Внимание! Веб-Сайт работает в тестовом режиме
27-Апреля, 2024-год, Суббота

Ta’lim davlat e’tiborida

18.4.2023 878

Anvar EMINOV, jurnalist

Yangilanayotgan asosiy qonunimizda ta’lim tizimining barcha bosqichlari bugungi kun talablari darajasida faoliyat yuritishi uchun huquqiy asoslarni yaratish, pedagog xodimlarning maqomini har jihatdan mustahkamlash ko‘zda tutilmoqda. Masalan, qonun loyihasining 50-moddasida har kimning ta’lim olish huquqi e’tirof etilib, uzluksiz ta’lim tizimi, uning har xil turlari va shakllari, davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari rivojlanishi uchun zarur sharoitlar davlat tomonidan ta’minlanishi belgilanmoqda.

Ilk marotaba bog‘cha yoshidagi bolalarning ta’lim va tarbiyasi sohasidagi davlat kafolatining konstitutsiyaviy darajada belgilanishi tarixiy voqeadir. So‘nggi besh yilda bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 27,7 foizdan 72 foizga oshdi, maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 5211 tadan 29 mingdan ziyodga yetkazildi. “Finance Inquirer” nashri tahliliga ko‘ra, O‘zbekiston 2022-yilda bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalariga jalb qilish bo‘yicha dunyodagi eng peshqadam 10 ta davlat ro‘yxatida birinchi o‘rinni egalladi.

Aholining keng qatlamlarini oliy ta’lim bilan qamrab olish masalasi Prezidentimiz tomonidan BMT minbarida ham ko‘tarilgan va 2030-yilgacha O‘zbekistonda 50 foiz yosh aholi oliy ma’lumotga ega bo‘lishi rejalashtirilgan. Shu sababli oliy ta’limni olish huquqi Konstitutsiya darajasigacha oshirilmoqda. Xususan, loyihaning 51-moddasida fuqarolarning davlat ta’lim tashkilotlarida tanlov asosida davlat hisobidan oliy ma’lumot olish huquqi e’tirof etilmoqda.

Yangilanayotgan Konstitusiyamizning 52-moddasida yurtimizda o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning ma’naviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida e’tirof etilmoqda. Taklif etilgan yangi qoidalarga ko‘ra, davlat o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi.

O‘zbekiston 2022-yilda bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalariga jalb qilish bo‘yicha dunyodagi eng peshqadam 10 ta davlat ro‘yxatida birinchi o‘rinni egalladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Подписаться