2023-yilda dunyo bo‘yicha SI bozorining umumiy hajmi 240 milliard dollardan oshdi, xalqaro tadqiqot kompaniyalari prognozlariga ko‘ra 2030-yilga kelib bu raqam 1,8 trillion dollarga yetishi kutilmoqda. Sun’iy intellekt global iqtisodiy tizimning markazlaridan biriga aylanyapti. Bunday katta imkoniyatlar fonida yangi bir yo‘nalish tug‘ildi. “Prompt engineering” deb nomlangan soha insonning fikrlashi va muloqot qobiliyatiga tayangan yo‘nalish hisoblanadi.
“Prompt” ingliz tilida “ko‘rsatma”, “signal”, “savol” degan ma’nolarni anglatadi. Prompt injenering – so‘rovlarni to‘g‘ri tuzish, aniq va samarali shakllantirish san’ati. Masalan, siz SI algoritmlariga oddiygina “Menga sport haqida yoz” deb so‘rov bersangiz, sun’iy intellekt umumiy, yuzaki ma’lumotlarni chiqaradi. Ammo “Marafon yuguruvchilari uchun 6 haftalik mashg‘ulot rejasi, ovqatlanish tavsiyalari va motivatsion maslahatlar yozib ber” deb topshiriq bersangiz, natija ancha chuqur va amaliy bo‘ladi. Shu farqni yaratib beradigan ko‘nikma prompt injenering deyiladi. Har bir asrda yangi savodxonlik shakllanadi. Bir vaqtlar yozishni bilish insonni jamiyatda ustun qilgan, keyinroq kompyuter savodxonligi zarur bo‘ldi, endi SI bilan to‘g‘ri gaplasha olish ham yangi bir yo‘nalish.
Prompt injeneringning ustunliklari bir necha jihatda namoyon bo‘ladi, masalan, tezkorlik. Aniq yozilgan prompt bir zumda natija beradi. McKinsey xalqaro instituti hisobotiga ko‘ra, sun’iy intellektdan samarali foydalanish 2030-yilgacha dunyo yalpi ichki mahsulotiga 13 trillion dollar qo‘shishi mumkin. Bu jarayonda prompt injenering muhim rol o‘ynaydi. Chunki natijaning sifati to‘g‘ri so‘rovga bog‘liq. Ikkinchi jihat – samaradorlik. Masalan, bir marketing mutaxassisi reklama strategiyasini ishlab chiqishga odatda bir necha kun vaqt sarflasa, to‘g‘ri yozilgan buyruq yordamida bu ishni bir necha soatda bajarish mumkin. Prompt injenering insonni yangi g‘oya va yondashuvlarga yetaklaydi. 2022-yilda dunyoda 1 milliondan ortiq yangi kitob, qo‘shiq va rasm SI yordamida yaratilgani qayd etilgan. Bu raqam so‘rov-buyruqlarning qanchalik ijodiy bo‘lishiga bevosita bog‘liq.
Bugun prompt muhandisi dunyo bozorida eng talabgir mutaxassislardan biriga aylanmoqda. AQShda bunday mutaxassislarning o‘rtacha yillik maoshi 120–150 ming dollarni tashkil etsa, ba’zi kompaniyalarda bu ko‘rsatkich 300 ming dollargacha chiqqan. Yevropada ham bu mutaxassislarga talab ortib bormoqda. Chunki kompaniyalar sun’iy intellekt tizimlarini o‘z faoliyatiga joriy etar ekan, ularni samarali boshqaradigan mutaxassis zarur. Frilanserlik bozorida ham bu kasbning istiqboli keng. “Upwork” va “Fiverr” kabi platformalarda prompt injenering bo‘yicha xizmatlar soni 2022-yildan beri 400 foizga oshgani qayd etilgan. Demak, bu soha ofis ishidan tashqari mustaqil daromad topishda ham katta imkoniyatlarni taqdim etadi.
