11-oktabr - "Xalqaro qizlar kuni!"
QIZLAR QO‘SHIG‘I
Qiz yo‘q uyda sarin sabo esmaydi,
Qiz yo‘q uyda jambil-rayhon o‘smaydi.
O‘g‘illarning ota bilan ishi yo‘q,
Qiz otasin har qadamda eslaydi.
Ko‘zlariga surgay yurgan izingiz,
Qay o‘g‘ildan kamdir, ayting qizingiz...
Qiz yo‘q uyda tonglar erta otmaydi,
Tomda oftob, ayvonda oy yotmaydi.
O‘g‘il qanday do‘st bo‘ladi, bilmadim,
Qiz do‘st bo‘lsa — siringizni sotmaydi.
Og‘ir kunda javdiratmas ko‘zingiz,
Qay o‘g‘ildan kamdir, ayting qizingiz...
Umr daryo, tolega kim kafildir,
Qizning borar joyi bo‘lak sohildir.
Qiz dardiga yetmaganlar g‘ofildir,
Qiz bor uyda yorug‘ bo‘lar yuzingiz,
Qay o‘g‘ildan kamdir, ayting, qizingiz...
Dunyo ko‘rki — shu ko‘zlari shahlolar,
Qizlar bilan chamanzordir sahrolar.
Bir qayrilib Qaysni Majnun aylagan,
Tohirlarni Tohir qilgan — Zuhrolar.
Qiz tufayli butdir rizqu ro‘zingiz,
Qay o‘g‘ildan kamdir, ayting qizingiz...
Ayting kimning paymonasi to‘lmagan,
Qiz bor — ota yot bag‘irda o‘lmagan.
O‘g‘lim yo‘q deb o‘kinganlar — johillar,
Hatto, Payg‘ambarning o‘g‘li bo‘lmagan!..
Bilib ayting aytganda har so‘zingiz,
Qay o‘g‘ildan kamdir, ayting, qizingiz?!.
Muhammad YUSUF