Внимание! Веб-Сайт работает в тестовом режиме

YOSHLAR TASHABBUSLARI QO‘LLAB-QUVVATLANDI

7.2.2023 895

Iqbol PARDAYEVA, Muhammadshukur MUHAMMADJONOV “Yoshlar ovozi” muxbirlari

Namangan viloyatida

2022-yili 140 milliard so‘m uyushmagan yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish maqsadida ajratildi.

6 mingdan ziyod yosh o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ydi.

2,5 ming gektar ekin maydonlari yoshlarga ajratildi.

20 ming nafar yoshning bandligi ta’minlandi.

5 ming yoshga kontrakt pullari to‘lab berildi.

 

Davlatimiz rahbari Davlatobod tumanidagi “Yangi O‘zbekiston yoshlar ziyo maskani” kutubxonasida namanganlik yoshlar bilan muloqot qildi. Uchrashuvda yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlarni kengaytirishga qaratilgan loyiha va tashabbuslar haqida so‘z bordi.

“Yangi O‘zbekiston yoshlar ziyo maskani” kutubxonasi 2021-yili foydalanishga topshirilgan. 70 mingta kitob fondiga ega. Kutubxona jahondagi yirik elektron kutubxonalar tarmog‘iga ulangan. Bu orqali xorijiy adabiyotlardan ham erkin va bepul foydalanish mumkin. Tashrif buyuruvchilar maxsus ID-karta oladi. Barcha jarayonlar elektronlashtirilgan. Birinchi qavatda 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar hamda ko‘zi ojiz insonlarga mo‘ljallangan alohida o‘qish zali tashkil etilgan. Ikkinchi va uchinchi qavatlarda umumiy o‘quv zallari, yerto‘lada arxiv joylashgan. Shuningdek, bu yerda yoshlar axborot texnologiyalarini o‘rganishi mumkin.

 

Oybek PO‘LATOV, Davlatobod tumanidagi “Porloq” mahallasi yoshlar yetakchisi:

– Prezidentimiz kutubxonadagi sharoitlar bilan tanishib, qancha kitob borligi bilan qiziqdi. Kitoblar sonini ko‘paytirish kerakligini tushuntirdi. Shu bilan birga, bizning takliflarimizni ham so‘radi. Men kutubxona soat 20:00 gacha ishlashini, ammo ko‘pchilik yoshlarning kechki payt kitob o‘qish uchun bo‘sh vaqtlari bo‘layotganini aytib, soat 20:00 dan keyin ham kutubxonada o‘qish uchun imkon yaratish taklifini bildirdim. Bu fikrim ma’qullanib, “Namangan tajribasi” sifatida kutubxona faoliyatini 24 soatli ish tartibiga o‘tkazish yuzasidan mutasaddilarga topshiriq berildi. Prezidentimiz bu maskanda yoshlar bilan ko‘proq tadbirlar, bayramlar tashkil qilish va yoshlarning eng sevimli maskaniga aylantirish kerakligini ta’kidladi.

 

Yoshlar ishlari agentligi tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan “Ibrat farzandlari” loyihasi yoshlarning xorijiy tillarni o‘rganishi uchun zo‘r imkoniyat bo‘lmoqda. Bu loyiha orqali malakali ustozlardan o‘zbek, ingliz, nemis, ispan, turk va rus tillarini noldan boshlab bepul o‘rganish imkoniyati mavjud. Uchrashuvda davlatimiz rahbari ushbu loyiha taqdimoti bilan tanishdi.

 

Rustam QORIYEV,  “Ibrat farzandlari” loyihasi rahbari:

– Loyihaning “Ibrat farzandlari” deb nomlanishi jadid bobomiz Is’hoqxon Ibrat bilan bog‘liqdir. Prezidentimiz “Oldimizga qo‘ygan katta marralarga erishmoqchi bo‘lsak, har bir farzand ikkita chet tilini bilishi kerak”, degan taklif berganidan keyin biz bu loyihani yo‘lga qo‘ydik. O‘zbekistonda ilk marotaba chet tilini o‘rgatuvchi professional platforma yaratdik. Maqsadimiz, chekka hududlarda ijtimoiy yordamga muhtoj va shahar markazidagi o‘quv kurslariga qatnash imkoni bo‘lmagan bolalarga xorijiy tillarni o‘rganishga ko‘maklashishdir. Nafaqat bolalar, kattalar ham o‘rganishi mumkin. O‘quvchilarimiz soni ikki oy ichida 113 mingtaga yetdi. Yil yakuniga qadar 1 million, 2025-yilga qadar 3 million tinglovchini qamrab olmoqchimiz. Shu kunga qadar 10 dan ortiq tillarda 200 dan ortiq videolar yuklandi. Bundan tashqari, xitoy, ingliz, turk, yapon, nemis, rus, koreys tillarida video darsliklar tayyorlanmoqda. Barcha darslar o‘zbek tilidagi bepul platformaga joylashtirilmoqda. Boshqa platformalardan bizning farqimiz shundaki, bizda barchasi tizimli ravishda o‘zbek tilida bo‘lyapti.

Prezidentimizga taqdimotimizni namoyish qilganimizdan so‘ng yaxshi fikrlar bildirdilar. Bu loyihani keng targ‘ib etib, aholiga bildirishimiz, imkon qadar ko‘proq tillarni dasturga kiritish, kitoblar chop etish, bog‘cha va maktablarda, boshqa kasb egalari ham o‘rganishi uchun mukammal dastur yaratishimizni va jamoamizni kengaytirish borasida barcha zarur yordamni berishini aytdilar.

 

Mehrinoz ABBOSOVA, Yoshlar ishlari agentligi direktorining davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi:

– Biz, namanganlik yoshlar Prezidentimiz bilan bir soat ichida ta’lim sifatini yaxshilash, migrant yoshlarga yordam berish tizimi, xorijiy tillarni o‘qitish, “Ibrat farzandlari” loyihasini kengaytirish, umuman, yoshlar hayoti va taqdiri uchun muhim bo‘lgan har bir yo‘nalish haqida ochiq, samimiy suhbatlashdik. Davlatimiz rahbari ko‘plab muammolarni, og‘riqli masalalarni tilga oldi, yoshlarning takliflarini sinchkovlik bilan tingladi. Shaxsan mendan “WikiStipendiya” marafoni qanday ketayotgani, internetda o‘zbek tilida sifatli kontentlarni ko‘paytirish uchun yana nimalar qilish kerakligini so‘radi. Iqtisodiyot va moliya vaziriga bu boradagi ishlarni jadallashtirish uchun mablag‘ni ayamaslik lozimligini, o‘zbek tili turkiy tillarning o‘zagi ekani va u hamisha oldinda bo‘lishi muhimligini, qanday yordam kerak bo‘lsa, tayyor ekanliklarini ta’kidladi. Prezidentimiz bilan muloqotda katta kuch va energiya oldim. Hali oldinda qilinadigan ishlar ko‘p. Umid qilamanki, ko‘zlagan maqsadlarimizga jamoamiz bilan yetamiz, albatta.

Oyshaxon QODIROVA, Namangan muhandislik-qurilish instituti 3-bosqich talabasi, Beruniy nomidagi Davlat stipendiyasi sohibasi:

– Uchrashuvda davlatimiz rahbariga bionikani O‘zbekistonda rivojlantirish uchun Innovatsion rivojlanish agentligi qoshida Namangan shahrida laboratoriya tashkil etish taklifini bildirdim. Bu yo‘nalishda yozgan “Bionika” nomli kitobim haqida ham ma’lumot berdim. Prezidentimiz taklifimni qo‘llab-quvvatlab, menga 1,5 milliard so‘mlik grant ajratdi. Bu grantni amalga oshirish uchun 2 oy vaqt berdilar. Ikki oydan keyin Prezidentimizga xat yozib, natijalarimni bo‘lishmoqchiman.

Davlatimiz rahbari yoshlar bilan uchrashuvda ilmiy izlanishlarni qo‘llab-quvvatlash, sportni ommalashtirish, ko‘ngilochar tadbirlar tashkil etish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Подписаться