“Swipe qil va pul ishla”, “Siz pul yutib oldingiz”, “Ставки на спорт? – 1xbet!” kabi so‘zlar tanishmi? Albatta! Bu kabi xabarlarni ‘zlarni ijtimoiy tarmoqlarda, video-reklamalar hamda internet bannerlarida juda ko‘p ko‘ramiz. Bularning barchasi firibgarlarning bukmekrlik va totalizatorga asoslangan o‘yinidir.
Pul tikish orqali o‘ynaladigan o‘yinlarni bukmekrlar boshqaradi. Eng mashhur bukmekrlik kompaniyasi – “1 iks bet” (1xbet). Bu o‘yin, asosan, sport o‘yinlari orqali pul ishlaydi, odamlarni o‘ziga jalb qiladi. Siz pul tikasiz, lekin kutilganidek pul yuta olmaysiz. Bu odatiy hol. “Stavka”lar orqali hech qachon “daromad” qila olmaysiz. Bukmekrlar bu ishni o‘zlarining daromad manbayiga aylantirib olgan. Siz “pul ishlash” uchun qilgan harakat ularning doimiy “mashg‘ulot”i. Agarda siz katta pul yutib olgan taqdiringizda ham sizning hisob raqamingizga bukmekrlar cheklov o‘rnatadi yoki akkauntingiz bloklanishi mumkin.
Hozirgi kunda “1xbet” o‘z domiga ko‘plab odamlarni tortmoqda. Har yili millionlab odamlar bor-budidan ayrilmoqda. Yiliga yuzlab odamlar totalizator sabab o‘z joniga qasd qilmoqda. Afsuski, bunday holat yurtimizda ham qayd etilmoqda.
“1xbet” o‘ynab, bukmekrlar qurboniga aylangan va hozirgi kunda to‘g‘ri yo‘lga qaytgan yoshlardan birini suhbatga chorladik. Otabek Rustamov boshidan o‘tganlarini va afsusda ekanini aytadi. Bundan ikki yil oldin do‘stlarining shu o‘yinni o‘ynab yurishi, yutib olgan pullarini maqtanishlarini ko‘rib, Otabekda ham “1xbet”ga “mehr” uyg‘onadi. Uning fikricha, ko‘p pul yutib olsa, o‘zining barcha istaklariga erishishi mumkin edi.
– Birinchi boshlaganimda 10 ming so‘m tashladim va futbolga kupon qildim, – deydi Otabek Rustamov. – Shunday qilib, har kuni har on shu o‘yin eng muhim ishimga aylandi. Bora-bora tikadigan pullarim miqdorida ko‘payib, hisobimni mingda emas, millionda to‘ldirishni boshladim. Achinarlisi, o‘yin men uchun yaqinlarimdan ham ustun bo‘lib ketdi. Avvaliga yutqazgan summam 15 millionga yetdi…
Shuncha pulni “qo‘shqo‘llab” berib yuborsa ham aqli kirmagan Otabek endi ko‘proq pul tikib, barcha pullarini qaytarib olishni o‘ylardi. Lekin buning uchun pul topish kerak edi. Tanishlaridan pul so‘radi. Buni qarangki, olgan pullarini ham yutqazdi. Shu tariqa Otabekning qarzlari kundan-kunga ko‘paydi. Ularni qaytarish uchun yanada kattaroq miqdorda pul topib, “Ruletka” o‘ynamoqchi bo‘ldi. Pul so‘raydigan odam qolmagach, qahramonimiz kredit markazidan pasportga texnika olib, uni yarim narxiga sotib yubordi. Qarz ustiga qarz bo‘lib yutqazgan summa 70 millionga chiqdi. Olgan qarzi va krediti to‘lanmaganidan keyin pullarini so‘rab keladiganlar ko‘paydi.
Otabek mahalladagi obro‘li oilaning farzandi edi, bu ishi tufayli oilasi sha’niga dog‘ tushirdi, ota-onasining yuzini yerga qaratdi. Ko‘chada hamma shu oila haqida gapiradigan bo‘ldi.
– Odamlar men haqimda gapira boshlagach, o‘z jonimga qasd qilish fikri paydo bo‘ldi. Lekin bu fikr katta xato ekanini bilardim. O‘zimni qo‘lga oldim va bir muddat ustalarga qo‘shilib ustachilik qilib yurdim. Hamma qarzlarimni otam to‘lab berdi. Otamning umrlari uzoq bo‘lsin, – deydi Otabek.
Har qanday holatda ham inson harakatdan to‘xtab qolmasligi kerak. Qahramonimiz ham to‘g‘ri yo‘lga qayta oldi. Yoshlikdan hazilga oshnoligi Otabekni “Quvnoqlar va zukkolar” olamiga olib kirdi. “Besh tashabbus olimpiadasi” esa Otabekning boshiga baxt qushi bo‘lib qo‘ndi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Otabek mahallasida “QvZ” jamoasini shakllantirdi va “Besh tashabbus olimpiadasi”da ishtirok etdi.
Maqsad aniq va tanlangan yo‘l to‘g‘ri bo‘lsa, manzilga yetish oson. Qahramonimiz ham “Besh tashabbus olimpiadasi”ning “Quvnoqlar va zukkolar” o‘yinida finalga yetib bordi. Finalda biroz omad va tajribasizlik sabab g‘alaba nasib etmadi. Biroq finalga yig‘ilgan mehmonlar ko‘nglidan joy ola bildi. U o‘zidagi yomonlik ustidan g‘alaba qildi. Finaldagi barchaning ko‘ziga yosh olishiga sabab bo‘lgan voqea haqida esa Otabekning o‘zi gapirib berdi:
– “Xalqlar do‘tligi” saroyiga keldik. 4200 nafar odam oldida ota-onamdan uzr so‘radim. Biz finalda yutqazdik, lekin ota-onamning xursandchiligini ko‘rib, bir narsa ayta olaman, men yutqazmadim. 2 yil deganda ota-onam mendan birinchi marta faxrlanishdi, xursandchiligimdan ko‘zimda yosh tinmadi, to‘xtata olmadim. Jamoadoshlarim ham, muxlislar ham buni yuragi bilan his qilishdi.
Bunday holatni so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydi. Har kim ham jur’at ila olomon oldida o‘z so‘zlarini ayta olmaydi. Qahramonimizda iroda kuchliligi va to‘g‘ri fikrlay olish qobiliyati sabab o‘z yo‘lini topdi. Otabek ayni paytda Qo‘qon davlat pedagogika inistitutida tahsil olmoqda va institutda yoshlarga yetakchilik qilmoqda. Chizgilarimizni qahramonimizning saboqlari bilan tugatamiz:
– Men endi 25 yoshni qarshiladim. Lekin boshimdan ko‘p savdolar o‘tdi. Boshidan o‘tkazgan tabib, deyishadi. Mening xulosam shu: qadrdonlar, voz keching shu o‘yindan. Halovatingizni olib qo‘yadi, baxt degan tuyg‘uni his qilmay qo‘yasiz, qarzga botib, bor-budingizdan ayrilasiz. Million dollar yutgan taqdiringizda ham harom hisoblanadi. Uni kimga, nimaga ishlatasiz?! Shu gaplar “1xbet” o‘ynab turganlarga ta’sir qilib, hech bo‘lmaganda 10 kishi shu yo‘ldan qaytsa, men maqsadimga erishgan bo‘lardim.
