Bundan 10 yillar avval bir sinfdan ko‘pi bilan 4-5 oʻquvchi oliy taʼlimga kirgan. Bugun esa xuddi shu ko‘rsatkichning aksi – 4-5 oʻquvchigina oliy taʼlimga kira olmasligi mumkin. Ha, soʻnggi yillarda oliy taʼlim qamrovi sezilarli darajada oshdi.
Buning hech yomon joyi yoʻq, oʻqigan, diplomli yoshlarning koʻpayishi faqat naf keltiradi. Ammo faqatgina “diplomli”, “oʻqigan” degan maqomga erishish uchun oʻzi qiziqmagan, mehnat bozorida kerakli boʻlmagan sohalarni tanlab, oliy maʼlumotli ishsiz boʻlib qolayotgan yoshlar ham kam emas. Ularni na diplomi qutqara olyapti, na qoʻlida biror kasb-hunari bor.
Bir tomondan, esa sun’iy intellekt (SI)ning tezkor rivojlanishi ko‘plab kasblarni xavf ostiga qo‘ydi. Dastlab faqat oddiy ishlarni avtomatlashtiradi, deb o‘ylangan bo‘lsa, bugun ko‘plab ofis xodimlari — hisobchi, tarjimon, marketolog, hatto huquqshunoslarning ham o‘rnini SI egallay boshladi. 2024-yilgi McKinsey Global Institute hisobotiga ko‘ra, dunyoda 400 milliondan ortiq odamning ishi avtomatlashtirish ta’sirida o‘zgarishi yoki yo‘qolishi mumkin. Ularning asosiy qismini ofis xodimlari tashkil qiladi. Bu esa universitet diplomining o‘zi kelajakda mehnat boridan ish topishga kafolat bermasligini yaqqol ko‘rsatmoqda.
Kasb-hunarga ehtiyoj ortgan
Shu bois dunyo boʻylab yoshlar ommaviy ravishda hunar oʻrganishga qiziqmoqda. Zety rezyume platformasi oʻtkazgan soʻrovnomada 1000 nafar “Z” avlodi vakilidan yarmidan koʻpi hunar sohalarini jiddiy koʻrib chiqishga tayyor ekanini aytgan. Bunda sunʼiy intellekt xavfi, sohaga kirishdagi osonlik va maosh ustuvor omil sifatida keltirilgan.
Zety mutaxassisi Jasmin Eskalera buni “SIdan xavotirli burilish” deb ataydi – yoshlar oliy maʼlumot kerakmi-yoʻqmi, deb qayta oʻylay boshlagan. Oliy maʼlumot olish uchun katta qarzga botish va keyin maʼlumotiga mos ish topa olmaslik xavfi “Z” avlod uchun katta savol. Hunar egalariga esa talab hali ham yuqori.
Bundan tashqari, “Validated Insights” nomli oliy taʼlimga ixtisoslashgan marketing va tadqiqot kompaniyasining mart oyidagi hisobotida koronavirus pandemiyasigacha hunar maktablari bozori deyarli bir joyda “qotib qolgan” edi deyiladi. Endi esa kuzgi qabul koʻrsatkichlarida yillik 6,6 foiz oʻsish kutilyapti.
“Qoʻlingizni qora moyga botirib, ter toʻkib ishlab, choʻntakni qappaytirishning hech qanday uyatli joyi yoʻq”, – deydi Midea kompaniyasi mahsulotlar boʻyicha katta menejeri Devid Reyms. Midea konditsioner va muzlatkich kabi maishiy texnika ishlab chiqaruvchi boʻlib, oʻnlab hunar maktablari bilan hamkorlikda yangi HVAC mutaxassislarini oʻqitmoqda.
“Sunʼiy intellekt bizning ish oʻrnimizni egallay olmaydi. Chunki SI konditsioner oʻrnata olmaydi”, – deydi u.
Hunar maktablari payvandlash, vodoprovod, konditsioner ustasi kabi sohalarga kirishni istovchilar uchun bitta imkoniyat xolos. AQSh Milliy talabalar markazining maʼlumotlariga koʻra, 2020-yildan buyon kasb-hunarga ixtisoslashgan ikki yillik kollej dasturlariga qabul 20 foizga oʻsgan. Bu koʻrsatkich toʻrt yillik ommaviy universitetlarnikidan 10 barobar yuqori. Xizmat davomida pul ishlab olish imkonini beradigan rasmiy shogirdlik dasturlari ham soʻnggi yillarda ommalashmoqda.
Ayrim hunarlar toʻrt yillik oliy maʼlumot talab qilinadigan kasblar bilan teng maosh bermoqda. Masalan, 2023-yilda konditsioner mutaxassislari (HVAC) uchun oʻrtacha yillik maosh 60 ming dollar atrofida boʻlgan. Bu barcha ishchilar uchun oʻrtacha maoshga yaqin. HVAC sohasida eng koʻp maosh oluvchi 10 foiz xodim yillik 91 ming dollardan ortiq ish haqi oladi. Ayni paytda, HVAC mutaxassislari tanqisligi tufayli ularning xizmatiga talab yuqori. “HVAC pudratchilar narxi ancha oshgan”, – deydi Reyms.
Boshqa hunarlar ham yaxshi daromad keltiradi. Masalan, Reyms oʻgʻli vodoprovod sohasida ishlaganidan soʻng 22 yoshida uzoq muddatli investitsiyalar uchun 55 ming dollar ortiqcha mablagʻ toʻplaganini aytadi. “Yoshlarga shu haqda gapirsam, koʻzlari katta-katta boʻlib ketadi”, – deydi u.
Oliy ma’lumot – eski stereotip
O‘zbek xalqida bir maqol bor: “Hunarli kishi xor bo‘lmas”. Darhaqiqat, bugungi kunda ham hunarli yoshlar o‘z yo‘lini topmoqda. Quruvchi, payvandchi, oshpaz, sartarosh, tikuvchi, novvoy kabi kasblar har doim kerak. Shaharlarda esa santexnik, elektriklar xizmati qanchalik qadrli va qimmat ekani hammaga maʼlum. Xullas, shahar bo‘ladimi, qishloqmi, hunar egasi uchun doim mijoz bor.
Misol uchun, oddiy bir tikuvchi o‘rtacha oylikdan yuqori daromad topyapti. Qandolatchilik, go‘zallik xizmatlari orqali oilasini bemalol boqayotgan ayollar ham talaygina. Masalan, qishlogʻimizda Lobar ismli tikuvchi ayol bor. Koʻylak tiktirish uchun kamida 15–20 kun oldindan navbat olish kerak!
“Mijozlarim juda koʻp, eng kami 3–4 ta koʻylak tiktirib olishadi. Kelin sarpo uchun bir kishidan oʻntalab buyurtma tushadi. Uy uchun oddiy koʻylaklarni 40 mingdan 75 minggacha tikaman, kelin sarpolarini 100–250 minggacha. Ishsiz qolgan biror kunim yoʻq. Daromadim 7–10 million soʻm atrofida boʻladi. Baʼzida hamshira yoki oʻqituvchilar koʻylak tiktirishga kelganda hazillashib “sizda pul koʻp, bizdan koʻp topasiz”, deyishadi. Olti oy oʻrganib, endi ish boshlagan shogirdlarim ham oyiga 3–5 million soʻmgacha daromad qiladi”, deydi Lobar opa.
Biroq Oʻzbekistonda yoshlar orasida hunar oʻrganishga ishtiyoq hali-hanuz past. Ular ta’lim va kasb tanlashda ko‘p yillardan beri bir stereotip ta’sirida yashab kelmoqda: “faqat universitetni bitirgan odam hurmatli bo‘ladi, kasb-hunar egallagan kishi esa ikkinchi darajali hisoblanadi”. Jamiyatda “o‘qimagan”, “o‘qimishli” degan bo‘linish mavjud bo‘lib, ko‘pincha “o‘qigan” degan nomning o‘zi katta ijtimoiy maqom sifatida qabul qilinadi.
Ko‘plab ota-onalar farzandini universitetga kiritishga harakat qiladi. “Diplomli bo‘lsa, hurmat topadi, kelajagi kafolatlanadi” degan tushuncha keng tarqalgan. Hatto ayrim hollarda, qizi yoki o‘g‘li tikuvchilik, pazandalik, duradgorlik yoki boshqa hunarga qiziqishini aytsa, ota-onalar qarshilik qiladi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda hunar va oliy ta’lim o‘rtasidagi tafovut tobora ko‘zga tashlanyapti. Bir tarafdan, jamiyat hanuz diplomni yuqori qo‘yadi, ikkinchi tarafdan, zamon hunarli yoshlarni ustun qo‘ymoqda. Biz mana shunday vaziyatda “hunarli odam ham o‘qimishli odam” degan qarashni shakllantira olsak, faqatgina “oliy maʼlumotli” degan nom uchun oʻqigan, na biror ish topgan, na biror hunar egallagan yoshlar safini kamaytirgan boʻlardik, ehtimol...