshlikka ishga kirdim va to‘qqiz oy deganda otamga velosiped sovg‘a qildim. O‘sha kuni otamning judayam xursand bo‘lib, bolalarcha hovlini aylanib chiqqanini ko‘rib, bundan-da katta yutuqlarga erishish lozimligini anglaganman. Ishim bilan bir qatorda yana yoshlar yetakchisining izidan qolmay hujjat ishlarini o‘rgandim. Kelajakdagi maqsadlarimdan bir on ham voz kechmadim. O‘n bir oy deganda farroshlikdan kollej yoshlar yetkachisi lavozimiga ishga kirdim. Shu vaqt davomida tengdoshlarim bilan bir qator loyihalarni amalga oshirdik. Jamiyatda sekin-asta o‘rnimni topa boshladim. Bu fursatda Yoshlar ishlari agentligi tomonidan yaratilgan imkoniyatlar natijasida talabalik baxtiga muyassar bo‘ldim. Shu bilan birgalikda tashkilotning viloyat boshqarmasida “Qizlar ovozi” klubi bosh koordinatori etib saylandim. Bu meni xotin-qizlar muammolarini o‘rganishga, ular uchun oz bo‘lsa-da imkoniyatlar eshiklari ochiq ekanligini yetkazish, joylarda uchrashuvlar o‘tkazib, har bir qiz o‘qishi, u nafaqat, oilada balki jamiyatda ham yetakchi bo‘lishi kerakligini tushuntirib borishga harakat qildim. “Qizlar ovozi” klubi koordinatorligi davomida bevosita tadbirkorlikka qiziqqan qizlarimiz uchun debocha eshigi sifatida viloyat xotin-qizlar tadbirkorlik markazi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik. Qizlarimiz tabirkorlik sohasida turli tanlovlarda ishtirok etib, bir qancha yutuqlarni qo‘lga kiritdi. Bu hamkorlik menga yangi manzil bekatlarini ko‘rsatdi. Ushbu tashkilotning fidoiy rahbari Gulsanam Norova shu tashkilotda ishlash taklifini bildirdi. Yosh kadr sifatida o‘zim aynan bu sohani mukammal o‘rganishga, yangi biznes g‘oyalar ishlab chiqishga, o‘z bilim va salohiyatimni namoyon qilishga bel bog‘ladim. Ustozlarim ko‘magi ila viloyat “Ziyokor” ayollar va yoshlar markazi rahbariga aylandim. Markazimiz olis hududlardagi xotin-qizlarning faolligini oshirish, ularni zamon bilan hamnafas ruhda barcha yangiliklardan xabardor qilib borish, ilm olishi, o‘qishi, izlanishi uchun beminnat ko‘magimizni berishdan iborat. Shuningdek, turli muammoli vaziyatlarga tushib qolgan xotin-qizlarimizga psixologik, huquqiy ko‘mak berishni ham maqsad qilib olganmiz. Iqtidorli, iste’dodli qizlarni yuzaga chiqarish esa asosiy vazifalarimizdan biridir. Bugungi kunga qadar mahallalardagi turli ma’naviy-ma’rifiy tadbir va uchrashuvlardan tashqari tashkilotimiz tomonidan 316 nafar ishsiz xotin-qiz va yoshlar o‘qitilib, shundan 79 nafariga hokim yordamchilari tavsiyasi asosida imtiyozli kredit va subsidiya ajratilishiga ko‘mak berilgan bo‘lsa, 21 nafari mavsumiy ishga, 8 nafari doimiy ishga joylashtirildi. Olib borayotgan ishlarim, qaryib 3 yillik mehnatimiz, kichik tajribalarimiz davlatimiz tomonidan e’tirof etilib, joriy yilda “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlandim. Bu esa menga o‘zgacha g‘urur va iftixor baxsh etdi. Yangidan yangi g‘oyalar va maqsadlarning yuzaga kelishiga sababchi bo‘ldi. Faxr ila ayta olamanki, bugun go‘zal bir oilaning bekasiman. Ham oilamning, ham jamiyatning yetkachi ayoli bo‘lishga harakat qilyapman. Sevimli shoiramiz Zulfiya Mo‘minova aytganidek: Ayol kulib turib o‘lishi mumkin, Dunyoni olishi mumkin jilmayib. Qiz bola dunyoga kelar ekan, yelkasida ulkan bir mas’uliyat turadi. Oila sha’ni, ota-ona nomusi, aka-uka g‘ururi. Biz odatda qizlarimizni shu jihatdan tayyorlab boramiz. Ular faqatgina oila qurishi, farzand tarbiyalashi kerak bo‘lgan qarashlar singdirilgan holda kamol topadi. Biroq bu qarashlarni unutmagan holda kelajagi va jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lishi uchun harakat qilayotgan qizlarimizni kashf etish asosiy maqsadim. Chunki yangicha fikrlaydigan, o‘z kelajagini mamlakatimiz kelajagi bilan bog‘liq holda ko‘radigan yangi avlod vakillarigina yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib, yuksak ma’naviyatli kelajak-avlodni tarbiyalay oladi. Kollejimiz direktorining ko‘magi bilan farroshlikka ishga kirdim va to‘qqiz oy deganda otamga velosiped sovg‘a qildim. O‘sha kuni otamning judayam xursand bo‘lib, bolalarcha hovlini aylanib chiqqanini ko‘rib, bundan-da katta yutuqlarga erishish lozimligini anglaganman.
23.8.2023 5645
Shahrizoda QODIROVA – Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida tug‘ilgan. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Qashqadaryo viloyati kengashi “Imkon” yo‘nalishi sardori. YUTUQLARI: 2015-yil “Eng faol “Kamalak” a’zosi; 2019-yil “Eng namunali sardorlar Kengashi” respublika tanlovida 2-o‘rin; 2020-yil Qashqadaryo viloyati “Kamalak” sardori; 2020-yil I Respublika sardorlar forumi faol ishtirokchisi; 2021-yil Qashqadaryo viloyati ta’lim yo‘nalishi sardori; 2022-yil Qashqadaryo viloyati ekologiya yo‘nalishi sardori.
1.8.2023 6599
Umrida chet elga borishni orzu qilmagan inson bo’lmasa kerak. Birimiz o’qish, birimiz ishlash, yana boshqa birimiz sayohat qilish uchun hayolimizda qaysidir bitta, hatto bir nechta chet davlatni rejalashtirib qo’yganimiz aniq..Hatto oramizda Amerika orzusida “Green card” o’ynab ko’rganlar ham bo’lsa ajab emas.Bundan tashqari, tengdoshlarimiz orasida shu kunlarda turk tilini bilish darajasini belgilovchi sertifikatni qo’lga kiritib, Turkiyaga ketayotganlar ham ko’paymoqda. Bir necha kun avval do’stlar bilan shu mavzu haqida gaplashib qoldik. Kimdir o’qishning magistratura bosqichini boshqa davlatda o’qishini, kimdir ishlash uchun ketishini, kimdir sayohat uchun bir bor bo’lsada, chet davlatga chiqishini aytib mavzuni qizitdi.Hatto, oramizda qaytib kelmaslikni o’ylaganlar ham bor. Biroq, bir do’stimizning farqli, ko’pchilik kutmagan fikri barchamizni hayron qoldirdi: “Men shu yoshga kirib, birorta chet davlatga borishni o’ylamagan ekanman. Menga shu yer poytaxt-Toshkent yoqadi. “Baribir “O’z uying o’lan to’shaging”, bundan tashqari, “Toshkentning nonini yegan chunchuq, Makkadan ham qaytib keladi” degan naqllar bor” - dedi. Bugun shu mavzu doirasida 8 yil mobaynida Turkiyada yashab, oliy ta’limning bakalavr va magistr bosqichlarini tamomlab, O’zbekistonga qaytgan yurtdoshimiz Zebo Fazliddinova bilan suhbatlashdik. -Avvalo, Turkiyaga ketish tarixingiz haqida gapirib bersangiz. Bu qanday bo’lgan? -Turkiyaga ketishimga, avvalo,hali hamon Turkiyada yashayotgan opam sababchi bo’lganlar. Chunki ular o’sha paytda u yerda o’qir edilar va birga o’qishimizni xohlaganlar.Albatta, o’zim ham xohlaganman (kulib). So’ngra bakalavrni ham Turkiyada o’qishga qaror qilib, 2014-yil oktabr oyida ketganman.O’sha paytda 17 yoki 18 yoshda edim.Shu paytgacha hech qayerga chiqmagan qiz boshqa bir davlatga bir o’zim ketganman. Turkiyaga borganimda, samolyotdan tushishim bilan dengiz havosi bilan yuzlashganman.Istanbul havosi judayam toza edi. Va Turkiyaga ketishim birdaniga aniq bo’lib qolganligi uchun avvaldan qaysi yo’nalishda o’qishni reja qilmagan edim. U yerga borib universitetlarga hujjat topshirayotganimda, turkologiya( turk tili) yo’nalishini tanladim. - Turkiyaga borganingizda qanday qiyinchiliklar bo’lgan? - Qiyinchilik deyarli o’lmagan. Chunki yuqorida aytganimdek, opam bilan yashaganman.Turar joy izlab, sarson bo’lmaganman. Til bo’yicha ham qiynalmaganman,chunki Turkiyada universitetga kirishdan avval turk tilini bilish majburiy bo’lgan.Bilmaganlar, qo’shimcha darsga borishardi.Men ham qo’shimcha darsda 5 oy o’qib, keyin o’qishga kirganman. -Sizningcha,Turkiyaga nima uchun borgan ma’qul:o’qish uchunmi, ishlash yoki sayohat uchun? -Turkiyaga o’qish, ishlash, sayohat qilish – hammasi uchun borish kerak.Lekin, agar sizning yoshingiz o’qish uchun yetarli, ya’ni talaba yoshida bo’lsangiz, birinchi o’rinda o’qigani borgan ma’qul.Chunki chet ellik bo’lsangiz ham talabalarga Turkiyaning barcha viloyatlarida imkoniyatlar qilib beriladi.Turk vatandoshlariga qanday imkoniyatlar berilsa, chet elliklarga ham shunday afzalliklar yaratib beriladi.Har xil yordamlar berishadi, grandlar ajratishadi. Endi ishlash uchun borish kerakmi? Ha, ishlash uchun ham ketish kerak, albatta, ishlashga layoqatli bo’lsangiz.Misol uchun, Turkiyada tikuvchilik fabrikalari, tibbiyotda juda ish ko’p. Chunki bu sohalar rivojlangan deyishimiz mumkin. Sayohat qilish uchun…Siz biror chet davlatga chiqmoqchisiz va qayerga borishni o’ylab boshingiz qotayotgan bo’lsa, Turkiyaga borishni maslahat qilardim.Sababi, bu davlat madaniyat jihatdan ham yaqin, ham ko’rmagan jihatlarimiz ham bor. Ya’ni ham yevropacha, ham sharqona madaniyati bor. Masalan, Istanbulni o’zida, yana Bursada ham tarixiy, ham o’yin-kulgu uchun, ham turizm tomonlama ajoyib joylari bor.Agar sayohat uchun dengizli joylarni istasangiz, Turkiyada Mug’la viloyati bor, u yerda Marmaris, Bodrum va juda ko’p dam olish maskanlari bor.Moliyaviy taraflama ham bu davlatga sayohat qilish juda qulay bo’lib qoldi.Hozir o’rtacha besh yuz-olti yuz dollarga bemalol sayohat qilib, dam olib kelish mumkin. -Turkiyaning yaxshi va yomon taraflari nima deb o’ylaysiz? -Turkiyaning yaxshi taraflari…Birinchi o’rinda,ularning insoniyligini yaxshi ko’raman.Yordam berishni juda yaxshi ko’rishadi, bizga o’xshab yordamsevar xalq.Keyin ularda diniy e’tiqod kuchli, misol uchun men necha marta viloyat almashtirgan bo’lsam, uyim doim masjidning oldida bo’lardi.Bu men atayin masjid oldidan uy olardim degani emas,shunchaki masjidlari juda ko’p. Yomon taraf bu men javob berishga juda qiynaladigan savol.Chunki Turkiyaning hech yomon taraflarini ko’rmadim.Turkiyada ekanligimda televidenyaga intervyularga borar edik, ular : “Mana faloncha paytdan beri Turkiyada ekansan, senga bu yerni nimasi yoqmadi”- deb so’rayverishardi.Yo’q rostdan bilmayman, chunki men u yerda hech yomonlik ko’rmadim. To’g’ri, u yerdagi ba’zi bir jihatlar bizning mentalitetga to’g’ri kelmaydi, lekin bu har kimning o’ziga bog’liq. Nima deb o’ylaysiz, o’zi chet davlatga chiqish qanchalik muhim hayotimizda? -Albatta, kerak. Misol uchun, siz chet el haqida kino ko’rishingiz, kitob o’qishingiz, hamma fikrga ega bo’lishingiz mumkin. Lekin borib ko’rmagansiz.Bu nima degani, men sizga sariq rangni bu sariq, har taraflama sariq deyishim mumkin, siz sariqligini o’qigan bo’lishingiz mumkin, lekin o’z ko’zingiz bilan ko’rmagansiz. Aytmoqchi bo’lganim, imkoniyatingiz bo’ladigan bo’lsa, qayer bo’lishida qat’iy nazar chet davlatga chiqing.Siz o’sha yerga borib qaytib kelganingizdan keyin hozirgi o’zingiz bo’lmaysiz.Sizning dunyoqarashingiz, fikrlashingiz o’zgaradi.Hayotning chegaralardan iborat emas, asli juda kengligini ko’rasiz. Davlatlarni almashtirib turish, insonga baribir foydali bo’ladi deb o’ylayman. -Turkiyadan o’zingiz yaxshi deb bilgan qaysi jihatlarni o’rgandingiz va hozir shularni qay birini hayotingizda qo’llayapsiz? -Millatsevarlikni…Ular o'z mamlakatlarini juda yaxshi ko'rishadi. Turkiyada bu narsa juda e’tiborimni tortgan.Masalan, ularda davlat bayrog’ini hamma joyida ko’rishimiz mumkin: xoh hukumatga qarashli binolar bo’lsin, xoh dam olish maskanlari.Hatto har bitta uylarda ham bo’lishi mumkin. Bundan tashqari, turklar tarixda O’rta Osiyodagi ko’p davlatlarni Rossiya bosib olgandan keyin ular o’z tilini yo’qotgan, deb o’ylashadi..Turklar bunga qarshi qattiq kurashishadi. Ya’ni, ular boshqa davlatdan kelgan odamga ham avvalo turk tilida gapirishadi. O’z tillarini millatlarini juda sevishadi. Men ham O’zbekistonda ekanman, ruscha gapirgan odamga hech qachon rus tilida javob qaytarmayman.Bilasiz, bizda ruscha so’zlashishlar judayam ko’p. Men ham bularga qarshi vatanparvarlikni o’rganib, shuni hayotimda qo’llayapman. Bundan tashqari, hozir O’zbekistonda OTM da o’qituvchilik qilar ekanman, Turkiyadagi ta’lim tizimini qo’llashga harakat qilaman.Ya’ni talabalarimga biror sababi bo’lib kelmagani uchun, imtihon natijalariga “3” qo’yib, “4” qo’yib o’tkazib yubora olmayman.Necha baho olishsa shu. Mening bu harakatlarim millatimiz uchun bir qadam bo’ladi deb o’ylayman. -Turkiyaga bormoqchi bo’lganlarga qanday tavsiyalaringiz bor? - Qizlar uchun kechqurun tor, oraliq ko’chalaridan yurmaslikni tavsiya qilardim.Bu nafaqat Turkiya, balki boshqa davlatlarga ham taalluqli.Bundan tashqari Istanbulning ma’lum tahlikali hududlari bor.Ularni oldindan bilib olishingizni va imkon qadar o’sha yerlarga bormaslikni so’ragan bo’lardim. Yana Turkiyaga borishdan avval o’zingiz uchun xarita qilib olishingizni maslahat berardim..Masalan, Istanbuldagi bir hududga bormoqchi bo’lsangiz, uning yonidagi yana bir joyga kirish imkoningiz bo’lishi mumkin.Buning uchun siz qayerda nima borligini bilishingiz kerak.Shunda oson aylana olasiz.