Atoqli olim va murabbiy, publitsistika hamda tarjimonlik sohasida yetuk mutaxassis ustoz Ozod Sharafiddinov haqida maktab davrimizdanoq yetarlicha xabardor edik desak yolg‘on bo‘lmas.
“Vatan tuyg‘usi” va “Adabiyot” darslarida o‘qiganimiz “O‘lsam ham ayrilmasman quchoqlaringdan” maqolasi qanchalik samimiyligi bilan esimizda qolgan bo‘lsa, ustoz tarjimasidagi Pablo Pikassoning “Alkimyogar” asari tarjima adabiyotlarga mehrimizni oshirgan. Adib sermahsul faoliyati davomida keyinchalik o‘zbek adabiyoti namoyondalari Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho‘lpon, Usmon Nosir, Oybek, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor, Maqsud Shayxzoda, Mirtemir, Zulfiya haqida “Isteʼdod jilolari”, “Adabiy etyudlar”, “AbdullaQahhor”, “Birinchi moʻjiza” deb nomlangan bir qancha adabiy portretlar yaratdi, XX asrning 60 yillaridan XXI asrgacha bo‘lgan o‘zbek adabiyoti va undagi jarayonlar haqidagi tahliliy mulohazalarini “Sardaftar sahifalari”, “Talant – xalq mulki”, “Go‘zallik izlab”, “Adabiyot – hayot darsligi”, “Haqiqatga sadoqat”, “Prezident” asarlarida yorqin ifodalab, xalqqa yetkazdi.
Ustozning tarjimonlik sohasidagi bir qator ishlari ham katta tahsinga loyiq. Biz sevgan “Alkimyogar”dan tashqari L. Tolstoyning “Iqrornoma”, A.Sevelaning “To‘xtating samolyotni, tushib qolaman”, Fransuaza Saganning “Ko‘lmak suvda quyosh parchasi”, “Qadimgi xitoy nasri namunalari”, Vl. Voynichning “Monumental targ‘ibot” asarlarini ham maromiga yetkazib tarjima qildi. O‘tgan asrning 60 yillaridan yetuk adabiyotshunos sifatida tanilgan olimning ilmiy izlanishlari adabiyotni milliy g‘oyalar va adabiy qonuniyatlar asosida tahlil qilishga bag‘ishlangan bo‘lib, 1962 yilda yozilgan “Zamon. Qalb. Poeziya” asarida o‘z isbotini topdi. “Tafakkur” jurnalida bosh muharrir o‘rinbosari, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri lavozimida ham xizmat ko‘rsatgan Ozod Sharafiddinovning publitsist sifatidagi faoliyati ham yuksak saviyadagi ijodining katta qismni tashkil etadi. Mustaqillikning faxriy nishonlaridan – “Buyuk xizmatlari uchun”, “Mehnat shuhrati”, “O‘zbekiston Qahramoni”ning sohibi hisoblanuvchi ustozning adabiy merosni sarhisob qilsak, alohida chop etilgan asarlarining o‘zi - 28 taga, vaqtli matbuotdagi maqola va suhbatlari 385 taga yetadi. Tarjima asarlari esa 150 taga yaqin.
Shu o‘rinda yana bir ustoz professor Begali Qosimovning Ozod Sharafiddinov ijodiga xolisona bahosini keltirish o‘rinli: “Tabiat unga adabiyotni nozik his qilish va munosib baholash salohiyatini hamda uni ro‘y-rost aytish jasoratini berdi. Uning ijodda o‘rtamiyonalikka, “ko‘lmak davralar”ga toqati yo‘q edi... Lekin hamisha ijodi va faoliyati “qilichning dami”da kechdi. Chunki u o‘rtamiyona yashay olmasdi, o‘rtamiyona seva olmasdi. Ayrimlardek ko‘nglidagini yashira olmasdi. Dilidagi tilida edi”.
Vafoti avvalida “Kitoblarimni asranglar, mening eng katta boyligim mana shu kitoblar edi...” deya vasiyat qoldirgan yuksak inson ijodini o‘rganish, targ‘ib qilish, kelajakka bus-butun yetkazish siz va mening yelkamdagi masʼuliyat bo‘lib qolaveradi, aziz tengdoshim!