Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

MEHNAT SHARTNOMASINI BEKOR QILISH TARTIBI SODDALASHTIRILMOQDA

5.11.2022 2319

Shahruza SATTOROVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

PENSIONERLARNI ISHDAN BO‘SHATISH IMKONSIZGA AYLANADIMI?

Mehnat va mehnat munosabatlarini qonun doirasida amalga oshirish bugungi kundagi eng dolzarb muammo­lardan biri. Negaki 1995-yilda qabul qilingan amaldagi Mehnat kodeksi zamon talabiga to‘la mos kelmaydi. 2022-yil28-oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat ko­deksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonuni bu muammolar­ga qonuniy yechim bo‘la oladi.

Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi (6 oydan so‘ng kuchga kiradi) fuqarolarni mehnatga jalb etishning yangi shakllari­ni nazarda tutadi. Xususan, yangi tahrirda xodimlar mehnat huquqlarining tengligi, mehnat va kasb-hu­nar sohasida kamsitishlarga, mehnat erkin­ligi va majburiy mehnatni taqiqlash, xodim huquqiy holatining yomonlashishiga yo‘l qo‘yilmaslik kabilarga e’tibor qaratilgan.

ISHDAN BO‘SHATISH NAFAQASI STAJGA QARAB BELGILANADI

Endilikda ishdan bo‘shatish nafaqasini ish beruvchida ishlagan ish stajiga qarab differensiatsiyalashgan miqdori belgilanadi. Ya’ni 3 yilgacha ish stajiga ega xodimlarga o‘rtacha oylik ish haqining 50 foizi, 3 yildan 5 yilgacha – 75 foizi, 5 yildan 10 yilgacha – 100 foizi, 10 yildan 15 yilgacha – 150 foizi,

15 yildan ortig‘iga – 200 foizi beriladi. Avvalgi kodeksda ish stajidan qat’i nazar, barchaga 100 foizlik o‘rtacha oylik ish haqi miqdorida ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘lanar edi.

ENDI DAM OLISH KUNLARI “KUYMAYDI”

Avvalgi mehnat kodeksiga ko‘ra, davlat bayramlari shanba yoki yakshanbaga to‘g‘ri kelsa, dam olish kunini ko‘chirib bo‘lmasdi, ya’ni o‘sha dam olish kuni kuyar edi. Yangi tahrirga binoan, bayram (ishlanmaydigan bayram kunlari) dam olish kuniga to‘g‘ri kelsa, uni ko‘chirish qoidasi kiritilmoqda. Aytaylik, 8-mart yakshanba kuniga, ya’ni shundoq ham dam olish bo‘lgan kunga to‘g‘ri kelib qolsa, dushanba ham dam olish kuni deya e’lon qilinadi.

Shuningdek, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksiga ko‘ra, ish vaqti rejimining turli xil variantlarini belgilash mexanizmi joriy etilmoqda. Jumladan, ish kunini qismlarga bo‘lish, smenali ish, moslashuvchan ish grafi­gi singari turlar xodimlarga qulayliklar tug‘di­rish maqsadida kiritildi.

SINOV MUDDATISIZ ISHGA KIRISH MUMKIN

Endilikda oliy ta’lim muassalarini davlat granti asosida tamomlagan talaba­lar dastlabki sinov muddatisiz ishga kira oladi. Bu norma Mehnat kodeksining yangi tahririda nazarda tutilgan. Ammo bu imtiyoz faqat davlat granti asosida OTMni tu­gatgan talabalarga egallagan mutaxasisliklari bo‘yicha birinchi marotaba ishga kirayotganlaridagina amal qiladi. Ya’ni agar davlat granti bitiruvchisi birinchi marta dastlabki sinov muddatisiz ishga olinsa va u ishdan bo‘shab, boshqa ishga kirmoqchi bo‘lsa, unga nisbatan bu imtiyoz amal qilmaydi. Shuningdek, bitiruvchi bu huquqdan faqat bir yil mobaynida foydalana oladi.

Bundan tashqari, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining 129-moddasiga binoan, ishga qabul qilinayotganda yana bir qator toifalarga dastlabki sinov muddati belgilanmay­di: homilador ayol, uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayol yoki uch yoshga to‘lmagan bolani yolg‘iz o‘zi tarbiyalayotgan ota (vasiy); zaxiraga qo‘yiladigan ish o‘rinlariga ish­ga joylashtirish uchun yuborilgan aholining ijti­moiy ehtiyojmand toifalaridan bo‘lgan shaxslar; tegishli ta’lim tashkilotini tamomlagan kundan e’tiboran bir yil ichida birinchi bor ishga kirayot­ganda olingan mutaxassisligi bo‘yicha mustaqil ravishda ishga joylashayotgan umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim tashkilotlarining bitiruvchilari; o‘n sakkiz yoshga to‘lma­gan shaxslar; ishga qaytadan qabul qilingan taqdirda ish beruvchi ilgari qaysi xodimlar bilan mehnat shartnomasini alohida asoslar bo‘yicha bekor qilgan bo‘lsa, o‘sha shaxslar; ishlab chiqa­rishda o‘qitish shartnomasi bo‘yicha ushbu ish beruvchida o‘qishni o‘tagan o‘quvchilar; jamoa kelishuvlarida, shuningdek, jamoa shartnomasi­da va ish beruvchining ichki hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa xodimlar.

MEHNAT SHARTNOMASINI BEKOR QILISH TARTIBI SODDALASHTIRILMOQDA

Hujjatda O‘zbekistonning “Elektron hukumat” tizimiga kiruvchi Yagona milliy mehnat tizimida barcha tuzilgan mehnat shartnomalarini (va ularga kiritilgan o‘zgartirishlarni) majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha talablar belgilanmoqda. Muddatli mehnat shartnomasini tuzish asoslari sezilarli darajada kengaytirilmoqda. Muddatli mehnat shartnomasi muddati bir martalik uzaytirish huquqi bilan 5 yildan 3 yilgacha qisqartirilgan.

Bundan tashqari, iqtisodiy sabablarga ko‘ra mehnat shartnomasini o‘zgartirish va bekor qilish­ning soddalashtirilgan tartiblari joriy etilmoqda. Xo­dimni boshqa ish beruvchiga xizmat safariga yuborish tartibi belgilanmoqda. Bu esa doimiy ish joyidagi mehnat shartnomasining amal qilishini to‘xtatib turishni va xodim ishga yuborilgan tashkilot bilan muddatli shartnoma tuzishni nazarda tutadi.

HAMMASI YAXSHI, BIROQ...

Ko‘rib turganimizdek, yangi tahrir bugungi kunda duch kelayotgan mehnat munosa­batlari bilan bog‘liq bir qator muammolarga yechim bo‘lmoqda. Ammo yangi kodeksda­gi “Xodimning pensiya yoshiga yetganli­gi munosabati bilan ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasini be­kor qilish” asosi chiqarib tashlanishi yosh­lar orasidagi ishsizlik muammosini yanada chuqurlashtirib yubormaydimi? Shundoq ham minglab yosh kadrlar ish topa olmay, pensionerlar esa kursisini yoshlarga bo‘shat­gisi kelmay turgan bir paytda bu qanchalik oqilona? Bu mehnat unumdorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydimi? Ish beruvchilar va yollanma ishchilar erkin tanlovini majburi­yatlarga aylantirib qo‘ymaydimi? Endi xo­dim 90-100 yoshga kirganda ham ishlab yuraveradimi, uni ishdan bo‘shatishga hech kimning haqqi yo‘qmi? Agar xodim keksay­gani sababli o‘ziga yuklatilgan vazifani baja­ra olmayotgan bo‘lsa-chi? Hali qonun kuch­ga kirishiga olti oy vaqt bor, bu haqda yana bir bor o‘ylab ko‘rish kerakdir, balki...

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish