Mahalla yoshlar yetakchisi lavozimiga tayinlanganimda “menga biriktirilgan hududda birorta ham jinoyat bo‘lmaydi” deb o‘zimga so‘z bergandim. Sababi mahallada yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etilgunga qadar mahallamiz yoshlarining 6 nafari jinoyat sodir etgan bo‘lib, bu eng og‘riqli nuqtamiz edi.
Faoliyatimni boshlashim bilan har bir ko‘chadan eng intizomli, o‘z so‘zini o‘tkaza oladigan yigitlarni saralab, “Qalqon” guruhini tashkil etdim. Ularga “qaysi ko‘chada birorta jinoyat sodir bo‘lmasa, urush-janjallarning oldi olinsa, o‘sha hududga tayinlangan “Qalqon” guruhi aʼzolarini safarbarlik harbiy xizmatiga yuborib, shartnoma pulini to‘lash uchun tavsiya etaman”, deb va’da berdim. O‘ylagan rejam ish berdi. Hozirgacha mahallamizda birorta ham jinoyat sodir bo‘lmadi.
Nafaqat jinoyat, balki kichik urush-janjallar haqida ham eshitmayapmiz. Qolaversa, yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish uchun tadbirkorlar ko‘magida mahallamiz binosi yonida sport maydoni qurdik. Hozirda sport maydonchasi yoshlar bilan gavjum.
Mahallamizda 1134 nafar yoshlar bo‘lib, ularning 87 nafari yil boshida ishsiz sifatida ro‘yxatga olingan edi. Hozirgi kunga kelib ularning 26 nafari imtiyozli kredit, subsidiya asosida ish qurollari ajratish, 12 nafari “Kichik sanoat” zonasiga ishga joylashtirish, 11 nafari esa dehqonchilik qilish uchun yer ajratish orqali ish bilan band etildi.
Shunday yordam bilan tadbirkorga aylangan yoshlardan biri Islomjon Mahkamovdir. U temirchilik bilan shug‘ullanishga qiziqqani bois mahallamizdagi usta temirchiga shogird tushgan. Unga mahallada hokim yordamchisi bilan birga 33 million so‘mlik imtiyozli kredit ajratib berdik. Mablag‘ni qo‘liga olgach zarur mahsulotlarni xarid qildi. Hozir hovli uchun darvoza, temir to‘siq, deraza uchun panjaralar yasab, yaxshi daromad topyapti. Mahalladagi ikki nafar yoshni ham ishli qildi.
Muhammadali Hamdamov dehqonchilik qilish niyatini bildirgach unga 8,5 million so‘m imtiyozli kredit ajratdik. Bu pulga o‘z hovlisidan 2 sotixli issiqxona qurib, kuzgi pomidor va bodring ekdi. Hosilni sotib, yaxshigina daromad olyapti.
Sherzod Rahimov esa 25 million so‘m imtiyozli kredit olib, beton g‘isht ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Shu bilan mahallaning 4 nafar yoshini ham ishli qildi. Hozir kuniga 400-500 donagacha g‘isht ishlab chiqaryapti. G‘ishtning bir donasini 2,5 ming so‘mdan sotayotganini hisobga olsak, kuniga 1-1,5 million so‘m atrofida daromad olmoqda.
Yana ikki nafar yoshimizga 12 million so‘mdan imtiyozli kredit ajratib berdik. Ular ikkitadan nasldor qoramol olib, chorvachilik bilan shug‘ullanmoqda.
9 nafar mahallamiz qizlari esa 6 million so‘mdan imtiyozli kredit olib, zamonaviy tikuv mashinalari oldi. Ularga mahalla binosidan joy ajratib berilgach birgalashib tikuv sexi ochishdi. Hozirgi kunda bu qizlar bozordan ulgurji buyurtmalar olmoqda. Endi bu sex faoliyati rivojlansa, yana mahalladagi bir nechta qizlarning tikuv mashinasi olishiga ko‘maklashib, tikuv sexi faoliyatini kengaytirishni o‘ylab turibmiz.
II guruh nogironi SharifaIlhomjonovani “Yoshlar daftari”ga ro‘yxatga olib, unga 10 yil muddatga foydalanish uchun 10 sotix yer ajratdik. Sharifa ekin maydoniga kungaboqar o‘simligini ekib, 2 million so‘mlik hosil oldi. Shuningdek, “Temir daftar”ga ro‘yxatga olingan Shohsanam Ergashevaga ham 10 sotix yer ajratib berdik. U o‘z yeriga makkajo‘xori ekib, 3 million so‘m daromad oldi.
Shu tariqa mahallamizda ishsizlar soni kamayib, kichik tadbirkorlar safi kengaymoqda. Yil so‘ngiga qadar mahallamizda birorta ham ishsiz yoshlar qolmasa, kichik tadbirkorlar o‘z faoliyatini kengaytirib, daromadlari ko‘paysa, o‘z maqsadimga yetgan bo‘laman.




