Bugungi kunda jamiyatimizda sog‘lom va har tomonlama yetuk avlodni tarbiyalash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Ayniqsa, yoshlarning ma’naviy va axloqiy kamoloti, huquqiy madaniyatini oshirish hamda vatanparvarlik ruhini shakllantirish masalasi dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Bugungi O‘zbekistonning ertangi kuni — bugungi yoshlarga, ayniqsa talabalar avlodiga bog‘liq. Ular biz orzu qilayotgan taraqqiyparvar, huquqiy, kuchli fuqarolik jamiyatining poydevorini hozirdan boshlab qurmoqdalar.
Shunday ekan, bugungi talaba faqat bilim olish bilan cheklanmaydi. U – jamiyatning faol a’zosi, o‘z fikriga ega bo‘lgan, yuksak ma’naviyatli, mustahkam axloqiy tamoyillarga ega, qonunlarga itoatli, yurtga sadoqatli shaxs bo‘lishi kerak. Bu esa nafaqat oliy ta’lim muassasasining, balki butun jamiyatning ustuvor vazifasiga aylanmoqda.
Buning amaliy ifodasi sifatida bugungi kunda Toshkent davlat yuridik universitetida 42 ta turli yo‘nalishdagi klub va loyihalar faoliyat yuritmoqda. Ularning har biri talaba yoshlarni har tomonlama rivojlantirish, ularni kasbga mehr bilan bog‘lash, Vatanga sadoqatli yurist sifatida kamol topishiga xizmat qilmoqda.
Bu klublar orasida 13 tasi ijtimoiy, ijodiy va san’at yo‘nalishlariga ixtisoslashgan. Talabalar bu yerda she’r yozadi, spektakllar namoyish etadi, san’at orqali qonun, adolat va insoniylikni targ‘ib qiladi. Chunki huquq faqat paragraflar va moddalardan iborat emas – u tirik hayot, u san’at, u qalbni zabt etuvchi kuchdir.
Yana 13 ta klub huquqiy va intellektual yo‘nalishda faoliyat olib bormoqda. Bu yerda yoshlar bahs-munozaralar olib boradi, sud jarayonlarini modellashtiradi, yirik qonunchilik tizimlarini tahlil qiladi. Ular hozirda talabalar, lekin kelgusida sud zallarida, parlament majlislarida, xalqaro forumlarda davlat nomidan so‘z yuritadigan mutaxassislar bo‘lishadi.
Amaliyotga ixtisoslashgan 6 ta klub esa talabalarni nazariyani hayotga tadbiq etishga o‘rgatmoqda. Talabalar ushbu klublar orqali sudlar, prokuratura idoralari, ichki ishlar bo‘limlari, advokatura tizimida o‘z amaliyotlarini o‘tamoqdalar. Ular jinoyat va fuqarolik ishlari bo‘yicha sud majlislarida kuzatuvchi, ba’zan esa modellashtirilgan sud jarayonlarida sudya, prokuror yoki advokat sifatida qatnashmoqda. Bu ularga qonunni darslikdan emas, hayotdan o‘rganish imkonini bermoqda. Sud binosida o‘tgan bir kun – auditoriyadagi bir oylik darsga teng, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
TDYUda faoliyat yuritayotgan har bir klub va loyihada Vatanga muhabbat, millatga sadoqat g‘oyalari markazda turadi. Ular nafaqat yurt tarixini, balki bugungi islohotlarni, Prezident tashabbuslarini o‘rganadi, ularga o‘z munosabatini bildiradi, faollik ko‘rsatadi. Bu — kelajakda ular jamiyatga befarq bo‘lmaydigan, qonunni o‘z qalbi bilan himoya qiladigan yuristlar bo‘lishining poydevoridir.
Shu bilan birga talabalarda ishbilarmonlik, jamoa bilan ishlash, hujjatlar bilan ishlash madaniyati shakllanmoqda. Ular jinoyat ishlari bo‘yicha tergov materiallarini tahlil qiladi, fuqarolik nizolarini yuridik nuqtai nazardan baholaydi, davlat va xususiy sektorda huquqiy tahlil o‘tkazishni o‘rganadi. Ularning faoliyati — bu akademik maqsad emas, balki xalq xizmatiga tayyorlanayotgan mutaxassisning hayot sabog‘idir.
Universitet rahbariyati bu klublarni nafaqat rag‘batlantirmoqda, balki ularni rivojlantirish uchun sharoitlar yaratmoqda. Har bir klubda malakali ustozlar, amaliyotchi yuristlar bilan uchrashuvlar, treninglar, seminarlar tashkil etilmoqda. Bunday yaqinlik, do‘stona muhit esa talabaning ishonchini, bilimga bo‘lgan ishtiyoqini, kasbga bo‘lgan muhabbatini yanada oshiradi.
Talabalarning ma’naviy va axloqiy kamoloti, huquqiy savodxonligi va vatanparvarlik ruhini shakllantirish — bu bir kunlik emas, balki uzluksiz davom etadigan tarbiyaviy jarayondir. Bu yo‘lda har bir ustoz, ota-ona, jamiyatning har bir a’zosi o‘z hissasini qo‘shmog‘i lozim. Chunki ma’naviy barkamol, huquqiy madaniyatli va vatanparvar avlodgina ertangi O‘zbekistonni obod qiladi.