Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

JALPAQ JAP ishsizlik va jinoyatchilikdan xoli hudud

25.8.2026 872

Muhammadshukur MUHAMMADJONOV, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Kegeyli tumanidagi Jalpaq jap ovul fuqarolar yig‘inida yashovchi Aynura Karamatdinova bir necha yil avval ish izlab yurgan yoshlardan edi. Hozir o‘zining go‘zallik saloniga ega. Prezidentning PQ–62-sonli qarori ijrosi doirasida ajratilgan imtiyozli kredit evaziga tashkil etilgan go‘zallik saloni Aynuraning oilasi daromadini oshirdi, mahalladagi boshqa qizlar uchun ham kasb o‘rganish maydoniga aylandi.

– Bir paytlar o‘z faoliyatimni boshlashim uchun zarur imkoniyat va mablag‘ yetishmasdi, – deydi Aynura. – Mahalladagi yoshlar yetakchisi muammolarimni o‘rgandi va menga amaliy yordam ko‘rsatildi. Bugun daromad topib, oilamga yordam beryapman. O‘zimga ishonchim ortdi, kelajak uchun yangi maqsadlar qo‘ya boshladim.

Jalpaq jap ovuli balansi:

Aholi: 6370 nafar;

Yoshlar: 1434 nafar;

Xotin-qizlar: 666 nafar.

 

“Yashil” toifa: 1089 nafar;

“Sariq” toifa: 345 nafar;

“Qizil” toifa: 0.

Mahalla drayveri: chorvachilik va dehqonchilik.

Jalpaq japda 2025-yildan beri ijtimoiy himoyaga muhtoj 32 nafar yoshning muammosi “Yoshlar daftari” orqali hal etildi. 2 nafariga subsidiya asosida asbob-uskunalar olib berildi. 1 nafar yoshning davolanish xarajatlari qoplandi. 1 nafar yigitga haydovchilik o‘quv kursi xarajatlari to‘lab berildi. 5 nafar yosh zamonaviy kasblar yo‘nalishida o‘qitildi. 8 nafar talabaning kontrakt to‘lovi qoplandi. 1 nafar yosh yer maydoniga ega bo‘ldi. 13 nafar yigit-qiz o‘zini o‘zi band qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Rustam Jumabayev bilan Dildara Erejepova “Yoshlar daftari”dan subsidiya asosida tikuv mashinasi olgan. Rustam milliy kiyimlar tikadi, Dildara esa klassik kostyum, shim va qizlar ko‘ylaklarini tikib, oilasiga daromad keltiryapti.

Tadbirli yoshlar

– Yoshlar bilan ishlashda biz uchun eng muhim tamoyil – muammoga amaliy yechim topish, – deydi Jalpaq jap ovuli yoshlar yetakchisi Zuhra Kosbergenova. – Shu bois har bir murojaatni alohida o‘rganamiz, har bir yigit-qiz bilan individual ishlayman. Kimningdir bandlikka ehtiyoji bo‘lsa, ishga yo‘naltiramiz, kasb-hunar yoki tadbirkorlikni boshlashni istovchilarga tegishli dasturlar orqali ko‘mak beramiz. Maqsadimiz yoshlarning hayotida ijobiy o‘zgarish qilish, ularning ertangi kunga ishonchini mustahkamlashdir.

Ovulda tadbirkorlik yo‘nalishida ham amaliy natijalar kuzatilyapti. Prezidentning PQ–62-sonli qarori asosida 2 nafar yosh tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun jami 150 million so‘m imtiyozli kredit oldi.

Shulardan biri – Aymurat Azbergenov. U “Yoshlar biznesi” dasturi doirasida 50 million so‘m kredit olib, dehqonchilikni yo‘lga qo‘ydi. Dastlab ikki gektar maydonda mosh yetishtirib, 20 million so‘m sof daromad oldi. Bugunga kelib ekin maydonini uch gektarga yetkazdi. Endilikda u mahalladagi boshqa yoshlar uchun ham tajriba almashayotgan namunali fermerlardan biri sifatida e’tirof etilmoqda.

Mahallada yosh dehqonlardan yana biri – Aytqali Abadanov. U mosh yetishtirish orqali yuqori hosildorlikka erishmoqda. Suv resurslari cheklangan sharoitda suv kam talab qiladigan ekinlarni tanlash iqtisodiy jihatdan ham, ekologik nuqtayi nazardan ham to‘g‘ri qaror.

Yosh tadbirkor Juldiz Abdiualiyeva kredit asosida oilasi bilan pomidor yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan. Bugun ularning tomorqasi oilaning asosiy daromad manbayiga aylangan.

2025-yil yakunida mahalladan 38 nafar yosh xorijda mehnat qilayotgan edi. Zuhra Kosbergenova hamda mahalla yettiligi ularning har biri bilan individual suhbatlar, oilalari bilan muloqotlar o‘tkazib, mavjud imkoniyatlarni tushuntirish ishlari olib borildi. Natijada migratsiyadagi yoshlarning 92 foizi mahallaga qaytdi.

Eng muhim omil – ishonch

Mahallalarda yoshlar bilan ishlash samaradorligi ijtimoiy muhitdagi o‘zgarishlar bilan ham baholanadi. Jalpaq jap ovulida ham shunday manzarani kuzatish mumkin.

Mahallada ishsizlik va jinoyatchilikning oldini olish borasida barqaror muhit shakllangan. Yoshlar yetakchisining ta’kidlashicha, hududda huquqbuzarlikka moyil yoshlar yo‘q. “Otaliqqa olingan yoshlar” toifasi ham shakllanmagan. Bu profilaktika, bandlik va doimiy muloqot tizimi samarasidir.

Mahalla yoshlari “Besh tashabbus olimpiadasi” respublika bosqichida parakibersport yo‘nalishida ikkinchi o‘rinni egalladi. Hududiy bosqichda qizlar o‘rtasidagi mini futbol musobaqasida ikkinchi o‘rin qo‘lga kiritildi.

Yoshlar yetakchisi Zuhra Kosbergenova tashabbusi bilan “Jaxsılıqtı hárkim hár kúni islewi kerek” (“Yaxshilikni har kim har kuni qilishi kerak”) shiori ostida ko‘ngilli yoshlar jamoasi faoliyat yuritmoqda. O‘ndan ortiq faol yigit-qizni birlashtirgan guruh hududdagi yolg‘iz keksalar holidan muntazam xabar oladi, ularning uy-ro‘zg‘or yumushlariga ko‘maklashadi, zarur paytlarda hasharlar tashkil etadi.

Shu mehnatlari ortidan 2025-yilda Zuhra “Yilning eng namunali yoshlar yetakchisi” tanlovining hududiy bosqichida uchinchi o‘rinni egalladi. 2024-yilda “Yetakchi spartakiadasi” musobaqasida stol tennisi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi g‘olibi bo‘ldi.

2026-yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, Zuhra Kosbergenova mamlakatdagi eng namunali mahalla yoshlar yetakchilarining kuchli 100 talik reytingidan joy oldi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish