Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

NODIRBEK YOQUBBOYEV: “BIZDAN O‘RGANISHSA ARZIYDI”

20.9.2022 1707

Muhammadshukur MUHAMMADJONOV suhbatlashdi.

Buni qarangki, yaqinda poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun shaxmat bo‘yicha II Xalqaro turnirda ham shaxmatchilarimiz raqiblarini mot qildi. Shiddatli va murosasiz bahslar yakunida Nodirbek Yoqubboyev 10 turda 7½ ochko to‘plab, xalqaro turnir g‘olibi bo‘ldi! Tarixiy g‘alabalarni qo‘lga kiritayotgan xalqaro grossmeyster, “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvoni sohibi Nodirbek Yoqubboyevdan g‘alaba zavqi, xalqaro olimpiadalardagi taassurotlar, shaxmatchilarning asosiy daromadi kabi shaxmat olamiga oid qiziqarli savollarga javob oldik.

Dastlab xorijdan O‘zbekiston shaxmat terma jamoasiga jalb etilgan murabbiylarning jamoamiz natijalariga qay darajada samarali ta’sir ko‘rsatayotgani bilan qiziqdik.

–Albatta, terma jamoamiz mashg‘ulotlariga tajribali, bilim saviyasi yuqori bo‘lgan xorijiy mutaxassislarni jalb qilish zarurati tug‘ilgan edi. Shu bois Hindistonning Chennay shahrida o‘tkazilgan 44-Jahon shaxmat olimpiadasidan oldin mutasaddilarga eng yuqori natijani qo‘lga kiritishimiz uchun bizga yaxshiroq murabbiy kerak, degan talabni qo‘ydik. Erkaklar terma jamoasi aʼzolari bir ovozdan gollandiyalik grossmeyster, tajribali murabbiy Ivan Sokolovni olib kelishlarini O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasidan iltimos qildik. Olimpiada oldidan Ivan Sokolov Toshkentga kelib, biz bilan shug‘ullanishni boshladi. Unchalik ko‘p shug‘ullanmagan bo‘lsak-da, Sokolov bizda potensiallikni va kuchni to‘g‘ri yo‘naltira oldi. Albatta, oldingi ustozlarimizni ham unutib qo‘yganimiz yo‘q. Chunki shu darajaga yetishishimizda o‘zbekistonlik grosmeystr ustozlarimizning ham ancha mehnati singgan.

– Xalqaro olimpiadalar, turnirlar tufayli ko‘plab chet davlatlarda bo‘lasiz. Ayting-chi, biz xorijdan nimalarni o‘rganishimiz mumkin?

– O‘zbekiston shaxmati, madaniyati hech bir davlatdan qolishmaydi. Aksincha, butun shaxmat olami bizdan o‘rnak olsa arziydigan darajaga yetdik deb o‘ylayman. Hozirgi kunda butun dunyo bizga havas qiladi. Biz shaxmat olamida o‘z o‘rniga ega davlatlardanmiz. Istalgan davlat shaxmatchilari bilan tengma-teng bahs olib bora olamiz.

– Har bir sportchining orzusi shohsupaga chiqib, o‘z yurtining bayrog‘ini ko‘tarishdir. Siz O‘zbekiston bayrog‘ini yuqori ko‘targaningizda qalbingizdan qanday hislar o‘tadi?

– Shohsupaga chiqqanda milliy g‘ururimiz – O‘zbekiston bayrog‘i baland ko‘tarilib, madhiyamiz yangraganda beixtiyor ko‘zga yosh keladi, Vatan tuyg‘usini his qilasiz. Bu jarayonlarni so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydi. Siz tufayli yurtga, yaqinlaringizga, ota-onangizga rahmat kelishi, siz bilan g‘ururlanib yurishlari ham o‘zgacha hislarni ulashadi.

– Siz uchun “parvoz zavqi” nimadan iborat? Mashhurlikmi yoki shaxmat o‘ynash?

– Shaxmat o‘ynasam, maza qilaman. Parvoz zavqi shu bo‘lsa kerak, menimcha. Mashhurlikka erishishni orzu qilmaganman, lekin har bitta erishilgan yutuqlar orqasidan maʼlum bir mashhurlik keladi kishiga. Shuning uchun ko‘proq natija ko‘rsatishga harakat qilaman. Mashhurlik esa o‘z-o‘zidan keladi. Shaxmat o‘yinidagi har bir partiyamga bor kuchimni beraman. Har bir dona uchun oxirigacha kurashaman.

– Har bir insonning cho‘qqiga chiqqan davri bo‘ladi. Siz uchun pik-faoliyatingizning cho‘qqisi nima deb hisoblaysiz?

– O‘ylaymanki, hali cho‘qqiga chiqmadim. O‘z ustimda ishlashda davom etaman. Oldinda hali musobaqalar ko‘p. Shu yilning oxirigacha reyting ballarimni 2700 dan oshirishga harakat qilaman. Keyin jahon toji uchun kurashga kirishni o‘z oldimga maqsad qilib qo‘yganman. Olimpiadada faxrli o‘rinlarga erishganimizdan keyin hozir turli tadbirlar, uchrashuvlarda qatnashyapmiz. Biroq shaxmat bilan shug‘ullanishga ham vaqt topishga harakat qilyapman. Chunki o‘z ustimda ishlashdan to‘xtab qolsam, natijalar ham pastlab boradi.

– Shaxmatchilarning asosiy daromad manbayi nimada?

Ko‘pchilik shaxmatchilar musobaqalardan, ya’ni mukofot fondi katta bo‘lgan musobaqalarda qatnashib, yuqori o‘rinlarni qo‘lga kiritib daromad qiladi. Qolaversa, shaxmatchi faoliyatini tugatgandan keyin murabbiylik bilan shug‘ullanishi mumkin. Misol uchun, bizning faoliyatimizni erta tugatishga haqqimiz yo‘q. Oldinda hali musobaqalar bor, “cho‘qqi”ga erishganimiz yo‘q. Shaxmat faoliyatini tugatgandan keyin murabbiylik faoliyatiga o‘tishimizni o‘ylab ko‘rishimiz mumkin.

– Siz kabi katta yutuqlarga erishishni istagan yoshlar harakatni nimadan boshlashlari kerak?

– Har bir sohada muvaffaqiyatga erishish uchun, albatta, tinimsiz mehnat qilish kerak. Qolaversa, kishidan isteʼdod talab qilinadi. Agar isteʼdod bo‘lmasa, o‘sha sohada o‘zini ko‘rsatishi qiyin. Lekin mashhur bir gap bor, muvaffaqiyatning siri 99 foiz mehnatda, bir foiz iste’dodda. Yoshlar har doim mehnat qilishdan to‘xtamasligi kerak.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish