Zamonaviy texnologiyalarga talab yuqori sur’atda oʻsib bormoqda. Hayotimizning har bir jabhasida texnologiyalardan unumli foydalangan holda vaqtimizni va naqdimizni tejayotganimiz ayni haqiqat. Ammo biz texnologiyalarning xavfsizlik masalalariga, unda ma’lumotlarning saqlanish normalariga qanchalik e’tibor beramiz? Bugun shu masalada ayrim tavsiyalarni oʻrtaga tashlaymiz.
7777 dan foydalanmang!
Zamonaviy, yangidan-yangi funksiyalarni oʻzida mujassam qilgan mobil telefon yoki qurilmalar (noutbuk, planshet) hayotimizning ajralmas qismiga aylandi. Endi ular bank kartalariga pul oʻtkazish, pul qabul qilish, hujjatlarni jo‘natish yoki qabul qilish, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish, bir so‘z bilan aytganda, shaxsiy ma’lumotlar omborxonasi hamdir.
Qanday qurilmadan foydalanishingizdan qat’i nazar unga xavfsizlik kodini (parol) oʻrnating. Kod tugʻilgan yil, oy, kun sanalari bilan bogʻliq boʻlmasin. Yoki telefon raqamining oxirgi 4 ta raqami, shunga oʻxshash oson aniqlanadigan parollardan voz keching. Ko‘p qo‘llaniladigan 7777, 5555, 0000 kodlari oson topiladigan kodlardan hisoblanadi.
Ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlashda qurilma imkoniyatidan kelib chiqib, maksimal darajada himoya choralarini koʻring. So‘nngi avlod qurilmalarida parol, pin kod yoki turli grafik chizmalar orqali ochishdan tashqari, yuz orqali (Face ID) yoki barmoq izi orqali ochish (Finger ID) funksiyalari ishonchli texnologiyalardan sanaladi.
Kimdir qurilmangizdan ruxsatingiz bilan foydalangan taqdirda ham unga xavfsizlik parolini aytmang. Pul o‘tkazmalarini, to‘lovlarni amalga oshiradigan dasturlarni, ijtimoiy tarmoqlarni, so‘zlashuv ilovalarini ham qo‘shimcha himoyalab qo‘ying. Shaxsiy qurilmangizni hammaga ham bee’tibor qoldirib ketmang.
...Qoʻshingni oʻgʻri tutma
Xizmat safari bilan 3-4 kun mehmonxonalarda, o‘qish yoki ish sababli oylab, hatto yillab ijara uyda yashaydiganlar oramizda ko‘p. Ko‘pincha begona odamlar bilan hamxona bo‘lishimiz mumkin.
Shunday paytlarda yuz qiyofasi (Face ID) va barmoq izi (Finger ID) bilan ochish funksiyalaridan ehtiyotkorlik bilan foydalaning yoki ularni cheklab qo‘ying. Har qanday favqulodda holatlar paytida bu ish beradi.
Qurilma bazasini asrang
Deylik, bir odamning 2 ta mobil telefoni bor. Ularning bittasi iPhone 14 pro (iOS operatsion tizimi), bittasi esa Samsung Galaxy S23 (Andoird operatsion tizimi) bu qurilmalar bir-biridan operatsion tizimlari orqali tubdan farq qilishini hamma ham yaxshi biladi. Endi bu qurilmalar oldiga 1 ta planshet Xiomi Pad 5 qo‘shildi. Bularning har 3 tasi ham o‘ziga yarasha o‘zga-o‘zga olam. Ular o‘ziga tegishli bo‘lgan “iCloud”, “Samsung account”, “Mi account” orqali faol ishlaydi.
Gap shundagi, qaysi operatsion tizimning qurilmasidan foydalansangiz ham u uchun doimiy 1 ta yagona hisob yarating. Har safar yangi qurilmaga yangi hisob ochmang. Oila a’zolaringiz qurilma hisoblari bilan sizning qurilmalaringiz hisoblari alohida-alohida bo‘lsin. Bu ma’lumotlaringizni markazlashgan holda yuritishingizga va boshqa ma’lumotlar bilan axborot aralashib ketmasligiga xizmat qiladi.
Qurilma sotilganda, yo‘qotilganda yoki boshqa hollarda birgina hisob orqali ma’lumotlarni tiklashingiz, yo‘qolganda xavfsizlik kodini o‘zgartirgan holda ma’lumotlaringizni idora qilishingiz mumkin. Foydalanuvchilar hisoblari orqali aslida o‘zining virtual olamdagi shaxsiy chamadonini yaratadi. Bu chamadon o‘z ichiga turli ma’lumotlarni saqlab boradi. Bu ma’lumotlar, xizmatlar qurilmani ochish (bloklash, blokdan chiqarish), qurilma turgan manzilni aniqlash, foto va video, kontakt ma’lumotlari, yozishmalar, bank kartalari rekvizitlari va hokazolarni o‘z ichiga oladi. Bu ma’lumotlar va xizmatlar barcha operatsion tizimlarida turlicha bo‘ladi.
Shu sababli qurilma hisoblarini yuritishda diqqatli bo‘ling. Ularning himoya kodlari yoddan chiqqanda uni tiklash va qayta faollashtirishda bir qator muammolar yuzaga kelishi mumkin. Ayniqsa bu holatda ancha-muncha qiyinchilik tug‘diradigan operatsion tizimlar ham yo‘q emas. Hisobi bloklangan qurilmalarni blokdan chiqarish qimmatga tushishi mumkin.
Shaxsiy kompyuteringiz (noutbuk) va ishxonangiz kompyuteri uchun alohida-alohida hisoblardan foydalaning (bu tavsiya Apple”ning qurilmalaridan to‘liq foydalanuvchilar uchun emas). Chunki aksariyatimiz markazlashgan Google qidiruv tizimining “gmail” pochtasi hisobi orqali Chrome brauzeridan foydalanamiz. Google’ning hisob pochtasi katta ma’lumotlar zaxirasiga ega tizim. Tekin hisob pochtasining o‘zi naqd 15 GB xotiraga ega. Andoird operatsion tizimidan foydalanuvchi ko‘plab foydalanuvchilarning ma’lumotlari o‘z-o‘zidan bu xotira bulutiga yig‘ilib boraveradi. Shu bilan bir qatorda, “gmail” siz login-parollarni kirigan har bir tarmoqning xavfsizlik parollarini, manzillarini saqlab qoladi. Shu sababli pochta hisoblarini yuritishda hushyorlik talab etiladi. O‘zingizga begona bo‘lgan, faqat bir marotaba kirib keyin chiqib ketiladigan qurilmaga aslo “gmail” hisobingizni kiritmang. Kimgadir sotmoqchi yoki bermoqchi bo‘lgan qurilmangizni ham hisoblardan o‘chirgan holda taqdim eting.
Birinchidan, hisobi o‘chirilmagan qurilmada sizning shaxsiy ma’lumotlaringiz qolib ketsa, kelgusida bu begonalar qo‘liga tushishi mumkin.
Ikkinchidan, hisobi olib tashlanmagan qurilmaga boshqa hisobni ulash, olib tashlash sizdan keyingi odamga ham bir qancha muammolarni keltirib chiqaradi.
Kesh fayllar ortiqcha
Vaziyat taqozosi bilan aksariyat odamlar boshqa birovning qurilmasi orqali so‘zlashuv messenjeriga, ijtimoiy tarmoqlardagi profillariga kirib foydalandi. Bu bilan undagi ma’lumotlar begona qurilmaga o‘tishi, login-parollari saqlanib qolishi mumkin. Vaqti-vaqti bilan messenjerlaringiz yoki ijtimoiy tarmoqlardagi profilingiz ulangan qurilmalarga ko‘z yugurtirib qo‘ying. Agar siz uchun begona qurilmani ko‘rsangiz darhol ularni chiqarib tashlang.
Qaysi turdagi qurilmadan foydalansangiz ham uni muntazam ravishda tozalab yuring. Tozalash, ya’ni qurilmangiz joyini egallab yotgan turli kesh fayllar, qayta-qayta saqlab olingan fayllar hisobiga bo‘lishi kerak. Chunki aksariyat odamlar qurilmasining xotira sig‘imi, operativ xotirasi yaxshi bo‘lishiga qaramay qotib ishlashi, xotirasi tez to‘lib qolishidan shikoyat qiladi.
Andoird operatsion tizimiga mo‘ljallangan birgina Telegram massengerining ilovasi o‘zida bir olam kesh fayllarni to‘playdi. Siz o‘zingiz yuklab olgan fayllardan tashqari har bir yuborgan suratingiz, guruh va kanallardan ko‘rilgan suratlar, videolar, videoxabarlar, audioxabarlar, telegram profiliga, guruh va kanalga joylangan profil suratlari hamma-hammasi sizning telefoningizda saqlanib yotaveradi. Yana ijtimoiy tarmoq dasturlari va boshqa bir qator media fayllar bilan ishlovchi dasturlar katta-katta keshlarni saqlab boradi. Mazkur keraksiz ma’lumotlarni vaqti-vaqti bilan tozalab turish foydadan holi bo‘lmaydi.
Yorqin xotiralar o‘chib ketmasin
Ayrim zamonaviy qurilmalar xotirasi noutbuk va kompyuterdan bir necha marotaba ko‘p bo‘lishi mumkin. Sig‘imi katta mobil qurilmalar sifatli media fayllarni tarixga muhrlashga xizmat qilib kelmoqda. Bunda biz shaxsiy, oilaviy surat va videolarimizni, faoliyatimiz bilan bog‘liq kontentlarni to‘plashimiz, saqlashimiz mumkin.
Lekin bunga ishonib bo‘lmaydi. Qandaydir ehtiyotsizlik bilan katta hajmli ma’lumotlardan bir zumda ayrilib qolishingiz hech gap emas. Keyin ularni tiklash anchagina xarajat talab etadi. Shu sababli, har 6 oyda, hech bo‘lmasa, 1 yilda bir marotaba qurilmangizdagi ma’lumotlarni, foto, video, audio fayllarni, hujjatlarni ishonchli qurilmaga yoki katta sig‘imli xotira kartalariga o‘tkazib qo‘ying. Oila a’zolaringiz qurilmalaridagi ma’lumotlar ham shu tarzda saqlanishiga yordam bering.
Mukammal xavfsizlik kodlar
Qurilmalar xavfsizligida raqam, harf, belgilarning ahamiyati katta. Mukammal xavfsizlik kodi shu jihatlarga asoslanadi. Endi biz qurilmalarimiz va tarmoqlardagi sahifa va profillarimiz xavfsizligini ta’minlash uchun nafaqat raqamlar, balki unga kombinatsiyalangan belgilarni, harflarni ham yaxlit yod olishimiz kerak. Bu esa oson emas.
Birinchidan, muntazam ravishda elektron pochtangiz, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifa, profillaringiz, so‘zlashuv messenjerlaridagi akkauntlaringiz, shuningdek, boshqa xizmat ko‘rsatish, davlat xizmatlaridan foydalanuvchi tarmoqlaringiz, elektron raqamli imzo hamda pul mablag‘lari bilan bog‘liq dasturlardagi profillaringiz login-parollarini doimo yozib yuring. Imkon qadar ikki tomonlama xavfsizlik choralarini ko‘ring.
Ikkinchidan, ijtimoiy tarmoqlardagi profil hamda elektron pochtaga ulangan telefon raqamingiz faol yoki faol emasligiga e’tibor bering. Agar ularga biriktirilgan telefon raqamlari tarmoqdan o‘chib ketgan bo‘lsa, kelgusida mazkur tarmoqlarning parollari esdan chiqqanda unga qayta kirish imkoni bo‘lmasligi mumkin. Shu sababli ham ayni damda foydalanib kelayotgan telefon raqamingizni kiritib qo‘ying.
Uchinchidan, hech bir tarmoq yoki pochtaga biriktirilgan login-parolingiz bir-biriga o‘xshash yoki aynan o‘zi bo‘lmasligi lozim.
To‘rtinchidan, o‘rnatilgan parollar sizning tugʻilgan yil, oy, kun sanalaringiz bilan bogʻliq boʻlmasin.
Beshinchidan, sahifa yoki profilning paroli login bilan bir xil bo‘lishi mumkin emas.
Oltinchidan, parollaringizni 1 yilda kamida 2 marotaba yangilab boring. Yangilangan parollar esa avvalgisiga o‘xshash bo‘lmasligi kerak.