2276ta natija
30.4.2024 136
O‘zbekistonda minimal iste’mol xarajatlari 4,3 foizga o‘sdi — oyiga 621 ming so‘mdan 648 ming so‘mgacha. Ushbu ko‘rsatkich kambag‘allik chegarasini aniqlashda ishlatiladi. Mazkur summa 1-maydan gaz va elektr energiyasi tariflari oshishi munosabati bilan yil boshidan buyon ikkinchi marta yangilandi. “2024-yil may oyidan hisoblangan minimal iste’mol xarajatlari qiymati bir oyda kishi boshiga 648 ming so‘mni tashkil etdi. (2024-yil yanvarda e’lon qilingan qiymat 621 ming so‘mni tashkil etgan)”, — deyiladi Statistika agentligi xabarida. Buning nima keragi bor? Jahon tajribasida minimal iste’mol xarajatlari ko‘rsatkichidan kambag‘allik chegarasi sifatida foydalanish keng tarqalgan bo‘lib, mazkur ko‘rsatkichdan: davlatning moddiy va boshqa ijtimoiy ko‘maklariga muhtoj aholining maqsadli (target) guruhini aniqlash; mamlakatning kambag‘allik chegarasini belgilashda foydalanish va bunda target guruhdagi aholining real iste’mol xususiyatlari va talablarini inobatga olish; kambag‘allikka qarshi kurashish strategiyasi va dasturlarida belgilangan vazifa va chora-tadbirlarning natijadorligi hamda manzilliligini oshirish, shuningdek, ularning doimiy monitoringini yuritish; pensiyalar va nafaqalarning eng kam miqdorini belgilash, shuningdek, kambag‘al oilalarga beriladigan boshqa turdagi moddiy ko‘maklarni ko‘rsatishda mezon sifatida foydalaniladi. Minimal iste'mol xarajatlari o‘zi nima? Ma’lumot o‘rnida, minimal iste’mol xarajatlari uy xo‘jaliklarining real iste’mol qiymatlari va tarkibini o‘rganish asosida ularning sog‘lom hayot kechirishlari uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlar hamda xizmatlar uchun minimal xarajatlarning hisoblangan qiymati hisoblanadi. Kambag‘allik chegarasi Vazirlar Mahkamasi qarori bo‘yicha minimal iste’mol xarajatlaridan kambag‘allik mezoni yoki chegarasi sifatida foydalaniladi. Ijtimoiy himoya yagona reyestri axborot tizimi orqali oilani kam ta’minlangan deb e’tirof etish jarayonida qo‘llanadigan va jon boshiga to‘g‘ri keladigan bir oylik daromad mezoni minimal iste’mol xarajatlariga tenglashtiriladi. O‘zbekistondagi minimal iste’mol xarajatlari miqdori 2021-yilda 440 ming so‘mni, 2022-yilda 498 ming so‘mni, 2023-yilda 568 ming so‘mni tashkil qilgan.
28.3.2024 299
Poytaxt jamoat transportidan foydalanishda yo‘lovchilar uchun birmuncha yengillik va qulayliklar yaratilgan. Xususan, “ATTO” kartalari ko‘pchilikning ortiqcha ovvoragarchiligiga barham berib, vaqt va mablag‘ jihatdan ularga foyda keltirmoqda. Biroq metro va avtobuslarda chipta olish, to‘lov qilish uchun uzundan-uzun navbatalarni ko‘rib, ko‘pchilik bu kartalar borligidan bexabarmikan, degan fikr paydo bo‘ladi. “Toshshahartransxizmat” AJ matbuot xizmatidan transport kartalarining turlari, ulardan foydalanish tartibi haqida eng ko‘p beriladigan savollarga javob oldik. “АТТО” nima? “АТТО” transport kartasi Toshkent shahridagi jamoat transportidan foydalanishda yo‘l haqini to‘lash uchun tez va qulay to‘lov imkoniyatini beradi. Hozirgi kunda “Toshshahartransxizmat” AJning barcha avtobuslarida va “Toshkent metropoliteni” Unitar korxonasining yer osti va yer usti bekatlari vestibyulidagi barcha turniketlarda qabul qilinmoqda. Qanday turdagi kartalar mavjud? Hozirgi vaqtda “АТТО” transport kartalarining to‘rt turi mavjud. O‘quvchi (yashil), talaba (sariq), ijtimoiy – nafaqaxo‘r va nogironlar uchun (qizil), umumiy transport kartasi (ko‘k). Agar karta balansi 1700 so‘mdan kam bo‘lsa, nima bo‘ladi? Agar “АТТО” transport kartasi balansida 1700 so‘mdan kam mablag‘ bo‘lsa, to‘lov qilinmagan qatnov xavfining oldini olish uchun transport kartasi avtomatik tarzda vaqtincha bloklanadi. Transport kartasi vaqtincha bloklangan kartalar ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lsa, uning balansini to‘ldirishingiz kerak. Vaqtinchalik bloklangan karta balansini 10 daqiqa ichida avtomatik rejimda to‘ldirgandan so‘ng, u blokdan chiqariladi va foydalanishga yaroqli hisoblanadi. Imtiyozli transport karta egasi uni yo‘qotib qo‘ysa nima bo‘ladi? Agar yo‘lovchi o‘zining imtiyozli transport kartasini yo‘qotgan va mazkur kartadagi tarif summasi tugamagan taqdirda, “Toshshahartransxizmat”ning “ATTO” bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi xodimlariga murojaat qilishi kerak. Bunda yo‘lovchilardan transport kartasining raqamlarini va fuqarolik pasporti (yoki ID-karta) taqdim etish so‘raladi. Yo‘lovchi maxsus ariza shaklini to‘ldirib, avvalgi kartasini bekor qiladi va nomiga yangi karta oladi. Karta to‘lovi 10 000 so‘m. O‘z muxbirimiz
21.3.2024 425
Navro‘zni har yili nishonlaymiz-u, lekin ko‘pchiligimiz bu bayramning tarixi va qayerlarda o‘tkazilishi borasida aniq tasavvurga ega emasmiz. Ayrimlar esa faqat O‘zbekistonga xos bayram deb o‘ylashi ham mumkin. Xo‘sh, Navro‘zning tarixi qanday, uni qachondan va qay maqsadda nishonlay boshlashgan? Hozir qaysi davlatlarda tantana qilinadi? Oyina.uz kolumnistlari shu kabi savollarga javob izlabdi. Manbalar nima deydi? Navro‘z atamasi Avesto yozilgan tildan olingan bo‘lib, “nava” – yangi, “rəzaŋh” – kun, yorug‘lik degani. Bugungi forschada “nav” yangi, “ro‘z” kun, “yangi kun” ma’nosini beradi. Mazkur terminning ilk yozma manbalarda uchrash tarixi miloddan avvalgi II asr, ya’ni Parfiya davlati hukm surgan yillarga to‘g‘ri keladi. Ahamoniylar davrida ham Navro‘zga o‘xshash bayram nishonlangani to‘g‘risida arxeologik topilmalar orqali taxmin qilingan. Lekin Navro‘z termini biror yozma manbada tilga olinmagan. Avestoga ko‘ra, Navro‘zga Turon hukmdori Afrosiyob tomonidan Eron podshohi Siyovush o‘ldirilgan kun deb ta’rif beriladi. Shuningdek, bu kun yangi yilning boshlanishi sifatida alohida ahamiyat kasb etgan. Firdavsiyning “Shohnoma” eposida Navro‘zning vujudga kelishi afsonaviy podshohlar Qayumars va Jamshid obrazlariga bog‘langan. Navro‘z haqidagi pichoqqa ilinadigan tafsilotlar Sosoniylar davriga to‘g‘ri keladi. Yanayam aniqrog‘i, Ardasher I hukmronligi yillari Navro‘z bayramiga yilning asosiy kuni sifatida qaralgan. Sovg‘alar in’om etish, shohning yirik qabul marosimlari, mahbuslarni afv etish kabi bugun ham amal qilinadigan odatlar shu davrda shakllangan. Navro‘zning tarixiy ildizlari borasida juda ko‘plab manbalarda ma’lumotlar uchraydi. Xususan, Avesto, Abulqosim Firdavsiyning “Shohnoma”, Tabariyning “Tarixi Tabariy”, Abu Rayhon Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”, “Tafhim”, “Qonuni Mas’udiy”, Mas’udiyning “Muruj az-zahab”, Umar Xayyomning “Navro‘znoma”, Muhammad Husayn Burhonning “Forsnoma”, Hofizi Abruning “Zubdat at-tavorix”, Alisher Navoiyning “Saddi Iskandariy”, “Xazoyin ul-maoniy” asarlarida bayram va uning tarixiga oid qaydlar mavjud. Abu Rayhon Beruniy “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” kitobida yilning birinchi oyi deb sanalgan Farvardin oyi to‘g‘risida so‘zlab: “Bu oyning birinchi kuni Navro‘zdir, – deydi. – Navro‘z yilning birinchi kuni bo‘lib, uning forscha nomi ham shu ma’noni anglatarkan. Navro‘z eronliklar zijlari bo‘yicha o‘tmish zamonlarda, ular yillarini kabisali qilgan vaqtlarida Quyoshning Saraton burjiga kirish paytiga to‘g‘ri kelar edi. So‘ngra u orqaga surilgach, bahorga keladigan bo‘ldi. Endi u butun yil unga xizmat qiladigan bir vaqtda, ya’ni bahor yomg‘irining birinchi tomchisi tushishidan gullar ochilgan, daraxtlar gullashidan mevalari yetilguncha, o‘simlik unib chiqa boshlashidan takomillashguncha davom etgan vaqtda keladi. Shuning uchun Navro‘z olamning boshlanishi va yaratilishiga dalil qilingan”. Nishonlanish va nomlanishdagi transformatsiyalar Bayramning ommalashuvi ilk o‘rta asrlarga to‘g‘ri keladi. Aynan ushbu davrda gullab yashnagan Sosoniylar imperiyasi (224–651) va Markaziy Osiyoning savdo aloqalari yuksalgan nuqtasi Sug‘dda keng nishonlangan. Keyingi davrda islom kirib kelishi bilan bayramga oid qarashlar turlicha ko‘rinishga ega bo‘lgan. Ularning ba’zisi bu bayramni nishonlash joiz emas deb hisoblashsa (Abu Hafs Kabir va Muhammad G‘azzoliy), ba’zilari nishonlanishi mumkin deb o‘z fikrlarini bildirib o‘tganlar. Mazkur masalada Beruniy keltirgan ma’lumotlar qiziq bo‘lib, bayramlar ikki turga bo‘lingan – dunyoviy va diniy. Birinchi toifadagi bayramlarning dastlabkisi sifatida Navro‘z qayd etilishi ham uning e’tiqodiy ahamiyatga ega emasligi haqidagi qarash X asrda ustun bo‘lganidan dalolat beradi. Ammo Umar Hayyom mazkur masalada asar yozishiga sabab sifatida do‘stining bayramning yaralish tarixi haqidagi so‘rovini keltirib o‘tishi ushbu asrda Navro‘zga oid ma’lumotlar birmuncha tarqoq holatga kelib qolgan, degan xulosaga yetaklaydi. Navro‘z bayrami Abbosiylar xalifaligi davrida dam olish kuni sifatida belgilangan. Xalifalik zaiflashganidan keyin vujudga kelgan Movarounnahr va Xurosondagi mahalliy sulolalar, xususan, Somoniylar va Buvayhiylar davrida Navro‘zning mavqeyi yanada oshdi. Ayniqsa, Buvayhiylar Sosoniylar davridagi ayrim odatlarni yana qaytardi. Keyingi turkiy va mo‘g‘ul sulolalar va davlatlar hukm surgan davrlarda ham Navro‘zni nishonlash davom etdi. Eronda Islomiy inqilobdan keyingina unga qarash o‘zgargan. Bir so‘z bilan aytganda, Markaziy Osiyo hamda turkiy va forsiy xalqlar yashaydigan boshqa hududlarda Navro‘z asrlar bo‘yi bayram qilib kelingan. Islom tarixiga oid manbalarda ham ushbu kunga oid tushunchalar keng qo‘llanilganiga guvoh bo‘lamiz. Xususan, ulug‘ ulamolarimiz fiqhiy kitoblarda xalqimizning an’anaviy hamda milliy bayramlarini, jumladan, Navro‘zni bayram tariqasida nishonlash haqida fatvo berganlar. Binobarin, “Fatovoi zahiriya”da shunday deyiladi: “Navro‘z uch xildir: Navro‘zi Jamshidiy, Navro‘zi Majusiy va Navro‘zi Sultoniy. Navro‘zi Sultoniyni o‘tkazmoqlik maqbuldir va hech dinga ziyoni yo‘qdur”. Navro‘zi Jamshidiy afsonaviy shoh Jamshid nomiga borib taqalsa, Navro‘zi Sultoniy mashhur Saljuqiy hukmdor Jaloliddin Malikshoh nomi bilan bog‘liq. Shu bilan birga, Sosoniy hukmdor Piruz davrida ham transformatsiya yuzaga kelib, bayram Navro‘zi Piruzi sifatida nom olgan. Ammo nom o‘zgarishiga qaramasdan, asl mohiyat o‘zgarmagan va bu kun yangi yilning boshlanish sanasi sifatida nishonlangan. Zamonaviy dunyoda Navro‘z Bayramdagi rituallar va atributlarning hududlar miqyosida turlicha ekanligi uning mahalliy sharoitga mos holatda shakllangani bilan izohlanadi. Lekin bu jarayon 1926 yilga kelib Sovet hukumati tomonidan sotsialistik respublikalarda taqiqlanishi bilan biroz susaydi, ammo passiv ko‘rinishda bo‘lsa ham oilaviy davralarda rituallar amalga oshirilishi to‘xtagani yo‘q. Siyosiy rejim biroz yumshashi natijasida 1967-yili dastlab Ozarboyjonda ommaviy Navro‘z sayli uyushtirildi. 1989-yil 26-fevralda O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti ideologiya komissiyasi rasman respublika hududida Navro‘z bayramini tiklash to‘g‘risidagi tarixiy qarorni qabul qildi. Hozirda Navro‘z Yaqin Sharqdan tortib Xitoygacha bo‘lgan mintaqada keng tantana qilinadi. Eron, Iroq, Turkiya, Markaziy Osiyo davlatlari, Afg‘oniston, Rossiyaning turkiy xalqlar yashaydigan hududlarida, Bolqon yarimorolidagi davlatlarda jami 300 million aholi Navro‘zni nishonlaydi.
29.2.2024 505
Har to‘rt yilda fevral 29 kun kelishini va bu kabisa yili deb atalishini yaxshi bilamiz. Xo‘sh, nega shunday? Fevral kalendari qanday hisob-kitob qilingan? Gap shundaki, Yerning Quyosh atrofida aylanish davri, aslida, 365 kunga teng emas va u aniq 366 kun ham emas, balki 365 kundan 6 soatga ko‘proq, 366 kundan esa 18 soatga kamroqdir. Soat, daqiqa va soniyalarigacha hisoblaydigan bo‘lsak, Yer Quyosh atrofini 365 kun, 5 soat 48 daqiqa va 46 soniyada to‘liq aylanib chiqib bo‘ladi. 5 soat va 48 daqiqa “ortiqcha” vaqtni esa biz odatiy kalendarimizda hisobga olmay ketamiz. Aslida, deyarli olti soatga teng vaqt anchagina bo‘lib, u bir sutkaning chorak qismi demakdir. Ya'ni, shunaqadan to‘rttasi bir sutkani tashkil qiladi. Hisobga olinmay qolayotgan vaqtni o‘rniga qaytarish uchun taqvimda har to‘rt yilda bitta “ortiqcha” kun – 29-fevral sanasi qo‘shiladi. Bu yil “kabisa” yili deb ataladi. Ma’nosi ham aynan “ortiqcha” deganidir. Yil hisobi to‘liq 365 kun emasligini dastavval qadimgi Rim munajjimlari sezib qolishgan deyiladi. Eramizdan avvalgi 46-yilda imperator Yuliy Sezar tomonidan, iskandariyalik astronom Sozigenga yangi, aniq taqvim ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berilgan. Bungacha rimliklar ancha chalkash kalendardan foydalanishgan. Xususan, ularda musulmon taqvimiga o‘xshash 354 kunlik taqvimlar ham bo‘lgan va yil davomiyligi 355 kunga teng deb belgilanib, har ikki yoki uch yilda yil hisobiga 13-oyni ham qo‘shadigan ajabtovur taqvim ham bo‘lgan. 13-oydagi kunlar soni 22 kundan iborat bo‘lgan. Tabiiyki, bu ijtimoiy-siyosiy jihatdan juda chalkash murakkabliklarga olib kelgan. Sozigen yangi taqvimni Yuliy Sezar topshirig‘iga binoan ishlab chiqqani bois, taqvimga “Yulian” deb nom bergan. Yulian taqvimi eramizdan avvalgi 45-yildan e’tiboran kuchga kirgan. O‘tgan 2069 yildan buyon insoniyat taqvimida har to‘rt yilda 29-fevral sanasi qo‘shimcha belgilab kelinadi. Ortiqcha sana nega aynan fevralga qo‘shildi? Chunki Sezar zamonasida yangi yil 1-martdan boshlab hisoblangan. Rim taqvimiga ko‘ra bir oydagi kunlar soni 31 ga teng bo‘lsa, keyingi oy 30 kun tartibida belgilangan. Yil 365 kun bo‘lganda, bu tartibga ko‘ra, eng oxirgi oy – fevralga faqat 29 kun qolgan. Sezar kabisa yilidagi ortiqcha bir kunni fevral oyiga qo‘shilishini istagan va o‘sha paytlarda kabisa yilida fevral 30 kun kelar edi. Keyinchalik yil boshi hisobi yanvarga ko‘chirilgan bo‘lsada, tartib saqlanib qoldi. Yulian taqvimida yozning ikkinchi oyi – iyulning nomi ham aynan Yuliy Sezar nomiga qo‘yildi. Sezardan keyin taxtga chiqqan imperator Oktavian Avgust hamo ‘z nomini yil oylaridan biriga qo‘yilishini istadi va “sekstiliy” deb nomlangan yozning uchinchi oyini “avgust” deb familiyasiga moslab o‘zgartirdi. Qarasaki, Yuliy Sezar nomiga qo‘yilgan oyda 31 kun, o‘z nomiga qo‘yilgan oyda esa 30 kun ekan (yuqorida aytilgan tartibga ko‘ra, Sezar davrida hech qachon ikkita oy ketma-ket 31 kun kelmagan, avgust ham 30 kun bo‘lgan). Shunda Oktavian janoblari o‘zini kamsitilgan deb his qilmaslik uchun, fevraldagi bir kunni olib avgustga qo‘shib qo‘yadi va yana bechora fevral 28 kun bo‘lib qoladi. Shu sababli Oktavian davridan beri fevrallar 28 kun keladi va kabisa yilida endi fevral 30 kun emas, 29 kunni tashkil qiladi. Bu hikoya shunchaki mif ham bo‘lishi mumkin, ayrim manbalarda Oktavian ortiqcha bir kunni sentyabrdan olib avgustga qo‘shib qo‘ygan ham deyilgan. Xullas, bu mujmal mavzu. Yulian taqvimida yil hisobi 365 kun va 6 soat deb aniq belgilab olingan edi. Lekin yulian taqvimi ham naq 11 daqiqaga adashgan. Taqvim qabul qilinganidan bir necha asr o‘tib esa o‘z salbiy oqibatini ko‘rsatgan. Xususan, yulian taqvimida har 128 yilda 1 kun xatolik yuz beradi va 1500-yillarga kelib, nasroniylarning erta bahorda nishonlaydigan bayramlari, xususan, pasxa va boshqa sanalar bahorgi tengkunlikka nisbatan oldinga siljib qolganini odamlar yaqqol payqay boshlaydi. Masalan, 1582-yilda bahorgi tengkunlik 21-martda emas, balki, 11-martda keladigan bo‘lib qolgan. Shu sababli Rim papasi Grigoriy XIII maxsus hay’at tuzib, kalendarni yana isloh qilishga qaror qiladi va o‘shandan buyon, yil davomiyligi 365 kun 5 soat va 48 daqiqa deb qabul qilingan. Yevropaning aksar mamlakatlarida 1582-yildan e’tiboran qabul qilingan ushbu taqvimni biz bugunda “grigorian taqvimi” deb nomlaymiz va u papa Grigoriy XIII nomiga atalishini sezgan bo‘lsangiz kerak. "Grigorian taqvimi 1582-yildan amalga joriy etilgan bo‘lsada, dunyoning barcha mamlakatlari bunga birdaniga o‘tmadi. Germaniya 1583-yil, Vengriya 1587-yil, Prussiya 1610-yil, Daniya 1700-yil, Angliya 1752-yil va Yaponiya 1753-yillarda o‘tdi. Ko‘p mamlakatlar to XX asrgacha ham yulian taqvimidan foydalanishda davom etdi. Bu paytga kelib, yulian taqvimi xatoligi allaqachon 13 kunga yetib qolgan edi. Rossiya faqat yangi taqvimiga 1918-yilda o‘tdi (Shu sababli, ruslarda “eski yangi yil” 13-yanvarda nishonlanadi). Grigorian taqvimiga oxirgi bo‘lib, Yunoniston (1923), Turkiya (1926) va Misr (1928) o‘tib, yulian taqvimini endilikda butunlay tarixda qoldirdi. Lekin grigorian taqvimini ham to‘la mukammal va aniq deb bo‘lmaydi. Chunki unda ham 26 soniyaga xatolik bor va yillar, asrlar o‘tib u ham albatta o‘z nishonasini ko‘rsatadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, grigorian kalendari har 10000 yilda 3 kunga (3332 yilda 1 kunga) xato qiladi. Shu sababli, grigorian kalendariga ham ba’zan tuzatishlar kiritib turish zarur. Qabul qilingan qoidaga ko‘ra, agar yil ikkita nol bilan tugallansa, (masalan, 1900, 2100) va ushbu yil 400 ga yo 4 ga emas, 100 ga karrali bo‘lsa, o‘sha yil kabisa yili bo‘lmaydi va unda fevral odatdagidek, 28-kuni kelaveradi. Qoidaga binoan, 1900-yil kabisa yili bo‘lmagan; shuningdek, 2100-yilda ham shunday holat kuzatiladi. Boshqacha aytganda, grigorian kalendari har 400 yilda 97 ta kabisa yiliga ega bo‘ladi. Kabisa yili tarixi ana shunaqa qiziq tarix. 29-fevral kalendardagi noyob sana bo‘lgani uchun, odamning ushbu sanada tug‘ilish ehtimoli ham juda kam. Statistikaga ko‘ra, 29-fevralda tug‘ilish atigi 0,066 foizni tashkil qiladi. Yer sharining atigi 0,069 foiz aholisining tug‘ilgan kuni shu sanada nishonlanadi. Avvallari, ayniqsa, moliya tizimida 29-fevral bilan bog‘liq qator irimlar mavjud bo‘lgan. Bu sana faqat 4 yilda takrorlanishi sababli banklar qarz bermagan va tashkilotlar ham shartnoma imzolashdan tiyilgan. Chunki turli qallobliklar va kelib chiqishi mumkin bo‘lgan keyingi noxush yuridik jarayonlarni oldini olish uchun shunday qilingan. An’analarga zid ayrim narsalarni qilishga ham ruxsat berilgan. Shotlandiya va Irlandiyada 29-fevral kuni ayollar erkaklarga turmush qurishni taklif qilishi mumkin edi (hozir ham qisman saqlanib qolgan). Agar ayol erkakka yoqmasa va u turmush qurishni istamasa, erkak yaxshigina jarima to‘lashi zarur bo‘lardi. Mutaxassislarning aytishicha, 29-fevralda tug‘ilgan chaqaloqlarning ota-onasi juda ko‘p holatda, farzandining tug‘ilgan kunini yoki 28-fevral, yoki, 1-mart qilib belgilanishini istashar ekan. Bu, albatta, bolaning keyinchalik tug‘ilgan kunini nishonlashda o‘ksimasligi niyati bilan qilinadi. New York Daily gazetasining yozishicha, Norvegiyadagi Xenriksenlar oilasida, 1960, 1964 va 1968-yillarda uchta aka-uka 29-ferval sanasida tug‘ilgan ekan. Xuddi shunday holat amerikalik Esteslar oilasida ham ro‘y bergan. Ularning farzandlari 2004, 2008 va 2012-yillarning 29-fevralida dunyoga kelgan.
21.2.2024 437
Toshkent bugun tongda havo ifloslanishi bo‘yicha yana yetakchi shaharlar qatoridan joy oldi. 21-fevral kuni ertalab soat 8:00 da Toshkent shahar atmosferasidagi mayda PM2,5 zarrachalar miqdori Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalaridan 28,1 marta oshib ketdi. Soat 9:00 da, PM2,5 ifloslanishi 196,5 gacha oshib, jahon shaharlari reytingida Toshkent «juda zararli» havo bilan birinchi o‘ringa chiqdi. Holbuki, so‘nggi kunlarda kuzatilgan yog‘ingarchilk sabab havo tozalangan. Avtomobillar harakati ham nisbatan kamaydi. Shunga qaramasdan havoning bu qadar ifloslanishiga nima sabab bo‘ldi? Mazut yoqilishi ko‘paygan 19-fevral kuni Energetika vazirligi matbuot xizmati mamlakatda elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun 12,1 ming tonna mazut yoqilganini ma’lum qilgan edi. Bu avvalgi kunga nisbatan 1400 tonnaga ko‘p. Iqlimshunos Erkin Abdulahatov 20-fevral kuni kechqurun O‘zbekiston hududiga kelayotgan uch kunlikda antisiklon sharoiti keng masshtabda ta’sir etib, ob-havo sharoitida havoni ifloslantiruvchi moddalarning havoda muallaq turib qoladigan muhitni yaratishi mumkinligini aytgan edi. "Energetik balansni ta’minlashda kecha energetik tizim bir sutkada 12,1 ming tonna mazut yoqdi. Undan oldingi kun bu ko‘rsatkich 10,7 ming tonna edi. Buxorodagi "L-Gazli-1" va "L-Gazli-2" yuqori kuchlanishli elektr tarmoqda muammolar bartaraf etilib, favqulodda to‘xtab qolgan 10 ta gaz haydash kompresslar ishga tushirildi", - deb yozdi iqlimshunos olim. 5-o‘ringa tushdi 11: 45 holatiga ko‘ra, Toshkent havo ifloslanishi bo‘yicha dunyoda beshinchi o‘ringa tushdi. Dehli birinchi o‘rin, Lahor ikkinchi o‘rinni egalladi.
19.2.2024 431
Ayni kunlarda yurtimiz bo‘ylab biroz sovuq havo kuzatilmoqda. Bunday harorat esa shamollash bilan bog‘liq kasalliklarga chalinish ehtimolini birmuncha oshiradi. Respublika epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Botir Tojiyev qish kunlarida mavsumiy xastaliklardan saqlanish bo‘yicha kerakli tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi. — Inson organizmi turli kasalliklarga qarshi kurashishi uchun uning immuniteti mustahkam bo‘lishi kerak, — deydi mutaxassis. — Biroq qish faslida aksariyat kishilarda tananing himoya tizimi biroz susayadi. Natijada shamollash bilan bog‘liq kasalliklar biroz ortadi. Shu bois, sovuq havoda, eng birinchi navbatda, gigiyena qoidalariga rioya etish maqsadga muvofiq. Buning uchun ko‘chadan kelganda albatta qo‘llarni sovunlab yuvish shart. Bilamizki, viruslar sovuq va quruq havoda faollashadi. To‘g‘ri, qish fasli atmosferada namlik nisbatan yuqori bo‘ladi. Biroq xonalar isitilishi sababli havo quruqlashadi. Shu bilan birga, patogenlar toza havoni yoqtirmaydi. Ammo sovuq kunlarda eshik va derazalar zich yopilib, xonalar havosi tez-tez almashtirilmaydi. Odamlar asosiy vaqtini issiq sharoitda, bir necha kishi yoki ko‘pchilik bir joyda jamlanib o‘tkazadi. Bu esa infeksiyalarning avj olishi uchun qulay muhit hisoblanadi. Shu bois binolarni tez-tez shamollatish kerak. Shuningdek, D vitamini immunitet tizimining me’yoriy ishlashi uchun muhim element hisoblanib, qish faslida quyoshli kunlar kam bo‘lishi bois organizm bu moddani mustaqil ishlab chiqarishi pasayadi. Natijada tananing mazkur darmondoriga ehtiyoji ortadi. Shu sababli qishda to‘g‘ri ovqatlanish, ayniqsa, tarkibida S va D vitamini bor yeguliklar (baliq, jigar go‘shti, sut mahsulotlari, tuxum, mandarin, kivi, qorag‘at (smorodina), quritilgan anjir, limon, malina kabi mevalar, petrushka, o‘simlik yog‘i va tabiiy apelsin sharbati)ni ko‘proq iste’mol qilish lozim. Kunlik taomnomaga oqsilga boy oziq-ovqatlar (dukkakli mahsulotlar, yormalar, mol va parranda go‘shti)ni kiritish maqsadga muvofiq. Qolaversa, vitaminlar shamollashning samarali profilaktikasi hisoblanadi. Ular immunitet tizimini mustahkamlash va viruslarga qarshi turish uchun juda muhim. Masalan, B vitaminlari (B1, B2, B6, B12) leykositlar faolligini kuchaytiradi. Bu o‘z navbatida tananing sovuqqa chidamliligini oshiradi. Shu bois tarkibida ushbu vitaminlar ko‘p bo‘lgan go‘sht, baliq, jigar, dukkaklilar, asal va yong‘oq kabi mahsulotlarni yeyish tavsiya etiladi. Bundan tashqari, sovuq paytda ob-havoga mos kiyinish kerak. Birinchi navbatda, sharf taqishni unutmaslik zarur. Boisi u bo‘yindagi qon tomirlarini issiq saqlab, miyaga issiqlik yetib borishini ta’minlaydi. Turar-joy va ofislar hamda jamoat binolarida esa harorat rejimiga rioya qilish lozim. ‼️ Yana bir jihat shuki, aksariyat insonlar sovuq payti kamharakat bo‘lib qoladi. Bu esa immun tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Aslida qish payti jismoniy harakatni ko‘paytirish orqali tanani chiniqtirish juda muhim.